Grantlar.uz jamoasi Janubiy Koreyaning 2018-o’quv yilida o’qishni boshlash uchun e’lon qilingan Koreya hukumati granti (GKS)ni qo’lga kiritib, Koreyada magistraturada tahsil olgan o’zbek talabasi Guzarova Dilfuza bilan suhbat uyushtirdi. Quyida suhbat bilan tanishishingiz mumkin.
Suhbat 2019-yilda qilingan. Suhbatda keltirilgan ayrim raqamlar va maʼlumotlar keyingi yilgi qabullarda oʻzgarishi mumkin.
O’zingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz.
Men Dilfuza Guzarova, 1993-yil Qashqadaryo viloyatida xizmatchi oilasida tavallud topganman. O’rta maktabni Toshkent shahri Yashnobod (Hamza) tumanidagi 204-maktabda tamomlaganman. 2009-yil esa Mirobod Sanoat KHK o’qishga kirib 2012-yil o’rta-maxsus ta’limni ham a’lo baholarga tugatganman. 2013-yilda O’zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xorijiy til va adabiyoti fakultetiga kontrakt asosida qabul qilinganman. Talabalik davrimda bir qancha yutuqlarga erishganman desam mubolag’a bo’lmaydi. 2015-2016-o’quv yili uchun Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi hamda Kamolot stipendiyasi g’olibi bo’lganman. O’sha yilning o’zidayoq Kasaba Uyushmalari Federatsiyasining stipendiyasi g’olibi bo’lganman. O’ndan ortiq ilmiy maqolalarim AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya va ko’plab chet mamlakatlarda chop etilgan. 2016-2017-o’quv yili uchun universitetimizda o’tkazilgan Exchange Student (almashlab o’qib kelish) dasturini yutib, Janubiy Koreyaning Joongbu universiteti Koreys tili fakultetida bir yil davomida bakalavr bosqichida o’qiganman. 2018-yilda O’zbekiston davlat jahon tillari universitetini imtiyozli diplom bilan tamomlab, Janubiy Koreya hukumatining magistratura uchun o’tkazilgan grant dasturi (GKS)ning g’olibi bo’ldim. Hozirda Gyeongsang Milliy universitetida Koreys tilini ikkinchi til sifatida o’qitish mutaxassisligida tahsil olmoqdaman.
1. GKS stipendiya dasturi g’oliblarga qanday iqtisoiy imtiyozlar taqdim etadi? Batafsil sanab bersangiz.
Bu stipendiya avvalambor o’qish pulini (tuition fee) to’liq qoplab beradi. Undan tashqari kelib ketish uchun ikki tomonlama aviachipta ham olib beriladi. Faqat bunda hukumat aytilgan sanada Janubiy Koreyaga kirib kelishingiz lozim. Aks holda aviachipta o’zingizning hisobingiz bo’ladi va puli to’lanmaydi. Shuningdek, Janubiy Koreyada o’qish davri mobaynida sug’urta puli va yashash puli ham hukumat tomonidan qoplanadi. Yashash puli odatda magistrlar uchun 900 000 won (bu taxminan 900$). Lekin sizda TOPIK (Koreys tilini bilish darajasi) dan 5 yoki 6 daraja bo’lsa, unda qo’shimcha 100 000 won (100$) beriladi, umumiy hisobda har oyning boshida 1000$ dan yashash puli olib turasiz. Bundan tashqari stipendiyaga hujjat topshirayotganingizda o’z mamlakatingizda bo’lsangiz bir marotabalik qo’llab-quvvatlash puli 210 000 won (210$) olasiz. Bu sizga Koreyaga kelib joylashib stipendiya olishingiz uchun vaqtinchalik mablag’ bo’lib faqat bir martagina beriladi. Magistratura bosqichida tahsil olish mobaynida har semestrning boshida siz Research Fee (연구비) 210 000 won (210$) olish huquqiga egasiz. Bu sizga va siz qilayotgan ilmiy ishga bo’lgan hukumatning rag’batidir. Va so’nggisi o’quv yili oxirida diplom ishi yuzasidan 500 000 won (500$) olib, diplom ishigizni chop etishingiz uchun ketadigan xarajatlarga sarflashingiz mumkin.
2. GKS stipendiya dasturi uchun minimum til talabi qanday va siz ushbu dasturga topshirganingizda qaysi tillarni qay darajada bilardingiz?
Odatda minimum til talabi aynan shu deb aytilmagan, ya’ni bu siz uchun qo’shimcha ball bo’lishi mumkin. Bazan topshiruvchilarda yo IELTS bo’ladi yoki TOPIK bo’ladi, ba’zi hollarda ikkisi ham. Lekin har yili yo’riqnomalarda til sertifikati zarur deyilsa-da, minimum talab mana shunday deb yoritilmaydi. Lekin Embassy Track’da til uchun minimum talab belgilanishi mumkin. Bunda minimum TOPIK 4, IELTS 6.5 bo’lishi tavsiya etiladi. Men aynan shu dasturga topshirganimda TOPIK 5 darajam va IELTS 6.0 ballim bor edi. TOPIK 5 darajasini 2017-yil iyul oyida IELTS’ni esa 2018-yil mart oyida olgan edim.
3. GKS stipendiya dasturiga hujjat topshirganingizda diplom baholaringiz o’rtachasi necha ball bo’lgan?
Bu eng muhim yozilmagan qoidalardan biri hisoblanadi. Ya’ni dunyo miqyosida diplom baholari ko’rsatkichi yuqori bo’lgan talabalar juda ham ko’p. Men aynan shu dasturga topshirganimda umumiy ko’rsatkichim 90% ni tashkil etgan. Yutishimning sabablaridan biri ham bo’lishi mumkin, yana bilmadim. GKS dasturiga topshirish uchun esa diplom baholaringizning o’rtachasi minimum 80% bo’lishi talab etiladi.
4. Siz dasturga qay tartibda topshirgansiz – University Track orqalimi yoki Embassy Track orqalimi? Bularning farqini ham yoritib o’tsangiz.
Men dasturga University Track orqali topshirganman. Bu usullarning farqi shundaki, University Track’da siz to’g’ridan-to’g’ri hukumat chiqargan ro’yxatdagi bittagina universitetni tanlaysiz va ularning hujjat muhlatiga qarab hujjatlaringizni asl nusxasini jo’natasiz. Bunda universitetingiz sizni va hujjatlaringizni tekshiradi va birinchi bosqichdan o’tsangiz hukumatga yuboradi. Omad kelsa yutasiz, aks holda siz boshqa universitetga topshira olmaysiz. Ya’ni faqat bittagina imkoniyatingiz bo’ladi. Embassy Track esa biroz farqliroq. Aynan bizning mamlakatda Embassy Track’ni Koreys tili markazi (한국어교육원) olib boradi va o’tkazadi. Bunda sizda albatta til bilish darajasi minimum TOPIK 3 va IELTS 5.5 ball (ikkala til sertifikati ham) bo’lishi shart. Tilga minimum talab keying yillarda o’zgarishi ham mumkin. Aks holda hujjatlaringizni qabul qilishmaydi. Bunda birinchi bosqichda hujjatlarni tekshirish bo’ladi, so’ng siz bilan intervyu va insho yozish bosqichlari bo’ladi. Bu bosqichlar bizda o’zaro ichki bosqichlar hisoblanadi. Barcha bosqichlardan omadli o’tgan nomzodlar 3 ta universitetni tanlash huquqia egadirlar. Bu esa to’g’ridan-to’g’ri uchchala universitetga kirish huquqini beradi va so’nngi bosqichda tanlovni siz qilasiz.
5. Dasturni qo’lga kiritish uchun alohida tayyorgarlik qilganmisiz? Qilgan bo’lsangiz qanday?
Asosan, Study Plan (O’qish rejasi) va Personal Statement (O’zingiz haqingizda insho)ni yozishni yanvar oyidan boshlaganman, chunki bu insholarga alohida ahamiyat berishadi deb eshitganman. Alohida qilgan tayyorgarligim faqatgina shu insholarni qayta-qayta ko’rib chiqish va yozish bo’lgan. Undan tashqari bu insholarni men ingliz va koreys tillarida taqdim etganman. Lekin odatda sizdan faqatgina bitta tildagisini so’rashadi.
6. Dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?
3 bosqichdan iborat: (University Track uchun) 1-bosqich bu hujjat topshirish, 2-bosqich – suhbat bo’ladi. Ba’zan Skype orqali video suhbat yoki xalqaro qo’ng’iroq orqali suhbat bo’ladi. Bundan so’ng 3-bosqich bu hukumat sizni va natijalaringi tekshirib so’nggi muvaffaqqiyatli o’tganlarni e’lon qiladi. Va yana bir bosqich borki, bu Medical Check up deyiladi. Bunda faqat uchchala bosqichdan omadli o’tgan nomzodlargina o’z sog’liqlari xususida litzensiyasi bor klinika yoki shifoxonalardan tibbiy ko’rikdan o’tib hujjatning asl nusxasini yuboradi. Uchchala bosqichdan o’tib, lekin shu tibbiy ko’rikdan o’ta olmaslik hollari ham uchrab turadi.
7. Ushbu dasturga topshirishda eng asosiy hujjatlar qaysilari hisoblanadi?
Mening fikrimcha, yuqorida aytilgan Study Plan, Personal Statement, baholarning o’rtacha ko’rsatkichi, erishilgan yutuqlar, qolaversa ikki kishidan olinadigan Tavsiyanoma muhim ahamiyatiga ega. Bu Tavsiyanoma (Recommendation Letter) hukumat tomonidan tayyor shaklda beriladi va ish joyi, o’qish joyidan professor, o’qituvchi, rahbardan olinishi mumkin. Bunda tavsiyanoma beruvchiga tayyor shakl beriladi va uni tavsiya beruvchining o’zi to’dirib konvertga solib, kerakli manzilga yuboradi. Nomzod topshiruvchi tavsiyanomani ko’rmasligi lozim. Sababi konvert muhrlanadi va imzolanadi.
8. Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Tartiblilikka, tozalikka, aniqlikka va originallika!
9. Suhbat jarayonida qanday savollar so’ralgan?
Aynan menga quyidagi savollar so’ralgan:
- Nega aynan Gyeongsang universitetini tanlagansiz?
- Nima uchun bu yo’nalishni tanlagansiz?
- Koreyaga kelgach siz duch keladigan muammolar: moliyaviy yoki madaniy farqlar bo’ladimi, bo’lsa siz qanday yengmoqchisiz?
- Moliyaviy jihatdan qiynalsangiz, nima qilasiz – ishlaysizmi?
Suhbat atigi 5 daqiqa davom etgan.
10. Suhbatda asosan nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Menimcha o’ziga bo’lgan ishonch va xorijiy tilni qanchalik egallaganligini ko’rsata olishi lozim. Shaxsan men bilan ham koreys tilida ham ingliz tilida suhbat olib borilgan.
11. Grantni yutib olishingizda asosiy rol o’ynagan omillar nimalar deb o’ylaysiz va boshqalarga shu grantni qo’lga kiritish uchun nimalarga e’tibor qaratishni tavsiya etasiz?
Aynan bir jihatni alohida ko’rsatib e’tirof etish juda ham mushkul. Boisi nomzodlar ichida IELTS 7.0 yoki TOPIK 6 daraja olganlar ham bor-u, ammo o’ta olmaganlar ham uchrab turadi. Aynan diplomdagi o’rtacha baholar, yutuqlar ham ahamiyatli, mening nazarimda. Nomzodning ham ilmiy ham ijtimoiy salohiyatini tekshirishadi, faolligini ko’rishadi menimcha.
12. Koreyada o’qish jarayoni qay darajda? Magistraturada haftasiga necha kun dars bo’ladi va darslar qiyinmi?
O’qish jarayoni juda ham a’lo darajada. Yo’nalishim bo’yicha 2 yil muddatda 24 kreditni tamomlashim kerak. Bu bemalol har semestrda 6 kreditdan fanlarni olish imkoniyatini beradi. Aynan birinchi semestrda 6 kredit bilan 3 ta fan tingladim. Asosan dars jadvali professorlarning jadvallari bo’yicha o’tkazildi. Ya’ni sentabr oyida deyarli dars bo’lmadi, mustaqil ta’lim bo’ldi. Shundan so’ng oktabr va noyabr oylari to’liq dars oyligi bo’ldi, haftasiga uch kun, ya’ni dushanba, seshanba va payshanba kunlari. Bu har semestrda o’zgarib turadi. Dars kunlarini o’zingiz o’zgartirish huquqiga egasiz. Darslar qiyin emas. Xorijiy tilni yaxshi o’zlashtirsangiz uncha qiynalmaysiz. Aynan mening mutaxassisligim koreys tili bo’lganligi uchun darslarning barchasi koreys tilida bo’ladi.
13. Ushbu dastur bo’yicha Koreyada o’qiyotgan talabalarga o’qishdan bo’sh paytlari ishlashga ruxsat etilganmi? Ruxsat etilgan bo’lsa, haftasiga necha soat?
Hukumat grant g’olibining sohasi bo’yicha ishlashga ruxsat etgan. Haftasiga ishlash TOPIK darajasiga qarab farq qiladi. Agar TOPIK 3 yoki 4 daraja bo’lsa, nomzod haftasiga 15 soat, TOPIK 5 yoki 6 daraja bo’lsa, haftasiga 30 soatgacha qonuniy ishlash mumkin. Lekin shuni hisbga olish kerakki, nomzodlar ishga emas, o’qishga e’tiborlarini qaratishlari uchun ham hukumat bu dasturni to’liq moliyalashtirgan.
14. GKS dasturi bo’yicha grant yutganlar oila a’zolarini (turmush o’rtog’i, farzandlarini) olib ketishi ham mumkinmi?
Oila a’zolarini o’zi dastlab ketayotganda olib keta olmaydi. Lekin o’qishning birinchi semestridan so’ng, ya’ni baholar e’lon qilingach, turmush o’rtog’ini yoki farzandlarini F3 vizasi orqali chaqirib olish mumkin. Bu bilan nomzodning oilasi grant sohibining vizasi tugaguncha u bilan birga Koreyada qolish huquqiga ega. Ota-ona hamda yaqinlarni esa mehmon vizasi orqali 3 oygacha taklif qilishlari mumkin.
15. Koreyada o’qish davomida siz uchrayotgan qiyinchiliklar nimalardan iborat? O’qish bilan bog’liq va kundalik hayotdagi qiyinchiliklarga alohida-alohida to’xtalsangiz.
Asosan qiyinchiliklarga uchramadim. Boisi 2 yil oldin ham bu yerda 1 yil o’qib, yashab ketganman. Madaniyati, ovqatlari, havosiga o’rganganman. Qolaversa, bu yerda turmush o’rtog’im bilan birga yashayman. Bizda hech qanday moliyaviy yoki kundalik qiyinchiliklar yo’q, Xudoga shukr. O’qish davrida ham qiyinchiliklar kuzatilmadi. Shu sababdan bo’lsa kerak, birinchi semestrni 92% bilan tamomladim.
16. Koreyaga jo’nab ketishdan oldin qanday tayyorgarlik ko’rish haqida tavsiyalaringiz.
Aviachiptani hukumat olib berishini hisobga olsak, nomzodda yuk muammosi bo’lmaydi, ya’ni 46 kilogacha bagajda yuk olib ketishi mumkin. Bunda hukumat Asian havo yo’llaridan chipta olib, nomzodlarga yana qo’shimcha 9 kilogacha yuk olib ketish imkoniyatini olib beradi. Tayyorgarlik jarayonida kerakli hujjatlarni, o’zi uchun muhim bo’lgan shaxsiy buyumlarni olish kerak. Bundan tashqari o’zimizning non, quruq mevalardan olib kelish huquqiga egadirlar. O’zimizning bayroq, milliy kiyimlar va milliy buyumlarimizdan ham olib kelinsa, juda ham yaxshi bo’ladi. Boisi bu yerda festivallar, xalqaro bayramlar, yig’ilishlar ko’plab uyushtiriladi va nomzod bemalol milliy kiyimlarda borishi, milliyligimizni namoyish qilishi mumkin. Shuningdek, universitet vakillariga sovg’alar ham olib kelishlari mumkin.
17. Grantlar.uz sayti haqida fikringiz?
Bu sayt haqida fikrlarim juda ham samimiy. Boisi doim xalqaro konferensiyalar, tanlovlar haqida muntazam kuzatib boraman va onlayn bo’lsada, ishtirok etishga harakat qilaman. Yoshlar uchun ajoyib sayt yaratilgan. Hozirda uyda turib ham xalqaro konferensiyalarda ishtirok etishimiz yoki tanlovlarda yutishimiz mumkin. Bunga esa aynan GRANTLAR.UZ sayti sababchi bo’lmoqda deb o’ylayman. Kelajakda bundan-da yuksak marralarni egallashlariga tilakdoshman. Muvaffaqqiyat tilayman. Hurmat bilan Dilfuza Guzarova.