Qayerda: Oʻzbekiston
Kim uchun: Yuridik va jismoniy shaxslar uchun
Ariza topshirish muhlati: 2022-yil 1-dekabrgacha
Umumiy maʼlumot
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyat hamda “Meros” jamoat hayriya jamgʻarmasi Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish, aholi turmush sharoitlari va sifatini yaxshilash hamda ekologiya va atrof-muhitni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan innovatsion chora-tadbirlar va yechimlarni ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish maqsadida “Green Standard in Aral” mavzusidagi respublika miqyosida yangi istiqbolli yoʻnalishlar boʻyicha “startap” loyihalar tanlovini e’lon qildi.
Loyihani amalga oshirish boʻyicha ustuvor sohalar quyidagilar:
- qishloq xoʻjaligi;
- oʻrmon xoʻjaligi;
- suv xoʻjaligi;
- baliqchilik va energiya samaradorligi.
Mukofotlar
Tanlovning umumiy moliyalashtirish jamgʻarmasi 1,5 milliard soʻm boʻlib, bu summa eng munosib loyihalarni moliyalashtirish uchun taqsimlanadi.
Talab va shartlar
Startap loyihalarni qabul qilishda qoʻyiladigan shartlar:
- Tanlovda ishtirok etuvchi “startap” loyiha tashabbuskorlari arizalari 2022-yil 1-noyabrga qadar qabul qilinadi;
- “startap” loyiha tashabbuskori – startap loyiha asoschilaridan boʻlishi (kompaniya boʻlgan taqdirda asosiy ulushdorlardan boʻlishi) lozim;
- “startap” loyiha tashabbuskori (1 ta ishtirokchi) 1 ta loyiha bilan ishtirok etishi mumkin;
- “startap” loyihalar asosida tayyor mahsulot, dasturiy mahsulot, xizmatlar va texnologiyalar yaratishning hamda vazirlik tomonidan moliyalashtirishning eng koʻp muddati 1 yildan oshmasligi lozim.
Startap loyihalar tanlovini oʻtkazish shartlari:
- Tanlovda ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamdagi barcha yoʻnalishdagi istiqbolli startap-loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga qaratilgan arizalar qabul qilinadi. Ular mualliflik innovatsiyalar va texnologiyalarga asoslanishi shart;
- arizalarni yuridik va jismoniy shaxslar taqdim etishi mumkin (Arizalar jismoniy shaxs tomonidan taqdim etilgan taqdirda – loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligi Hay’ati tomonidan moliyalashtirishga tavsiya etilgandan soʻng yuridik korxona ochish toʻgʻrisida kafolat xati ilova qilinishi shart).
Startap loyihalar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
- Loyihaning innovatsionligi – respublikada avval qoʻllanilmagan yangi texnologiyalar va (yoki) jarayonni tashkillashtirish tamoyillaridan foydalanish darajasi, bunda loyiha respublikada avval ishlab chiqarilmagan yangi mahsulot (intellektual mulk ob’ekti mavjud boʻlganda) ishlab chiqarish, yangi xizmat turini yaratishni koʻzda tutadi;
- Loyihaning texnik jihatdan mukammalligi, shu jumladan yakunlanganlik darajasi;
- Loyiha jamoasining tegishli soha mutahassislari bilan ta’minlanishi, ilmiy-texnik va ishlab chiqarish imkoniyatlari – jamoaning malakali mutaxassislardan shakllantirilganligi, tashkilotda kerakli asbob-uskunalar va ilmiy ob’ektlar infratuzilmalarining mavjudligi;
- Loyihaning investitsion jozibadorligi – qoʻshimcha foyda keltirib, kiritilgan mablagʻlar tavakkalchiligini kamaytiradigan qulay investitsion va innovatsion shart-sharoitlar majmuidir. Loyihaning investitsion jozibadorligi uning mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli istiqbollariga muvofiqligi, loyihaning qiymati, tavakkalchiliklarning hisobga olinishi, oʻzini oʻzi qoplashi va rentabelligi bilan belgilanadi;
- Loyihani moliyaviy rejalashtirish – loyiha moliyaviy ta’minotining rejalashtirilayotgan ishlarga muvofiqligi va harajatlar smetasining asoslanganligidir;
- Marketing rejasi – loyihani amalga oshirish strategiyasi, bozor hajmi, maqsadli auditoriya, aloqalar/sotuvlarning asosiy kanallari, raqobat muhiti va h.k;
- Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar – ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, amalga oshiriladigan tadbirlarni bajarish sifati va muddatlari, import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan ilmiy asos talab qiladigan mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish.
Qabul
Tanlovga taqdim etiladigan loyihalar 2022-yil 1-dekabrgacha startupinaral@gmail.com elektron pochta manzili orqali qabul qilinadi.
Bunda quyidagi hujjatlar asl nusxalari tasdiqlangan holda pdf shaklida elektron pochtaga yuborilishi lozim:
- Startap loyiha muallifi tomonidan imzolangan ariza;
- Startap loyiha pasporti;
- Xarajatlar smetasi;
- Startap loyiha biznes matni (imzo va muhr qoʻyilgan holda);
- Startap loyiha taqdimoti (10 slayd ) yoki planshet shaklida loyiha mazmuni toʻliq yoritilganligi (5 daqiqadan oshmaydigan video shaklida tayyorlangan ma’lumotlar ma’qullanadi).
Kerakli ariza va boshqa hujjatlar shakllarini BU YERDAN yuklab oling.
Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, koʻchirmachilikka (plagiat) yoʻl qoʻyilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek startap loyiha yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq toʻliq asoslanganligi va soʻralgan mablagʻlarning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq toʻgʻri hisob-kitob qilinganligi boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi.
Murojaat
Qoʻshimcha maʼlumot olish va savollar yuzasidan quyidagi raqamlarga murojaat qilishingiz mumkin:
+998 90 010 93 91
+998 71 203 32 24