Breakthrough Junior Challenge tanlovining 2024-yilgi mavsumiga arizalar qabul qilinmoqda. Har yili oʻtkaziladigan ushbu tanlov oʻquvchilar va talabalarni fan haqida tanqidiy fikrlashga chorlaydi. Butun dunyodan boʻlgan 13-18 yoshli oʻquvchilar tabiiy fanlar, fizika yoki matematika fanidagi biror konsepsiya, nazariya yoki tamoyilni haqida oʻz qarashlari bildirilgan original video tayyorlash va topshirish orqali mazkur tanlovda qatnashishi mumkin.
Video uzunligi 2 daqiqadan oshmasligi, ingliz tilida boʻlishi va quyidagi 3 ta soha (fan)dan birida mavjud boʻlgan biror gʻoyani tushuntirishi kerak:
- Fizikia
- Matematika
- Hayot haqidagi fanlar (hayot haqidagi fanlarga biologiya, biokimyo, botanika, bioinformatika va boshqa fanlar kiradi. Hayot haqidagi fanlar qaysi fanlari qamrab olishini bu yerdakoʻrishingiz mumkin)
Grant kimlar uchun?
13-18 yoshli maktab, litsey/kollej o'quvchilari va OTM talabalari uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Tanlov mukofori umumiy holda 400 000 AQSh dollarni tashkil etadi. Tanlovda g‘olibi quyidagicha mukofotlanadi:
- Gʻolibga oliy taʼlim muassasasida oʻqish uchun 250 000 AQSh dollar stipendiya beriladi. Bu summa kontrakt toʻlovini va oʻqish bilan bogʻliq boshqa badallarni toʻlash, kitob hamda oʻquv qurollari, turar joy, oziq ovqat kabi taʼlim olishga oid xarajatlarni qoplash uchun ishlatilishi mumkin.
- Gʻolibni ilhomlantirgan va tayyorlagan oʻqituvchisiga 50 000 AQSh dollar mukofot beriladi.
- Gʻolibning maktabida ilmiy laboratoriya tashkil qilish yoki mavjud boʻlsa, jihozlash uchun 100 000 AQSh dollarigacha mablagʻ beriladi.
Talablar:
Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:
- AQSh tomonidan sanksiyalar e’lon qilingan davlatlar vakillari qatnasha olmaydi. Boshqa barcha davlat fuqarolari, jumladan, oʻzbekistonlik oʻquvchilar/talabalar ham ushbu tanlovda ishtirok etishi mumkin.
- Tanlovda 13 dan 18 gacha yoshdagi nomzodlar qatnasha oladi (eng quyi yosh chegarasi: 2024-yil 1-aprelda 13 yosh boʻlish kerak; eng yuqori yosh chegarasi: 2024-yil 1-oktyabrda 18 yoshdan katta boʻlmaslik, yaʼni hali 19 yoshga oʻtmagan boʻlish kerak).
- Tanlovda faqat yakka tarzda qatnashish mumkin, jamoa sifatida qatnashib boʻlmaydi.
- Nomzod voyaga yetmagan boʻlsa, uning ota-onasi yoki vasiy/homiysi uning tanlovda qatnashishiga rozilik bildirishi kerak.
- Tanlovda mualliflik va/yoki boshqa huquqlar buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Oldingi yillarda mazkur tanlovda yoki tanlov homiylari tomonidan moliyalashtirilgan tanlovda gʻolib boʻlganlar qatnasha olmaydi.
- Tanlovda faqat jismoniy shaxslar qatnasha oladi, yuridik shaxs va tashkilotlar ishtirok eta olmaydi.
- Berilgan gʻoyalar original va kreativ boʻlishi kerak. Ma’lumot uchun avvalgi yillarda gʻolib boʻlganlarning: shu yerdagi ishlarini koʻrib chiqing.
- Ishtirokchilar nafaqat qatnashchi, balki baholovchi vazifasini ham bajarishlari kerak. Batafsil: shu yerda.
- Mukofot puli (stipendiya) nomzod maktabni tugatib, oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirganda oʻqish xarajatlainigina qoplash uchun beriladi.
- Stipendiya nomzod oʻrta/oʻrta maxsus taʼlimni bitirganidan keyin 8 yilgacha amal qiladi.
- Stipendiya oliygoh kontrakt toʻlovi va oʻqish xarajatlari doirasida beriladi.
- Videoda ingliz tilida gapirilishi va unda gaplarning toʻliq matni ham topshirilishi kerak.
- Video uzunligi 2 daqiqadan oshmasligi kerak.
- Tanlovda maktab, kollej, litsey oʻquvchilari, uy taʼlimi olayotgan oʻquvchilar, oliy taʼlim muassasasi talabalari qatnashishi mumkin.
Tanlovda ishtirok etish talablari bilan batafsil BU YERDA tanishing.
Dasturga qabul jarayoni:
Tanlovda qatnashish uchun avval roʻyxatdan oʻtish kerak. Keyin esa ishtirok uchun ariza toʻldiriladi. Nomzodlarning videolari 2024-yil 1-apreldan 25-iyunga qadar qabul qilinadi.
Ishtirok etish uchun shu yerda roʻyxatdan oʻtib (Sign up), arizani onlayn tarzda toʻldirish kerak. Arizada quyidagi ma’lumotlar yozilishi kerak:
- Oʻzingiz haqingizda (shaxsiy ma’lumotlar). Bunda nomzodning yoshini tasdiqlovchi hukumat tomonidan chiqarilgan tugʻilganlik haqidagi guvohnoma yoki ID yoxud pasport kerak boʻladi.
- Maktab, litsey, kollej yoki universitetingiz haqida.
- Gʻoyangiz/qarashlaringiz aks etgan videorolik.
Videorolikni tizimga yuklaysiz. Qanday qilib ariza berish, video yaratish va video qaysi talablarga javob berishi kerakligi: shu yerda koʻrsatilgan.
Hujjat topshitish va baholash jarayoni bosqichlari:
- Arizalar 2024-yil 25-iyungacha topshirilishi shart. Roʻyxatdan oʻtib, videongizni topshirgach, raqobatchilaringiz tomonidan tanlovga kiritilgan kamida 5 ta videoni koʻrib chiqib, baholashingiz lozim. Soʻng boshqa videolarni ham baholashingiz mumkin (istasangiz). Baholash mezonlari BU YERDA. Mazkur jarayon qanday amalga oshirilishini BU YERDA bilib oling. Ishtirokchilar baholashi jarayonida eng yuqori ball olgan 75 ta videoga Baholash paneli ham baho beradi.
- Baholash paneli tomonidan ushbu 75 ta video baholanadi va ularning 30 tasi keyingi bosqichda oʻtadi.
- Soʻng shu 30 ta video Breakthrough Facebook sahifasida va YouTube kanalida xalq ovoziga qoʻyiladi. Batafsil BU YERDA oʻqing.
- Saralash komissiyasi baholash paneli tomonidan eng yuqori baholagan finalistlarning videosini koʻrib chiqadi va baholaydi. Soʻng 5 tagacha videoni yakuniy koʻrib chiqish uchun tanlab oladi. Yakuniy koʻrib chiqishga xalq ovozida eng yuqori ball olgan video ham qoʻshiladi. Shular orasidan gʻolib aniqlanadi.
Gʻoliblar 2024-yilning oxirlarida eʼlon qilinadi. Yakunda shaxsan borib ishtirok etish kerak boʻladigan taqdirlash marosimi tashkil etiladi. Bu marosim sanasi va boshqa tafsilotlari keyinchalik eʼlon qilinadi.
Avvalgi yillardagi finalistlar va gʻoliblarning videolari bilan BU YERDA tanishing.
MUHIM: Tanlovga ishtirok etishdan oldin tanlov qoidalari, koʻp beriladigan savollar va rasmiy saytdagi boshqa maʼlumotlar bilan batafsil tanishib chiqing.