×

Nufuzli grantlarni yutish uchun yaxshi baho, yaxshi yozilgan insho va yuqori balli til sertifikati yetarli boʻlmasligi mumkin


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

1393 marta

CHOP ETILGAN

10.03.2022

Turli grantlarni, ayniqsa, toʻliq grantlarni yutish uchun baʼzida yuqori balli til sertifikati, yaxshi baho va yaxshi yozilgan inshoning oʻzi yetarli boʻlmasligi mumkin.

Toʻliq moliyalashtiruvchi nufuzli grantlarga nihoyatda koʻp nomzod ariza topshiradi. Va ularning orasida anchasi yuqorida sanalgan koʻrsatkichlarga ega boʻladi.

Xoʻsh, unda eng nufuzli grantlarni yutish ehtimolini yanada oshirish uchun nima qilish kerak?

Bu uchun oʻqishdan tashqari ham faol boʻlish, turli mashgʻulotlar bilan shugʻullanish kerak.

Masalan, quyidagi mashgʻulotlar/dasturlar grant yutishingizda hisobga olinadi:
– Volontyorlik dasturlarida qatnashish
– Amaliyot dasturlarida qatnashish
– Turli konferensiyalarda qatnashish
– Yozgi, kuzgi, qishki maktablarda qatnashish
– Turli tanlovlar va olimpiadalarda sovrinli oʻrinlarni olish
– Sport va boshqa musobaqalarda sovrinli oʻrinlarni olish
– Shaxsiy rivojlanish seminarlari, tadbirlarida qatnashish
– Shaxsiy rivojlanish kurslarida oʻqish va sertifikat olish

Agar nufuzli grantlardan birini qoʻlga kiritishni oʻylayotgan boʻlsangiz, oʻqishdan tashqari yuqorida sanalgan mashgʻulotlardan biri bilan ham shugʻullanish qattiq tavsiya qilinadi.

Ayniqsa, bunday mashgʻulot/dastur xalqaro boʻlsa yoki xalqaro tashkilotda amaliyot yoxud volontyorlik faoliyati bilan shugʻullansangiz, bu siz uchun katta “plus” boʻladi.

Bunda amaliyot yoki volontyorlik faoliyati uchun haq toʻlanishi yoki toʻlanmasligi 1-darajali boʻlmaydi (haq toʻlansa, nur ustiga nur, albatta). Aksincha, toʻplanadigan tajriba, orttiriladigan tanishlar va dunyoqarashning kengayishi siz uchun eng qimmatli aktiv vazifasini oʻtaydi.

Amaliyot va volontyorlik dasturlarini qanday topaman?

Bunday dasturlarni bir qancha manbalardan topishingiz mumkin.

1. Grantlar.uz saytida amaliyot va volontyorlik dasturlari boʻlimlari bor. Bu boʻlimlarda shunday dasturlarning ayrimlari (asosan xalqaro dasturlar) haqida maʼlumot joylab boriladi. Ular orasidan oʻzingizga mosiga ariza topshirishngiz mumkin.

👉 AMALIYOT DASTURLARI
👉 VOLONTYORLIK DASTURLARI

2. Oʻzbekistondagi turli tashkilotlar, jumladan, xalqaro tashkilotlar amaliyot dasturlarini taklif etadi. Ularning rasmiy ijtimoiy tarmoqlaridan bunday dastur takliflarini topishingiz mumkin.

Masalan, Oʻzbekistondagi Amerika Kengashlari koʻplab ish, amaliyot dasturlarini eʼlon qilib boradi. Ularning telegram kanaliga kirib, “job”, “hiring” deb izlasangiz, bunday eʼlonlarni topasiz.

Bundan tashqari, bu kabi xalqaro amaliyot/volontyorlik dasturlarini Britaniya Kengashi, AQSH elchixonasi, Amerika markazi va shu kabi tashkilotlar tarmoqlaridan ham topish mumkin.

3. Oʻzbekistonda volontyorlar assotsiatsiyasi mavjud. Assotsiatsiyaning telegram kanalida koʻplab volontyorlik dasturlari haqida muntazam eʼlon qilib boriladi.

4. Google.com saytida “volunteering programs” deb izlab koʻrishingiz ham mumkin. Qidiruv nihoyatda koʻp natija chiqarib beradi. Lekin bunda oʻzingizga mos va nisbatan ishonchli dasturni topish uchun maʼlumotlarni diqqat bilan oʻrganib chiqishingiz kerak.

5. Oʻzingiz mustaqil volontyorlik dasturi tashkil qilishingiz mumkin. Aytaylik, ingliz tilini yaxshi bilasiz: bepul speaking club, ingliz tili kursi (onlayn yoki oflayn) tashkil qilishingiz mumkin. Yoki dasturlashni bilsangiz, dasturlash boʻyicha kurslar tashkil qilishingiz mumkin.

Umuman, oʻzingiz yaxshi bilgan istalgan soha boʻyicha volontyorlik dasturlarini tashkil qila olasiz.

Albatta, bunday kurslarni haq evaziga tashkil qilishingiz ham mumkin, bu yogʻini oʻzingiz hal qilasiz.

☝️ Oʻzingiz qatnashgan/tashkil etgan yoki oʻqigan dasturlaringizning sertifikatlarini (agar berilsa) saqlab qoʻying. Birdan skanerlab, PDF shaklda yigʻib borsangiz boʻladi. Ular kelajakda biror dasturni yutishga yordam beradi.

Postimiz oz boʻlsa-da foydali boʻldi deb umid qilamiz.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!