Eslatma: Suhbat 2021-yil 4-oktabrda qilingan. Suhbatda qayd etilgan stipendiya haqidagi ayrim maʼlumotlar keyingi yillardagi qabulda biroz oʻzgarishi mumkinligi hisobga olinsin.
1. Assalomu alaykum, Umidjon. Avvalo, oʻzingizni qisqacha tanishtirsangiz.
Assalomu alaykum. Ism-familiyam Umidjon Karimberdiyev, 1996-yilda Andijon viloyatining chekka hududi – Qirgʻiziston bilan chegaradosh hududdagi “Madaniyat” qishlogʻida tugʻilganman. Avval qishlogʻimizdagi maktabda, keyin matematika va nemis tiliga ixtisoslashgan maktab internatida, soʻng esa kollejda tahsil olganman. 2015-yili Toshkent moliya institutining “Buxgalteriya hisobi va audit” bakalavrlik yoʻnalishiga oʻqishga kirganman.
2019-yilda oʻqishni tugatdim va 2020-yilda Germaniyada magistraturani grant asosida oʻqish imkonini beruvchi Hanns Seidel Stiftung (HSS) jamgʻarmasi stipendiyasini qoʻlga kiritgan ilk oʻzbek talabasi boʻldim. Hozirda Bavariya federal viloyatida joylashgan Otto Fridrix nomidagi Bamberg universitetining “Biznes boshqaruvi” yoʻnalishida magistrlik bosqichida tahsil olaman. Shu bilan birga, “Edu-Action” kompaniyasining Germaniyada oʻqish boʻyicha eksperti sifatida faoliyat yuritib kelaman.
2. Hanns Seidel Stiftung stipendiyasi haqida qisqacha maʼlumot?
Hanns Seidel jamgʻarmasi Germaniyadagi ijtimoiy, siyosiy va taʼlim sohasidagi eng yirik jamgʻarmalardan biri boʻlib, “Tinchlik, demokratiya va rivojlanish xizmatida” shiori ostida 1967-yildan beri faoliyat yuritadi. Jamgʻarma har yili 2 marta Germaniyada tahsil olayotgan nemis fuqarolari va Germaniyada tahsil olmoqchi boʻlgan xorijiy talabalarni moddiy hamda maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻz stipendiyalarini eʼlon qilib boradi. Jamgʻarma Germaniyada bakalavriat, magistratura va doktoranturada oʻqishni xohlovchi xorijlik talabalarga stipendiyalar taklif etadi.
3. Dastur gʻoliblarga qanday imkoniyatlar beradi?
Jamgʻarmas stipendiyasining moddiy imkoniyatlari quyidagicha:
- Oyiga 861 yevrogacha stipendiya beriladi (hozirda).
- Tibbiy sugʻurta xarajatlari qoplanadi.
- Germaniyaga borish xarajatlari qoplanadi.
- Germaniyaga borganda 150 yevro miqdorida moddiy yordam puli beriladi.
- Gʻoliblarni ariza toʻlovlaridan ozod qiladi.
- Agar talaba oʻqiyotgan universitetda kontrakt summasi boʻlsa, kontrakt summasini toʻlash uchun ham maʼlum miqdorda mablagʻ ajratiladi (Germaniyada davlat universitetlarning aksariyatida kontrakt summasi mavjud emas).
Shuningdek, gʻoliblar jamgʻarma tomonidan tashkil etiladigan ilmiy va madaniy konferensiyalar, dasturlar, seminar va treninglarda qatnashish imkoniga ega boʻladi.
4. Bu stipendiyaga topshirmoqchi boʻlgan nomzodlarga qoʻyilgan talablar nimalardan iborat?
Talablar quyidagicha:
- Ariza topshirish vaqtida nomzodlar 35 yoshdan kichik boʻlishlari kerak.
- Nomzod Germaniyadagi davlat universitetlari yoki akkreditatsiyadan oʻtgan xususiy universitetlardan biriga qabul qilingan boʻlishi kerak. Stipendiyaga ariza topshirishda universitetdan qabul xatini ham taqdim etish lozim.
- Siyosiy va/yoki ijtimoiy sohalarda faol boʻlishi kerak.
- Nomzodning universitetda qaysi tilda oʻqishi muhim emas: nemis yoki ingliz yoxud nemis va ingliz tilida oʻqishi mumkin, lekin Jamgʻarma stipendiyasini olish uchun nomzoddan nemis tilini kamida B2 darajada bilish talab etiladi (buni tasdiqlovchi sertifikat taqdim etishi kerak).
Men ariza topshirgan vaqtda nemis tili boʻyicha C1 darajaga ega boʻlganman. Lekin B2 sertifikat bilan ham ushbu stipendiyani bemalol qoʻlga kiritish mumkin (agar boshqa barcha talablarga mos boʻlsangiz).
5. Dasturga hujjat topshirganingizda diplom baholaringiz oʻrtachasi necha ball boʻlgan? Umuman, baholar dastur uchun qanchalik ahamiyatli?
Dasturga saralash jarayonida baholar ham hisobga olinadi. Odatda nomzodning baholari 4 va 5 boʻlishi kerak boʻladi. Bunda baholarning oʻrtachasi hisoblanadi. Mening institutdagi baholarimning oʻrtachasi 90 foizdan yuqoriroq edi.
6. Dasturni qoʻlga kiritish uchun alohida tayyorgarlik qilganmisiz? Qilgan boʻlsangiz qanday?
Albatta, shu stipendiyani qoʻlga kiritish uchun alohida tayyorgarlik koʻrganman. Germaniyda magistraturani grant asosida oʻqishni bir necha yillar davomida rejalashtirib yurganman va nemis tilini ham oldindan oʻrganib yurganman. Germaniyda oʻqishga qiziqish esa 2017-yilda Toshkentdagi Germaniya elchixonasi tomonidan Oʻzbekistondagi talaba yoshlar uchun tashkil qilingan nemis tili boʻyicha yozgi kurs sabab boʻlgan. Shu kurs mobaynida Germaniya taʼlim tizimi, xorijiy talabalar uchun imkoniyatlar haqida nemis maʼruzachilardan maʼlumot olganman. Oʻshanda Germaniyada grant asosida oʻqish niyati paydo boʻlgan.
Soʻng, 2018-yilda DAAD yozgi nemis tili kurslari grantini yutib olganman va Germaniyaning Dyusseldorf shahrida 1 oy davomida nemis tilini oʻrganib qaytganman. Bu kurs menga katta tajriba boʻlgan – hali oʻrganishim kerak boʻlgan narsalar koʻpligini tushunganman hamda bu kurs Germaniyada grant asosida magistraturada oʻqish haqidagi niyatimni aniq maqsadga aylantirgan. Shundan soʻng internetda Germaniyada magistratura kurslariga hujjat topshirish, grantlar va universitetlar haqida maʼlumotlarni oʻrganib chiqa boshlaganman.
2019-yil boshidan 2020-yil oʻrtalarigacha, yaʼni 1,5 yil muddat ichida 7 marta turli jamgʻarmalarning stipendiya dasturlariga ariza topshirganman. Bir necha bor yutganimda baʼzi sabablarga koʻra, keta olmay qolganman. Baʼzan gʻolib boʻla olmaganman. Oxirgi marta ham 5 ta stipendiyaga ariza topshirdim va barchasidan 2-bosqichga (suhbat bosqichiga) oʻtdim. Shulardan eng birinchi boʻlib Hanns Seidel jamgʻarmasi suhbatga taklif qildi va suhbatdan oʻtib, stipendiyani qoʻlga kiritganim haqida tez orada javob oldim. Shu sababli Hanns Seidel jamgʻarmasi stipendiyasini tanladim va qolgan grantlarning suhbatiga qatnashmadim. Tayyorgarlik koʻrish jarayonim shunday boʻlgan.
7. Dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?
Stipendiyaga saralash jarayoni 2 bosqichdan iborat:
- Ariza topshirish bosqichi.
- Suhbat bosqichi.
Bu dasturning ustunlik tomoni esa, unga yilga 2 marta ariza topshirish mumkin. Boshqa aksariyat dasturlarga yiliga faqat 1 marta arizalar qabul qilinadi hamda javob chiqquncha koʻp vaqt – baʼzilarida 6-7 oy, baʼzilarida esa 1 yilgacha vaqt oʻtadi.
Hanns Seidel jamgʻarmasi stipendiyasida esa kuzgi semestr uchun 15-iyulgacha, bahorgi semestr uchun esa 15-yanvargacha arizalar qabul qilinadi. Oʻqish esa Germaniyada oktabr (kuzgi semestr) va aprel (bahorgi semestr) oylarida oʻqish boshlanadi. Oʻqish boshlangunicha esa stipendiyani qoʻlga kiritganingiz yoki kiritmaganingiz haqida javobni olasiz.
Arizalar qabuli tugagach, 4 hafta ichida 2-bosqichga oʻtgan yoki oʻtmaganingiz haqida xabar keladi. Shundan soʻng suhbat boʻladi va gʻoliblar suhbat asosida tanlanadi.
Biz ariza topshirgan yili suhbat onlayn boʻlib oʻtdi (pandemiya sababli). Pandemiya xalal bermagan hollarda nomzodlar suhbat uchun Germaniyaning oʻziga taklif qilinishi yoki Germaniyaning nomzod mamlakatidagi vakillik idoralarida suhbat qilinishi mumkin. Suhbatdan soʻng tez kunlarda yakuniy natijalar eʼlon qilinadi.
8. Ushbu dasturga topshirishda eng asosiy – gʻolib boʻlishga eng ahamiyatli hujjatlar qaysilari hisoblanadi?
Avvalo, dasturga qanday hujjatlar topshirilishini batafsil sanab oʻtsam. Topshiriladigan hujjatlar quyidagilar:
- Dasturga ariza topshirish anketasi.
- CV.
- Exposé (oʻqish va karyera maqsadlari haqidagi bir varoqlik matn).
- Maktab/Kollej/Akademik litsey diplomi nemis tiliga notarial tarjimasi.
- Bakalavr diplomi nemis tiliga notarial tarjimasi (Magistratura uchun).
- Magistratura diplomi nemis tiliga notarial tarjimasi (faqat PhD uchun).
- Amaliyot oʻtaganlik hujjatlari (agar boʻlsa).
- 5 tagacha ish tajribasi hujjatlari (faqat jurnalistika dasturlari uchun).
- Ilmiy faoliyat bo’yicha professor-oʻqituvchidan tavsiyanoma (rasmiy shablondan foydalaniladi).
- Shaxsiyati va ijtimoiy-siyosiy faoliyati bo’yicha ijtimoiy soha vakilidan tavsiyanoma (rasmiy shablondan foydalaniladi).
- Germaniya universitetlari biridan qabul xati.
- Ariza berish shartlariga rozilik haqidagi imzolangan hujjat.
- Nemis tilidan kamida B2 darajasini isbotlovchi til sertifikati.
Umuman olganda talab etiladigan barcha hujjatlar muhim hisoblanadi. Qaysinidir ahamiyatsiz yoki alohida ahamiyatli deb boʻlmaydi. Barcha hujjatlar uchun mezonlar yozilgan va hujjatlarni shu mezonlarga mos holda tayyorlab, oʻz vaqtida topshirish lozim.
9. Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?
Aytish kerakki, har bir dasturda hujjatlar va ularning formati uchun mezonlar belgilangan boʻladi. Eng asosiy eʼtibor beriladigan tomoni – hujjatlarni ana shu mezonlarga moslab tayyorlash va vaqtida topshirish lozim.
Yana bir narsani taʼkidlash joiz: hozirda grant va stipendiyalar haqidagi maʼlumotlar oʻzbek yoki rus tiliga tarjima qilinib, turli ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon qilinib boriladi. Lekin koʻplarida xatoliklar borligini kuzataman. Shu sababli stipendiya va grantlar haqida aynan shu grant/stipendiyani eʼlon qilgan tashkilotning rasmiy saytidan talablarni diqqat bilan oʻqib chiqishni qattiq tavsiya qilaman (tah.: bu haqida Grantlar.uz jamoasi alohida post tayyorlagan).
Shuningdek, yoshlar orasida qabul tugashiga juda kam muddat qolgan vaqtga hujjatlarni tezda tayyorlab topshirish holatlari kuzatiladi. Shoshilinch ravishda hujjat topshirish 90% hollarda muvaffaqiyatsiz tugaydi. Hujjatlarni bunday topshirish toʻgʻri emas. Imkon qadar ertaroq grant dasturi, uning maqsad va vazifalari, talablari, hujjatlar boʻyicha mezonlar va boshqalar bilan batafsil tanishib chiqib, undan soʻng hujjat topshirishni tavsiya qilgan boʻlardim.
10. Suhbat jarayonida nimalar soʻraladi va bunda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?
Suhbatda asosan sizning dunyoqarashingiz, siyosiy bilimlaringiz va albatta, oʻz yoʻnalishingiz boʻyicha bilimlaringiz turli savollar orqali sinovdan oʻtkaziladi. Suhbat 45 daqiqa atrofida davom etadi. Suhbat boshida 5-7 daqiqa oʻzingiz haqida soʻzlab berish imkoni beriladi.
Agar biroz boʻlsa-da siyosiy bilimga ega boʻlsangiz va dunyoqarashingiz keng boʻlsa, shuningdek, oʻz sohangizdan bilimlaringiz yetarli boʻlsa, suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtish u qadar qiyinchilik tugʻdirmaydi.
11. Grantni yutib olishingizda asosiy rol oʻynagan omillar nimalar deb oʻylaysiz va boshqalarga shu grantni qoʻlga kiritish uchun nimalarga eʼtibor qaratishni tavsiya etasiz?
Umuman olganda, biror dasturga nomzod qabul qilinsa, aynan qaysidir jihati uchun qabul qilinadi deb oʻylamayman. Nomzod har tomonlama baholanadi va boshqalardan ustun tomonlari boʻlsa, grantni qoʻlga kiritadi.
Faqat minimal talablargagina javob beradigan nomzodlar 80%-90% hollarda grantni qoʻlga kiritish imkoni boʻlmaydi. Chunki butun dunyodan nomzodlar ariza topshiradi va ulardan qandaydir ustunlik tarafingiz boʻlishi kerak.
12. Germaniyada oʻqish jarayoni qay darajada? Magistraturada haftasiga necha kun dars boʻladi va darslar qiyinmi?
Germaniya xorijiy talabalar soni eng koʻp boʻlgan 5 ta davlatdan biri hisoblanadi. Bunga sabab taʼlim sifati, oqishdagi erkin grafik, davlatning taʼlimga yuqori eʼtibori, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanganligi kabilardir.
Magistraturada oʻqiladigan asosiy va qoʻshimcha fanlar/darslar asosan talabalarning oʻzi tomonidan tanlanadi. Talaba shu asosda dars grafigini oʻziga moslaydi. Shuningdek, darslarga borish-bormasligi, seminarlarga kirish-kirmasligi talabaning oʻzining xohishiga bogʻliq.
Lekin semestr oxirida qatʼiy imtihonlar topshiriladi. Imtihonlarning jiddiyligi talabalarni koʻp hollarda darslarga qoldirmay qatnashga qatnashga majbur qiladi.
Darslarning qiyinligiga kelsa, agar tilni u qadar yaxshi bilmasangiz, albatta, biroz qiynalasiz. Lekin tilni yaxshi bilsangiz, oʻz sohangizdagi terminlarni yaxshi tushunsangiz darslarni tez va nisbatan oson oʻzlashtirasiz.
13. Ushbu dastur boʻyicha Germaniyada oʻqiyotgan talabalarga oʻqishdan boʻsh paytlari ishlashga ruxsat etilganmi? Ruxsat etilgan boʻlsa, haftasiga necha soat?
Umuman olganda, Germaniyada, grant yutish yoki yutmasligidan qatʼi nazar, har bir talabaga haftasiga 20 soat ishlashi mumkin (part-time). Lekin bu stipendiya sovrindorlarining ishdan topayotgan puli oyiga 450 yevrodan oshmasligi kerak. Undan koʻp ishlab topsangiz, stipendiya miqdoridan ayirib qolinadi. Shu uchun stipendiya olayotgan talaba haftasiga odatda kamroq – 10 soatcha ishlasa boʻladi.
14. Bu dastur boʻyicha grant yutganlar oila aʼzolarini (turmush oʻrtogʻi, farzandlarini) olib ketishi ham mumkinmi?
Ha, mumkin. Oila aʼzolarini olib kelish jarayoni boʻyicha Germaniyaning Toshkentdagi elchixonaning viza boʻlimi bilan bogʻlanib, maʼlumot olish mumkin.
15. Germaniyada oʻqish davomida siz uchrayotgan qiyinchiliklar nimalardan iborat? Oʻqish bilan bogʻliq va kundalik hayotdagi qiyinchiliklarga alohida-alohida toʻxtalsangiz.
Albatta, ona yurtdan, yaqinlardan uzoqda musofir boʻlib yurish oson emas. Lekin eʼtiboringizni oʻqishga yoʻnaltirib, tilni yaxshi oʻrgangan boʻlsangiz, oʻqishda qiyinchiliklar deyarli boʻlmaydi.
Atrofdagilar bilan yaxshi, diplomatik aloqalarni oʻrnatsangiz, kundalik hayotda ham qiyinchiliklarga deyarli duch kelmaysiz.
16. Germaniyaga joʻnab ketishdan oldin qanday tayyorgarlik koʻrish haqida tavsiyalaringiz.
Uzoq safardan ketishdan oldin reja qilib, tayyorgarlik koʻrish kerak boʻladi. Bunda kundalik hayotdan qanday vositalar, nimalar kerak boʻladi, ularning qaysilarini oʻzingiz bilan olib keta olasiz va qaysilarini olib ketolmaysiz yoki qaysilarini Germaniyadan arzon narxga ololasiz yoki ololmaysiz, shu masalalarni koʻrib chiqish orqali oʻz ehtiyojingizga kerakli narsalar roʻyxatini shakllantirishingiz mumkin.
Soʻngsoʻz oʻrnida, Grantlar.uz jamoasiga suhbatni tashkillashtirgani uchun tashakkur bildiraman va bu kabi xayrli ishlarini bardavom qilishlarida omad tilab qolaman.
Grantlar.uz: Sizga ham ajratgan vaqtingiz va mazmunli suhbat uchun tashakkur.
Foydali: