×

AQSHda toʻliq grant asosida bir yil tahsil olish imkonini beruvchi FLEX dasturi gʻolibasi bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

20141 marta

CHOP ETILGAN

21.08.2020

Eslatma: Bu suhbat 2020-yilda qilingan. Suhbatda keltirilgan talablar, shartlar, raqamlar va boshqa ma’lumotlar keyingi qabullarda o’zgarishi mumkin. Dastur haqidagi oxirgi yangiliklarni BU MAQOLADAN topasiz.

1. Assalomu alaykum, Surayyo. Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha soʻzlab bersangiz.

Assalomu alaykum. Surayyo Xayrullayeva, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 7-umumiy oʻrta taʼlim maktabini tamomlaganman. Joriy yil boshida FLEX dasturining 2020-2021-yilgi qabuli gʻolibi boʻlganman. Hozirda American University of Central Asia universitetida 100% lik grant (US-CAEF Scholarship) asosida tahsil olyapman.

2. FLEX dasturi haqida qanday xabar topgansiz? Umuman, oʻzi bu qanday dastur va u ishtirokchilarni qanday imkoniyatlar bilan taʼminlaydi?

FLEX dasturi haqida birinchi marta Grantlar.uz saytida oʻqigandim. Keyinchalik Yoshlar Ittifoqi boʻlimidagi raisimiz ham shu dasturni menga yuborib, qatnashib koring dedi. Shundan soʻng dasturga topshirganman. Dastur AQSHning sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi davlatlar va boshqa bir qancha mamlakatlar bilan aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan loyiha hisoblanadi. Mazkur dasturda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritganlarga Amerikada bir yil bepul oʻqish uchun stipendiya va volontyorlik asosida tanlangan mezbon oilada yashash imkoniyati beriladi. Mazkur loyihadan koʻzlangan maqsad amerikaliklar va boshqa millat vakillari oʻrtasida doʻstona aloqalarni oʻrnatishdir.

FLEX dasturi gʻoliblariga quyidagilar taqdim etiladi:

  • Doimiy yashash joyidan to AQShdagi belgilangan uygacha va vataniga qaytib kelish yoʻl kirasi toʻlab beriladi.
  • Oylik stipendiya. Ushbu stipendiyani oʻquvchi shaxsiy xarajatlari hamda AQShda yashagan davrida ijtimoiy hayotda teng ishtirok etishiga sarflaydi.
  • Oldindan yaxshilab tekshirib, tanlangan mezbon oilada bir yil mobaynida bepul yashash.
  • Amerika maktabida roʻyxatga olinish va oʻqish.
  • Dastur oldidan va keyin oʻtkaziladigan tayyorlov kursida ishtirok etish.
  • AQShda tashkil etiladigan mahalliy tadbirlarda ishtirok etishi.
  • Tibbiy sugʻurta. Mazkur sugʻurta AQShga kelgunga qadar boʻlgan kasalliklarni davolashni qoplamaydi. Shuningdek, stomatologik yordam ham ushbu sugʻurta tarkibiga kirmaydi.

3. Dasturda nomzod uchun qoʻyilgan asosiy talablar nimalardan iborat?

Nomzod:

  • tanlovda ishtirok etish paytida maktabning 9, 10, 11-sinfi yoki litsey/kollejning 1 yoki 2-kursida oʻqiyotgan;
  • yaxshi va aʼlo baholarga oʻqishi;
  • ingliz tilini aʼlo darajada oʻzlashtirgani va tanlov doirasida ushbu mahoratini namoyon eta olishi;
  • Amerika vizasi talablariga javob berishi;
  • Oʻzbekiston fuqarosi boʻlishi kerak.

4. Ushbu dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat?

Dasturga qabul asosan 3 bosqichda amalga oshirildi:

1-bosqich – onlayn hujjat topshirish va 3 ta inshoni ichida

2-bosqich – ingliz tilini bilish darajangizni aniqlovchi test, yana 3 ta insho yozish va suhbat.

3-bosqich – katta anketa toʻldirish

5. Sizningcha, dasturga topshiriladigan hujjatlardan eng muhimlari qaysilar va ularni tayyorlash/yozishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Barchasi juda ham muhim. Birinchi bosqichni oʻzidan juda katta tanlov boʻladi. 2020-yilgi ishtirokchilar 3000 dan ziyod edi birinchi bosqichda. Onlayn ariza topshirishda insholar muhim rol oʻynaydi. 3000 dan 200 nafar ishtirokchi keyingi bosqichga oʻtgandi. 2-bosqichdagi Ingliz tilini bilish darajasini test ham muhim. Ingliz tilida listening, reading kabi qobiliyatlaringiz sinab koʻriladi. IELTS bilan solishtiradigan boʻlsak 5.5 darajasida ham bemalol finalist boʻla olasiz.

Keyingi insholarda sizni qanchalik ijtimoiy faolligingiz va muammolardan chiqib keta olish qobiliyatingizni bilishmoqchi boʻlishadi. Nima soʻralsa, oʻshanga javob berish kerak. Siz oʻzingizni qanchalik liderman deb oʻylashingiz va boshqalar sizni qanchalik lider sifatida tan olishini anglatishingiz kerak.

6. Birinchi bosqichda insholar yozilar ekan. Qanday mavzuda insho yozish soʻralgandi?

Birinchi bosqichda nomzodlardan 3 ta insho yozish soʻraldi. Uchala insho ham nomzodning xarakterini, qobiliyatini ochib berishga qaratilgandi. Shuning uchun ham oʻzim hech kimni yordamisiz, borimni yozganman. Insho mavzulari quyidagicha edi:

  • Liderlik qobiliyatingizni tasvirlab bering.
  • Maktabdan tashqari bilim oladigan joylaringiz haqida yozing.
  • Siz uchun ishlashga qiyin boʻlgan inson bilan kelishib ishlagan vaziyatingizni tasvirlab bering.

7. Ikkinchi bosqich haqida batafsilroq soʻzlab bersangiz.

Ikkinchi bosqich katta boʻldi. Test olishdi til darajasini aniqlash uchun. Keyin 1 soat vaqt va 1 ta oq varaq berib, uchta mavzuda insho yozishni aytishdi. Liderlik, volontyorlik haqida oʻzimizni boshimizdan oʻtgan voqealarni aytishimiz soʻralgandi savollarda. Bunaqa voqealar “Yoshlar ittifoqi”da har kuni boʻlishini hisobga olsak, menga insho yozish umuman qiyin boʻlmadi. Jamiyat uchun qilgan foydam (contribution) haqida ham soʻralgandi. Endi boshlayman deganimda varaqda joy yetmay qoldi. Boshqa varaq berilmas ekan. Ozgina qolgan joyga nima boʻlsa boʻlar, deb “Zoʻr loyiham haqida yozmoqchi edim, afsuski joy yetmadi. Agar yana qogʻoz berilganda, kengroq tushuntirib bergan boʻlardim”, deb nuqta qoʻyib tugatdim.

8. Suhbat jarayoni qanday oʻtdi? Unda asosan nimalarni soʻrashdi?

Suhbat eng qiyini boʻldi. Amerikadan vakil kelgandi suhbat uchun. Va u bilan birga oʻzbekistonlik mentor ham bor edi. Intervyudagi savollar juda oson, joʻn, lekin javob berish qiyin. Oʻylantirib qoʻyardi. Masalan: “Oʻqishdan kelganingda mezbon oilangdagi ukang telefoningni sindirib qoʻygan boʻlsa, nima derding unga?”. OMG, u meni oʻz ukammaski, unga baqirib, janjal qila olsam? Xullas, keyingi safar unaqa qilmasligini tushuntiraman dedim. Ungacha ikki-uch xil javoblarimni qaytarib tashlashdi. Yana nimaga aynan FLEXni tanlading Amerikaga borishingdan maqsad nima deb soʻrashdi. Bolalikdan orzu qilaman degan javob eng ahmoqona javobligini his qildim, aynan bitta maqsad boʻlishi kerak sizda, xohlasangiz kelajakdagi universitetingizga kirish uchun juda yaxshi yoʻlligini aytish mumkin. Bu gapni aytsa qabul qiladi degani emas, albatta, asosiysi siz oʻzingizni anglab olgan har tomonlama mustaqil ekaningizni koʻrsatish. Sen uyalib qolgan vaziyatni gapirib ber va undan qanday chiqib ketgansan deb soʻrashdi. Barcha savollar sizni xarakteringizni bilishga qaratilgan. Menga liderlik haqidagi savollar juda yoqib tushdi. Yoshlar Ittifoqini ham gap orasida qoʻshib ketganimda, amerikalik intervyu oluvchi qiziqib qoldi. Nima ekanligi, men qanaqa ish qilishimni tushuntirib berdim. Viloyat sardori ekanligimni aytdim. Ittifoqni haqida tushuntirib berdim. Maza qilib eshitishdi, men ham maza qilib, bemalol gapirib berdim.

9. AQSHdagi mezbon oilaga yoziladigan xatda nimalarni yozish soʻralgandi?

Oxirgi ish bu kattagina hujjatni toʻldirishimiz kerak edi. Oilaviy rasmlarimizni qoʻyishimiz kerak edi, mezbon oilaga xat yozish, hatto, uyimizda qanaqa uy ishlarini qilishimizni, asosan boʻsh vaqtlarimizda nimalar bilan shugʻullanishimiz, qiziqqan mashgʻulotlarimiz va Amerikaga borganda qanaqa xobbilar bilan shugʻullanmoqchi ekanimizni ham yozishimiz kerak edi. Yana borimcha yozishni xohladim va uyda uncha koʻp ish qilmasligim, koʻproq vaqtimni darsga ajratishimni yozdim. Samarqandga hujjatni topshirishga borganimda, boshqa qizlarni yozganini koʻrib, toʻgʻrisi, xato qildimmikan, deb juda xafa boʻldim. Ular juda zoʻr yozishgandi. Uyda qiladigan ishlarini ham, boʻsh vaqtlarini oilasi bilan oʻtkazishini ham zoʻr taʼriflashgandi. Motivatsiya oʻldi oʻsha joyida. Men ham shunaqa yozsam boʻlarkan, deb afsuslanib qoldim. Shuncha qiyin bosqichlarda oʻlmagan umid, shu oddiygina soʻrovnomaga kelgan oʻldi. Hujjatlar topshirildi. Javoblar 1 oyda chiqadi, deyishdi. Lekin chiqmadi. Menimcha, gʻoliblar allaqachon aniqlanib, aytib ham boʻlishdi, deb oʻyladim.

Bir yarim oylar oʻtgandan keyin dadamni tugʻilgan kunida ertalab telefon boʻldi. Koʻtardim. “Surayyo, tabriklaymiz, siz FLEX gʻolibi boʻldingiz”. Kimdir hazillashyapti, ustimdan kulyapti deb oʻyladim. Ishonmadim. FLEXga topshirganim, yutishim mumkinligi umuman xayolimdan chiqib ketgandi. Emailimga xat joʻnatishgandan keyingina ishondim. Juda xursand boʻldim. Dadamga sovgʻa boʻldi tugʻilgan kunlariga. Hammasini tushuntirib berishdi yana telefon qilib, karantindan keyin 1 yilga Amerikaga ketishimiz, oʻsha yerda oʻqishimiz. Uyimizda bayram boʻlib ketdi.

10. FLEX dasturi gʻolib boʻlish uchun tilni qay darajada bilish kerak deb oʻylaysiz? Til darajasiga aniq chegara oʻrnatilganmi?

Ingliz tilini yaxshi bilish kerak. Chunki insholarni yozishingiz, testdan oʻtishingiz va suhbatda savollarga javob berib, oʻz fikringizni ingliz tilida ravon tushuntira olishingiz kerak. Suhbatda xohlasangiz oʻzbek tilida yoki rus tilida ham gapirsangiz boʻladi deyishdi bizga, lekin men inglizcha javob berganman.Lekin til darajasi uchun IELTS mana shuncha ball boʻlishi kerak degan aniq chegara belgilanmagan. Men dasturga topshirganimda IELTS ballim 6.0 boʻlgan.

11. FLEX va shu kabi boshqa dasturlarda ishtirok etib, gʻolib boʻlishni xohlovchilarga qanday tavsiyalar bera olasiz?

FLEX gʻoliblari bilan keyin tanishib oldik. Eʼtibor bersam, barcha oʻquvchilar oddiy. IELTS 8.0 li kuchlilar yoʻq. Lekin deyarli hamma qaysidir sohada kuchli. Demak, bunaqa dasturda qanaqadir sertifikatga qarab emas, oʻzimizni fikrlashimiz, rostgoʻyligimiz (uy ishlarini qilmasligimni yozganimda bekor qilmagan ekanman), kelajakdan aniq maqsadimiz borligiga qarab olishsa kerak, deb oʻyladim. Asosiy maslahatim oʻzingizdan soxta kishini yasab olmasdan, boringizcha gapirish kerak. Suhbat oluvchi va mentor kuchli psixolog boʻladi. Har bir gapingiz eʼtiborda, yolgʻoningizni oʻzingiz bilmagan holda fosh qilishingiz mumkin. Psixologik savollarda aynan oʻsha paytda nima qilish xayolingizga kelsa, rostini aytish kerak, faqat savollarda emas, insholarda ham shunaqa. Koʻzga qarab, kulib gapirish kerak, bu sizdagi oʻziga boʻlgan ishonchni bildiradi. FLEX dasturida faqat bilimingiz emas, qanchalik ijtimoiy faolligingiz ham hisobga olinadi. Lekin koʻplab siz kabi ittifoqchilar, ijtimoiy soha faollari, omma oldida nutq soʻzlovchi notiqlar, hattoki xalqaro tanlovlar gʻoliblari FLEXga topshiradi. FLEXga topshirishdan oldin siz oʻzingizni kashf qilishingiz kerak. Men boshqalardan nimam bilan ajralib turaman, nimam ustun, qanaqa kamchiliklarim bor deb oʻylang. Asosiyni oʻzingizni noyob tomoningizni kashf etish va koʻrsatib berishdir.

Grantlar.uz: Foydali va qiziqarli suhbat uchun rahmat. Keyingi faoliyatingizda muvaffaqiyat tilaymiz.

Surayyo: Rahmat, sizlarga ham omad tilayman.

Tahririyat: Sentabr oyi boshida mazkur dasturning navbatdagi qabuli boshlanadi. Bu haqida Grantlar.uz saytida batafsil maqola eʼlon qilinadi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!