“COVID-19 Challenge 2020” – bu COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan innovatsion vositalar va yechimlar uchun onlayn tanlov bo’lib, unda O’zbekistonning barcha hududlaridan yosh innovatorlar COVID-19 pandemiyasidan aziyat chekkanlarga yordam berish uchun bilim, texnologiya, tibbiyot va tadbirkorlikni birlashtirib, hamkorlikda innovatsiyalarni yaratishlari mumkin.
Koronavirus pandemiyasi davrida O’zbekiston hukumati infeksiyaning tarqalishiga qarshi kurashish uchun bir qator cheklov choralari qabul qilingani tufayli, koʻplab odamlar ishsiz qolishdi. Hozirda fuqarolarning alohida toifalari, shuningdek muayyan hamjamiyatlar va korxonalar yordam va qoʻllab-quvvatlashga muhtoj.
Shu maʼnoda mazkur tanlovni o’tkazish – bu innovatorlar joriy inqirozni yengishga yordam beradigan yangi vositalar oʻylab topadigan, tajriba o’tkazadigan hamda texnologiyalar va raqamli yechimlarni yaratadigan onlayn platforma yaratishga harakatdir.
Tarmoqli va oʻzari jips yondashuv bilan muhim muammolarga texnologik yechimlarni safarbar qilish, ularni aniqlash va joriy etish orqali COVID-19 inqirozining ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini barchaga, ayniqsa aholining himoyaga muhtoj guruhlariga ta’sirini kamaytirish va yumshatish mazkur tanlovdan koʻzlangan bosh maqsad hisoblanadi. Tanlov tez joriy etsa boʻladigan va milliy koʻlamda jadal masshtablanadigan texnologik yechimlarni izlashga qaratilgan.
Tanlov tashkilotchilari: O’zbekistondagi BMTTD vakolatxonasi, IT Park, Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi va Yoshlar Akademiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzbekiston savdo-sanoat palatasi, O’zbekiston yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazi, “Raqamli ishonch” jamg’armasi, Jahon banki va YXHT O’zbekistondagi loyihalar koordinatori.
Shuni qoʻshimcha qilish mumkinki, tanlov tashkilotchilari bir nechta loyiha jamoalari oʻrtasida faoliyat va teskari aloqa yoʻnalishida yordam koʻrsatadigan ekspertlar vazifasini bajaradigan mentorlar bilan yelkama-yelka ishlaydilar. Ularning maqsadi bir vaqtning oʻzida muhim va amalga tatbiq etishga layoqatli yechimlarni yaratishdan iboratdir. Har bir yoʻnalisjga 4-5 nafar mentor jalb etiladi.
Tanlov quyidagi yoʻnalishlarda boʻlib oʻtadi:
- Sogʻlikni saqlash
- Yordamga muhtoj aholiga koʻmaklashish
- Kichik biznes va oʻzini oʻzi band qilganlarni qoʻllab-quvvatlash
- Jamoatchilikni qoʻllab-quvvatlash
- Taʼlim
- Xabardorlikni va xulq-atvorni yaxshilash
- Boshqalar
Tanlovda yuqoridagi mavzularda qamrab olinmagan yechim va gʻoyalarni ham taklif qilish mumkin.
Biz sizning fikringizcha muhim va tanlovga kiritilishi lozim deb hisoblangan har qanday boshqa mavzular boʻyicha innovatorlarni yechimlarni ilgari surishga taklif qilamiz. Gʻoyalarni olgʻa suring va nostandart fikrlashdan uyalmang!
Tanlovda istalgan kishi qatnashishi mumkin. Qiziquvchilar va kompaniyalar roʻyxatdan oʻtish va taklif etilayotgan texnologik yechim gʻoyasini onlayn shaklni toʻldirish orqali taqdim etishlari soʻraladi. Arizalar qabul qilingandan keyin loyihalar koʻrib chiqiladi. Muvaffaqiyatli gʻoya va loyihalar muallif va jamoalari onlayn suhbatga taklif etiladilar. Suhbatdan muvaffaqiyatli o’tgan novatorlar mentorlikdan (onlayn moderatsiya va aqliy hujum) oʻtadilar hamda yakuniy saralash va shartnoma tuzilishidan avval loyihani oldindan himoya qiladilar.
Kamida 5-ta tanlangan loyiha sinovdan o’tkazish va taklif qilingan texnologik yechimlarni amalga tatbiq etish uchun hamkorlar tomonidan taqdim etilgan 10 000 AQSh dollarigacha boʻlgan moliyaviy mablagʻ bilan taʼminlanadi.
Tashkilotchilar eng samarali yechimlar kelgusida moliyalashtirilishi va joriy inqiroz paytida imkon qadar maksimal ehtimoliy samaraga erishish yoʻlida qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida COVID-19 tarqalishining oldini olish boʻyicha Respublika maxsus komissiyasi bilan birga ish olib boradilar.
Tanlovga arizalar 2020-yilning 20-apreliga qadar qabul qilinadi.
Tanlovga ariza topshirish, qatnashish talablari, tanlov qoidalari va qoʻshimcha maʼlumotlar uchun quyidagi havolaga bosing: http://covid-19challenge.it-park.uz/