×

Ingliz tilini dars qilmasdan o’rganish usuli – 2-qism


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

13007 marta

CHOP ETILGAN

13.08.2018

Ushbu maqolaning 1-qismi bilan SHU YERDA tanishing.

Til o’rganishni qanday qilib kundalik mashg’ulotlarga qo’shish mumkin?

“Xohlayman” va “Kerak” ni birlashtirish oson. Bunda tilning 4 ta yo’nalishiga mos ravishda yondashish maqsadga muvofiq bo’ladi. Yozma nutqni rivojlantirish uchun sizga hech qachon qiziq bo’lmagan mavzuda insho yozish yoqmayaptimi? (Avvalo, faqat insho yozish hech qachon yetarli bo’lmaydi. Har holda tilni tezroq o’rganib yaxshiroq natijaga erishoqchi bo’lganlar o’zlarini ko’proq mehnatga ruhan tayyorlayverishlari maslahat beriladi.) Insho yozish zarur bo’lgan payt yozaverish zarur, lekin undan uncha katta natija kutmay turib, mustaqil tayyorlanishga ko’proq e’tibor berish zarur. Avval eng sara yozma nutq namunalaridan o’rganib, keyin inshoda shularni qo’llash ancha samara beradi. Kun davomidagi mashg’ulotlarni 100% ingliz tiliga bog’lashga katta e’tibor bering. Bu mashg’ulotlar qiziq bo’lishi ham muhim: facebook, telegram va hkz tarmoqlaridagi yozishmalaringizni imkon qandar ingliz tiliga o’giring, ayniqsa eng ko’p muloqot qiladigan yaqinlaringiz bilan inglizcha muloqot qiling, chunki ularga ko’p shaxsiy fikrlar aytiladi va ko’pincha fikrlarni izohlash kerak bo’ladi. Qiynalib ketsangiz ham, ingliz tilida harakat qilavering, shunda miyangiz ingliz tilida fikr ifodalashgako’nika boradi. Bugun “present simple”ni o’rgandingizmi, buyog’iga fikrlaringiz, yozishmalaringiz va gaplaringizda shu zamonga mos gapni o’zbek tilida ishlatmang.

Sizga eng qiziq barcha mashg’ulotlar odatda siz “xohlaydigan” mashg’ulotlar hisoblanadi, demak, o’rganish “kerak” bo’lgan tilni ularga 100% aralashtirib yuborish kerak. Aynan nima o’qish, eshitish, yozish yoki gapirishning ahamiyati juda katta emas. Agar detektiv asarlarga qiziqsangiz, detektiv kitoblar olib o’qing, agar umuman o’qishga qiziqmasangiz-u futbol yoki mashhurlar hayoti qiziqtirsa shular haqidagi yangiliklarni bo’lsa ham ingliz tilida kuzatib boring – har kuni. Asosiy qoidalardan biri esa bunday: biror yangi so’z uchrasa, u so’zni albatta o’zlashtirish kerak. Mazmunni tushunsangiz ham so’zni yozma, og’zaki qo’llay olmasangiz va talaffuzini bilmasangiz, bu so’z siz uchun yangi hisoblanadi, shuning uchun ma’nosini taxmin qila olsangiz ham baribir uni lug’atga kiriting. So’z yodlash jarayoni haqida birozdan keyin to’liqroq maslahatlar beriladi.

Ko’pchilik til o’rganuvchilar maxsus kitoblardan so’z yodlashadi, lekin bunday qilish shart emas. Siz shunchaki ko’rgan yangi so’zingizni yodlab ketaversangiz kifoya – lug’at boyligi tabiiy ravishda boyib boradi. Lug’at kitoblardan foydalanish ham yaxshi fikr, lekin avval uchratgan yangi so’zlar bilan shug’ullanish kerak.

O’qilgan matnga nisbatan e’tiborliroq bo’lish ham juda zarur. Tirnoqni “pilkalash”, qoshni bo’yash, mushaklarni o’stirish yoki shunchaki qanday qilib uydan suvaraklarni quvish haqida o’qiysizmi, futboldagi keyingi matchda kim yutishi haqidagi taxminlarni kuzatasizmi, aynan nima qilishingizning farqi yo’q – muhimi ingliz tilida o’qing va o’qish jarayonida muallif gaplarni qanday tuzishini kuzating. Gapni imkon qadar tushunib o’qishga harakat qiling. Miya gaplarga ko’p diqqat qilgani sari inglizcha matnga ko’zingiz o’rganib boradi va matn tuzish kerak vaqti o’zingiz sezmagan holda o’qilgan matnlardagi kabi tabiiy va tushunarli gaplar tuza boshlaysiz. Shunchaki ma’lumotning o’zini emas, uning qanday ifodalanayotganini kuzatish sizga tilning hamma qismlarida yordam beradi. Reading – kimdir yozgan writing, siz yozgan writing esa kimdir uchun reading. Agar ingliz tilida yaxshi yozilgan matnlarni ko’p o’qisangiz, sizning writing’ingiz ham shunday holga kela boshlaydi.

 Tilning akustik ko’rinishi esa albatta speaking va listening. Bunda siz e’tibor qaratishingiz kerak asosiy narsa talaffuz bo’lishi zarur. Chunki yangi so’zlar bilan readingda shug’ullanasiz, grammatikani ham o’rganib boryapsiz. Tovushlarni esa faqat shu qismlarda mustahkam o’rganish mumkin. Har kuni kamida 20 daqiqa ingliz tilida, chiroyli va to’g’ri talaffuzdagi nutq tinglang. Bu nutq esa sizga chindan qiziq bo’lsin. Kino ko’rish yoqadimi? Inglizcha filmlarni ko’ring, tushunishga qiynalsangiz subtitrlardan foydalanish mumkin. Tilni til o’rganishga alohida mashg’ulot sifatida yondashilsa, miya o’zini ishlayotganday his qiladi va charchaydi. Undan ko’ra har kun qiladigan ishlaringizni inglizcha qila boshlang, toki sizga ortiqcha bosim tushmayotgandek tuyilsin.

Bu usullar qanday foyda beradi?

 Bir paytlar IELTS imtihoning listening qismidan 5.5 balldan yuqori ball ololmas edim, xatto o’sha vaqt readingdan natijalarim yaxshi bo’lgan bo’lsa ham. O’ylana-o’ylana, oxiri eshitishni ko’proq mashq qilmasam bo’lmas ekan, degan fikrga keldim. Menga do’stlarim tutqazgan matnlar juda zerikarli bo’lib, 20 daqiqadan keyin diqqatim bo’lina boshlagach, internetdan audiokitoblar ola boshladim. Fenimor Kuperning hindilar haqidagi asarlarining bir umrlik shaydosi edim, deyarli hamma kitoblarining ingliz tilida o’qilgan audiolarini eshitib chiqdim. Bu kitoblardagi voqealar rivojini bilishim yordam ham ancha yordam berdi, shuning uchun tushunmay qolsam ham chalg’ib ketmay eshitaverdim. O’sha vaqtlar shu audiolarning matnini qog’ozga chop etib, oldin o’qib chiqardim va eshitish vaqtida chalg’imaslik uchun notanish so’zlar chiqsa ma’nosini va talaffuzini oldindan tekshirib ko’rardim.  Boshida biroz qiyin bo’ldi, chunki ilgari ingliz tilidagi nutqlarni bunchalik ko’p eshitmagan edim. Lekin taxminan 1 oy har kunlik mashg’ulotlardan keyin (aslida “mashg’ulot” deyish ham joiz emas, chunki o’zimni dam olayotgandek his qilar edim) matnni kuzatib bormasam ham eshitgan gaplarni 80% tushunadi boshladim. Bu vaqt ichida ingliz tilidagi juda ko’p so’zlarning talaffuzini bilmasligimni va o’zimning talaffuzim qo’rqinchli ekanini his qildim. Haqiqiy chiroyli talaffuz qanday bo’lishi haqida yetarlicha tasavvurga ega bo’ldim. Shu usul bilan roppa rosa 3 oy ichida IELTS listeningni 5.5 dan 8.5 ga ko’tarib oldim. Eshitish jarayonida xavasim kelganidan ozim ham audioni o’qigan “reader”ga taqlid qilaverib, talaffuzimni sezilarli darajada yaxshilab oldim. Shu vaqt ichida biror marta maxsus birorta o’quv materialidan foydalanmadim. Bu, albatta, o’quv materialidan foydalanish shart emas, degani emas. Aksincha, o’quv qo’llanmalar juda muhim hisoblanadi, ular orqali siz barcha muhim qoidalarni o’rganasiz. O’quv qo’llanmalar sizga yo’l chizayotgan murabbiydek vazifa bajaradi – ularsiz vaqt va mehnat bekorga sarf bo’lishi mumkin. Ammo, yo’lni qanchalik yaxshi bilmang, agar jismoniy imkoniyatingiz yetmasa, epchil va chidamli bo’lmasangiz, finishga vaqtida yetib kelolmaysiz. Bu maqolada berilgan barcha tavsiyalar sportchi umumiy jismoniy salohiyatini oshirishi uchun bajaradigan kunlik jismoniy mashqlar vazifasini bajaradi. Murabbiy ko’magidan foydalangan holda o’z ustingizda ishlasangiz, kun kelib albatta ko’zlangan muvaffaqqiyatga erishasiz. Men listening’dagi muammolar bilan grammatikadan C2 gacha barcha mavzularni tugatib, reading’dan ham natijalarimni ancha yaxshilab olganimdan keyingina shug’ullana boshlaganman, u vaqtda IELTS testining formati bilan ham yaxshi tanish edim. Bu bilan demoqchimanki, fundamental bilim juda muhim.)

Shu voqeadan keyin dars qilish tushunchasi ko’z o’ngimda o’zgarib ketdi, chunki meni chetdan kuzatgan odam vaqtini sovuryapti, deb o’ylashi tayin edi. O’zimga qiziq tuyilgan hamma tuturiqsiz fantastikalardan tortib qanday gipnoz qilishgacha inglizcha ilmiy kitoblar o’qidim, jahon tarixidan tortib Hans Kristian Anderson ertaklarigacha eshitdim, o’zimcha kundaliklar tutib to’ldirib matnlar tuzaverdim, chunki shu ishlarni ilgari o’zbek tilida qilardim. Shu tariqa 3 yil deganda oldinga arang siljigan o’qishim yarim yilga bormay bir necha barobar yaxshilanib ketdi.

Demak xulosa shunday: har kuni o’qing, eshiting, yozing va gapiring, lekin o’qiydigan, yozadigan, eshitadigan va gapiradigan narsalaringizni til uchun emas, xohlaganingiz uchun qiling, o’zingizga madaniy hordiq beradigan usullarni o’ylab toping.

So’z yodlash usullari

Yangi so’z ko’rganda, uning ma’nosini shunchaki tekshirib ketavermang. Avvalo, lug’atga uning qanday so’z turkumi ekani, ot, fe’l va sifat shakllari qanday ekanligni ham yozib oling. O’zingiz uchun American yoki British talaffuzlardan birini aniq tanlab olib, shu talaffuzga ko’proq e’tibor qaratishni tavsiya qilaman. Masalan, Longman Dictionary of Contemporary English lugati mobil ilova ko’rinishida va unda har bir so’zning ikki xil talaffuzi, sinonim va antonimlari, shakllari va ular qatnashgan gaplar talaffuzlari bilan berilgan. Biror so’zni lug’atga kiritayotganda shularning barchasini hisobga olish kerak. Undan tashqari, yozish jarayinida yangi so’zni qatnashtirib bir nechta gaplarni og’zaki va yozma tuzib ko’rish ham foydali. Talaffuz ustida muntazam ishlab borish juda muhim. Til o’rganishga shuncha mehnat qilganga yarasha, “impressive” talaffuzga erishib, mehnatni yuzaga chiqarish zarur. Til o’rganayotganingizni aytsangiz, eshitganlar shu tilda biror nima deyishingizni iltimos qilishadi. Talaffuz chiroyli bo’lsa bu sizga berilafigan ilk e’tirof hisoblanadi. Talaffuzni rivojlantirish uchun siz xohlagan talaffuz bilan mukammal o’qilgan biror matnni eshitib, keyin o’zingiz taqlidan o’qib, ovozingizni yozib oling va eshitib o’zingizga baho bering. Matnni o’qiyotgan “reader” ingliz bo’lishi ham muhim. Shunchaki matn o’qigandan ko’ra “native speaker”ga taqlid qilish samaraliroq, chunki uning odatlari, talaffuzi, tezligi va ohangiga taqlid qilish jarayonida o’zingizda ham ancha tabiiy eshitiladigan talaffuz va ohang shakllanadi.

Unutmang, biror yangi narsani inglizchasiga o’rgangach, uni o’zbekchasiga ishlatmang. Til o’rganish kun davomidagi mashg’ulotlarningizda vosita bo’lsin. Dangasalik qilmay, yuqoridagi maslahatlarga amal qilsangiz, natijalardan mamnun bo’lib, o’zingizga hurmatingiz ham oshib ketadi.

Keyingi maqolalarda muvaffaqqiyat sirlari bilan bo’lishishda davom etamiz. Biz bilan bo’ling!

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!