×

AQShning nufuzli universitetlari bepul ta’lim kurslarini taqdim etmoqda!


Grant

MUHLAT

Doimiy

QOLGAN VAQT

Doimiy

HUDUD

AQSh

O'QILGAN

9627 marta

AQShning Stenford universiteti, Massachusets Texnologiya instituti (MTI) kabi bir necha nufuzli oliy o’quv yurtlari bepul “onlayn” kurslarini taqdim etmoqda. Tajriba tariqasida ilk bor tashkil etilayotgan mazkur darslar dunyoning barcha davlatlaridagi talabalar uchun ochiq. Qizig’i shundaki, ushbu kurslarda o’qish mutlaqo bepul va ularni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga diplom ham beriladi.

Internet orqali dars materiallarini bepul va erkin tarqatishga mo’ljallangan “Ochiq darsxona” (Open courseware) deya nomlanuvchi elektron tizim bundan o’n yilcha muqaddam MTI tomonidan tashkil etilgan edi. Shundan so’ng yuzlab boshqa kollej va universitetlar ham dars materiallarini internetga barcha uchun bepul va ochiq qo’yish amaliyotini yo’lga qo’ydi. Bugunga kelib MTI va Stenford universiteti ushbu amaliyotni yangi bosqichga ko’tarishga qaror qildi. Ular endi nafaqat kursda o’tiladigan materiallarni, balki darsning o’zini ham bepul taqdim etishmoqda.

Stenfordda kompyuter bo’yicha ikki mutaxassis dastlab “Sun’iy zukkolik faniga kirish” (Introduction to Artificial Intelligence) nomli bepul “onlayn” kurs tashkil etdi. Dunyoning 190 dan ortiq mamlakatidan jami 160 mingdan ziyod talaba kursga yozildi. Ko’ngillilar yordamida kurs materiallari qisqa muddat ichida dunyoning 44 tiliga tarjima ham qilindi. Ishtirokchilarning 23 ming nafari kurs materiallarini to’liq tamomlab, imtihonlardan muvaffaqiyatli o’tdi hamda ushbu kursni bitirganlik to’g’risidagi guvohnomaga ega bo’ldi.

2012-yil Stenford universiteti yana beshta bepul “onlayn” kursni tashkil etdi. Ularda o’qiyotgan talabalar soni yarim millionga yaqinlashgan.

Bu borada Massachusets Texnologiya instituti ham faollik ko’rsatmoqda. O’quv yurti tashabbusi bilan internet orqali bepul darslar beradigan “MITx” nomli yangi notijorat tashkiloti tuzildi. “MITx” qoshida ochilgan birinchi kurs – “Sxemalar va Elektronika” darsida qatnashish uchun yuz mingdan ziyod talaba ro’yxatdan o’tdi. “MITx” internet sahifasida yozilishicha, ro’yxatga yozilganlarning kamida 20 ming nafari dars mashg’ulotlarida to’liq va faol ishtirok etmoqda.

Ushbu “onlayn” kurslarning sifati universitet darsxonalarida o’tiladigan an’anaviy darslardan qolishmaydi. Yagona farqi, internet kurslarini tugatganlar universitetda olingan kurslar kabi “kredit” bermaydi. Dars hozircha sinov bosqichida bo’lgani uchun oq’ishni bitirganlik to’g’risidagi guvohnomalar ham bepul beriladi. Kelajakda kursni muvaffaqiyatli tamomlaganlar sertifikat uchun pul to’lashlari mumkin. Ammo darsda qatnashish va kurs materiallaridan foydalanish to’liq bepulligicha qoladi.

Prinston universiteti, Berklidagi Kaliforniya universiteti, Michigan An-Arbor hamda Pensilvaniya universitetlari ham hamkorlikda bepul “onlayn” kurslarini tashkil etmoqda. Ushbu kurslar “Coursera” deb nomlangan internet saytida jamlangan. “Coursera”dan kurslarni nomlari va yo’nalishi bo’yicha yoki ularni taqdim etayotgan universitetlar bo’yicha qidirib topishingiz mumkin. Bepul darslarni taqdim etuvchi yana bir sayt “Udacity” bo’lib, u ham “Coursera” bilan birgalikda Stenford universiteti mutaxassislari tomonidan bunyod etilgan.

Stenford taqdim etayotgan kurslarni muvaffaqiyatli bitirib, kurs guvohnomasini qo’lga kiritish uchun oraliq va yakuniy imtihonlardan o’tish kerak. Bu imtihonlar talabalar joylashgan mamlakatlardagi universitetlarda tashkil etiladi.

Ushbu bepul “onlayn” kurslar taqdim etayotgan sertifikatlar talabalarga haqiqiy ish bozorida qanday yordam berishi hali ma’lum emas.

“Buni vaqt ko’rsatadi”, – deydi Stenford universiteti kompyuter bo’limi vakili Mehran Sahamiy. AQSh Ta’lim departamentining ta’lim texnologiyalari bo’limi direktori o’rinbosari Richard Kulattaning aytishicha, bu narsa guvohnomalarning kim tomonidan berilishiga bog’liq. Agar ular nufuzli ta’lim dargohi nomidan berilsa, albatta, ish topishda foydasi katta bo’ladi, deydi u.

Dunyoning nufuzli universitetlari taqdim etayotgan ushbu bepul “onlayn” kurslarda ishtirok etishni istasangiz, quyidagi veb-saytlarga tashrif buyurib, bu haqda to’liq ma’lumot olishingiz mumkin:

MITx – Massachusets Texnologiya instituti tomonidan tashkil etilgan.

Coursera – Stenford universiteti tomonidan tashkil etilgan.

Udacity – Stenford universiteti tomonidan tashkil etilgan.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!