Eslatma: Ushbu suhbat 2018-yilda qilingan. Suhbatda aytilgan sonlar, summalar, shartlar va boshqa shu kabilar keyingi yillarda biroz o’zgarishi mumkin.
AQShning Kentukkiy shtatida joylashgan Berea kolleji dunyoda eng kam uchraydigan kollejlardan biri, ya’ni ta’lim puli (Tuition fee) butunlay tekin bo’lgan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Ushbu kollejda dunyoning turli burchagidan kelgan talaba yoshlar tahsil oladi. Biz ushbu hujjat topshirish, unga qabul qilinish, kollejda olib boriladigan o’quv jarayoni haqida ushbu kollejga qabul qilingan yosh va iqtidorli o’zbek talabas Dostonbek Toirov bilan suhbat tashkillashtirdik va uni siz bilan bo’lishmozdamiz.
O’zingiz haqingizda qisqacha so’zlab bersangiz.
Men, Dostonbek Toirov, 1998-yil Andijon viloyatining Imom ota qishlog’ida oddiy oilada dunyoga kelganman. 6 yoshimdan boshlab, Andijon shahrida 34-Davlat ixtisoslashtirilgan maktabida taxsil olganman. Bu maktabni imtiyozli tamomlagach, Andijon Davlat Universiteti qoshidagi 5-Akademik litseyda 3 yil o’qiganman. Berea kolleji to’g’risida litseyda birinchi kursda o’qiyotganimda eshitganman, va ana shundan so’ng bu yerda o’qish menga juda muhim maqsadga aylangan. Ammo, keyinchalik ba’zi muammolar sababli, O’zbekistondagi universitetlarga topshirishga qaror qilganman. Litseyni muvaffaqiyatli tamomlagach, Toshkent Xalqaro Vestminster Universitetida grant imtihoniga topshirganman. Lekin, bu muvaffaqiyatsiz yakunlangan va faqat kontrankt to’lov asosida qabul qilinganman. Avval 4 yilga kontraktni to’lay olaman deb hisoblaganman. Lekin Vestminterda birinchi semestrda o’qiyotgan vaqtimda ba’zi iqtisodiy va oilaviy holatlar sabab bu to’lovni to’la olmasligim ma’lum bo’lgan. So’ng, Berea kollejiga topshirishdan boshqa ilojim qolmagan. Berea kollejiga 2016-yil Noyabr oyida barcha kerakli hujjarlarimni jo’natganman, va Vestminsterda birinchi kursni o’qishda davom ettirganman. 2017-yili Aprel oyining boshlarida Berea kollejidan o’qishga qabul qilinganim to’g’risida xat kelgan.
Savollar:
- Berea kollejiga topshirish uchun yosh chegarasi belgilanganmi?
Yo’q. Berea kollejiga topshirish uchun yosh chegarasi belgilanmagan, lekin topshirayotgan abituriyent maktabni va kollej yoki litseyni tamomlagan bo’lishi kerak. Bundan tashqari, abituriyent allaqachon Bakalavr darajasiga ega bo’lmasligi kerak. - Berea kollejida qanday yo’nalishlar bor?
Berea kollejida hozirda quyidaggi yo’nalishlar bor:
– African & African American Studies
– Agriculture & Natural Resources
– Appalachian Studies
– Art & Art History
– Asian Studies
– Biology
– Business
– Chemistry
– Child & Family Studies
– Communication
– Computer Science
– Economics
– Education Studies
– English
– Foreign Languages
– General Studies
– Health & Human Performance
– History
– Mathematics
– Music
– Nursing
– Peace & Social Justice Studies
– Philosophy
– Physics
– Political Science
– Psychology
– Religion
– Sociology
– Sustainability & Environmental Studies
– Technology and Applied Design
– Theatre
– Women’s & Gender Studies
Yo’nalishlar haqidagi to’liq ma’lumot bilan SHU YERDA (https://www.berea.edu/academics/) tanishishingiz mumkin. - Kollejda magistratura bosqichi ham bormi?
Berea kollejida magistratura bosqichi yo’q. Faqatgina 4 yillik Bakalavr bosqichi mavjud. Afzallik tomonlaridan biri – talaba o’z yo’nalishidagi barcha talab qilingan fanlarni 4 yildan ozroq vaqt muddat ichida tamomlab, o’qishni ertaroq bitirsa ham bo’ladi. - Kollejga topshirish uchun IELTS yoki TOEFL necha ball bo’lishi kerak?
IELTS bali eng kamida umumiy 6.0 (har bir bo’limida, kamida 5.0) bo’lishi kerak. TOEFL esa kamida 68 bo’lishi kerak. Bu imtihonlardan tashqari SAT imtihoni sertifikati ham qabul qilinadi; Minimum 1330 (2016-yil Mart oyidan oldingi tizim bo’yicha) yoki 980 (2016-yil Mart oyidan keyingi tizim bo’yicha). Lekin bu degani, shu ballarga ega abituriyent o’qishga qabul qilinadi degani emas; Abituriyent qancha yuqori ballga ega bo’lsa, shuncha kollejga qabul qilinishi imkoniyatlari katta bo’ladi. Abituriyent mana shu imtihonlardan kamida bittasini topshirgan bo’lishi kerak. - Ingliz tilini yaxshi bilsa, IELTS yoki TOEFLsiz ham ushbu kollejga hujjat topshirish va qabul qilinish mumkinmi?
Bu to’g’risida yaqinda qabulxona xodimlari bilan suhbatlashgan edim. Ularning aytishi bo’yicha, xalqaro talabalar bu imtihonlardan kamida bittasini topshirgan bo’lishi majburiy. - Hujjat topshirishda qanaqadir xarajat qilish kerakmi? Agar kerak bo’lsa, qanchalar xarajat ketadi?
Hujjat topshirishda Berea kollejga hech qanday xarajat talab qilinmaydi. Abituriyent faqatgina hujjatlarni tayyorlash, tarjima qildirish, va ularni Berea kollejiga pochta orqali jo’natishga pul sarflashi kerak bo’ladi (tah.: 2021-yilgi qabuldan boshlab hujjatlar onlayn tarzda qabul qilinadigan bo’ldi). Agarda abituriyent kollejga qabul qilinsa, undan so’ng $50 miqdorida ariza pulini to’lashi kerak bo’ladi. - Kollejga kirish imkoniyatini qo’lga kiritgan talabaga qanday moddiy imtiyozlar bor?
Bu juda ham qiziqarli va katta mavzu. Berea kollejiga qabul qilingan xalqaro talabalar 4 yillik to’liq grantga ega bo’ladi. Bu grant o’z ichiga o’qish puli (4 yil – $100,800), yotoqxona va ovqat harajatlarini (yillik – $10,000 atrofida, 4 yilga) o’z ichiga oladi. Bundan tashqari, boshqa mayda harajatlari – darslik kitoblari, sog’lik sug’urtasi, va boshqalarni – ham grant o’zi ichiga oladi. Har bir qabul qilingan talabaga yangi noutbuk beriladi (bitirgandan so’ng talaba noutbukni o’zi bilan olib qoladi). Qabul qilingan talabalarga yangi qishki kiyim uchun ham $200 dan $300 miqdorda pul beriladi, va barcha xo’jalik va kunlik hayotida keralki bo’ladigan buyumlari va o’quv qurollari bilan ta’minlanadi. Lekin, Bereada talabalar o’zlari to’lashi kerak bo’lgan harajatlar ham bor. Bulardan, agarda talaba qishki yoki yozgi ta’til davomida kollejning o’zida qolmoqchi bo’lsa, yotoqxonalariga haftasiga $50 atrofida to’laydi, va oziq-ovqatlariga ham o’zi to’lashi kerak bo’ladi. Bundan tashqari, birinchi kursdan so’ng har bir semester oxirida “term bill” to’laydi; bu $200 dan $400 gacha bo’lishi mumkin. Ammo bu harajatlarni talabalar kollejdagi ishidan oladigan maoshi orqali bemalol to’lay oladilar. - AQShning Kentukkiy shtatiga borish va o’qishni boshlab olguncha qancha xarajat ketadi yoki yo’l xarajatlari ham qoplanadimi?
Berea kollejiga kelib olguncha xarajatlarni talaba o’zi to’lashi kerak bo’ladi. Qabul qilingan talaba Berea kolleji hisobiga $2,200.00 miqdorida deposit qo’yishi kerak bo’ladi. Bu pul talabaning o’zi uchun 4 yil davomida favqulotda holatlarda ishlatishi uchun mavjud bo’ladi; agar ishlatilmasa bitirganidan so’ng talabaga qaytarib beriladi. Agarda talaba bu miqdorni to’liq to’la olmasa, kollejdan yordam so’rashi mumkin va faqatgina $500.00 atrofida deposit qo’ysa bo’ladi.Bundan tashqari, talaba Visa ($160.00), SEVIS ($200.00) to’lovlari, va parvoz biletlari xarajatlarini o’zi to’lashi kerak bo’ladi. Berea kollejiga eng yaqin bo’lgan aeroportda talabani kollej vakillari o’zlari kutib oladi. - O’qishdan keyin ishlash mumkinmi va oyiga qancha ishlash mumkin?
O’qishdan tashqari talabalar Berea kolleji tomonidan tayinlangan ishlarda haftasiga kamida 10 soat ishlaydi va ma’lum miqdorda oylik maosh oladi. Bu ishdan tashqari boshqa joylarda ishlashga talabaga ruxsat berilmaydi va bu noqonuniy hisoblanadi. - Berea kollejiga o’qishni ko’chirish (perevod) mumkinmi?
Bu yerga o’qishni ko’chirish mumkin va ariza xalqaro talabalar uchun bir xil jarayonda topshiriladi. O’qishga kelgandan so’ng, agar talaba avvalgi olgan kurslari Berea kolleji tizimiga mos kelsa, bu kurslar talaba uchun plyus hisoblanadi, va ertaroq bitirishiga imkon beradi. - Kollejda o’qish faqat ingliz tilidami yoki boshqa bir xorijiy tilda ham o’qish mumkinmi?
Kollejda barcha fanlar asosan ingliz tilida o’tiladi. Ammo, bu yerda turli xil chet tillari ham o’qitiladi. Masalan, nemis, fransuz, yapon, xitoy, ispan, va lotin tillari kurslari mavjud. - Berea kolleji diplomi darajasi jihatidan universiteti diplomiga tengmi?
Ha. Berea kolleji diplomi darajasi jihatidan universitet diplomiga teng, ya’ni Bakalavr darajasi. Amerikada Bakalavr darajasiga tayyorlovchi juda ko’p oliy o’quv yurtlari “kollej” so’zi bilan yuritiladi. Bu yerda “kollej” so’zi O’zbekistondagi “kollej” so’zidan boshqacha. - Sizning IELTS yoki TOEFL ballingiz necha edi o’qishga kirganingizda?
Men faqat IELTS imtihonini topshirgaranman va ballim umumiy 7.0 bo’lgan, lekin TOEFL imtihonini topshirmaganman. - Bakalavr bosqichida o’qiyotganlar ham kollejda o’qish uchun hujat topshirsa bo’ladimi?
Ha. Men ham Bakalavr darajasida o’qiyotgan vaqtimda topshirganman. Lekin, muhim tomoni hujjat topshirayotgan talaba Bakalavr darajasini tamomlamagan bo’lishi kerak. - Kollejga har yili necha kishi qabul qilinadi?
Berea kollejiga umumiy hisobda har yili 400 ta atrofida talaba qabul qilinadi, va bularning faqatgina 30 tasi xalqaro talabalar. Berea kolleji turli xillikka katta e’tibor bergani sabab, har bir davlatdan faqatgina bitta talaba qabul qilishga harakat qiladi. Lekin, ba’zida istesnolar ham bo’lib turadi, va bitta davlatdan bir yilda ikkita talaba qabul qilinishi ham mumkin. - Kollejda o’qish jarayoni qanday olib boriladi?
Berea kollejda o’qish jarayoni juda ham qattiq, va qizg’in. Odatiy semesterda talabalar 4, 5, yoki 6 ta fanlar (o’z xohishi bilan) o’qiydi. Dars kunlari haftada 5 kun, Dushanbadan Jumagacha; Shanba va Yakshanba dam olish kunlari. Barcha fan darslari orasida odatda bir kun dam olish bo’ladi, ya’ni talabaning ba’zi fanlari Dushanba, Chorshanba va Juma kunlari, ba’zilari esa Seshanba va Payshanba kunlari bo’lishi mumkin, yoki barcha fanlari bir xil tartibda (Dushanba, Chorshanba va Juma kunlari) bo’lishi ham mumkin. Darslar eng kami 70 soat davom etadi, va jadvalga qarab kunning turli vaqtlarida bo’lishi mumkin. O’qishdan bo’sh vaqtida talabalar o’zi belgilangan ish joyida haftasiga kamida 10 soat ishlaydilar. Undan bo’sh vaqtlarida uy vazifalar bilan band bo’ladi; bu ba’zida juda ko’p vaqt oladi. Dars qilish uchun barcha sharoitlarga, va 500,000 dan ortiq kitoblarga ega 3 qavatli ulkan kutubxonasi mavjud. Bundan tashqari, kollej barcha sport turlari uchun imkoniyatlarga ega sport kompleksi ham bor. Talabalar ba’zan bo’sh vaqtlarini kollejning mana shunday turli xil inshootlarida sarflaydilar. - Xalqaro talabalarning Berea kollejiga kirish imkoniyatlari qanday?
Berea kollejiga har yili xalqaro talabalardan 700 dan ortiq arizalar kelib tushadi, va ulardan faqat 30 ga yaqini Berea kolleji grantiga munosib deb topiladi. Abituriyentlar o’z arizalari ustida ishlayotganda har bir qismiga alohida e’tibor berishi zarur. Abituriyentlar xalqaro imtihon sertifikatlari, kollej yoki litsey diplomi, tavsiyanomalar, barcha erishgan yutuqlari sertifikatlari, va ayniqsa shaxsiy inshosini iloji boricha eng yaxshi ko’rinishga keltirishi lozim. Ariza muddati noodatiy bo’lgani sabab topshirayotgan abituriyentlar Bereaga jo’natgan arizasiga butunlay ishonib qolmasligi kerak. Ehtiyot shart boshqa o’qishlarga topshirib qo’yish ham zarar qilmaydi, agar abituriyentlar bir yil yutkizishni xohlamasa. - Kollejga kirish uchun qay tartibda tayyorgarlik ko’rgansiz?
Men ko’p vaqtimni asosan ingliz tilini o’rganishga sarflaganman. Andijan Scholars Foundation va asosan Andijon Taraqqiyot Markazi kabi o’quv markazlarida turli xil kurslarda va shuningdek Public Speaking kurslarida o’qiganman. Bundan tashqari, bo’sh vaqtlarimni mana shu markazlarda yaratilgan kutubxona va boshqa o’quv qulayliklarda sarflaganman. Litseyda va o’quv markazlarida bo’lib o’tadigan har xil musobaqalarda faol qatnashib faxrli yutuqlarga erishganman. Litseyda ikkinchi kursdan boshlab matematikani intensiv ravishda o’rganishni boshlaganman. Berea kolleji abituriyentlardan matematikani bilishni talab qilmaydi, lekin matematika o’zim uchun, va keyinchalik ish karyeramda muhim bo’ladi deb bilganman. Mening fikrimcha, ingliz tili biz uchun shunchaki xalqaro til; bizni tashqi dunyo bilan bog’lovchi ko’prik; ingliz tili talabaning qobilyati yoki bilimi o’lchovi emas. Ingliz tili o’rganuvchilarga maslahatim: Ingliz tilini bilish juda ham muhim, lekin bor kuchimizni faqat ingliz tilini o’rganishga emas, balki boshqa sohalarda ayniqsa keyinchalik o’z sohamizga kerakli bo’ladigan fanlarni ham o’rganishga sarflashimiz kerak. Berea kollej qabul qilayotgan talabalarda faqat ingliz tili darajasini hisobga olmaydi, balki ularning boshqa jihatlarini ham hisobga oladi. Misol uchun, talaba shu vaqtgacha qanday yutuqlarga erishgan, qanchalik o’z jamiyatiga foyda keltirgan, qanchalik insonparvarlik ishlar qilgan, qanchalik o’z jamiyatida faol inson va boshqalar. - Grantlar.uz sayti haqida fikringiz?
Mening fikrimcha, Grantlar.uz juda ham foydali va informatsion sayt. Ular bilimga chanqoq O’zbekiston yoshlarining kelajakda o’qish tanlovlari bo’yicha qiladigan qarorlari uchun juda ham qo’l keladi. Grantlar.uz – O’zbekiston yoshlarini O’zbekistondagi va dunyoning boshqa burchaklaridagi mavjud imkoniyatlar bo’yicha xabar beruvchi elchidir. Men ham keyinchalik o’qishlarim uchun yangi imkoniyatlarni shu sayt orqali kuzatib boraman. Berea kollejiga topshiriladigan hujjatlar va hujjat topshirish jarayoni bilan SHU YERDA batafsilroq ma’lumotga ega bo’lishingiz mumkin.
Dostonbek Toirov tomonidan ochilgan @BereaCollege telegram kanali orqali kollej haqida qo’shimcha ma’lumot olishingiz mumkin.