×

Erasmus Mundus toʻliq grant dasturlaridan birini qoʻlga kiritib, Yevropada tahsil olayotgan oʻzbek talabasi bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

7160 marta

CHOP ETILGAN

01.10.2019

Oʻzingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz.

Ismim – Roziqova Gulsanam. Yoshim 26 da. Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tugʻilganman. Hali maktabga bormasdanoq chet elda oʻqishni orzu qilardim. Oʻzimni koʻp tillarda bemalol soʻzlasha oladigan va turli mamlakatlarni kezib yuruvchi siyosatchi yoki olima deb tasavvur qilardim.

Chet tillarni oʻrganishga qiziqaman. Ingliz tilini oʻrganishni 5-sinfda boshlaganman. Tarix, adabiyot, geografiya va geometriya fanlarini juda yoqtirardim. Uyga vazifani bajarish yoki imtihonlarga tayyorlanish oʻrniga Agata Kristi va Artur Konan Doyl asarlarini oʻqib yurgan paytlarim koʻp boʻlgan.

Toshkent Xalqaro Vestminster universitetining iqtisod va moliya fakultetini 2017-yilda tamomlaganman. Biroq juda kam oylik taklif qilishgani bois mutaxassisligim boʻyicha ishlay olmadim.

Ingliz va rus tillarini yaxshi bilaman. Ayni vaqtda ispan va yapon tillarini oʻrganyapman.

Hozirda Daniyaning University of Southern Denmark oliygohidaEuropean Master in Tourism Management” yoʻnalishida magistr sifatida tahsil olaman.

1. Erasmus Mundus European Master in Tourism Management (EMTM) stipendiya dasturi gʻoliblarga qanday iqtisodiy imtiyozlar taqdim etadi? Batafsil sanab bersangiz. 

Erasmus Mundus EMTM dasturi barcha xarajatlarni qoplab beradi va grant toʻlovining miqdori 3 turga boʻlinadi:

  1. Oʻqish konrakt puli toʻliq qoplab beriladi. Ushbu magistrlik dasturi Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi davlatlar fuqarolari uchun yiliga 7000 yevro. Grant shu xarajatni qoplaydi.
  2. Sayohat va joylashish xarajatlari uchun yiliga 3000 yevro beradi. Bu pulni aviachipta, viza olish va Yevropaga kelgach ilk xarajatlar uchun sarflashingiz mumkin.
  3. Oylik stipendiya. Erasmus dasturi grant sohiblarini faqat bilim olish va fan bilan mashgʻul boʻlishlarini xohlaydi. Shuning uchun oyiga 1000 yevro stipendiya beradi. Bu pul bir kishi uchun turar joy, oziq-ovqat, oʻquv qurollari va Yevropa boʻylab kichik sayohatlarga bemalol yetadi.

Shunigdek, dastur stipendiyadan tashqari toʻliq sugʻurta polisini ham rasmiylashtirib beradi.

2. Erasmus Mundus European Master in Tourism Management stipendiya dasturi uchun minimum til talabi qanday va siz ushbu dasturga topshirganingizda qaysi tillarni qay darajada bilardingiz?

Ushbu dasturga topshirish uchun IELTS ballingiz kamida 6,5 boʻlishi shart. Bundan tashqari bakalavr diplomidagi oʻrtacha bahoingiz A yoki B (yaʼni 70% dan yuqori) boʻlishi kerak. Baholarim zoʻr boʻlgan deb ayta olmayman, lekin IELTS ballim 8.0 boʻlgan.

Boshqa tillarni bilishingiz talab etilmaydi. Oʻqish uchta davlatda – Daniya, Sloveniya, Ispaniyada boʻladi. Har bir davlatda kamida 1 semestr (6 oy) tahsil olinadi. Taʼlim jarayoni uchta davlatda amalga oshirilsa-da, barcha darslar ingliz tilida olib boriladi.

3. Erasmus Mundus European Master in Tourism Management stipendiya dasturiga hujjat topshirganingizda diplom baholaringiz oʻrtachasi necha ball boʻlgan?

Baholarim unchalik yaxshi boʻlmagan. Vestminster universiteti Britaniya baholash tizimi boʻyicha ishlaydi. Shu tizim boʻyicha diplomim Lower Second-Class Honours boʻlgan (100% dan 50-60% lik natija degani bu). Dasturga qabul uchun baholar oʻrtachasi A yoki B, yaʼni minimal 100% dan 70% boʻlishi nazarda tutilganini aytib oʻtdim. Koʻrib turganingizdek, Britaniya tizimidagi baholarim 60% boʻlgan va shunda ham dasturga qabul qilinganman. Lekin yana bir jihati bor: Britaniya tizimidagi Lower Second-Class AQSH tizimida 70% ga teng. Balki shuning uchun 60% lik natija bilan ham qabul qilishgandir. Biroq dasturni qoʻlga kiritish uchun baholar imkon qadar yuqori boʻlgani yaxshi, baho ham ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi omil.

4. Dasturni qoʻlga kiritish uchun alohida tayyorgarlik qilganmisiz? Qilgan boʻlsangiz qanday?

Chet elda oʻqish haqida koʻp xayol surganman, lekin alohida tayyorgarlik koʻrmaganman. Lekin boshqalarga bunday qilishni maslahat bermayman.

5. Dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?

Boshqa grantlardan farqli ravishda, EMTM dasturiga hujjat topshirish bittagina bosqichdan iborat. Odatda arizalarni qabul qilish noyabrda boshlanib, fevral oyining oxirgi 10 kunligida tugaydi. Shu muddat ichida talab qilingan hujjatlarni topshirasiz va shunchaki javob chiqishini kutasiz.

Rasmiy saytda natijalar mart oyida eʼlon qilinadi deyiladi, biroq men qabul qilinganligim haqidagi xabarni aprel oyining boshlarida olganman.

Elektron xatda sizga qabul qilinganligingiz haqidagi rasmiy xat nusxasi va Acceptance form (Grant shartlarini qabul qilish) keladi. Siz ushbu formani imzolab, skanerlangan elektron nusxasini koordinatoringizga qaytarib yuborishingiz kerak boʻladi. May-iyun oylarida rostdan ham Oʻzbekistonda yashashingiz toʻgʻrisida maʼlumotnoma yuborishingiz soʻraladi. Iyunning ikkinchi yarmi va iyul oylarida viza masalasini hal qilishingiz kerak boʻladi.

Birinchi semestr Janubiy Daniya universitetida oʻqilishi sababli Daniyaga viza olishingiz kerak. Afsus-ki, Oʻzbekistonda Daniya elchixonasi yoʻq. Vizaga hujjatlarni topshirish va ijobiy javob chiqqanidan keyin pasportga urdirish uchun Moskvaga borganman. Hujjatlarni Moskvadagi VFS viza markaziga topshirib kelganman. Elchixona hujjatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilmaydi. Viza chiqqani haqida 10-iyulda xabar qilishgan. Yana Moskvaga borib, Toshkentga qaytib yurmaslik uchun, viza urdirishga avgust oyida borganman. Toshkentdan Daniyaga toʻgʻridan-toʻgʻri reys yoʻq. Moskva, Istanbul yoki Riga orqali uchishga toʻgʻri keladi. Shuning uchun aviachiptani Moskva orqali uchadigan qilib olib, u yerda 3 kun turib, viza urdirgach Kopengagenga uchganmiz.

 6. Ushbu dasturga topshirishda eng asosiy hujjatlar qaysilari hisoblanadi?

Menimcha, hal qiluvchi hujjatlar bu Motivation Letter va IELTS ballingiz. Bundan tashqari, grantni qoʻlga kiritishimga turizm sohasida tajribam borligi ham ijobiy taʼsir koʻrsatgan boʻlsa kerak.

 7. Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?

Tanlov bittagina bosqichda hal qilinishi sababli motivation letter juda va juda yaxshi yozilgan boʻlishi zarur. Qabul komissiyasiga sizning shaxsingiz haqida maʼlumot beradigan yagona hujjat bu motivation letter. Albatta, ular CV, bakalavr baholari va IELTS sertifikatingizga ham qarashadi, biroq, dasturga har yili 500 kishidan ortiq talaba hujjat topshiradi va bor-yoʻgʻi 16 kishiga grant beriladi va yana taxminan 16-18 kishi kontrakt asosida qabul qilinadi. Shu 500 kishidan kamida 200 tasining baholari aʼlo ekani va ingliz tilini yaxshi bilishlariga ishonchim komil. Mana shunday vaziyatda motivation letter muhim rol oʻynaydi. Qabul kommissiyasidagilar 500 ta motivation letterʼni oʻqib, boshi achib, zerikib ketishi aniq. Siz shunday yozing-ki, ular siznikidan keyin yana mingta motivation letter oʻqisa ham sizni unuta olmasin.

Birinchi darsda bizga Strategic Communication fanidan dars berayotgan professor qabul komissiyasida boʻlganini aytib qoldi. U “Men motivation letterʼlarni oʻqib, oʻzim hayotda koʻrgim, tanishgim va suhbat qurgim kelganlarni tanlaganman” dedi.

8. Grantni yutib olishingizda asosiy rol o’ynagan omillar nimalar deb o’ylaysiz va boshqalarga shu grantni qo’lga kiritish uchun nimalarga e’tibor qaratishni tavsiya etasiz?

Mening gʻolib boʻlishimga 3 ta sabab boʻlgan deb oʻylayman:

  1. Turizm sohasida 3 yil tajribam boʻlgani. Baholarim yuqori emasligiga qaramay, tanlanishimga sabab boʻlgan asosiy omil shu boʻlsa kerak.
  2. IELTS ballim yuqori boʻlgani.
  3. Motivation Letter esda qolarli boʻlgani.

Aslida men turizm sohasida oʻqimoqchi emasdim. Iqtisod yoʻnalishida davom etmoqchi edim va iqtisod boʻyicha boshqa bir grant dasturining imtihoniga tayyorgarlik koʻrayotgandim. Aytgancha, iqtisod boʻyicha ham grant yutganman shu yil, bu haqida keyinroq batafsil maʼlumot beraman.

Baribir iqtisodni tanlayman degan fikrda boʻlganim tufayli EMTM uchun Motivation Letterʼni muddat tugashiga bir necha soatlar qolganda yozganman. EMTM meni baholarim yaxshimasligi uchun qabul qilmaydi, deb ishonganman. Yoʻqotadigan narsam boʻlmagani uchun Motivation Letterʼni juda botirlik bilan yozganman: turizm sohasida kuchli mutaxassis ekanim, istalgan odamni bitta qiziqishini bilib, uni Oʻzbekistonga sayohat qilishga qiziqtira olishimni aytib boshlaganman Motivation Letterʼni. Balki shu maqtanchoqlik kommissiya aʼzolarining diqqatini tortib, xatimni oxirigacha oʻqishga majbur qilgandir. Keyin esa, turizm rivojlanayotgan davlatlar iqtisodi uchun foydali ekani va ishsizlikka qarshi kurashda yaxshi qurol boʻlishi mumkinligini, davlatimizda ishsizlar koʻpligi haqida yozganman. Oxirgi gapim oʻqishga qabul qilinish yoki qilinmasligimdan qatʼiy nazar, xatimni oʻqiyotganlarni “Doʻzax eshigi” (Darvoza gaz krateri), qadimiy Xiva, Buxoroi sharif yoki buyuk Pomir togʻlari orqali “Samarqandga olib boruvchi oltin yoʻl”ga chiqishlarini va koʻhna Samarqandga tashrif buyurishlarini, ular qay tomondan kelmasin, Buyuk Ipak Yoʻlidagi barcha yoʻllar Samarqandga boshlashini aytib tugatganman. Bundan tashqari, xatda bir qarashda ancha kulguli va qaygʻuli gaplar ham boʻlgan.

Grant yutmoqchi boʻlganlarga maslahatim, Yevropa, AQSh va boshqa rivojlangan davlatlarga oʻqishga kirganlarning Motivation Letterʼlarini topib oʻqing. Iloji boricha koʻproq. Shundan keyin oʻzingiz haqingizda ular kabi qiziqarli yozishga harakat qilib koʻring.

9. Daniyada o’qish jarayoni qay darajda? Magistraturada haftasiga necha kun dars bo’ladi va dasrlar qiyinmi?

Daniya dunyoda eng rivojlangan va aholisining savodxonligi yuqori boʻlgan davlatlardan biri. Universitetlarning elektron kutubxonalari oʻta boy. Universitetda sharoit juda yaxshi. Istagan paytda universitetga borib, dars qilishingiz, Wi-Fiʼdan foydalanishingiz mumkin, hatto yarim tunda ham. Eshiklar qulf boʻlsa-da, talabalik guvohnomangiz (Student ID) bilan ochib, ichkariga kirsa boʻladi. Koʻp talabalar shanba-yakshanba kunlari ham universitetga borib dars qiladi. Uyda dangasalik tufayli oʻzini oʻqishga majburlash qiyin boʻlgani uchundir.  

Oʻqish ancha oson. Balki turizm sohasi bilan tanish boʻlganligim va ingliz tilini yaxshi bilganim sababli qiyin tuyulmayotgandir.

Birinchi semestrda 4 ta fan oʻqitiladi. Haftasiga 4 kun, kuniga 3 soatdan dars boʻladi. Qolgan vaqtda oʻzingiz mustaqil ilmiy maqolalarni oʻqishingiz, izlanishingiz, sayohat qilishingiz mumkin.

Ikkinchi (Lyublyana shahrida) va uchinchi (Girona shahrida) semestrlarda haftasiga 6-7 ta fan oʻtiladi.

Toʻrtinchi semestrni shu uchta davlatda birida diplom ishi yozish bilan oʻtkazasiz. Darslar boʻlmaydi. Faqat izlanish va diplom ishi yozish kerak xolos. Istasangiz biror turizmga aloqador kompaniyada ishlab, dimplom ishi yozishingiz mumkin. Masalan, bizdan oldin bitirganlarning koʻpchiligi mehmonxona, restoran yoki sayyohlik agentliklarida ishlagan diplom ishi yozish jarayonida.

 

10. Ushbu dastur bo’yicha Daniyada o’qiyotgan talabalarga o’qishdan bo’sh paytlari ishlashga ruxsat etilganmi? Ruxsat etilgan bo’lsa, haftasiga necha soat?

Oʻqishdan boʻsh vaqtda ishlashga ruxsat bor. Oʻzim ishlash niyatim boʻlmaganligi tufayli necha soat ishlash qonuniyligiga qiziqib koʻrmadim hali. Umuman olganda, Daniyaliklar boshqalarga qaraganda kamroq ishlaydi. Oʻrtacha ish vaqti haftasiga 35 soatni tashkil qiladi. Mahalliy aholining aytishicha, shu ish-shaxsiy hayot masalasida muvozanatni topganliklari uchun ham ular 5 yildan beri dunyoning eng baxtli millatlari reytingida kuchli 3 likdan tushmay keladi.

11. Erasmus Mundus European Master in Tourism dasturi bo’yicha grant yutganlar oila a’zolarini (turmush o’rtog’i, farzandlarini) olib ketishi ham mumkinmi?

Albatta. Daniya elchixonasidagilar u qadar byurokrat emas va vizaga hujjat topshirish jarayoni u qadar murakkab ham emas. Oila aʼzolari uchun ham viza olish oson. Koʻp davlatlar avval talabaning oʻzi kelib, joylashib olgach, keyin oila aʼzosini taklif qilishga ruxsat beradi. Daniya esa unday emas. Bu yerga kelmasdan oldin, viza olishga hujjatlarni turmush oʻrtogʻingiz/farzandlaringiz bilan birga topshirishingiz mumkin. Viza olishda, koʻpgina elchixonalarda boʻlgani kabi, ingliz tilida elchixona vakillari bilan suhbat boʻladi. Suhbatda ingliz tili darajangiz Daniyada tahsil olish uchun yetarli yoki yetarli emasligi tekshiriladi.

12. Yevropada o’qish davomida siz uchrayotgan qiyinchiliklar nimalardan iborat? O’qish bilan bog’liq va kundalik hayotdagi qiyinchiliklarga alohida-alohida to’xtalsangiz.

Kelganimga 1 oydan sal oshdi. Hozircha, eng katta muammo – ovqatlar. Oʻzbek taomlarini juda sogʻindim. Uyda oʻzimizning ovqatlarni pishirishga harakat qilyapman, lekin masalliqlarning taʼmi boshqacha boʻlgani uchun u qadar shirin chiqmayapti. Bu yerda koʻp narsalarning taʼmi oʻzgacha. Masalan, uzumlar umuman shirin emas, shunchaki suvdan iborat. Sabzi, piyoz, karam kabi sabzavotlar negadir juda qattiq.

Ha, yana boshida narxlarga oʻrganish ham biroz ogʻir kechdi. Daniya butun dunyo boʻyicha yashash eng qimmat davlatlar orasida peshqadamlardan. Moddiy jihatdan yetishmovchilik boʻlmasa-da, dastlabki haftalarda ruhan qiynalasiz. Xarid qilayotgan har bir narsani soʻmga chaqaverasiz. Aytaylik, bitta baton non bu yerda 19 krona, yaʼni 26 ming soʻm atrofida turadi. Bir finjon qahva universitetda 28-30 ming soʻm, qahvaxonalarda esa 50-60 ming soʻm turadi. Endi kelgan kunlarimiz 26 mingga bitta non olayotganimga ishongim kelmagan. Narxlarga endi-endi koʻnika boshladim. Oʻqishda qiyinchilik yoʻq hozircha.

13. Yevropaga jo’nab ketishdan oldin qanday tayyorgarlik ko’rish haqida tavsiyalaringiz.

Birinchi oʻrinda ziravorlar, kuydirilgan sariyogʻ, qurt va quritilgan mevalar olishni tavsiya qilaman. Shunda bu yerning taomlariga oʻrganguningizcha, menchalik qiynalmasdan, oʻzimizning ovqatlarni pishirib yeb turishingiz mumkin boʻladi.

Daniyada har bir xaridingiz uchun, mahsulot yoki xizmat boʻlishidan qatʼiy nazar, 25% qoʻshimcha qiymat soligʻi toʻlaysiz. Narxlar juda qimmat. Shuning uchun, noutbuk yoki telefoningizni yangilash zarur boʻlsa, buni Oʻzbekistonda qilganingiz yaxshi. Issiq kiyimlarni ham oʻzimizda sotib oling. Men issiq kiyim ham, noutbuk ham olmay kelgandim. Ancha ortiqcha xarajat qilishga toʻgʻri keldi.

14. Oʻzbekistonda mazkur dastur boʻyicha konsultatsiya va maʼlumot beruvchi rasmiy tashkilot bormi? Agar boʻlsa, ularning yordamidan foydalanganmisiz?

Ha, Oʻzbekistonda Milliy Erasmus+ ofisi mavjud. Ushbu ofis grantlar, viza masalalari va shu kabilar haqida maʼlumot va maslahat bilan taʼminlaydi. Lekin men Oʻzbekistodagi Erasmus+ ofisi EMTM dasturi, viza masalalari va shu kabilar toʻgʻrisida konsultatsiya berishi haqida bilmagandim. Shu uchun tashkilotdan yordam olmaganman, ertaroq bilganimda ancha yordami tegardi deb oʻylayman.

Oʻzbekistondagi Erasmus+ ofisi bu masalada koʻmak berishi mumkinligi haqida grantni qoʻlga kiritib, viza uchun barcha hujjatlarni topshirib boʻlganimda – ofis vakili grant yutgan nomzod sifatida maʼlumotlarimni berishni, biror yodam kerak yoki kerak emasligini soʻrab yozganidan keyin xabar topganman. Erasmus grantlariga ariza topshirmoqchi boʻlganlarga ushbu ofisdan maʼlumot va yordam olishni tavsiya qilaman.

Gulsanam Roziqovaning mazkur dastur uchun topshirgan motivatsiya inshosi bilan BU YERDA tanishing.

Grantlar.uz tahririyati: EMTM dasturi uchun navbatdagi qabul jarayoni boshlanganda bu haqida sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda eʼlon qilinadi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!