Google kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Google Podcasts Creator Program dasturiga arizalar qabul qilinmoqda. Ushbu dastur audio podkast tayyorlashni boshlagan, o’z podkastlarini e’lon qilgan va bu borada mahoratini oshirish istagidagi umidli prodyuserlar uchun mo’ljallangan. Google Podcasts Creator Program dasturining maqsadi, ayniqsa professional audio prodyuserlik uchun zaruriy bilimlarni olish imkoniyati cheklangan hududlardagi havaskor prodyuserlarni qo’llab-quvvatlash. Dastur taxminan 4 oy davom etadi va 2020-2021 yillarda uch marta bo’lib o’tadi (ya’ni bitta dastur turli ishtirokchilar bilan 3 marta qaytadan o’tkaziladi). Bir ishtirokchi faqat bitta trening dasturida ishtirok etishi mumkin. Ammo ariza uchala dastur uchun bir marta beriladi. Dastur quyidagi sanalarda bo’lib o’tadi va qabul qilingan ishtirokchi qaysi mavsumda ishtirok etishi keyinchalik kelishiladi:
- 2020-yil 21-sentyabrdan 2020-yil 4-dekabrgacha.
- 2021-yil 25-yanvardan 2021-yil 16-aprelgacha.
- 2021-yil 3-maydan 2021-yil 23-iyulgacha.
Trening dasturi to’liq virtual tarzda bo’ladi. Podkast haqida ma’lumot
Grant kimlar uchun?
Audio podkast prodyuserlari uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Dasturga qabul qilinganlar quyidagilarni qamrab oluvchi onlayn trening dasturida ishtirok etadillar:
- Ishtirokchilarga qanday qilib mavzularni yoritib berish, ovoz va musiqa bilan ishlash, tinglovchini jalb etish va e’tibor tortish kabi, podkast tayyorlashda juda muhim hisoblangan bilimlar kuchli mutaxassislar tomonidan o’rgatiladi.
- Ishtirokchi tayyorlayotgan podkastlar sifati tahrirlash va texnik jihatdan tahlil qilib, kerakli tavsiyalar beriladi.
- Ishtirokchiga podkastlarini tayyorlash va e’lon qilish xarajatlariga sarflashi uchun 12 000 AQSh dollari mablag’
Talablar:
- Nomzod 2019-yil yanvardan boshlab ariza topshirish vaqtiga qadar kamida 5 ta audio podkast tayyorlagan bo’lishi kerak. Podkast ingliz tilida bo’lishi shart emas, lekin ingliz tilidan boshqa tildagi podkastlarning ingliz tilidagi matni taqdim etilishi zarur. Ariza topshirish vaqtida nomzoddan 1 ta podkastni namuna sifatida yuborish talab etiladi.
- Dasturda barcha ishtirok etishi mumkin.
- Nomzod professional darajada bo’lmasa ham, podkast tayyorlash va ovoz bilan ishlashda tajribaga ega bo’lishi talab etiladi.
- Trening dasturi ingliz tilida bo’ladi, shuning uchun nomzodning podkastlari va tinglovchilari ingliz tilida bo’lmasa ham, nomzodning o’zi ingliz tilini yaxshi bilishi kerak. Barcha talablar bilan bu yerda, “should I apply?” bandida tanishishingiz mumkin.
Dasturga qabul jarayoni:
Arizalar 2020-yil 2-avgustgacha bu yerda qabul qilinadi. Natijalar 2020-yil 4-sentyabrgacha e’lon qilinadi. Ariza topshirishdan oldin bu yerda ko’rsatilgan ko’p so’raladigan savollarga berilgan javoblar bilan tanishib chiqish kerak. Ariza to’ldirish jarayonini boshlash oldidan bu yerdagi maslahatlar bilan tanishib chiqing, bu maslahatlarda qanday qilib kuchli ariza tayyorlash yo’llarini ham ko’rsatib o’tilgan. Murojaat uchun googlecp@prx.org elektron manziliga xabar yuborishingiz mumkin.