×

Grant arizasini tushunib oling: baholar sababli nomzodga aylanasiz, insholar sababli esa grant yutasiz! Grantga hujjat topshirishga qaror qilganlar uchun maqola


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

5895 marta

CHOP ETILGAN

29.09.2020

Avvalgi blog postda o’zingizni xayolan rad etish o’rniga, qo’rqmasdan, grantga amalda ariza topshirish kerakligi haqida yozilgandi. Agar hujjat topshirishga qaror qilgan bo’lsangiz, ushbu blog postda universitetlar va dasturlar uchun tayyorlangan arizalarda baholar, test natijalari (raqamlar) va ba’zi savollarga yozma tayyorlanadigan javoblar (so’zlar) qanday o’rin tutishi haqida o’qiysiz. Grantni yutib olishingizda raqamlar nimani hal qiladi? So’zlar nimani belgilaydi?

Test ballari va baholarning o’rni haqida

Biror dasturga hujjat topshirishda, hujjat topshirish va qabul jarayoni haqida imkon qadar to’liq ma’lumot to’plashingiz, arizada so’ralgan har bir savolga berilgan har bir javob nimanidir hal qilishini yodda tutishingiz kerak. Ariza qaysi saytda va qaysi kungacha qabul qilinishini va ariza topshirish ketma-ketligini bilishdan tashqari, arizaning qaysi qismi nimaga xizmat qilishini, har bir qismda qanday ma’lumot berilsa, sizning foydangizga ishlashini yaxshilab tushunib olmasangiz, dasturga qabul qilinish ehtimolingizni o’zingiz pasaytirib yuborasiz.

Masalan, “magistratura” nima ekanligidan ko’p o’zbekistonliklarning xabari bor va O’zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari magistratura kurslariga qanday hujjat topshirish kerakligini ham hujjat topshirishga qiziqib ko’rgan ko’p nomzodlar yaxshi bilishadi. Ammo juda ko’p hollarda O’zbekistondan tashqaridagi, ayniqsa, xalqaro maqomga ega magistratura kurslariga (yana ham umumiy aytilsa, universitetlarga) hujjat topshirish jarayoni yurtimizdagidan farq qiladi.

Ko’p chet el universitetlari yoki kurslarida qabul imtihonlari tashkil etilmaydi. Uning o’rniga, oldindan, boshqa tashkilot tomonidan uyushtirilgan imtihonlarda to’plangan natijalar hisobga olinadi (masalan, IELTS, TOEFL, GMAT, GRE va shu kabilar). Undan tashqari, dasturlarga qabul bilan shug’ullanuvchi bo’limlarda nomzodning imkoniyatlariga to’g’ri baho berish imkonini beradigan ko’p usullardan foydalanishga ehtiyoj yuqori bo’ladi. Buning asosiy sababi esa, ko’plab xalqaro universitet va dasturlarga hujjat topshiruvchilar soni o’ta yuqoriligi, qabul kvotalari cheklanganligi hamda qabul qilinishi rejalashtirilgan nomzodga qo’yilgan talablarning yuqoriligi hisoblanadi.

Agar gap grant dasturlariga qabul haqida ketayotgan bo’lsa, ish yanada noziklashadi: endi universitet nomzodning kimligini to’liqroq bilib olishi va shunga asoslanib eng munosib nomzodga biror tashkilot yoki hukumatning cheklangan fondidan grant belgilashi zarur bo’ladi. Magistratura kursiga qabul jarayonida nomzod haqida aniqlanishi zarur bo’lgan ma’lumotning bir qismini IELTS, GRE, GMAT kabi test natijalari beradi. Bu testlarning ba’zilari nomzod chet tilini o’qishga qiynalmaydigan darajada egallaganligini (yoki aksincha ekanini) ancha aniq ko’rsata olsa, boshqalari matematika, mantiq va ba’zi fanlarni nomzod yaxshi (yoki qoniqarsiz) o’zlashtirgani uchun universitetdagi fanlarning qiyinligiga qanchalik chiday olishini ko’rsata oladi.

Masalan, agar kurs ingliz tilida o’qitilsa-yu, nomzod IELTS’dan 5.0 olgan bo’lsa, bu uning kursni eplay olmasligi mumkinligini ko’rsatishi mumkinligidek, boshqa standartlashtirilgan testlar ham nomzodning kursni qanchalik uddalay olishi haqida ba’zi ma’lumotlarni beradi. Testlardan tashqari, nomzod olgan baholar ham taxminan shunday ta’sirga ega: statistika fani yoki bakalavr kursini “5” bilan yakunlagan nomzod, fizika yoki tadqiqot kursiga qabul qilinganda “3” olgan nomzoddan ko’ra yaxshiroq talaba bo’ladi. Shuning uchun ham ko’p dasturlarga qabul uchun “eng kamida qanchadir ball” talab etiladi.

Umumiy qilib aytganda, raqamlar qabul uchun talab qilinadigan daraja eng kamida qanday bo’lishi kerakligini aniqlash uchun talab qilinadi. Juda yuqori raqamlar esa nomzod hozirda dasturni eplab ketish uchun amalda yaxshi holatda ekanligining isboti hisoblanadi. Test ballari va baholarga asoslanib kursga kimni “aniq olmaslik” kerakligi belgilanadi. Baholar va ballaringiz sizni dasturga nomzodga aylantiradi. Olaverish mumkin nomzodlarning ichidan kimni “aniq olish” kerakligini belgilash esa boshqa masala.

Insholar va tavsiyanomaning o’rni

Yuqoridagi, magistratura kursiga grantga qabul jarayoni misolida qarasak, shunchaki yaxshi o’qigan va ba’zi fanlarni yaxshi o’zlashtirgan nomzodni chuqurroq o’rganish uchun uning kelajakda o’zi tanlagan soha rivojiga qanchalik hissa qo’shishi, diplom orqali erishiladigan moddiy manfaatlardan boshqa qanday maqsadlari borligi kabilarni ham aniqlash kerak bo’ladi.

Bunga ehtiyoj, ayniqsa, test natijalari va baholari teng kelib qolgan bir nechta nomzodlardan bittasini qabul qilish zarur bo’lgan vaziyatlarda hamda grant miqdorini belgilashda juda yuqori bo’ladi. Grantlar – talabaga qaytarib berish shartisiz topshiriladigan minglab dollar mablag’dir. Ular ma’lum soha yoki davlat rivoji uchun, iqtidorli talaba vositasida kiritilgan sarmoya hisoblanadi. Shuning uchun ham nomzod grantni moddiy ko’rinishda qaytarmasa ham, boshqa ko’rinishlarda, soha, jamiyat va davlatga foyda keltirish orqali qaytarishi kerak bo’ladi. Bu ishlarni esa, test natijalari va baholari yuqori bo’lgan nomzodlarning hammasi ham bir xil darajada qilavermaydi. Ulardan ba’zilari atrofga foydalari tegishini boshqalaridan ko’proq xohlashadi va amalda ko’proq harakat qilishadi.

Ba’zilari tadqiqot qilish orqali muhim muammoni yechishga boshqalardan ko’proq intiladi. Imkoniyati teng kelgan nomzodlarning ba’zilari shu imkoniyatdan boshqalardan yaxshiroq foydalana oladilar. Universitetlar esa nomzod ruhiyatining shunday qirralarini solishtirish orqali ko’p sonli arizalar ichidan kam sonli talabalarni tanlab oladilar. Shu talabalar ichidan esa yana-da kam sonli nomzodlarga grantlar belgilanadi. Ko’p hollarda, ayniqsa, nufuzli dasturlarga qabul jarayonida test natijalari o’xshash nomzodlar juda ko’p, o’qish yoki grantga o’rinlar esa kam bo’ladi.

Grantlar.uz saytida e’lon qilinadigan grant dasturlarining deyarli barchasiga saralash jarayonida yuqoridagidek vaziyat yuzaga keladi. Albatta, nomzodlardagi aynan qaysi xususiyatlar boshqalaridan ustun deb olinishi dastur maqsadidan kelib chiqadi. Tadqiqot kurslari uchun beriladigan grantlar ma’lum sohadagi tadqiqotlar sifatini oshirishi mumkin nomzodlarga berilganligi uchun, bunday grantlar kimga berilishini aniqlashda nomzodning tadqiqot mavzusining muhimligi, aniqligi, tadqiqot maqsadlari va amaldagi natijalar kabilarga e’tibor beriladi. Tinchlik va xalqaro aloqalarga oid grantlar esa nomzod ruhiyatidagi tinchlik, siyosiy vaziyatlarga nisbatan kayfiyat, fikrlar va shu yo’nalishda amalda erishilgan yutuqlarga asosan belgilanadi. Madaniy almashinuv dasturlari uchun grantlar esa har xillikni, turlicha fikrlar va vaziyatlarga nomzodlarning munosabatlarini hamda ularning shunga oid amaliy natijalarni inobatga olgan holda eng keng fikrli va turlicha hayot tarzlariga qiziquvchi nomzodlarga beriladi.

Nomzod grant dasturi maqsadini tushunadimi? Nega ariza topshirdi? Maqsadi faqat mablag’ tejash yoki tekin o’qishmi, yoki o’zini chindan shu sohada ko’radimi? Kelajakda grant maqsadiga mos bo’lgan ishlarni amalga oshiradimi yoki o’qishni bitirgach, hech nima qilmay, shunchaki o’zi bilan o’zi ovora bo’lib ketadimi? Deylik, yuqoridagilarning barchasiga yaxshi javoblar berdi, lekin bular quruq gapmi, yoki aytayotgan gaplariga dalil sifatida shu kungacha amalda nimadir qildimi?

Grant kimga berilishini belgilashi kerak bo’lgan jamoa bularni aniqlashi kerak.

Nomzodning qog’ozlardan aniqlash nisbatan qiyin bo’lgan bunday jihatlarini ochishda insholardan foydalaniladi. Har xil grant dasturlari arizalarida har xil savollar bo’lishi mumkin (bu dasturning maqsadi va tabiatidan kelib chiqadi), ammo ularning umumiy jihati – siz yozma javob berishingiz kerak bo’ladi. Ularni, odatda, “insholar” yoki “xat” deb ataymiz (aslida, qanday atalishining ahamiyati kam bo’lsa ham). Arizalarning shunday yozma javob talab qiladigan qismlaridan eng ko’p uchraydiganlari – motivatsion xat, biriktirilgan xat (personal statement) va tavsiyanoma.

Ba’zi grantlarda faqat motivatsion xat so’raladi, ba’zilarida faqat personal statement talab qilinadi. Ba’zilarida ikkalasi birlashib ketsa, ba’zilarida ikkalasi ham alohida-alohida yozilib, topshiriladi. Nima bo’lganda ham, ular talab etilmaydigan grantlar juda kam. Muhim grant va dasturlarning barchasi shu ikki turdagi inshoni talab qiladi.

Tavsiyanomalar ham deyarli barcha dasturlarda talab qilinadi. Tavsiyanomani nomzodni yaxshi bilgan shaxs yozadi, ammo uni kimga yozdirishni o’zingiz to’g’ri tanlay bilishingiz kerak. Siz haqingizda kim qanday fikrda ekanligini taxminan chamalab, faqat ijobiy fikr bildirishi mumkin insonlardan tavsiyanoma olish to’g’ri bo’ladi. Tavsiya beruvchi shaxsning fikrlari nomzod haqida to’liqroq tasavvurga ega bo’lishda katta yordam bergani uchun, qabul jarayonida tavsiyanomaga alohida e’tibor beriladi. Siz darslarida eng yaxshi o’qigan va o’zingizni ko’rsata olgan o’qituvchi sizni “mas’uliyatli, intiluvchan, iqtidorli” va hokazo shaxs sifatida ta’riflaganda, qabul komissiyasi uning fikrlarini inobatga oladi.

Xulosa: insholar nega muhim?

Grant yutib olish oson emasligi va grantlar eng munosib nomzodlarga berilishini yaxshi tushungan, hamda qabul uchun eng kamida qanday baho va test ballari talab qilinishini yaxshi bilganlari uchun, grant dasturlariga ko’pincha umumiy talablarga mos nomzodlar hujjat topshiradilar. Bu esa, minimal talablarga ega kam sonli grant o’rinlariga shu talablarga umuman olganda mos bo’lgan ko’p sonli arizalar kelib tushishiga sabab bo’ladi. Bu degani, grant yutib olishda, ko’pincha, IELTS va GMAT’dan sizdek yoki sizdan yuqori ball olgan juda ko’p nomzodlar ichida aynan sizni qabul qilishlari uchun insholaringizni kuchaytirish kerak ekanligini bildiradi. Bu esa, qanday insholarni yuborish, qanday insholarni yubormaslik kerakligini tushunib olishingiz juda muhimligini bildiradi. Bu– uzun mavzu. Shuning uchun ham, bu mavzu keyingi postda davom etadi.

Keyingi blog post noto’g’ri yozilgan insholar qanday qilib arizangizning rad etilishiga olib kelishi mumkinligi haqida bo’ladi. Unda quyidagilarni o’qiysiz:

  • Personal statementda qilinadigan ba’zi xatolar;
  • Nomzod haqida salbiy xulosa beruvchi tavsiyanomalar;
  • Nomzodning hujjat topshirilgan dasturni yaxshi tushunmasligidan darak beruvchi insholar;
  • Qabul komissiyasini qoyil qoldirish maqsadida ishlatilgan yolg’onlarning zararlari.

Agar siz ham biror dasturga hujjat topshirish niyatida bo’lsangiz, blog postlarni kuzatib borish jarayonida, o’z insholaringizni yozishni mashq qilib borib, ko’p narsa o’rganishingiz mumkin.

Dilnoza Fayziyeva

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!