×

Grantga hujjat topshirishdagi muhim qoida: qabulning oxirgi kunini kutmang


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

3268 marta

CHOP ETILGAN

26.04.2022

Biror grant yoki dasturga topshiruvchilarga qabul muddatining oxirgi kunini kutmasdan, arizani ertaroq topshirish qattiq tavsiya qilinadi. Chunki eng oxirgi kun / daqiqagacha kutish bir nechta koʻngilsiz oqibatlarga sabab boʻlishi mumkin.

1. Oxirgi kun / daqiqalargacha taqab borish arizangizning pala-partish boʻlib qolishiga sabab boʻlishi mumkin. Muddat qancha yaqinlashsa, kishida tezroq harakat qilishim kerak degan vahima kuchayadi.

Bu esa diqqatni jamlashga xalal beradi va soʻnggi daqiqalarda tayyorlanayotgan / yozilayotgan hujjatlarning sifatiga salbiy taʼsir qiladi. Natijada qabul qilinish ehtimolingiz pasayishi mumkin.

2. Qabul muddatdan oldin yopib qoʻyilishi mumkin. Dastur/grantga qabulning muddatdan oldin yakunlanishi holatlari, ayniqsa, qisqa muddatli grantlarda (yozgi maktab, kurs, lager va hk) tez-tez uchrab turadi. Bunga asosiy sabab arizalarning nihoyatda koʻpayib ketishidir. Bunday holat Oʻzbekistondagi AQSH elchixonasi eʼlon qilgan dasturlarda bir necha bor kuzatilgan.

Agar oxirgi kunni kutib yurgan boʻlsangiz, qabul muddatdan oldin tugasa, ishtirok etish imkoniyatini toʻliq qoʻldan chiqarasiz.

3. Grantlarning ertaroq ariza topshirilgan nomzodlarga ajratilishi. Bir qancha universitetlar bakalavriat, magistratura va boshqa bosqichlarga grant ajratishda “First-come, first-served” qoidasiga amal qiladi.

Yaʼni maʼlum grant oʻrinlari boʻladi, shu oʻrinlar eng birinchi ariza topshirgan munosib nomzodlarga taqsimlab beriladi. Bu oʻrinlar munosib nomzod chiqmasagina qabulning soʻnggi kunigacha saqlanib qolishi mumkin. Bu qoida AQSH, Britaniya kabi davlatlarda tez-tez qoʻllaniladi.

Bunda qabulning oxirgi kunigacha kutish tayyor imkoniyatdan oʻz xohishi bilan voz kechish degani.

4. Savol chiqib qolsa, javob ololmay qolasiz. Biror muhim savol tugʻilganda uni aniqlashtirish uchun tashkilotchilarga telefon qilish yoki koʻp hollarda email yozish kerak.

Lekin telefonga javob berish uchun ish vaqti tugagan boʻlishi yoki emailga javob berilishi uchun kamida 1-3 kun muddat talab etilishi mumkin. Oxirgi kun / daqiqada hujjat topshirayotib shunday savolga duch kelsangiz, javob ololmay qolishingiz mumkin. Bu esa yana sizning qabul qilinishingizga salbiy taʼsir qilishi mumkin.

5. Qoʻshimcha qoida: shoshilib ham topshirmang! Eng erta topshiraman degan oʻy bilan, shoshma-shosharlik qilib ariza topshirish ham tavsiya qilinmaydi.

Biror grantga topshirmoqchi boʻlganingizda, dastlab, uning talablari, qoidalari, mezonlari, koʻp beriladigan savollarga javoblari va boshqalarni diqqat bilan oʻqib chiqing. Biroq ularni oʻqib chiqishni orqaga surib yurmang, imkon qadar ertaroq oʻqib chiqing.

Biror savol tugʻilsa, darhol tashkilotchilarda email yoki telefon orqali soʻrab aniqlashtirib oling.

Dastur va uning talablari, hujjatlar tarkibi hamda boshqa muhim masalalarga toʻliq tushunib olganingizdan keyingina hujjatlaringizni topshiring.

Yuqoridagi qoidalarga amal qilsangiz, dasturga qabul borasida anchagina koʻngilsizliklarning oldini olgan boʻlasiz.

Albatta, qabulning oxirgi daqiqalarida hujjat topshirib, grant yutganlar ham bor. Lekin hujjat topshirishni soʻnggi kun / soʻnggi daqiqalarga qadar taqab olib borish yuqoridagi koʻngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli oxiriga taqash mutlaqo tavsiya qilinmaydi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!