×

Agrobiznes sohasidagi biznes gʻoyalar tanlovi: 10 nafar gʻolib 300 million soʻmgacha mablagʻni qoʻlga kiritishi mumkin!


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

1882 marta

CHOP ETILGAN

08.07.2021

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi doirasida Agrobiznesni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etib, xususiy mahalliy agrosanoat korxonalari oʻrtasida qishloq xoʻjalik mahsulotlari qiymat zanjirini yana-da rivojlantirish, savdo koʻlami va hajmini oshirish, aholi bandligini taʼminlash, hamda yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan biznes gʻoyalar tanlovini eʼlon qildi.

Tanlovga biznes gʻoyalar ingliz, rus yoki oʻzbek tilida topshirilishi mumkin.

Jamgʻarma qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan korxonalarda yangi texnologiyalarni joriy etishini qoʻllab-quvvatlaydi va bu orqali ularning oʻsishiga koʻmaklashadi. Agrosanoat korxonalarini qoʻllab-quvvatlash Oʻzbekistonga oʻz iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, mintaqaviy hamda xalqaro savdo hajmlarini oshirish imkonini beradi. USAID yuqoridagi mezonlarga javob berishi mumkin boʻlgan, xususan ayollar va yoshlar boshqaruvidagi yoki ularni ish bilan taʼminlovchi korxonalardan biznes gʻoyalar boʻyicha takliflarni kutib qoladi.

Ushbu tashabbus USAIDning Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan besh yillik Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha tanlangan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun butun qiymat zanjiri boʻylab qoʻshimcha qiymat yaratish imkonini beruvchi yangi texnologiyalar va zamonaviy boshqaruv amaliyotlarini joriy etish orqali Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida xususiy sektor rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan.

Mazkur tadbirlar Oʻzbekistonda qoʻshimcha qiymat qoʻshilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni koʻpaytirish, sohaga xotin-qizlar va yoshlarni jalb etish, taʼlim muassasalari va xususiy sektor oʻrtasidagi aloqani mustahkamlash va qishloq xoʻjaligida maqbul siyosat yuritishni qoʻllab-quvvatlashga qaratiladi.

Loyiha doirasida Agrobiznesni rivojlantirish jamgʻarmasidan 100 million soʻmdan 300 million soʻmgacha boʻlgan miqdordagi moliyalashtirish soʻralgan gʻoyalar aks ettirilgan arizalar qabul qilinadi. Biroq, ajratilajak mablagʻning yakuniy miqdori yakuniy muzokaralarga bogʻliq boʻlib, belgilangan miqdordan kamroq yoki koʻproq ham boʻlishi mumkin.

Ushbu eʼlonga binoan, Loyiha hamkorlikda sarmoya kiritish uchun 10 nafar nomzodni tanlashni rejalashtirgan. Loyiha ariza taqdim qiluvchilarga kamida 1:1 nisbatda hamkorlikda sarmoya kiritish majburiyati borligini eslatib oʻtadi. Yaʼni, agar ariza beruvchi 100 million soʻmlik biznes gʻoyaga hamkorlikda sarmoya kiritishni taklif qilgan boʻlsa, u holda ariza beruvchi kamida shu taklifning 50 foizni yoki 50 million soʻmni shaxsiy sarmoyasi sifatida kiritishga tayyor boʻlishi kerak boʻladi.

Ariza beruvchining aylanma xarajatlari va boshqa joriy xarajatlari (masalan, ijara toʻlovi, maoshlar, buxgalteriya, ofis xarajatlari va boshqalar) hamkorlikdagi sarmoya sifatida qabul qilinmaydi.

Kim ariza topshira oladi?

Ariza beruvchilar Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik subyektlari va rasmiy ravishda tashkil etilgan, tegishli Oʻzbekiston hukumati vakolatli muassasalari tomonidan tan olingan va ijobiy mavqega ega barcha tegishli fuqarolik va fiskal qoidalarga rioya qilgan xususiy sektor korxonalari boʻlishi shart. Shuningdek, tijorat va notijorat biznes uyushmalari va/yoki nodavlat tashkilotlardan ham arizalar qabul qilinadi.

Davlat muassasalari, shu jumladan, davlat ulushiga ega korxonalar va xususiy sektor tomonidan boshqariluvchi davlat korxonalaridan arizalar qabul qilinmaydi.

Arizalar 2021-yil 16-iyul, soat 17:00 gacha qabul qilinadi. Tanlov Nizomi va biznes gʻoyalar boʻyicha takliflaringizni kiritish uchun ariza namunasini BU YERDAN yuklab olishingiz mumkin.

Tanlovda qatnashish uchun dastlab tanlov Nizomini batafsil oʻqib chiqish zarur. Soʻng maxsus ariza shaklini toʻldirib (rus, ingliz yoki oʻzbek tilida), 2021-yil 16-iyul soat 17:00 gacha fund@uzada.org elektron pochta manziliga yuborish lozim. Xabar mavzusiga (Subject) “Agrobiznes №001” deb yozilishi kerak.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!