Qayerda: Oʻzbekiston
Kim uchun: 10-11-sinf maktab oʻquvchilari uchun
Roʻyxatdan oʻtish muhlati: 2019-yil 10-aprelgacha
Muhim: Birinchi bosqichdagi onlayn testni ishlash muhlati ham 2019-yilning 10-apreligacha. Shu sababli, nomzodlarga imkon qadar ertaroq roʻyxatdan oʻtib, birinchi bosqich testlarini ishlash tavsiya etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasida 10-11-sinflarning iqtidorli o’quvchilari o’rtasida matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan «Al-Xorazmiy izdoshlari» integratsiyalashgan ko’rik-tanloviga start berildi.
Tanlovning asosiy maqsadi
Tanlovning asosiy maqsadi – Ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash,uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, o‘quvchilarning aniq fanlarning yuksak marralarini zabt etishga ko‘maklashish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart- sharoitlar yaratishdan iborat.
Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi hududidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-11-sinflarining iqtidorli o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi. Tanlov matematika, fizika,informatika va axborot texnologiyalari fanlari integratsiyalashgan holda saralash asosida o‘tkaziladi.
Tanlovda ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish quyidagicha amalga oshiriladi:
Tanlovda ishtirok etishni istagini bildirgan o‘quvchilar tanlovning saytida ro‘yxatdan o‘tadilar. Tanlovning shartlari va o‘tkazish bosqichlari bilan tanishgandan so‘ng ishtirok etish xuquqiga ega bo‘ladildar. Tashkiliy qo‘mita tomonidan saytning ommaviy “Ishtirokchilar” bo‘limida avtomatik tarzda chop etadi va tanlovning bosqichlarida ishtirok etish uchun tavsiya beradi.
Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi.
Birinchi bosqichda – Respublika hududlari bo‘yicha ta’lim muassasalarida olimpiadaning rasmiy saytiga kirish orqali onlayn test sinovidan o‘tkazish orqali iqtidorli o‘quvchilar saralab olinadi. Mazkur bosqichda ishtirokchilar 2019-yilning yilning 1-aprelidan 10-apreliga qadar tanlovning rasmiy saytiga joylashtirilgan onlayn test tizimi orqali o‘z bilimlarini sinaydilar. Onlayn test natijalari real vaqt davomida 100 ballik tizim bo‘yicha baholanadi.
Tashkiliy qo‘mita tomonidan matematika, fizika,informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan integratsiyalashgan holda joylashtirilgan 30 ta (har bir fandan 10 tadan) test savollaridan kamida 80 ball to‘plagan ishtirokchilar tanlov rasmiy saytining “Birinchi bosqich g‘oliblari” bo‘limida e’lon qilinadi.
Birinchi bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar ikkinchi bosqichga taklif qilinadi.
Ikkinchi (mintaqaviy) bosqichda – birinchi bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar matematika, fizika,informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan integratsiyalashgan holda 9 ta (har bir fandan 3 tadan) amaliy masalalarni yozma topshiradilar.
Ikkinchi bosqich joriy yilning may oyi ikkinchi o‘n kunligida Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universitetida va uning Samarqand, Farg‘ona, Urganch, Qarshi va Nukus shaharlaridagi filiallarida bo‘lib o‘tadi
Mazkur bosqich barcha hududlarda bir vaqtda o‘tkaziladi va uning sanalari haqida birinchi bosqichdan o‘tgan ishtirokchilarga tanlov sayti orqali oldindan xabar beriladi. Ishtirokchilar mazkur hududlardan o‘zlariga qulayini tanlash imkoniga ega bo‘lib, unda ishtirok etishi uchun shaxsni tasdiqlaydigan hujjat, shuningdek, tegishli umumiy o‘rta maktab tomonidan berilgan (surati yopishtirilgan va muhr urilgan) ma’lumotnoma bilan ishtirok etishlari talab etiladi.
Mazkur hujjatlar ko‘rsatilmaganda yoki qalbakilashtirilgan hujjatlar aniqlangan takdirda tashkiliy ko‘mita ularni ikkinchi bosqichga kirititilmaslik huquqiga ega. Ikkinchi bosqich natijalari bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida va uning Samarqand, Farg‘ona, Urganch, Qarshi va Nukus shaharlaridagi har bir filiallarida yozma bayonnomalar tuziladi. Unda ishtirokchilarning yozma ish natijalari ko‘rsatiladi.
Ikkinchi bosqich ishtirokchilari to‘plagan ballari 100 ballik reyting tizimi asosida hisoblanadi. 75 ball hamda undan yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar uchinchi final bosqichiga tanlov rasmiy saytining «Ikkinchi bosqich g‘oliblari» bo‘limida e’lon qilinadi va uchinchi final bosqichiga taklif qilinadi.
Uchinchi final bosqichi – iyun oyining uchinchi o‘n kunligida Toshkent shahridagi Inha universitetida bo‘lib o‘tadi.
Mazkur bosqich bir kun ichida o‘tkaziladi va uning aniq sanalari haqida ikkinchi bosqichdan o‘tgan ishtirokchilarga tanlov sayti orqali oldindan xabar beriladi.
Uchinchi final bosqichida -ikkinchi bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan integratsiyalashgan holda ishlab chiqilgan amaliy masalalar bo‘yicha 15 ta (har bir fandan 5 tadan) yozma ish topshiradilar. Mazkur bosqich ishtirokchilari orasidan yozma topshiriladigan amaliy masalalarga tizimli ravishda to‘g‘ri yechimni taklif qilgan o‘quvchilar to‘plagan ballari bo‘yicha shaffof va adolatli reyting asosida kamayib borish tartibida hisoblab chiqiladi va saralanadi.
Ishtirokchilarning birinchi va ikkinchi bosqichda erishgan natijalari hisobga olinmaydi.
Eng yuqori ball to‘plagan bta ishtiokchi sovrindor hisoblanadi. (Agar 6-o‘rinni olgan ishtirokchi to‘plagan ball bilan keyingi ishtirokchi to‘plagan balli bir xil bo‘lsa, sovrindorlar soni o‘zgarishi mumkin).
Tanlov finali sovrindorlarining ro‘yxati saytning “Final-Toshkent sh.” va “Taqdirlash taxtasi” bo‘limlarida ko‘rsatiladi.
Tanlov g‘oliblarini taqdirlash
Tanlov sovrindorlarini taqdirlash Toshkent shahridagi Inha universitetida bo‘lib o‘tadi.Tanlovning uchinchi final bosqichi sovrindorlari “Muhammad al-Xorazmiy izdoshlari” nomli mukofot (stauetka) hamda tegishli miqdordagi pul mablag‘lari bilan taqdirlanadi. . Tanlovning uchinchi final bosqichi sovrindor qatnashchilari quyidagi miqdorda pul mablag‘lari bilan rag‘batlantiriladi:
- birinchi o‘rin – O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan eng kam oylik ish haqining 100 barobari miqdorida;
- ikkinchi o‘rin -O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan eng kam oylik ish haqining 75 barobari miqtsorida;
- uchinchi o‘rin – O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan eng kam oylik ish haqining 60 barobari miqtsorida;
Shuningdek, ular Toshkent shahridagi Inha universiteti qoshidagi uzluksiz ta’lim markazi tomonidan ingliz tilidan bepul o‘qish huquqini beruvchi yo‘llanmani qo‘lga kiritadilar.
Tanlovda ishtirok etish uchun SHU YERDA roʻyxatdan oʻting.