×

Germaniyaga Au Pair dasturi orqali borish haqida hamyurtimiz bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

19542 marta

CHOP ETILGAN

28.03.2021

1. Assalomu alaykum, Nargiza. Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha soʻzlab bersangiz.

Assalomu alaykum. Men, Numonjonova Nargiza, hozirda Germaniyaning Nyurnberg shahrida tibbiyot sohasida taʼlim olaman. Asli andijonlikman. 2017-yil yanvar oyida nemis tili oʻrganishni Andijondagi Berlin Zentrum oʻquv markazida boshlaganman. Oʻsha yili aprel oyida A1 sertifikatini olganman, oradan besh oy oʻtib – sentyabrda Au Pair dasturi orqali Germaniyaga kelganman va shu yerda nemis tili oʻrganishni davom ettirganman.

2. Au Pair qanday dastur? U ishtirokchilarga qanday imkoniyatlar beradi?

Au Pair – yoshlarning biror davlatdagi mezbon oila bilan yashab, mazkur davlat madaniyati va tilini oʻrganishga imkon beruvchi dasturdir. Buning evaziga Au Pair dasturi ishtirokchisi mezbon oiladagi bolalarga qarash ishlarida yordam berishi kerak boʻladi.

Au Pair dasturi Yevropaning koʻpgina davlatlarida, jumladan, Germaniyada ham mavjud.

3. Au Pair dastur bolalarga qarashga moʻljallangan ekan. Dasturga faqat qiz bolalar qabul qilinadimi?

Yoʻq, oʻgʻil bolalar qabul qilinadi. Oʻgʻil bolalar ham bemalol topshirsa boʻladi. Muhimi bolaga qarash vazifalarini bajara olsa, boʻlgani.

4. Au pair dasturi nimalardan iborat?

Dastur, eng avvalo, mezbon oilada yashab, mahalliy til va madaniyatni oʻrganishdan iborat. Nemislar ishtirokchilarni juda iliq kutib oladi, xuddi oila aʼzosidek qabul qiladi. Oʻz uyidan turar joy va oziq-ovqat bilan taʼminlaydi.

Shuningdek, mezbon oila ishtirokchiga nemis tili kurslariga qatnash uchun sharoit yaratib berishi lozim. Bu talab dasturning majburiy sharti hisoblanadi.

Til kurslarining narxi 6 oy uchun 250-300 yevro. Mezbon oila esa ishtirokchining til kursiga qatnashi uchun oyiga 50 yevro berishi lozim. Bu odatda til kursi haqini toʻliq qoplaydi. Agar qoplamay qolsa, qolgan qismini ishtirokchini oʻzi toʻlashi mumkin.

Shuningdek, mezbon oila ishtirokchiga choʻntak puli ham berishi lozim. Bu summa til kursiga toʻlanadigan oylik 50 yevrodan tashqari boʻlgan haq. Hozir bu summa oyiga 260 yevroni tashkil qiladi. Turar joy, oziq-ovqat boshqa zaruriy xarajatlarni mezbon oila qoplashini hisobga olsak, bu pul ishtirokchiga yetadi va ishtirokchi bu pulni kichik sayohatlarga sarflashi mumkin.

Buning evaziga ishtirokchi haftada 5 kun va kuniga 6 soatdan mezbon oilaning bolalariga qarashi kerak boʻladi.

Mezbon oilaning bolalariga qarash bilan bogʻliq vazifalar quyidagilar boʻlishi mumkin:

  • Bolalar bilan oʻynash.
  • Bolalarni maktab va boshqa mashgʻulotlarga olib borish hamda ulardan olib kelish.
  • Oson taomlar pishirish.
  • Bolalarning xonasini ozoda va toza saqlash.
  • Bolalarning kiyimlarini yuvish va dazmollash.
  • Bolalarga uy vazifalarida yordam berish.
  • Bolalarni uxlatish.
  • Bolalarga gigiyena qoidalariga amal qilishlarida yordam berish (tish yuvish, taglik almashtirish va h.k.).
  • Yengil bozorliklar qilish.
  • Idish yuvish mashinasiga idishlarni solish va ulardan olish.

Oilaning ehtiyojiga qarab, ishtirokchidan yuqorida sanab oʻtilganlarning barchasini yoki bir nechtasini qilishda yordam berish talab etiladi.

Bundan tashqari mezbon oila sogʻligʻingiz uchun sugʻurta xarajatini ham qoplab beradi.

5. Dastur necha yil davom etadi?

Dastur shartnoma asosida amalga oshiriladi va 1 yil davom etadi. Shartnomani uzogʻi bilan yana yarim yilga uzaytirish mumkin.

Dastur davomida mezbon oila ishtirokchini har oy 2 kundan haq toʻlanadigan taʼtil bilan taʼminlashi kerak. Bu haftadagi shanba va yakshanba kunlaridan tashqari dam olish kuni boʻladi va bir yilda haq toʻlanadigan taʼtil kunlari soni 24 kun boʻladi.

6. Dasturga qabul talablari qanday?

Yevropa Ittifoqidan boʻlmagan nomzodlar uchun Germaniyada Au Pair dasturiga qatnashish talablari quyidagicha:

  • Nomzod yoshi 18 yoshdan 26 yoshgacha boʻlishi kerak.
  • Nemis tilini kamida boshlangʻich (A1) darajada bilishi lozim.

Mana shu talablarga javob bersangiz, Germaniyaga Au Pair dasturi boʻyicha ketishingiz mumkin.

Yana bir narsani hisobga olish kerak: baʼzida nomzoddan motivatsiya xati yoki mezbon oilaga xat yozish talabi ham boʻlishi mumkin. Lekin bu talab doim ham boʻlavermaydi.

7. Dastur uchun qanday hujjatlarni topshirish kerak?

Au Pair dasturiga maxsus agentliklar orqali hujjat topshiriladi. Topshiriladigan hujjatlar roʻyxati ham agentlikka qarab farq qiladi.

Odatda, dastlab, agentlik saytidagi maxsus onlayn ariza toʻldiriladi. Va til sertifikati ham soʻraladi. Baʼzan til sertifikati boʻlishi shart ham emas. Muhimi nemis tilida biroz boʻlsa-da muloqot qila olishdir.

Agar yana qoʻshimcha hujjatlar kerak boʻlsa, oila topilgandan soʻng xabar qilinadi va nomzod soʻralgan hujjatlarni (agar soʻralsa) yuborishi kerak boʻladi.

Agentlik mendan quyidagi hujjatlarni soʻragan:

  • Ariza
  • Tavsiyanoma
  • Tibbiy maʼlumotnoma
  • Oilaga xat
  • CV
  • Pasport nusxasi

Ariza, tibbiy maʼlumotnoma kabi hujjatlar shaklini agentlikning oʻzi email orqali yuboradi. Siz ham hamma hujjatlarni toʻldirib, email orqali yuborasiz.

Oilaga xat unchalik murakkab boʻlishi shart emas. Oʻz til darajangizdan kelib chiqib yozsangiz boʻladi bemalol.

Hujjatlar tarkibi agentlikka qarab biroz farq qilishi mumkin.

8. Hujjatlar qay tarzda va qayerda topshiriladi? Oʻzbekistonning oʻzidan turib mustaqil tarzda mazkur dasturga hujjat topshirish va qabul qilinib, joʻnab ketish mumkinmi?

Aytganimdek, dasturga qabulda maxsus agentliklar xizmatidan foydalaniladi. Va albatta, Oʻzbekistondan turib oʻzingiz mustaqil ariza topshirishingiz hamda qabul qilinishingiz mumkin. Masalan, men ham oʻzim mustaqil ariza topshirganman.

Shuningdek, bunday rasmiy agentliklar arizangizni qabul qilgani va oila topib bergani uchun haq olmaydi, ularning xizmati bepul. Agar Au Pair dasturiga topshirmoqchi boʻlsangiz va sizdan bu uchun haq talab qilishsa, demak u rasmiy agentlik boʻlmaydi, aksincha, oʻrtakash biror firma boʻlishi mumkin. Albatta, ayrim hollarda rasmiy agentlik ham arzimas haq undirishi mumkin, lekin bu kam uchraydi.

Shuningdek, oila izlashda agentlik xizmatidan foydalanishdan tashqari oʻzingiz mustaqil oila izlashingiz ham mumkin. Oilani topish uzoqroq vaqt olishi mumkin.

Masalan, au-pair-world.com sayti mavjud. Shu saytga kirib, Au Pair dasturi uchun onlayn roʻyxatdan oʻtasiz. Bu saytda koʻplab rasmiy nemis agentliklari va Au Pair ishtirokchilarini izlayotgan oilalar mavjud. Bundan tashqari, mazkur saytda faqat Germaniyada emas, yana koʻplab boshqa davlatlarda Au Pair qilish uchun ariza topshirsa boʻladi.

Siz biror agentlikka yozishingiz mumkin. Hamda oilalarga yozib chiqasiz va oila topasiz. Saytdagi profilingizni koʻrib, oilalar ham sizga yozishi mumkin.

Agar agentlik oila topsa, sizga xabar qiladi. Agar oʻzingiz mustaqil biror oila topsangiz, shu oilaning oʻzi biror agentlikka xabar qilib, sizni dasturga qabul qilmoqchi ekanini aytadi. Keyin shu agentlik orqali qabul jarayoni amalga oshiriladi.

Oilalarni Facebookʼdagi guruhlardan ham izlashingiz mumkin. Au Pair bilan bogʻliq guruhlar juda koʻp. AupairinGermany bitta misol sifatida keltirish mumkin. Oilani imkon qadar oʻzingiz ham qidiring. Faqat agentlikni kutsangiz, topilishiga juda koʻp vaqt ketishi mumkin.

Men ham oilani oʻzim topganman. Keyin oila bilan Germaniyaning VIJ agentligi orqali Au Pair shartnomasini tuzganmiz.

Oila sizni qabul qilishga rozi boʻlishdan oldin siz bilan onlayn suhbat qiladi. Bunda qarashingiz kerak boʻlgan bolalar bilan ham suhbat qilasiz. Suhbatdan soʻng oila sizni qabul qilishga qaror qilsa, qoʻshimcha hujjatlar soʻraladi.

Menga mezbon oila topilganda, agentlik yuqorida aytgan hujjatlarni soʻragan. Tibbiy maʼlumotnoma va ariza shaklini ham yuborgan.

Tibbiy maʼlumotnoma odatda 4 tilda boʻladi va bu tillardan biri – rus tili. Shu uchun uni Oʻzbekistonda toʻldirisih muammo emas.

Soʻng kerakli tekshiruvlardan oʻtganman va natijalarini shifokorga koʻrsatganman. Shifokor maʼlumotnomaga “sogʻlom” deb yozib, muhr va imzo bilan tasdiqlab bergan.

Lekin tibbiy maʼlumotnomani hamma agentlik ham soʻramaydi, men foydalangan agentlik soʻragan.

Hamma hujjatlarni tayyorlaganimdan keyin, PDF formatda email orqali yuborganman.

9. Ushbu dasturga qabul qilingandan soʻng viza chiqishi uchun nomzodning hisob raqamida qanchadir pul boʻlishi kerak yoki bloklangan hisob raqamiga pul qoʻyishi kerak degan shartlar bormi?

Yoʻq, Au Pair dasturida viza uchun bloklangan hisob raqami yoki hisob raqamingizda qanchadir pul boʻlishi talab qilinmaydi. Chunki Germaniyada yashash xarajatlaringizni mezbon oila qoplaydi.

Faqat chipta olib, Germaniyaga yetib olsangiz boʻldi.

10. Au pair dasturini tugatib Germaniyada ishga yoki oʻqishga qolsa boʻladimi?

Ha, boʻladi, albatta. Aslida oʻqish yoki ish uchun Germaniyaga kelib olishning eng oson yoʻli – Au Pair dasturidir. Chunki bu dastur orqali viza olish ancha oson. Au Pair orqali Germaniyaga kelgach, shu yerda turib oʻqishga topshirishingiz yoki ish izlashingiz mumkin boʻladi.

Ish topib, Au Pair dasturidan keyin ishga qolish oson emas. Agar oliy maʼlumotli boʻlsangiz va Germaniyada kerakli soha xodimi boʻlsangizgina ish topishingiz hamda ishga qolishingiz mumkin. Oliy maʼlumotli boʻlmasangiz yoki sohangizga Germaniyada talab boʻlmasa, ishga qolish imkonsiz.

Bu yerda yana bir muhim narsani aytishim kerak: Au Pair orqali Germaniyaga borib, keyin oʻqishga topshirmoqchi yoki ish izlamoqchiligingizni oilaga yoki elchixonaga aytish tavsiya etilmaydi. Bunda oila “bizdan foydalanib, Germaniyaga kelib olib, 1-2 keyin shartnomani bekor qilib, oʻqishga ketib qolishi mumkin” degan shubhaga borishi mumkin.

Elchixona ham shunday gumon bilan viza berishni rad qilishi mumkin. Elchixona Au Pair orqali viza berish uchun suhbatda sizdan Au Pair dasturidan keyin oʻqishga qolish niyatingiz bormi deb soʻraydi. Mendan ham soʻragan. Shunda yoʻq, qolmoqchi emasman, qaytib kelaman, deb javob qilish kerak (men ham shunday qilganman). Shunda vizaning rad etilish ehtimoli kamayadi.

11. Dasturni tugatib, ish yoki oʻqishga qolganda vizani Germaniyaning oʻzida uzaytirsa boʻladimi?

Ha, boʻladi. Oʻqishga yoki ishga kirsangiz, Germaniyaning oʻzida vizani Au Pair dasturidan talaba vizasiga yoki ish vizasiga oʻzgartirish mumkin.

12. Au Pair dasturida oila sizni qabul qilishi uchun nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Birinchi navbatda, imkon qadar koʻproq koʻnikmalarni egallashga harakat qilish kerak. Bu koʻnikmalar bolalarning qiziqishlariga yoki mezbon oilaning xohishlariga mos boʻlishi mumkin. Masalan, pianino yoki biror musiqa asbobini chala olsangiz, buni ham CVda yoki xatda xobbi sifatida yozish kerak. Bolalari musiqa chalishni oʻrganayotgan oilalar buni ha eʼtiborga oladi. Yoki tikuvchilikni bilsangiz va tikuv mashinasini yaxshi ishlata olsangiz, uni ham xobbi sifatida sanang. Shuningdek, imkon qadar pazanda boʻlish tavsiya etiladi. Ayrim oilalar uchun bu juda muhim. Men hatto manti pishirishni yaxshi oʻrganish uchun Oʻzbekistonda mantixonaga qatnaganman. 🙂 Chunki nemislar mantini xush koʻradi, deb aytishgandi.

Ikkinchidan, yuqorida taʼkidlanganidek, dasturdan keyin oʻqishga qolmoqchi yoki ish izlamoqchi boʻlsangiz, oilaga (elchixonaga ham) bu haqida aytishni tavsiya qilmagan boʻlardim. Chunki oila Germaniyaga kelib olish uchun bizdan foydalanmoqchi degan fikrga borib qolishi mumkin.

Uchinchidan, til bilimingizni yaxshilab kelishga imkon boʻlsa, buni qoʻldan boy bermang. Chunki muloqot oila uchun juda ham muhim. Qolaversa, kelgach til kursiga pul sarflamaysiz (agar oila toʻlaydigan pul til kursi haqini toʻliq qoplamasa). Oʻqishga kirmoqchi boʻlsangiz ham, til u qadar muammo boʻlmaydi.

Grantlar.uz: Ajratgan vaqtingiz va mazmunli suhbat uchun tashakur.

Nargiza: Sizlarga ham suhbat uchun rahmat.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!