×

Doctor of Philosophy (PhD) va Doctor of Science (ScD): asosiy farqlar, oʻqish kimlar uchun, talablar va dissertatsiya himoyasi haqida


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

40095 marta

CHOP ETILGAN

05.01.2019

2017-yilning 1-iyulidan boshlab, yurtimizda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim sohasi isloh qilindi. Yaʼni, falsafa doktori – PhD (Doctor of Philosophy) va fan doktori – ScD (Doctor of Science) ilmiy darajalarini beruvchi doktorantura tizimi joriy qilindi.

Huquqiy asos

Ushbu tizimni joriy etish va jarayonni tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-fevraldagi “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-4958-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 304-son Qarori hamda “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim toʻgʻrisida Nizom”ga muvofiq amalga oshiriladi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017 y., 8-son, 106-modda). Batafsil: SHU YERDA.

Farqi nimada?

PhD va ScD doktorlik ilmiy darajasining boshlangʻich va toʻliq bosqichlarni anglatadi. Mohiyatiga koʻra, avvalgi fan nomzodi PhD, fan doktori esa ScD ga mos keladi.

Oʻqishga qabul

PhD

1. Tegishli fan tarmogʻi boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi tayanch doktoranturada oʻqiydi. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayanch doktoranturaga kiruvchi yoki mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtiriluvchi shaxslar quyidagi talablarga javob berishi lozim:

  • magistr darajasi yoki klinik ordinatura (tibbiyot fanlari uchun),yoki oliy maʼlumot (mutaxassislik dasturlari boʻyicha) toʻgʻrisidagi diplomga ega boʻlish;
  • falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin boʻlgan muayyan ilmiy natijalarga, shu jumladan, ilmiy jurnallar va nashrlarda chop etilgan kamida bitta ilmiy maqolaga hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlarda, tegishli ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy ishlar toʻplamlarida kamida ikkita tezisga ega boʻlish;
  • Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchilikka ikki yildan kam boʻlmagan ilmiy-pedagogik stajga yoki aniq ilmiy yutuqqa (ixtiroga patent yoki mualliflik guvohnomasi) ega boʻlgan shaxslar rasmiylashtiriladi.
  • Tayanch doktoranturaga nomzod kirish imtihonlarini topshiradi.

2. Oʻrnatilgan tartibda mustaqil tadqiqotchi sifatida rasmiylashtirilgan, magistr darajasiga yoki oliy maʼlumotga (mutaxassislik dasturlari boʻyicha) ega boʻlgan, yoxud klinik ordinaturani tugatgan (tibbiyot fanlari uchun) shaxslarga ham falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga ruxsat beriladi. Mustaqil izlanuvchilik suhbat natijasiga koʻra rasmiylashtiriladi.

*Tibbiyot fanlari boʻyicha oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim institutiga qabul qilishda OTM yoki ITMning Kollegial organi qarori bilan talabgordan klinik ordinatura (magistraturani) yoki ilmiy darajani olganidan soʻng ilmiy, ilmiy-pedagogik yoki amaliy ish stajiga (ikki yildan toʻrt yilgacha boʻlgan muddatda) ega boʻlishi talab etilishi mumkin.

ScD

1. Tegishli fan tarmogʻi boʻyicha fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi doktoranturada oʻqiydi. Fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun doktoranturaga kiruvchi yoki mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtiriluvchi shaxslar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) yoki unga tenglashtirilgan xorijiy mamlakatlarda olingan ilmiy darajalar;
  • fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgandan soʻng muhim ilmiy yutuqlarga erishish, shu jumladan, fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin boʻlgan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida uchta ilmiy maqolaga hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va tegishli ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy ishlar toʻplamlarida kamida ikkita tezisga ega boʻlish.
  • doktoranturaga qabul suhbat asosida amalga oshiriladi.

2. Oʻrnatilgan tartibda mustaqil tadqiqotchi sifatida rasmiylashtirilgan, falsafa doktori (PhD) yoki fan nomzodi, yoki xorijiy davlatlarda berilgan, unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga ega boʻlgan shaxslarga ham fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga ruxsat beriladi. Mustaqil izlanuvchilik suhbat natijasiga koʻra rasmiylashtiriladi.

*Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim institutiga qabul qilinadigan talabgorlarning tayanch mutaxassisligi oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim institutidagi ixtisoslik tegishli boʻlgan fan tarmogʻiga muvofiq boʻlishi kerak. Mutaxassisliklar muvofiq boʻlmaganda dissertatsiyalarni tayyorlash va himoya qilish masalalari Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim toʻgʻrisidagi Nizom bilan tartibga solinadi.

Qanday hujjatlar topshiriladi?

PhD

Tayanch doktoranturada oʻqishga talabgorlar OTM yoki ITMga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

  • ariza;
  • qisqacha biografik maʼlumotnoma;
  • mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (ishlayotgan talabgorlar uchun);
  • oliy taʼlim muassasasi magistraturasi diplomi yoki klinik ordinaturani tugatganlik (tibbiyot fanlari uchun), oliy maʼlumot (mutaxassislik dasturlari boʻyicha) toʻgʻrisidagi diplom nusxasi;
  • nashr etilgan ilmiy ishlar roʻyxati, shuningdek ularning nusxalari.
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohiblari tegishli hujjat nusxasini taqdim etadilar.

ScD

Doktoranturada oʻqishga talabgorlar OTM yoki ITMga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

  • ariza;
  • qisqacha biografik maʼlumotnoma;
  • mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (ishlayotgan talabgorlar uchun);
  • oliy maʼlumot, fan nomzodi yoxud falsafa doktori (PhD) yoki xorijiy davlatlarda unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga ega boʻlganligi toʻgʻrisidagi diplom nusxasi;
  • tadqiqot mavzusi boʻyicha ilmiy maʼruza va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan doktorlik dissertatsiyasi rejasining mufassal loyihasi;
  • nashr etilgan ilmiy ishlar roʻyxati, shuningdek ularning nusxalari.

Kirish imtihonlari

PhD

Tayanch doktoranturada oʻqish uchun talabgorlar mutaxassislik va chet tili (taʼlimning oldingi darajalarida oʻrganilgan xorijiy til) boʻyicha kirish imtihonlari topshiradilar. Talabgorlarda IELTS (oʻrtacha balli kamida 5,5), TOEFL (RBT) (567 balldan kam boʻlmagan), TOEFL (iBT) (87 balldan kam boʻlmagan), CEFR (B2 darajadan past boʻlmagan) boʻyicha tasdiqlovchi amaldagi xalqaro malaka sertifikatlari mavjud boʻlganda chet tilidan topshiriladigan imtihonlardan ozod etiladi.

Kirish imtihonlari savollari OTM yoki ITMning qabul komissiyasi tomonidan mutaxassislikning mohiyatidan kelib chiqib tuziladi va Kollegial organ tomonidan tasdiqlanadi.

ScD

Doktoranturada oʻqish uchun kirayotgan talabgorlar Kollegial organ tomonidan ixtisoslik boʻyicha suhbatdan oʻtadilar.

*Dedlayn: PhD tayanch doktoranturaga kirish imtihonlari va doktoranturaga kirish uchun suhbat har yili 1 — 25 noyabr davrida oʻtkaziladi.

Kimlarga imtiyoz beriladi?

Tayanch doktoranturaga va doktoranturaga kiruvchi talabgorlarning kirish imtihonlari, suhbat natijalaridan va ajratilgan qabul kvotasidan kelib chiqib, qabul komissiyasi va (yoki) Kollegial organ tomonidan 30 noyabrgacha boʻlgan muddatda qabul qilinganlardan tanlanadi.

Bir necha talabgorlarning tayanch doktoranturaga va doktoranturaga kirish imtihonlari yoki suhbat natijalari boʻyicha ular tomonidan toʻplagan yakuniy ballari teng boʻlgan taqdirda quyidagi talabgorlarga ustunlik beriladi:

Tayanch doktoranturaga:

  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari sohiblari;
  • magistraturani aʼlo baholar bilan tamomlaganlar;
  • mualliflik guvohnomalari va patentga ega boʻlganlar.

Doktoranturaga:

  • 5 yildan ortiq ilmiy-pedagogik stajga ega boʻlganlar;
  • mualliflik guvohnomalari va patentga ega boʻlganlar;
  • monografiya (ijtimoiy-gumanitar fanlar uchun), talabgorning dissertatsiya mavzusi boʻyicha OAK roʻyxatiga muvofiq ilmiy jurnallarda, shu jumladan xorijiy jurnallarda chop etilgan soni boʻyicha (boshqa talabgorlarga nisbatan) koʻp miqdorda ilmiy maqolaga ega boʻlganlar;
  • dissertatsiya tadqiqoti hajmining 50 foizdan koʻp qismini bajarganlar.

Stipendiya qancha?

Oʻqishga qabul qilingan:

PhD: tayanch doktoranturada tahsil oluvchi shaxslarga stajyor-tadqiqotchi lavozim maoshining bazaviy miqdoriga tenglashtirilgan miqdorda stipendiya toʻlanadi.

Doctor of Science: doktoranturada tahsil oluvchi shaxslarga fan nomzodi ilmiy darajasiga ega (ilmiy unvonga ega boʻlmagan) katta ilmiy xodim lavozim maoshining bazaviy miqdoriga tenglashtirilgan miqdorda stipendiya toʻlanadi.

Himoya jarayonidagi talablarda qanday farqlar bor?

PhD

PhD ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tayyorlayotgan nomzodga ilmiy rahbar tayinlanadi.

Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishda dissertatsiya himoyasiga qadar izlanuvchilar:

  • ixtisoslik hamda chet tili boʻyicha malakaviy imtihon topshirishi;
  • dissertatsiya natijalarining xalqaro va respublika ilmiy va ilmiy-amaliy konferensiyalarida keng muhokama qilinishini taʼminlashi;
  • OAK tomonidan belgilangan ilmiy jurnallarda chop etilgan dissertatsiyasining asosiy natijalarini aks ettiradigan kamida uchta (shu jumladan bittasi xorijda) ilmiy maqolaga ega boʻlishi shart.

*Bakalavriat taʼlimi yoʻnalishi va magistratura mutaxassisligi taʼlimning turli sohalariga tegishli boʻlganda, OAK tomonidan belgilangan fanlar boʻyicha qoʻshimcha imtihonlar topshirish sharti bilan, bakalavriat taʼlimining yoʻnalishiga tegishli boʻlgan taʼlim sohasiga muvofiq boʻlgan mutaxassislik boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasining belgilangan tartibda tayyorlanishiga va himoya qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.

ScD

ScD uchun ilmiy konsultant (ilmiy maslahatchi) tayinlanadi.

*Fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqotlarini, izlanuvchining xohishiga koʻra, ilmiy konsultantsiz ham olib borish mumkin.

Fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun dissertatsiya himoya qilishgacha izlanuvchilar:

  • dissertatsiya natijalarining xalqaro va respublika ilmiy va ilmiy-amaliy konferensiyalarida keng muhokama qilinishini taʼminlashi;
  • OAK tomonidan belgilangan ilmiy jurnallarda chop etilgan dissertatsiyasining asosiy natijalarini aks ettiradigan kamida oʻnta (shu jumladan bittasi xorijda) ilmiy maqolaga ega boʻlishi shart.
  • Ijtimoiy-gumanitar fanlar boʻyicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun izlanuvchilar dissertatsiya natijalari boʻyicha monografiya chop etgan boʻlishi lozim.

Dissertatsiyaga qoʻyiladigan talablar

PhD

Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya bilimlarning tegishli tarmogʻida muhim ahamiyatga ega masalaning yangi yechimidan iborat yoki dolzarb ilmiy masalaning yechimiga qaratilgan ilmiy asoslangan ilmiy-texnik yoki ijtimoiy-iqtisodiy tavsiyalar ishlab chiqilgan tugallangan shakldagi ilmiy ish boʻlishi lozim.

ScD

Fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya tugallangan ilmiy ish boʻlishi va unda:

  • muhim ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy yoki amaliy muammolar yechimi keltirilgan;
  • yoki tegishli fan sohasining istiqbolli yoʻnalishini rivojlantirish uchun yirik yutuq sifatida baholanadigan yangi nazariy qoidalar kompleksi ishlab chiqilgan;
  • yoki joriy etilishi fan va texnika, ijtimoiy-siyosiy soha yoki iqtisodiyot tarmogʻining rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshadigan nazariy-metodologik va uslubiy asoslar, ilmiy asoslangan texnik, iqtisodiy yoki texnologik yechimlar ishlab chiqilgan (takomillashtirilgan) boʻlishi lozim.

*Har ikkala daraja uchun dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalari OAK tomonidan belgilanadi. Shuningdek, dissertatsiyani rasmiylashtirish va uni himoya qilish izlanuvchining xohishiga koʻra oʻzbek, rus, qoraqalpoq va ingliz tillaridan biri yoki OAK bilan kelishilgan holda boshqa tilda amalga oshiriladi.

Umumiy malaka talablari

Quyidagilar oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorgarligining zaruriy va yetarli darajasini belgilaydigan asosiy talablar hisoblanadi:

Falsafa doktorlari uchun (PhD):

  • umumilmiy va aniq tarmoq tadqiqotlarining metodologiyasini egallagani, muammoni malakali tarzda aniqlashi va asoslay olishi, ilmiy maʼlumotlar va materiallarni maqsadli tarzda izlay olishi, tahlil qilishi, tizimlashtirishi va umumlashtirish qobiliyatiga ega boʻlishi;
  • tadqiqot natijalariga asoslanib muammo mazmunini bayon qila bilishni, ilmiy xulosalar va tavsiyalarni aniq va loʻnda ifodalay olishi;
  • ilmiy natijalarni amaliyotda joriy etish uchun taqdim qila olishi;

Fan doktorlari uchun (DSc):

  • ixtisoslik boʻyicha chuqur fundamental bilimlarga ega boʻlishi;
  • fundamental tadqiqotlarni yuqori saviyada bajara olishi va muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega ilmiy-amaliy muammolarni yecha olishi;
  • ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etishi.

Diplom quyidagi koʻrinishda boʻladi:

PhD

ScD

*Barcha maʼlumotlar bilan batafsil: SHU YERDA tanishing.

*Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-fevraldagi “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-4958-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 304-son Qarori, shuningdek, Qarorning 2-ilovasi boʻlganOliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim toʻgʻrisida Nizom” asosida tayyorlandi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!