×

Dunyoning eng nufuzli universitetlaridan biri – CMUQ oliygohida oʻqish uchun toʻliq grant asosida qabul qilingan hamyurtimiz bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

4262 marta

CHOP ETILGAN

24.03.2021

1. Assalomu alaykum, Yusufbek. Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz.

Assalomu alaykum, mening ism-familiyam Yusufbek Nasriddinov. 2000-yil 8-mayda Andijon viloyatining Andijon shahrida tugʻilganman. Dastlab, Andijon shahridagi 8-maktabda 9 yil oʻqiganman, soʻng Toshkent Davlat Agrar universiteti Andijon filiali qoshidagi akademik litseyda 3 yil taʼlim olganman. Hozirda AQSHning eng nufuzli universitetlaridan biri – Carnegie Mellon universitetining Qatardagi filialida (Carnegie Mellon University in Qatar, CMUQ) 100 foizlik grant asosida oʻqib kelmoqdaman. Yoʻnalishim Biznesni boshqarish (Business Administration). Bu yoʻnalish bir nechta sohalarga asosiy diqqatni qaratadi. Men shu sohalardan Biznes tahlili va Moliyani tanlaganman. Universitetda asosiy yoʻnalishdan tashqari yana bir kichik yoʻnalish ham tanlashimiz kerak. Kichik yoʻnalish sifatida Xalqaro siyosatni tanlaganman. Hozirda (2021-yil mart) 2-kursni tamomlash arafasidaman.

2. CarnegieMellonuniversitetida oʻqish uchun qoʻlga kiritgan grantingiz haqida maʼlumot bersangiz.

Men qoʻlga kiritgan grant “Need-based grant program for students of all nationalities” deb nomlanadi va Qatar Foundation tashkiloti tomonidan nomzodning moliyaviy holatiga qarab taqdim etiladi. Grant moliyaviy holatingizdan kelib chiqib, oʻqish bilan bogʻliq barcha xarajatlari 100% gacha qoplab berishi mumkin. Moliyaviy holatingizga qarab oʻqish xarajatlari 70% yoki 50% yoxud undan ham kamroq miqdorda qoplanishi mumkin.

Menga 100% lik moddiy yordam taqdim qilishgan. Bunda talaba quyidagi imkoniyatlar bilan taʼminlanadi:

  • Kontrakt summasi toʻliq qoplab beriladi.
  • Yotoqxonadan bepul joy beriladi.
  • Yashash xarajatlari qoplanadi.
  • Oʻqishga borish uchun aviachipta olib beriladi.

Bu grantni olish uchun, avvalo, universitetga qabul qilinishingiz kerak va grant uchun maxsus arizasini toʻldirishingiz talab qilinadi. Grant 1-kurs uchun beriladi va undan soʻng har yili ariza topshirasiz, keyingi yillar uchun grant olishingiz mumkin. Har yili yangidan ariza topshirishga sabab shuki, talabaning moddiy holati keyingi yillarda yaxshilanishi yoki bir oz yomonlashishi mumkin. Grant shuni ham hisobga oladi.

Men 2-kursda ham 100% lik moddiy yordam grantini qoʻlga kiritdim va 3-kurs uchun ham arizamni topshirganman. Agar talabaga 4 yil davomida mazkur grant 100% lik miqdorda ajratilsa, talaba taxminan 300 ming dollar miqdordagi grantni qoʻlga kiritgan boʻladi.

3. Ushbu dastur uchun minimum til talabi qanday va siz ushbu dasturga topshirganingizda qaysi tillarni qay darajada bilardingiz?

Bu grant uchun alohida til talabi belgilab qoʻyilmagan. Lekin universitetga qabul qilinishingiz uchun kamida IELTS 7 yoki shu darajaga teng boshqa xalqaro ingliz tili malakasi sertifikatini topshirish talab etiladi. Men hujjat topshirayotganimda IELTS 7 sertifikatim bor edi.

4. Mazkur dasturga nomzodlarni saralashda diplom baholari hisobga olinadimi va siz topshirganda baholaringiz oʻrtachasi necha ball boʻlgan?

Ha albatta. Universitet arizangizga umumiy baho beradi va umumiy bahoda maktab yoki litsey baholaringizning oʻrni juda ham muhim. Chunki mazkur baholar universitetda yaxshi oʻqiy olishligingizni isbotlovchi natijalardan biridir. Bunda tashqari raqobatchilaringiz nufuzli maktablarda oʻqib, ariza topshiradi va ularning maktab baholari bizning mahalliy maktablarnikidan yuqoriroqda turadi. Shuning uchun maktab yoki litsey/kollejda maksimal darajada yuqori baholar olishga harakat qilish kerak. Mening maktab va litsey baholarimning barchasi 5 boʻlgan.

5. Mazkur grant dasturiga topshira olish uchun nomzod qanday talablarga javob berishi kerak?

Grant talablari universitetga qabul talablari bilan uygʻunlashib ketgan. Universitetning bakalavr bosqichi qabul talablariga javob bersangiz va moliyaviy holatingiz grant ajratish uchun mos deb topilsa, mazkur grant ajratiladi. Yaʼni mazkur grantni yutishning eng muhim sharti – avval universitetga qabul qilinish.

Bakalavrga qabulning asosiy talabi – til malakasidir. Yuqorida aytganimdek, kamida IELTS 7 yoki shu darajaga teng boshqa xalqaro ingliz tili sertifikatingiz boʻlishi kerak.

Shuningdek, baholaringiz qanchalik yuqori boʻlsa, shuncha yaxshi. Bundan tashqari, onlayn ariza topshirishda talabadan insho yozish soʻraladi. Shu inshoni ham qanchalik yaxshi yozsangiz, qabul qilinish ehtimolingiz shuncha oshadi.

Qabul talablari bilan universitetning rasmiy veb-saytida batafsil tanishishingiz mumkin.

6. Dasturni qoʻlga kiritish uchun alohida tayyorgarlik qilganmisiz? Qilgan boʻlsangiz qanday?

Carnegie Mellon universitetiga topshirishdan oldin, dunyoning eng nufuzli universiteti hisoblangan Massachusets texnologiyalar universitetiga ariza topshirganman va bu jarayon davomida koʻplab narsalar qilganman. Bular men uchun alohida tayyorgarlik vazifasini oʻtagan.

Eng avvalo, har qanday top universitetga kirish uchun SAT va IELTS imtihonlaridan yuqori natijalar olishga tayyorgarlik koʻrish kerak, bu sizdan koʻp vaqt talab qiladi. Undan soʻng oʻqishdan tashqari mashgʻulotlaringizga ham eʼtibor berishingiz kerak. Chunki universitetlar bunga alohida eʼtibor beradi. Yuqori IELTS yoki boshqa xalqaro sertifikat ballari siz bilan birga universitetda topshirayotgan boshqa barcha nomzodlar, yaʼni raqiblaringizda ham boʻladi. Shu sababli, garchi ahamiyati yuqori boʻlsa-da, faqat sertifikatlardan (IELTS, TOEFL, SAT va h.k.) olingan yuqori ballar nufuzli universitetga kirishni kafolatlay olmasligi mumkin. Shu sababli oʻqish va oʻqishdan tashqari loyihalar, tanlovlar, dasturlarda imkon qadar koʻproq qatnashib, natijalarni qoʻlga kiritish kerak.

Insholar, oʻqituvchilardan oluvchi tavsiyanomalar, akademik va akademik boʻlmagan yutuqlar – bularning barchasiga alohida urgʻu berib tayyorlash kerak. Men imkon qadar barchasini hisobga olib, oldindan tayyorlanib borganman.

7. Dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?

Bu boʻyicha ham universitetning veb-saytida eng soʻnggi maʼlumotlarni olishingiz mumkin. Universitetga arizangizni CommonApp orqali topshirishingiz kerak (1-yanvardan 1-fevralgacha davom etadi). Bundan tashqari barcha sizdan talab qilinuvchi hujjatlar yaʼni maktab baholar, imtihon sertifikatlar, pasport kabilarni ham.

8. Universitetga qabul jarayonida qanday hujjatlar topshiriladi va ular orasida hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlganlari qaysilar?

Qabul jarayonida quyidagi hujjatlar soʻraladi:

  • Onlayn ariza. Buni universitetning veb-saytida toʻldirasiz.
  • Insho (Writing supplement essay). Bu onlayn ariza ichida boʻladi.
  • Oʻrta taʼlimda olgan baholaringiz. Yaʼni maktabda barcha fanlardan olgan baholaringiz. Litsey/kollejda oʻqigan boʻlsangiz, litsey/kollejdagi va maktabdagi barcha fanlardan olgan baholaringiz.
  • IELTS yoki TOEFL sertifikat.
  • Pasport nusxasi.
  • 2 ta tavsiyanoma.
  • Agar boʻlsa, SAT yoki ACT sertifikat. Bu sertifikatlarni topshirish majburiy emas, ixtiyoriy. Lekin boʻlsa, qabul qilinishingizga yordam beradi.
  • Shuningdek, ariza topshirish toʻlovi bor. Bu 2021-yil mart holatiga koʻra, 70 AQSH dollarini tashkil etadi. Buni ham toʻlashingiz kerak.
  • Keyin suhbat ham boʻlishi mumkin. Suhbat ham majburiy emas, ixtiyoriy. Masalan, men bilan suhbat qilinmagan.

Yuqoridagi hujjatlar ichida eng ahamiyatlisi imtihonlardan (IELTS, TOEFL, SAT yoki ACT) olgan baholaringiz va maktab/litsey/kollejda olgan baholaringiz hisoblanadi. Shuningdek, yozadigan inshongiz ham muhim.

Grant uchun ariza topshirishda moliyaviy holatingiz haqidagi arizani toʻldirasiz. Bunda faqat oilangizning moliyaviy holati, daromadi haqidagi maʼlumotlar va hujjatlar (ota-onaning oylik ish haqidagi maʼlumotnomalar ham) soʻraladi. Grant uchun alohida insho yozish, qanaqadir tavsiyanoma taqdim qilish shart emas.

9. Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Hujjatlarning barchasi ingliz tiliga tarjima qilinishligi kerak va bu jarayonda ehtiyot boʻlish kerak. Ayniqsa, moliyaviy hujjatlarni tarjima qildirayotganda. Ingliz tilidaga tarjima qilingan hujjatlar notarial tasdiqlanishi ham kerak. Bu jarayonda qiyinchilik tugʻdiruvchi holatlar yoʻq. Asosiysi, barcha hujjatlarni kerakli joylarga yuklash va qabul muddati tugashidan oldin topshirishlik kerak.

Va albatta, inshoni imkon qadar yaxshiroq yozish kerak.

10. Universitetga qabul jarayonida qandaydir imtihon boʻladimi?

Yoʻq, imtihon boʻlmaydi. Universitet faqat topshirilgan hujjatlar asosida qabul qiladi. Lekin sizdan IELTS yoki TOEFL natijalari talab qilinadi. ACT yoki SAT natijalaringiz boʻlsa, ularni ham topshirishingiz kerak.

11. Universitetga qabul qilinishingizda asosiy rol oʻynagan omillar nimalar deb oʻylaysiz va boshqalarga shu universitetga kirish uchun nimalarga eʼtibor qaratishni tavsiya etasiz?

Universitetga kirishimda eng muhim rol oʻynagan hujjatlar quyidagilar deb bilaman: imtihon natijalari, maktab baholari, insho, tavsiyanomalar va yutuqlar.

Bulardan menda yozgan inshom katta taʼsir koʻrsatgan sabablardan biri deb bilaman. Chunki inshoda raqamlar bilan tasvirlab berib boʻlmaydigan tomonlaringizni yoritib berasiz.

Bundan tashqari, SAT Subject Test natijalarim ham yuqori boʻlgan SAT MATH II dan 800 balldan 800 olganman va SAT Physicsʼdan 800 balldan 770 olganman.

Shuningdek, turli qoʻshimcha mashgʻulotlar, konferensiyalarga qatnashish, loyihalar qilish ham muhim ahamiyatga ega.

Bu universitetga kirmoqchi boʻlganlarga barcha talablarga maksimal darajada eʼtibor qaratishni tavsiya qilgan boʻlardim. Chunki istalgan omil sizni qabul qilish masalasiga taʼsir koʻrsatadi.

Grant uchun esa moliyaviy holatingizga eʼtibor berishadi. Bunda shunchaki soʻralgan maʼlumotlar va moliyaviy hujjatlarni taqdim etishingizning oʻzi kifoya.

12. Qatarda oʻqish jarayoni qay darajada? Bakalavriatda haftasiga necha kun dars boʻladi va darslar qiyinmi?

Universitetimizda oʻqish juda koʻp vaqt talab qiladi. Agar yaxshi baholar olmoqchi boʻlsangiz juda ham koʻp mehnat qilishingiz kerak. Haftasiga 5 kun oʻqish boʻladi, Juma va shanba kunlari dam olamiz. Koʻp hollarda dam olish kunlarimiz ham oʻqishdagi vazifalarni bajarish bilan oʻtadi. Har semestrda 5 ta fan (course) olamiz va bularni har biriga alohida eʼtibor qaratish lozim. Fanlar juda ham yuqori bosim ostida oʻtiladi, yaʼni semestr davomida haftalik vazifalaringiz boʻladi, oraliq va semestr yakuni loyihalari hamda fanlardan yakuniy imtihonlar boʻlib oʻtadi. Fanlarda muvaffaqiyatga erishishingiz ularga ajratadigan vaqtingizga toʻgʻri proporsional.

13. Ushbu dastur boʻyicha Qatarda oʻqiyotgan talabalarga oʻqishdan boʻsh paytlari ishlashga ruxsat etilganmi? Ruxsat etilgan boʻlsa, haftasiga necha soat?

Oʻqish paytida juda kamchilik talabalar ishlaydi, sababi oʻqish deyarli barcha vaqtingizni talab qiladi. Universitetimizda ichki akademik va akademik boʻlmagan ishlar ham bor, shu ishlarda ishlashingiz mumkin. Oʻqish davomida turli amaliyotlar (internship) oʻtashingiz ham mumkin. Lekin bu kabi ish va amaliyotlar haftasiga 20 soatdan koʻp boʻlmasligi kerak.

14. Qatarda oʻqish davomida siz uchrayotgan qiyinchiliklar nimalardan iborat? Oʻqish bilan bogʻliq va kundalik hayotdagi qiyinchiliklarga alohida-alohida toʻxtalsangiz.

Ochigʻini aytsam, biz oʻqib turgan joyda sharoitlar juda ham zoʻr, undan tashqari grant yashash xarajatlarini oshigʻi bilan qoplaydi. Shuning uchun bular boʻyicha muammolar yoʻq. Lekin, qiyinchilik sifatida universitetimizdagi fanlarni aytgan boʻlardim, chunki sizdan juda ham koʻp vaqt va mehnat talab qiladi. Natijada boshqa loyihalar yoki dam olishga vaqtingiz yetmasligi mumkin.

15. Yoshlar Qatarga oʻqishga borayotganda joʻnab ketishdan oldin qanday tayyorgarlik koʻrishni tavsiyalaringiz.

Aytish shart boʻlgan juda muhim narsalar yoʻq. Qatar issiq davlat shuning, uchun koʻp vaqti tashqarida emas, ichkarida oʻtadi.

Shuningdek, oʻqishga kelishdan oldin, oʻz yoʻnalishingiz boʻyicha kelgusida oʻzingiz oladigan fanlarni bir qator koʻrib chiqishni maslahat berardim.

Bundan tashqari, kelishdan oldin Qatar haqida internetdan maʼlumotlar olib oʻrganishni ham tavsiya qilaman.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!