×

Yaponiyada masgitraturada toʻliq grant (MEXT) asosida oʻqiyotgan talaba bilan suhbat: grantni yutishning muhim jihatlari, imtiyozlar va Yaponiyadagi hayot


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

10684 marta

CHOP ETILGAN

23.01.2019

Grantlar.uz jamoasi Yaponiyaning 2018-oʻquv yilida oʻqishni boshlash uchun eʼlon qilingan Yaponiya hukumati granti (MEXT)ni qoʻlga kiritib, Yaponiyada Hitotsubashi universitetining magistratura bosqichida tahsil olayotgan oʻzbek talabasi Samanov Eldor bilan suhbat uyushtirdi. Quyida suhbat bilan tanishishingiz mumkin.

Oʻzingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz.

Men Eldor Samanov, 1992-yil Samarqand viloyatida tugʻilganman. Yoshligimda fanlardan matematika va sportning dzyu-do turiga juda qiziqardim hamda muntazam shugʻullanardim. Har ikkalasidan ham turli xil musobaqa va olimpiadalarda qatnashib shahar hamda viloyat bosqichlarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritganman. Dzyu-do boʻyicha “Sport ustaligiga nomzod” unvonim bor. Shuningdek, xorijiy tillarni oʻrganishga ishtiyoqim juda baland. Hozirda ingliz, yapon, rus va oʻzbek tillarida erkin muloqot qilaman hamda bu tillarni yanada chuqurroq oʻrganishga harakat qilyapman. Kelajakda, arab va xitoy tillarini oʻrganish niyatim ham yoʻq emas. Kasbim huquqshunos, 2017-yilda TDYUni tamomlaganman. Oʻz kasbimni sevaman va bu sohani tanlaganimdan hech ham afsuslanmayman.

1. MEXT stipendiya dasturi gʻoliblarga qanday iqtisodiy imtiyozlar taqdim etadi? Batafsil sanab bersangiz.

MEXT stipendiya dasturi toʻliq grant hisoblanadi va oʻqish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni qoplab beradi. Buni 3 turga boʻlib tushuntirib berish mumkin:

  • Har oylik stipendiya. Talabaning Yaponiyada yashashi uchun ketadigan barcha xarajatlari (turar joy, oziq-ovqat, tibbiy sugʻurta, oʻquv qurollari va boshqa shaxsiy xarajatlar) uchun umumiy qilib har oyda bir martadan toʻlab boriladi. Stipendiya miqdori talabaning qaysi taʼlim bosqichida oʻqiyotganligiga bogʻliq. Masalan, bakalavr bosqichida talabaga oyiga 117 000 yen (taxminan 1000 AQSh dollari) olishsa, magistratura yoki doktoranturada 145 000 (taxminan 1300 AQSh dollari) yen atrofidagi summani olishadi. Shaxsiy tajribamdan aytishim mumkinki, ushbu summa bir talabaning oʻziga yoki bir oilali talabaga bemalol yetadi. Agar tejalsa ortishi ham mumkin.
  • Oʻqish bilan bogʻliq xarajatlarning toʻliq qoplanishi. Talabalikka nomzod universitetlarga topshirayotgandagi imtihon puli, kirish puli hamda kirgandan keyingi oʻqish pullari va boshqa istalgan turdagi toʻlovlardan toʻliq ozod etilgan boʻladi.
  • Chipta toʻlovlari. Bunda talaba Yaponiyaga kelish va oʻqishni tugatgandan soʻng oʻz davlatiga qaytib ketish uchun tegishli aviachiptalar bilan taʼminlanadi.

2. MEXT stipendiya dasturi uchun minimum til talabi qanday va siz ushbu dasturga topshirganingizda qaysi tillarni qay darajada bilardingiz?

Ushbu dastur yoʻriqnomasida til boʻyicha aniq talab qoʻyilmagan. Unda nomzodda ingliz yoki yapon tillaridan biri boʻyicha “maʼlum bir miqdordan yuqori” daraja boʻlishi kerakligi aytilgan. Men aytgan boʻlardimki, nomzod tanlagan sohada Yaponiyada taʼlim olish uchun kerakli boʻlgan til darajasi boʻlishi kerak.

Men topshirayotgan vaqtimda umumiy 7 ballik IELTS sertifikatim va N2 darajadagi JLPT sertifikatim bor edi. Ushbu grantni qoʻlga kiritish uchun til muhim faktorlardan biri albatta, lekin eng muhimi emas. Bundan 4 yil oldin, xuddi shu MEXT dasturining boshqa bir yillik dasturida oʻqiganimda shunga amin boʻlganman. Garchi, men va men bilan birga grantni yutganlardan koʻra til darajasi boʻyicha kuchli nomzodlar boʻlsa ham, saralashdan muvaffaqiyatli oʻta olishmagandi.

3. MEXT stipendiya dasturiga hujjat topshirganingizda diplom baholaringiz oʻrtachasi necha ball boʻlgan?

Adashmasam, 82 yoki 84 atrofida edi. Grant yutmoqchi boʻlgan har bir nomzod baholarga juda ham eʼtibor berishi kerak deb oʻylayman. Deyarli, men bilgan barcha taʼlim grantlarida bu talab mavjud. MEXT dasturida ham minimal oʻrtacha baho haqida gapirilmagan boʻlsa-da, saralashdagi mezonlar qatoriga kiritilgan.

4. Dasturni qoʻlga kiritish uchun alohida tayyorgarlik qilganmisiz? Qilgan boʻlsangiz qanday?

Toʻgʻrisini aytsam juda ham alohida tayyorgarlik koʻrmaganman. Mening ilmiy ish rejam (research proposal) deyarli tayyor boʻlganligi va oldin ham grantni yutganlik boʻyicha tajribam borligi uchun hujjat bosqichi qiyin boʻlmagan. Savollarga tayyorlanmaganligim uchun, yozma imtihondan oʻta olmasam kerak deb oʻylagan edim va afsus qilganman alohida tayyorgarlik koʻrmaganim uchun. Lekin, kutilmaganda yozma imtihon natijalari muvaffaqiyatli chiqqach, suhbat bosqichiga tayyorlanish uchun qisqagina vaqtda bor kuchimni ishga solganman.

5. Dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?

Uch bosqich: Hujjat topshirish, yozma imtihon va ogʻzaki suhbat bosqichlari. Hujjat topshirish bosqichida kerakli hujjatlarni hammasini tayyorlab topshirish kerak boʻladi. Yozma imtihonda esa sizning tilni bilish darajangiz tekshiriladi. Unda ingliz va yapon tilidagi turli test savollari beriladi. Ingliz tilida oʻqish uchun topshirganlar va faqat ingliz tilini biluvchilar, ingliz tilidagi savollarni ishlab chiqadi. Yaponi tilida oʻqish uchun hujjat topshirganlar va faqat yapon tilini biluvchilar, yapon tilidagi savollarni ishlaydi. Agar nomzodlar ikkala tilni ham bilsa, ikkala tildagi savollarni ham ishlab chiqishi kerak. Ikkala tilda ham savollarning ishlanishi nomzodlarga tanlanishda ustunlik berishi mumkin. Lekin bu degan faqat bir tilni biluvchilar ushbu grantni yuta olmaydi degani emas. Yozma imtihondan muvaffaqiyatli oʻtganlar suhbatga kiradi. Suhbat nomzod bilgan (ingliz yoki yapon) tilda olib boriladi (tahririyat: 2020-yilgi qabul shartlariga koʻra, ingliz tilida topshiruvchilar ham kamida hiragana va katakanani bilishi kerak).

6. Ushbu dasturga topshirishda eng asosiy hujjatlar qaysilari hisoblanadi?

Har bir hujjat muhim hisoblanadi va alohida eʼtibor bilan tayyorlanishi kerak. Chunki,  komissiya aʼzolari aynan hujjatlar toʻplamiga qarab nomzodga baho berishadi va uni tanishadi. Shunday boʻlsa-da, nomzodga baho berilishi mumkin boʻlgan eng asosiy hujjatlar: ariza-anketa, tavsiyanoma va ilmiy ish rejasidir.

7. Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Eng asosiysi vaqt, yaʼni bir kunda hujjatlarni tayyorlab boʻlmaydi va buning imkoni yoʻq. Qisqa vaqtda yozilgan hujjatlar yaxshi natija beradi deb oʻylamayman. Oldindan uzoqroq vaqt (kamida 3 oy) tegishli tayyorgarlikni qilib yurish kerak. Masalan, ilmiy ish rejasini yozish uchun ushbu sohani oldindan chuqur oʻrganish va tadqiq qilib qoʻyish kerak boʻladi. Ariza-anketadagi bandlar boʻyicha ham oldindan kerakli ishlarni qilib qoʻyish kerak. Shulardan, ish tajriba va til darajasi soʻralgan bandlar eng muhimlaridir. Sohaga va ilmiy ishga taalluqli biron joyda amaliyot oʻtash yoki ishlash eng katta plyuslardan boʻladi. Undan tashqari, yapon yoki ingliz tillaridan biridan til darajasini aniqlash  imtihonlarini topshirib qoʻyish lozim. Ikkinchidan, hujjatlarni oʻz tajribasida taʼlim grantni qoʻlga kiritgan (MEXT boʻlsa yanada yaxshi) va ilmiy sohani yaxshi biluvchi shaxslar (qancha koʻp boʻlsa, shuncha  yaxshi)ga tekshirtirib olish lozim. Ularning bergan maslahat va fikrlari bebaho boʻladi deb ayta olaman. Shaxsan oʻzim ushbu grant orqali taʼlim olishayotgan va olishgan oʻz sohamga yaqinroq boʻlgan  senpailar va ustozlardan shu  yordamni olganman va buning uchun ulardan juda ham minnatdorman.

8. Suhbat jarayonida qanday savollar soʻralgan?

Suhbatdagi savollarni asosan 3 qismga boʻlgan boʻlar edim: oʻtmish, hozir va kelajak. Yaʼni, besh kishidan iborat komissiya aʼzolari asosan siz topshirgan hujjatlarga asoslangan holda yuqoridagi 3 narsa haqida soʻrashadi. Shu vaqtgacha nima qilding, hozir nima qilyapsan va kelajakda nima qilmoqchisan degan savollar shaklida boʻladi. Shuningdek, asosan nima uchun shu sohani va ushbu dastur orqali Yaponiyani tanlaganlik masalasini asoslab berish kerak boʻladi.

9. Suhbatda asosan nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Eng asosiy eʼtibor berish kerak boʻlgan masalalar: tashqi koʻrinish, oʻzini tutish, ravon nutq va original javob. Tashqi koʻrinishga toʻxtaladigan boʻlsak, formal kiyinish va ortiqcha taqinchoq hamda atir-upalardan foydalanmaslik tavsiya qilinadi. Shuningdek, suhbatda oʻzini qanday tutish kerakligi va Yaponiya madaniyati haqida oʻrganib qoʻygan afzal. Masalan, xonaga kirish va chiqishda taʼzim qilish va yaponcha salomlashish, stulga ruxsat tegmaguncha oʻtirmaslik, qaddini tik tutish, qoʻllarni stol ustiga qoʻymaslik, har tarafga alanglab gapirmaslik va hokazo. Ravon nutq masalasi ham juda muhim. Bunda olib qochmasdan, berilgan savolga qisqagina qilib, aniq mazmunda va ravon talaffuzda javob berish kerak. Original javob berish eng muhim shartlardan biri hisoblanadi. Bunda qandaydir nimanidir kashf qilish kerak emas, nomzod aynan oʻzining qiziqishini aytib berishi kerak. Universal javoblardan farq qilgan javobni original deyish mumkin va u komissiya aʼzolari esida qoladi hamda suhbatdan keyin nomzodlarni baholayotganda oʻz soʻzini aytadi. Bu toʻrtala qobiliyatni birdaniga shakllantirib boʻlmadi, albatta buning uchun suhbatdan oldin tayyorgarlik koʻrish kerak. Shaxsan mening oʻzim, tushishi mumkin boʻlgan savollarga oʻzimning javoblarimni oʻylab, shuni suhbat asosida mashq qilganman (yana senpailar va doʻstlar yordamida).

10. Grantni yutib olishingizda asosiy rol oʻynagan omillar nimalar deb oʻylaysiz va boshqalarga shu grantni qoʻlga kiritish uchun nimalarga eʼtibor qaratishni tavsiya etasiz?

Grant uchun yaxshi tayyorlanish, har bir shartini sinchiklab oʻrganib chiqish kerak. Shu safar shaxsan men kuchli tayyorlanmagan boʻlsam-da, bu oldingi safar xuddi shu grantni qoʻlga kiritganligim bilan bogʻliq tajribadan deb hisoblayman. Lekin, birinchi marta juda uzoq muddat tayyorgarlik koʻrganim esimda. Xuddi universitetga kirayotgan abituriyentdek boʻlganman oʻziyam.

11. Ushbu grant boʻyicha Yaponiyada oʻqish uchun universitet tanlash va topshirish jarayoni qanday?

Grantning dastlabki birlamchi natijalari chiqqach, gʻoliblarga universitetlar bilan bogʻlanish va Letter of Provisional Acceptance olish kerakligi tushuntiriladi. Siz shu hujjatni olsangiz, oʻsha universitetga kirdingiz deb hisoblanadi. Bunda muhim jihati shundaki siz istagancha universitetga topshirishingiz va dastlab elchixonaga topshirgan hujjatda koʻrsatgan universitetlaringizdan umuman boshqa universitetlarga ham harakat qilib koʻrishingiz mumkin. Bunda oʻsha universitetda sizning sohangiz boʻyicha fakultet va ilmiy rahbarlik qila oladigan professor boʻlishi kerak. Hamma universitetda har xil tartib: baʼzilarida siz faqat hujjatlarni koʻrib chiqadigan komissiyaga murojaat qilsangiz, baʼzilarida tegishli professorning roziligini olishingiz kerak. Xullas, universitetga topshirish bosqichi alohida mashaqqat talab qiladi, agar siz top universitetlarga harakat qilsangiz. Shaxsan mening oʻzim 7 ta universitetga topshirganman va shulardan toʻrttasi qabul qilishgan. Bular: Hitotsubashi, Waseda, Kobe va Tokyo metropolitan universitetlari. Osaka va Hokkaido universitetlari men tanlagan ilmiy rahbar talaba qabul qilmayotganligi sababli, boshqa ilmiy rahbar tanlashim kerakligini aytishgan. Lekin oʻsha vaqtda menda allaqachon 3 tadan ortiq qabul borligi va oʻqish uchun Tokyo shahrini tanlaganligim uchun urinib oʻtirmaganman. Yaponiyaning eng top universiteti – Tokyo universitetidan rad javobi kelgan. Ular sababini koʻrsatishmadi va men ikkita sababni taxmin qildim: birinchisi, universitetda mening soham, yaʼni Intellektual mulk huquqi (IP Law) ga yoʻnaltirilgan programma boʻlmaganligi va kuchli rivojlanmaganligi. Ikkinchisi, Tokyo universitetining hujjatlar qabul muddatigacha ilmish ishimning yaponcha nusxasini qaytadan koʻrib chiqishga ulgurmagandim va inglizchasini topshirib yuborgandim. Koʻplab boshqa universitetlar singari Tokyo universitetida ham huquq faqat yapon tilida oʻqitilganligi sababli, ular menga rad javobi bergan boʻlishi mumkin, kim bilsin. Lekin, hozirgi oʻqiyotgan universitetim – Hitotsubashi universiteti ham huquq va iqtisod yoʻnalishlari boʻyicha Yaponiyada top universitetlardan biri hisoblanadi va bu yerga oʻqishga kirganimdan juda ham xursandman. Xullas, dastlabki saralash bosqichidan oʻtib olsangiz oʻz sohangiz mavjud boʻlgan, Yaponiyaning deyarli istalgan universitetiga oʻqishga kira olasiz deb oʻylayman. Buning uchun albatta universitetlar haqida oʻrganib chiqishda anchagina ter toʻkishga toʻgʻri keladi.

12. Ushbu grant boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri magistraturaga qabul qilinadimi yoki qanaqadir tayyorlov bosqichi bormi?

Yaponiyada taʼlim olish oson boʻlmaganligi sababli, universitetlar chet elliklarni koʻp hollarda Research student (Ilmiy izlanuvchi) qilib qabul qilishadi. Bu muddat 2 yilgacha choʻzilishi mumkin va siz magistratura yoki doktoranturaga kirish uchun universitetga qarab yiliga 1 yoki 2 marta imtihon topshirishingiz kerak boʻladi. Bu muddat davomida darajaga qarab yapon tili kurslariga, ilmiy rahbaringiz darslariga va oʻzingizni qiziqtirgan boshqa darslarga qatnashishingiz hamda imtihonga tayyorlanishingiz mumkin boʻladi. Albatta, toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qiladigan universitetlar ham bor, asosan ingliz tilida oʻqitiladigan programmalar shunaqa. Research student boʻlishning yana bir ijobiy taraflaridan biri siz qisqa vaqt oʻz universitetingizda oʻqib, keyin boshqa universitetga kirish imtihonini topshirishingiz ham mumkin. Qaysi universitet boʻlmasin, imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtsangiz stipendiya muddati yana choʻziladi (qoʻshimcha 2 yil yoki 3 yilga, siz magistratura yoki doktoranturadan qaysiga kirganligingizga qarab).

13. Yaponiyada oʻqish jarayoni qay darajada? Magistraturada haftasiga necha kun dars boʻladi va darslar qiyinmi?

Darslar oson emas,  ayniqsa yapon tilida oʻqiydiganlarga. Yaponiyada magistraturani muvaffaqiyatli tugatish uchun umumiy 30 ta atrofida kredit olish kerak. Buning ichiga professorning ilmiy rahbarligi soati va siz yozadigan ilmiy ish  ham kiradi (ikkalasiga 12 atrofida kredit beriladi). Qolgan kreditlarni olish uchun universitetga haftasiga 2 yoki 3 kun vaqt ketsa kerak deb oʻylayman. Lekin, bu degani qolgan vaqt toʻliq boʻsh qoladi degani emas. Boʻsh vaqt ilmiy ish uchun qoldirilgan vaqt hisoblanadi va talabadan mustaqil izlanishni talab qiladi.

14. Ushbu dastur boʻyicha Yaponiyada oʻqiyotgan talabalarga oʻqishdan boʻsh paytlari ishlashga ruxsat etilganmi? Ruxsat etilgan boʻlsa, haftasiga necha soat?

Ha, qolgan barcha talabalar singari ruxsat etilgan. Yaponiyada talaba maqomidagi chet ellik  shaxs  haftasiga 28 soatdan ziyod ishlashi mumkin emas. Qonun juda toʻgʻri  cheklov qoʻygan deb oʻylayman, chunki talaba ish vaqtini ushbu limitdan oshirib yuborsa oʻqishiga ulgurishni imkonini topa olmay qoladi.

15. MEXT dasturi boʻyicha grant yutganlar oila aʼzolarini (turmush oʻrtogʻi, farzandlarini) olib ketishi ham mumkinmi?

Ha, mumkin. Talaba  ushbu  dasturda oʻqish jarayonida turmush oʻrtogʻi va 20 yoshgacha boʻlgan farzandlarni doimiy oʻzi turgan vaqtga chaqira oladi. Bu “Dependent (家族滞在)” vizasi orqali amalga oshiriladi. Undan tashqari boshqa oila aʼzolarni yoki yaqinlarni ham sayyoh sifatida chaqirish mumkin. Bunda talabada doimiy stabil daromad manbasi  borligi uchun Yaponiyaning oʻzidan boshqa kafil  topish shart emas.

16. Yaponiyada oʻqish davomida siz uchrayotgan qiyinchiliklar nimalardan iborat? Oʻqish bilan bogʻliq va kundalik hayotdagi qiyinchiliklarga alohida-alohida toʻxtalsangiz.

Boshqa jamiyatga yashash  uchun kelinganda (ishlash yoki oʻqishga) qiyinchiliklar boʻlishi tabiiy hol.  Yaponiya madaniyati jihatidan Oʻzbekistonga oʻxshash xususiyatlari koʻp, shuning uchun yengib boʻlmaydigan qiyinchilik bor deb ayta olmayman. Hammasiga moslashsa boʻladi. Faqatgina bir toʻsiq, yaʼni til toʻsigʻi yengib boʻlmasdir. Ayniqsa, ingliz tili dasturidan kelganlar hayotga moslashishga ozgina qiynaladilar. Shuningdek, Yaponiyada ishlab qolmoqchi boʻlinganda viza olish qiyinlashadi. Viza ham chiqishi mumkindir, lekin jamiyatda  yashash uchun yapon tili kerak boʻlaveradi kelajakda. Yana bir masalani aytib oʻtmoqchi edim, yaponlar punktuallik va stabillikni yoqtirishadi. Bu ayniqsa  talabaga universitetdagi professor bilan aloqa oʻrnatishda kerak boʻladi. Oʻzingizni yomon tarafdan bir marta koʻrsatib qoʻysangiz keyin sizni oʻsha muhitdagi imijingizga taʼsir qilib ketadi. Yaponiyani xato qilish (失敗する) mumkin boʻlmagan jamiyat deyishadi.

16. Yaponiyaga joʻnab ketishdan oldin qanday tayyorgarlik koʻrish haqida tavsiyalaringiz.

Joʻnab ketishdan oldin yapon tilini bilmaydiganlar til oʻrganishi, Yaponiya haqida oʻrganib qoʻyishlari kerak.  Endi hozirgi istalgan narsani istalgan joydan topish mumkin boʻlgan davrda nimanidir olib ketish haqida qaygʻurish shart emas deb oʻylayman. Lekin, oshni xush koʻruvchilar uchun oʻzimizni kichkina qozonchadan va oshga solishga zira olib kelishni maslahat bergan boʻlardim.

17. Grantlar.uz sayti haqida fikringiz?

Grantlar.uz sayti ushbu sohadagi eng birinchi ochilgan va taʼlim sohasidagi eng muvaffaqiyatli saytlardan biri deb ayta olaman. Unda oʻz ishining ustalari ishlashadi, aynan shaxsiy tajribada grant yutib chet ellarda taʼlim olganlar ushbu saytni yuritishadi.  Shaxsan men ham doimiy obunachiman va saytni muntazam kuzatib boraman. Saytda siz internetdan oʻzbek tilida topa olmaydigan, juda ham foydali taʼlim grantlari haqida maqolalar berib borilishi tahsinga sazovor.

Saytning taʼsischilarini shaxsan taniyman. Masalan, ulardan biri Maqsud Salomov bilan birga  TDYU da va Yaponiyada birga tahsil olganmiz. 2018-yilgi MEXT dasturining gʻolibi boʻlishimda Maqsudning hissasi katta. Yaqin doʻst va oʻz ishining ustasi sifatida oxirgi  daqiqalargacha birga boʻlgan va tayyorlanishimda katta yordam bergan. Ushbu sayt xizmatlaridan foydalanishni barcha qiziquvchilarga tavsiya qilaman.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!