Bugun oʻqish bepul bepul boʻlgan navbatdagi oliygoh – Xitoyning Pekin shahrida joylashgan Yenching akademiyasi haqida maʼlumot beramiz.
Bu akademiya Pekin universitetiga qarashli magistrlarni tayyorlashga moʻljallangan oliy taʼlim muassasadir. Akademiyada faqat magistrlik dasturlari mavjud, bakalavriat, PhD yoki boshqa bosqich dasturlari mavjud emas.
Akademiyaga har yili 120 nafar atrofida magistr qabul qilinadi va ularning barchasiga toʻliq grant beriladi.
Xarajatlar
Magistrlik dasturi 2 yil davom etadi. 1-yilda barcha talabalar Yenching akademiyasi oʻquv binosida tahsil oladi.
Qabul qilingan barcha talaba oʻqishning 1-yilida quyidagi imtiyozlar bilan taʼminlanadi:
– Oʻqish pulidan toʻliq ozod qilinadi.
– Bepul turar joy bilan taʼminlanadi.
– Oylik stipendiya beriladi.
– Borish va kelish uchun aviachipta olib beriladi.
– Joylardagi tadqiqotlar xarajatlari qoplanadi.
2-yilda talabalar magistrlik dissertatsiyasini yozadi. Bunda xalqaro talabalarning Xitoyda boʻlishi talab qilinmaydi, oʻz vataniga qaytib ham dissertatsiyasini yozishi mumkin. Lekin vataniga qaytgan talabalarga yuqoridagi imtiyozlar berilmaydi (faqat oʻqish pulidan ozod qilingan holda qoldiriladi.
Agar talaba 2-yilda ham Xitoyda qolib, shu yerda dissertatsiya yozishni xohlasa va 1-yildagi oʻzlashtirish darajasi yaxshi boʻlsa, 2-yil uchun grantga ariza topshirishi mumkin (grant yuqorida sanalgan imtyozlarni qamrab oladi).
Shuningdek, 2-yili akademiya kampusida yashab, talabalarga yordam koʻrsatish xizmatida ishlasa, qoʻshimcha moliyaviy yordam bilan ham taʼminlanadi.
Yoʻnalishlar
Akademiyada quyidagi yoʻnalishlar (tadqiqot sohalari) mavjud:
– Economics and Management
– History and Archaeology
– Philosophy and Religion
– Politics and International Relations
– Law and Society
– Literature and Culture
Barcha yoʻnalishlar ingliz tilida oʻqitiladi.
Talablar
Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:
– Istalgan sohada kamida bakalavrlik darajasiga ega boʻlish yoki bu darajani oʻqish boshlanadigan yilning 31-avgustigacha olish kerak.
– Aʼlo baholarga ega boʻlish kerak.
– Xitoyda sohalararo taʼlim olishga kuchli qiziqish kerak.
– Oʻqishdan tashqari yutuqlar, jamoat ishlaridagi ishtirok, ijtimoiy masʼuliyat boʻyicha tajribaga va yetakchilik potensialiga ega boʻlish kerak.
– IELTS 7.0, TOEFL iBT 100 yoki shunga teng xalqaro til sertifikati talab qilinadi.
Topshiriladigan hujjatlar:
– Toʻldirilgan onlayn ariza.
– Shaxsiy bayon (maksimal 750 soʻz).
– Tadqiqot qiziqishi bayoni (maksimal 1500 ta soʻz).
– CV.
– Universitetdagi taʼlim bosqichlarida (bakalavriat, agar boʻlsa, magistratura ham) olingan baholar.
– Universitetdan berilgan diplom(lar) yoki universitetda tahsil olayotganlik haqida maʼlumotnoma.
– 2 ta akademik tavsiyanoma.
– Kamida IELTS 7.0 yoki TOEL iBT 100 yoxud shunga teng darajadagi xalqaro til sertifikati.
Qabul sanalari
Odatda qabul har yili avgust oyi oxirida boshlanib dekabr oyi boshigacha davom etadi. Masalan, 2023-yilda oʻqishni boshlash uchun qabul 2022-yil avgustda ochislishi va 2022-yil dekabr oyi boshigacha davom etilishi kutilmoqda.