×

Bloklangan hisob raqamni qanday ochaman (Germaniya)?


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

3999 marta

CHOP ETILGAN

12.01.2023

Germaniya – koʻplab xalqaro talabalar uchun optimal taʼlim manzillaridan biri. Chunki bu mamlakatning aksariyat davlat universitetlarida oʻqish bepul, talabalar uchun ish topish ham oson va talaba ishlagan holda bemalol barcha xarajatlarini qoplay oladi.

Lekin Germaniyaga talaba vizasi olish uchun qatʼiy bir talab bor – hisobingizda 1 kishi Germaniyada 1 yil yashashi uchun yetarli boʻlgan mablagʻ boʻlishi shart (2023-yil yanvar oyi holatiga koʻra, bu summa 11 208 yevro).

Va bu mablagʻli bloklangan hisob raqamga oʻtkazishingiz kerak.

Bugun Germaniyaga talaba vizasini olish uchun Fintiba bloklangan hisob raqamni qanday ochish haqida maʼlumot beramiz.

Fintiba nima?

Fintiba Sutor banki bilan hamkorlikda talabalarga bloklangan hisob raqami ochish xizmatini koʻrsatuvchi xizmat.

Nega aynan Fintiba?

Chunki Fintiba orqali bloklangan hisob raqamni onlayn tarzda ochish mumkin. Bu talabalarni qogʻozbozlikdan qutqaradi va vaqtini tejaydi.

Qanday ochiladi?

Demak, Fintiba orqali bloklangan hisob raqam quyidagi tartibda ochiladi:

1. Fintiba saytida bloklangan hisob raqami ochasiz. Bu uchun yaroqli pasportingiz boʻlishi kerak. Saytda hisob raqam boʻyicha barcha tafsilotlar bor. Agar savollaringiz boʻlsa, sayt maʼmuriyati onlayn chat orqali bepul konsultatsiya beradi.

2. Ariza toʻldirish. Bloklangan hisob raqam ochish jarayonini boshlaganda onlayn arizani toʻldirish kerak. Bunda arizaga shaxsiy maʼlumotlarni kiritasiz va pasportingizning skanerlangan nusxasi bilan shaxsingizni tasdiqlaysiz.

Tasdiqlash tugagach, bloklangan hisob raqamingiz ochiladi. Boʻldi, bloklangan hisob raqamga egasiz. Bu jarayon taxminan 10 daqiqa vaqt oladi.

3. Depozit mablagʻ. Endi talab etilgan mablagʻni bank oʻtkazmasi orqali (oʻzbek banklaridan foydalanib oʻtkazsa boʻladi) bloklangan hisobingizga oʻtkazishingiz kerak (2023-yil yanvar oyi holatiga koʻra, bu mablagʻ 11 208 yevro). Mablagʻning bloklangan hisob raqamingizga kelib tushishi qaysi bankdan oʻtkazganingizga qarab 5 kungacha, baʼzida bundan ham koʻproq vaqt olishi mumkin.

4. Tasdiq xabarini olish. Mablagʻ tushishi bilan Fintiba mablagʻ bloklangan hisob raqamga tushganini tasdiqlovchi email yuboradi va bloklangan hisob raqamingiz faollashadi.

5. Germaniya elchixonasida uchrashuv belgilash. Tasdiq xabarini olgach (yoki undan oldinroq), vizaga hujjatlarni topshirish uchun Germaniya elchixonasida uchrashuv belgilaysiz. Bunda Fintiba yuborgan tasdiq emailini printerdan chiqarib olasiz va boshqa hujjatlar bilan birga elchixonaga topshirasiz. Va boshqa hujjatlaringizda kamchilik boʻlmasa, talaba vizasini qoʻlga kiritasiz!

6. Mablagʻingizdan foydalanish. Germaniyaga borgach, istagan bankingizdan oʻzingiz uchun boshqa bir hisob raqam ochasiz va shu hisob raqamga Fintiba bloklangan hisob raqamidan har oy oʻtkazilib turadigan summani belgilab qoʻyasiz. Bu ham Fintiba veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Fintibaʼning xizmat haqi qancha?

2023-yilning yanvar oyi holatiga koʻra, Fintiba xizmatidan foydalanishda 89 yevro dastlabki badal toʻlaysiz va keyinchalik har bir oy uchun sizdan 4,9 yevro toʻlov undiriladi.

Qisqa qilib aytganda, kerakli summangiz boʻlsa, bloklangan hisob raqam masalasini hal qilish qiyin emas. 😉

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!