×

Lane Kirkland Scholarship Program: Polshaning eng yaxshi universitetlarida ikki semestr o’qish va amaliyot uchun to’liq grant, stipendiya va boshqa xarajatlar uchun mablag’!


Blog

BO'LIM

Kurslar

O'QILGAN

2866 marta

CHOP ETILGAN

28.01.2021

Kirkland Grant Dasturi haqida:

Lane Kirkland Scholarship Program grant dasturi 20 yildan beri Sharqiy Evropa, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyodagi yosh, g’ayratli va faol fuqarolarning individual rivojlanishini qo’llab-quvvatlab keladi. Dasturning maqsadi – Yevropa Ittifoqi bilan tizimli transformatsiya va integratsiya sohasida Polsha bilan tajriba almashish. Dasturning 800 dan ortiq bitiruvchilari orasida hukumat a’zolari, parlament a’zolari, yirik xalqaro korporatsiyalar menejerlari, mahalliy hukumat rahbarlari va taniqli jamoat arboblari bor.

Dasturda kimlar ishtirok etishlari mumkin?

Dastur Polshadagi eng nufuzli dastur hisoblanib, ishtirokchilarga 100% grant ajratadi. Dasturga Armaniston, Ozarbayjon, Belarus Respublikasi, Gruziya, Qozog’iston, Qirg’iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Ukraina va O’zbekiston kabi 11 ta mamlakatdan birida yashovchi, oliy ma’lumotli, magistratura bosqichini tamomlagan yosh rahbarlar va mutaxassislar murojaat etishlari mumkin. O’zbekiston bilan hamkorlik 2019 yildan boshlandi. Dastur o’z mamlakatlarida va mintaqalarida demokratiya, iqtisodiyot va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qiziqqan, stipendiya loyihasini amalga oshirish va stipendiya doirasida olingan bilimlarni amalga oshirish uchun stipendiya dasturini tugagandan so’ng o’z mamlakatlariga qaytmoqchi bo’lgan nomzodlarni taklif qiladi.

Dastur nimalarni nazarda tutadi?

Dastur Polsha universitetlarida ikki semestrda o’qishni va kamida 2 hafta davlat, xususiy va notijorat tashkilotlarda kasbiy amaliyotni o’tkazishni nazarda tutadi.

Saralash imtihonlaridan muvaffaqiyatli o’tgan nomzodlar grant egalari hisoblanishadi. Saralash bosqichlari quyidagilardan iborat:

  1. Online ariza;
  2. Intervyu (online yoki nomzod mansub bo’lgan davlatdagi Polsha elchixonasida);
  3. Polyak tilidan imtihon (nomzod polyak tilini A1 darajasida bilish talab qilinadi).

Grant dasturi 9,5 oy davom etadi. O’qish sentyabr oyining ikkinchi yarimida Polshadagi shaharlardan birida bo’ladigan tayyorgarlik kursidan boshlanadi. Kurs Polshadagi talabalarni til va kundalik voqelik bilan tanishtirish orqali tayyorlaydi, shuningdek, turli xil kelib chiqishi, ma’lumoti, madaniyati va nuqtai nazariga ega bo’lgan turli mamlakatlardan kelgan ishtirokchilarni birlashtirishga yordam beradi. Axborot va tayyorgarlik kursi har yili turli shaharlarda tashkil etiladi. Bundan dasturning ochilish marosimi ham joy olgan.

Tayyorgarlik dasturi tugagandan so’ng, talabalar beshta akademik markazlardan birida individual ilmiy va didaktik dasturlarni amalga oshirib, ikki semestr o’qishadi. Talabalar Polshadagi eng nufuzli universitetlardan biriga tadqiqot olib borish uchun biriktiriladi. Bular Varshava shahridagi Varshava Universiteti (Jahon Universitetlari reytingida 321-o’rinda), Krakov shahridagi Jagiellonski universiteti (1364-yilda Polsha qiroli tomonidan asos solingan, 326-o’rinda), Poznandagi Adam Mickiewicz Universiteti (801-1000), Vrotslav shahridagi Vrotslav Universiteti (801-1000), hamda Lyublin shahridagi Maria Curie-Skladowska Universiteti (1374-o’rinda).  Shuningdek, o’quv dasturining doimiy elementi bu tegishli bo’lgan har bir shaharda Polsha tili kurslari tashkil etiladi.

Dastur doirasida talabalar rejaga asosan yuqorida nomlari sanab o’tilgan shaharlarda tashkil etilgan turli konferensiya va madaniy tadbirlarda ishtirok etishadi. Tadbirlarda ishtirok etish, yashash va yo’l haqi bilan bog’liq barcha xarajatlar dastur tomonidan qoplanadi. Bundan tashqari dastur 9,5 oy davomida turar joy uchun to’lovlar, shahar ichida harakatlanish uchun oylik yo’l chiptalari hamda boshqa xarajatlar uchun oyiga 2000 PLN (536,44 USD) stipendiya ajratadi. Bundan tashqari, talabaning tibbiy sug’urtasi, Polshaga kelish va ketish uchun avia chipta va viza to’lovlari,  shuningdek tadqiqot bilan bog’liq texnika yoki o’quv qurollari sotib olish uchun ijtimoiy paket 4200 PLN (1 126,52 USD) dastur tomonidan qoplanadi.

Dastur grant egalari tadqiqot olib borish bilan birga, unutilmas lahzalarni his qilishi uchun qulay sharoit yaratishni maqsad qilgan. Buning uchun tabiat qo’ynida dam olish, pikniklar tashkil qilish, turli xil madaniy va ko’ngilochar tadbirlar uyushtirish dasturning ajralmas qismidir.

Dastur grant egalarining eng katta yutug’i bu juda keng ko’lamdagi do’stlar (networking) orttirishi hisoblanadi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlaganlar ijtimoiy tarmoqlarda maxsus tashkil etilgan guruhlarda doimiy ravishda muloqot qilib, tajriba almashib turishlari mumkin. Bu sizni keyinchalik ham rivojlanishingizda yordam beradi.

Xulosa qiladigan bo’lsak, Kikrland grant dasturiga hujjat topshiring va hayotingizni yangi jabhalarda rivojlantiring!

2021-2020 akademik o’quv yili uchun hujjatlar 2021 yilning 1 martiga qadar qabul qilinadi.

Grantning rasmiy saytiga kirish uchun bu yerga bosing.

Shu grantni yutib, Polshada ta’lim olib qaytgan hamyurtimiz bilan bog’lanish uchun ma’lumotlar:

Erkinbay Abdullaev,

The Lane Kirkland Scholarship Program

Dasturining 2019-2020 akademik yili uchun e’lon qilingan

Grant sohibi, Dasturning O’zbekistonlik birinchi bitiruvchilaridan

Kirkland Dasturi Volontyor-ambassador

 

E-mail: erkinbay.abdullaev@gmail.com.

 

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!