×

Scopus va Men yoxud “chiqindi quti”dagi tadqiqotlar


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

3689 marta

CHOP ETILGAN

02.09.2020

Aytsam tilim, aytmasam dilim…
Shu kunlarda Scopus ilmiy axborotlar bazasidan “yirtqich” yoki “tijoriy” deb nomlangan jurnallarda nashr etilgan minglab ilmiy maqolalar chiqarib tashlangani maʼlum boʻldi. Ammo ushbu jurnallar hozir ham Scopus bazasida onlayn tarzda “faol” boʻlib turibdi. Maqolalar bilan bir qatorda ularga keltirilgan iqtiboslar ham oʻchirilibdi. Natijada, Xirsh indeksi ham pasayib ketdi. Yigʻlagim keldi… Ha aytgancha, oʻzi bu ish qonuniymi?

Bu haqida ilmiy tadqiqotchi sifatida Scopus maʼlumotlar bazasini tekshirayotib, tasodifan bilib qoldim. Shu paytgacha Scopus maʼlumotlar bazasiga kiritilgan jurnallarda bir necha bor maqolalar nashr ettirganman. Tekshirib koʻrganimda ikkita maqolam jurnalning veb-saytiga joylangan edi: International Journal of Psychosocial Rehabilitation (ISSN: 1475-7192) (Inogamova D., Rustamova N., 2020; Ruzieva D.I., Rustamova N.R., Tursunov D.S., Khurramov A.J. 2020), ammo bu maqolalar 2020-yilning may oyida bazada indeks qilingandi. Aynan shu maqolalar oʻchirib tashlangani maʼlum boʻldi. Ular allaqachon Scopusda emas deb yozilgan. Yaʼni mening va men bilan birga mingdan ortiq olimlarning maqolalari shunchaki chiqindi qutisiga tashlangan. Aytgancha, deyarli xuddi shunday holat 2019 yil dekabr oyida ham sodir boʻlgandi, oʻshanda men bitta maqolamni International Journal of Innovative Technology and Exploring Engineering (IJITEE) (ISSN 2278-3075 (online)) (Rustamova N.R, 2019) da va ikkinchisini International Journal of Engineering and Advanced Technology (IJEAT) (ISSN 2249-8958 (online)) (Melievna D.M., Rustamovna N.R. and others, 2019) eʼlon qilgandim va Scopus maʼlumotlar bazasida paydo boʻlishini kutayotgandim. Ushbu jurnalni “chiqindi” roʻyxatiga kiritilishi yoqimsiz yangilik boʻldi.

“Add Missing Document” mashmashasi …

Bu masala-ku, hammasidan oʻtib tushdi. Scopus maʼlumotlar bazasiga “Add Missing Document” soʻrovini yuborganimda, menga birinchi “Bu jurnal hozir taftish qilinyapti va siz bilan 2-3 oydan keyin bogʻlanamiz” deb javob berishdi. Koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin ushbu soʻrovni yana bir marta yubordim. Bu safar menga “Bu jurnal endi Scopusda indekslanmaydi, shuning uchun maqolangizni bazaga kiritib bermaymiz” dedi. Bu maqolalarda aks etgan maʼlumotlar tadqiqotlarim natijasi boʻlib, juda sifatli edi, boshqa maqolani-ku, hamkasblarim bilan 3 oyda yozgandik. Ruhim tushib ketdi…​

Men shuni tushuna olmayapman…

Nega maqolalar jurnalda nashr etishga qabul qilinganda, nihoyat, Scopusga kiritilayotganda ikki martalik mahfiy tekshiruvdan, taqrizchilar qoʻlidan oʻtadi-yu, indamay bazadan chiqarib tashlanganda bunday “muolaja”lar amalga oshirilmaydi?Kimningdir mehnati mahsulini qayta koʻrib chiqmasdan, jamoaviy javobgarlikni vahshiylarcha buzgan holda, hech kimning ishtirokisiz bazadan chiqarib tashlash shunchalik osonmi?

Agar maqolalar muayyan, tasdiqlangan, hujjatlashtirilgan, mualliflar va taqrizchillardan tushuntirishlar olingan holda tekshirilganida, ilmiy nosogʻlomlik faktlari aniqlanganda, yoki maʼlum bir alohida nashrlar sifatsizligi, poraxoʻrligi va hokazolarga asoslanib chiqarib tashlanganda, buni tushunardim. Ammo sifatsiz maqolalar bilan birga yuqori sifatli maqolalar chiqarib tashlanganini, jurnallarning butun-butun sonlari boshdan-oyoq oʻchirib tashlanganini tushunolmadim. Scopusdan ilmiy javobgarliksiz, ilmiy standartlarni buzganligi toʻgʻrisida ekspert xulosasisiz oʻchirilgan barcha nashrlarni tiklashni taklif qilaman.

Menimcha…

Ilmiy maqolalarni Scopusga qaytarish haqidagi taklif beryapman, chunki fanda elitizm qabul qilinishi mumkin emas: ilmiy oʻlchovlar ilmiy aloqaga xizmat qilishi kerak va u sahna ortida turadigan ilmiy jamiyatning “elit qatlami” sifatida tanlab olingan kishilarning tor qatlamini yaratmasligi kerak. Ilmiy maqolalarni ilmiy maʼlumotlar bazalariga taqdim etish va suiisteʼmol uchun sanksiyalarni qoʻllash ochiq, tortishuvli jarayoni boʻlishi, bunda mualliflar ham shikoyat qilish, fikr bildirish huquqiga ega boʻlishi kerak. Maqolalar maʼlumotlar bazasidan chiqarilgunga qadar mualliflarga ham, nashrlarga ham ogohlantirish berish hamda xatolarni tuzatishga imkon berish lozim.

Menga oʻxshagan odamlarga: “Bu sening aybing, agar eski taniqli institutlar va universitetlarning jurnallari va konferensiya materiallari toʻplamlarida maqola nashr ettirganingda, bunday boʻlmas edi”, deydiganlarga ham javobim tayyor: Men oʻsha siz aytgan “elit” jurnallarda ham maqolalar nashr ettirganman. Va bu jarayon baʼzan qanchalik ortiqcha qogʻozbozliklar bilan vaqt oʻtkazish ekanini ham yaxshi bilaman. Shuning uchun ham yangi nashrlarni eʼtiborsiz qoldirmaslikni istadim.

Men pedagogika fanlari boʻyicha Ph.D., yaʼni falsafa doktoriman. Hozirda “Vitagen tajriba asosida talabalarni oʻqitish texnologiyasi” mavzusidagi DSc dissertatsiyasi ustida ishlamoqdaman. Ilmiy natijalarni sinab koʻrish uchun men konferensiyalarda chiqish qilaman, tadqiqotlarim natijalarini maqola va tezislar shaklida nashr etaman. Nashr etilgan barcha ishlarimni ORCID va ResearchGate ilmiy ijtimoiy tarmoqlariga joylashtiraman, istaganlar ular bilan tanishishlari va mening ishim sifatli, original va ishonchli ekanligiga ishonch hosil qilishlari mumkin.

Ilmga kirib kelganimdan boshlab kuzatishlarim natijalari bilan oʻrtoqlashmoqchiman: eski ilmiy muassasalar ish tartibi juda gʻalati tuzilgan. Ular, masalan, konferensiya uchun tezislarni qabul qilib, toʻplamini ishtirokchilarga tarqatmasliklari va tezislar toʻplamini nashr etishni uzoq vaqt davomida kechiktirishlari mumkin. Nashrga qabul qilingan maqolani bir necha oy davomida tahririyatda “achitib” qoʻyishlari ham mumkin.

Joʻnatgan maqolalarimning bir nechtasi shunday “elit” jurnallarda chop etilmay qolib ketgan. Ayrimlari darhol rad etildi, ayrimlariga-ku umuman javob yozgani ham erinishdi, shekilli, dom-daraksiz ketdi. Ushbu jurnallardan bir nechtasida hanuzgacha maqolalarim “koʻrib chiqilyapti” maqomida “uxlamoqdalar”.

Ilmiy ishlarim kimningdir beparvoligi, haddan tashqari bandligi yoki mablagʻi yetishmasligi tufayli uzoq vaqt soyada qolib ketishini istamayman. Faqatgina oʻz vaqtida dunyo yuzini koʻrgan maqolagina ilmiy ahamiyatga ega boʻladi, siz taklif etgan yangilik qandaydir rivojlanishlar uchun asos boʻladi. Aytaylik, qaysidir “elit” jurnalning tahririyatida ikki yil “chang bosib” yotgan ilmiy yangilikning jamiyatga qanday foydasi bor?

Ilmiy izlanishlarim natijalari sinchkovlik bilan koʻrib chiqilishini va maqbul vaqt oraligʻida, bir oy yoki ikki, koʻpi bilan uch oyda nashr etilishini xohlayman men. Maqolalar va tezislar tezkor ravishda Internetga joylashtirilishini, kutubxonalarga yuborilishini, zarur rekvizitlar (ISSN / ISBN, DOI va boshqalar) biriktirilishini, ilmiy maʼlumotlar bazalarida indekslanishini xohlayman. Hamkasblarimga maqolamni tezroq taqdim etish, ularning fikrlari, tanqidlarini qabul qilish, iqtiboslarga ega boʻlishga loyiqman, deb hisoblayman.

Ilm rasmiy mezonlarga asoslanib “elit” maqomlar tayinlash joyi boʻlib qolar ekan, soxta ilmiy byurokratiya oʻrnida yuqori sifatli ilmiy aloqa paydo boʻlishi mumkinligi haqidagi xayollar orzuligicha qolaveradi. Toʻgʻri, soxta ilmga yoʻl qoʻymaslik kerak, chunki hozir bunday “usullar”ga ehtiyoj katta, shuningdek aniq amaliy natijalar bermagan tadqiqotlar foyda keltirmaydi.

Dunyoni yaxshi tomonga oʻzgartirish uchun ilm-fan eng yangi menejmentga asoslangan biznes boʻlishi kerak.

Shuning uchun men koʻproq oʻsha “krutoy” akademik nashrdan koʻra pullik nashrni afzal koʻraman, chunki u ekspert tekshiruvini tashkil qiladi va bir necha oy ichida jurnalni nashr etadi, “elit” jurnal esa olti oy yoki bir yil davomida sizning maqolangizni endi koʻrib chiqqan boʻladi (agar ulgursa). Yaxshisi, men ikkita maqola yozaman va har ikkala nashrga material yuboraman: ilmiy amaliy natijalarga ega akademik nashriyotga va “elit” jurnalga.

Haqiqat shundaki…

Mavjud va ishlaydigan akademik nashriyotlarga “chiqindi”, “yirtqich”, “firibgarlar” deysizmi, istaganingizcha nom qoʻying, ammo haqiqat shuki, ular koʻplab universitetlarga qaraganda ilmiy muhitni yaxshiroq tashkil qiladilar. Oʻsha “krutoy” ilmiy muassasalar ularning muvaffaqiyatiga hasad qilmasliklari va ularga qarshi urush ochmasliklari kerak. Yaxshisi, ularning tajribalarini oʻrganish va hamkorlik qilish, sifatli ekspertizadan pul topishni yoʻlga qoʻysinlar. Kichik tashkiliy ishlarni allaqachon kichik tijoriy muassasalarga qoldirish lozim. Chunki ular bu borada yetarlicha tajriba orttirib boʻlishgan.

Va nihoyat, men shunchaki, har qanday ilmiy tadqiqotchi singari oʻz ishimning natijalarini koʻrishni istayapman, xolos.

Maqolaning yuqoridagi qismiga oid ayrim rasmlar (screenshot) bilan SHU YERDA tanishishingiz mumkin.

“Himoyalanish”ga tayyormisiz?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Scopusning soxta jurnallari” qabilidagi postlarga koʻzimiz tushdi. Quyida Vatanimiz ilm olamini “algʻov-dalgʻov” qilib yuborgan Scopus va unga oid masalalar haqidagi fikrlarimizni Siz bilan baham koʻrmoqchimiz.

Savol: Scopus bazasidan chiqib ketgan jurnallar “soxta” hisoblanadimi?

Javob: Scopus haqida gap borganda, avvalo, ushbu bazada “active” (“faol”), “inactive” (“nofaol”) yoki “discontinued” (“tugatilgan”) maqomida boʻlgan jurnallargina mavjud. Xalqaro doiradagi sertifikatsiyadan oʻtgan, indeks tizimlarida roʻyxatga olingan nashrlar haqidagi “soxta” qabilidagi tuhmatlar uchun jurnal tahririyati yoki shu jurnalda maqola eʼlon qilgan muallif tuhmatchini sudga berishi mumkin.

Savol: Agar Scopusda “discontinued” maqomiga ega boʻlib qolgan jurnalda maqola chiqargan boʻlsam, bu maqola hech qanday qiymatga ega boʻlmaydimi?

Javob: Birinchidan, Siz maqola chiqargan jurnallar Scopusdan tashqari OAKning dissertatsiyaning asosiy ilmiy natijalarini eʼlon qilishga tavsiya etilgan jurnallar roʻyxatiga yoki OAK tarafidan eʼtirof etilgan 43ta indeks tizimlarida koʻrsatilgan biror indeksga kirgan boʻladi. Masalan, Scopusdagi hamma jurnallar shu 43ta indeks roʻyxatidan 41-raqamda qayd etilgan SCimago indeksida mavjudligi aniq. OAK va Siz ishlayotgan tashkilot esa, Sizning maqolangizni aynan xalqaro doirada eʼtirof etilgan indeksga kirgan nashrda chop ettirilgan ilmiy asar sifatida qabul qiladi. Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi Rayosatining 2017-yilning 23-iyunidagi “Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2894-son Qarori asosida tasdiqlangan OAK “Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisida Nizom”da yozib qoʻyilgan.

Savol: Boʻlar ish boʻldi. Men oʻz ilmiy asarim boʻlgan mehnat mahsulimni qanday himoya qila olaman?

Rostdan ham, boʻlar ish boʻldi. Dod-faryod yoki kimdandir hafa boʻlgandan koʻra, bu vaziyatni oʻz foydangizga hal qilishga harakat qiling. Nima qilish mumkin?

Birinchi holat: Jurnal Scopusdan chiqqan boʻlsa ham, maqolangiz bazada indeks qilingan-ku. (Hayriyat!) Bittagina shu dalil Sizning hamma muammoingizni hal qiladi. Xavotirga oʻrin yoʻq.

Ikkinchi holat: Afsus, hali indeks qilishga ulgurmagan ekan… Bu vaziyatdan chiqishning ham iloji bor:

  1. Jurnal sahifasiga kiring. “Indexing” boʻlimida jurnal kiritilgan indeks tizimlari haqida maʼlumot berilgan. Shu roʻyxat ichidan OAK roʻyxatiga kiruvchi indekslarni tanlab oling hamda oʻzingizga roʻyxat qiling, bu isbot uchun kerak.
  2. SCimago saytiga kiring va Siz maqola chiqargan jurnalga oid hamma maʼlumotlarni toʻplang: Jurnal H indeksi, Q darajasi va hokazo maʼlumotlarning oʻzi ham Sizning maqolangiz yuqori nufuzli ilmiy nashrda chop etilganini tasdiqlaydi.

Savol: Dissertatsiya himoyasi uchun aynan Scopus bazasiga kiritilgan jurnalda maqola chop ettirishim kerakmi?

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi Rayosatining 2017-yilning 23-iyunidagi “Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2894-son Qarori asosida tasdiqlangan OAK “Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisida Nizomga asoslanib shuni aytishimiz mumkinki, “salmoqli ilmiy yangiliklar olgan va impakt-faktori tegishli darajada yuqori va roʻyxat boʻyicha xalqaro tizimga kirgan ilmiy jurnallarda eʼlon qilingan maqolalarning hammasini OAKga topshira olasiz.

Savol: Men yaqinda Scopus bazasidan oʻchirib tashlangan maqolalardan birining muallifiman. Maqolamning bundan keyingi taqdiri nima boʻladi?

Bu voqea yurtimiz ilm ahli uchun katta zarba boʻldi. Ammo maʼlum boʻlishicha, bu kabi holatlar avval ham Scopus bazasida roʻy bergan hamda mualliflarga maqolalar 3 yil davomida tiklab berilgan ekan. Biz ham Siz kabi, vaqt oʻtishi bilan bu maqolalar bazada qayta tiklanadi, deb umid qilmoqdamiz. Maqolangiz esa, birinchi savolda keltirilganidek, OAK qayd etgan nufuzli 43ta indekslardan biriga kiruvchi nashrda eʼlon qilingan maqola sifatida ilmiy hamda intellektual asar sifatida oʻz qiymatini yoʻqotmaydi.

Savol: Men faoliyat yuritayotgan oliygohda mening maqolamni “soxta”ga chiqarishdi…

Eng ogʻriqli nuqta. Bilasizmi nega? Chunki Scopus ichki siyosatini toʻla anglab yetmagan, yoki oʻzi bu bazaga kirgan jurnalda hali birorta maqola nashr ettirmagan odamlar ilmiy ishlar boʻyicha faoliyatni boshqarishga masʼul qilib qoʻyilgan. Albatta, Scopus bir yilda ikki marta oʻz bazasini yangilashi va buning oqibatida qaysidir jurnallar “discontinued” maqomiga tushirilishi haqida avval tuzukroq maʼlumot olmagan odam uchun Sizning maqolangizni “soxta”ga chiqarish juda qulay. Yana bir holat: ilmiy maqola yozish hamda uni nashr ettirish mashaqqatini his qilmagan odam Sizning vaziyatingizni tushunmasligi tabiiy. Bunday vaziyatda imkon qadar bu maqolangiz Scopus bazasida tiklab berilishini, tiklanmagan taqdirda ham, ilmiy asar sifatida oʻz qadrini yoʻqotmasligini tushuntirishga harakat qiling. OAK va uning 43ta indeks koʻrsatilgan qoʻllanmasi bu ishda Sizga koʻmakchi.

Savol: Maqolamni “soxta”ga chiqargan odamlarga nima deyishni bilmayapman-da…

Siz hech qanday qonun buzilish holatiga yoʻl qoʻymadingiz, Siz shaʼningiz va gʻururingizni poymol qiladigan ish qilmadingiz. Kimdan uyalasiz? Boshingizni baland koʻtaring, Siz olimsiz, ilm chirogʻi, Vatanimiz ertasi, kelajagimiz taraqqiyoti Siz bilan bogʻliq. Bu holatlar Siz va Bizga berilgan yana bir sinov. Shunday ilmiy yangilik qilib, dissertatsiya himoya qilgan/qilayotgan odamga bu nima boʻlibdi. Himoyadagi qiyinchiliklarni eslang))) Bu kunlar ham oʻtib ketadi…

Va nihoyat…

Kecha bir onaxon bilan gaplashib qoldim. Asabiylashayotganimni koʻrib, “Nima boʻldi, bolam, nega hafa boʻlyapsiz?” – deb soʻradilar. Qisqacha qilib, tuhmatga qolganimni aytdim. Onaxon nima dedilar, bilasizmi?

“Bolam, intellekti bor odam tuhmat qilgani odamlardan uyaladi, farosati bor odam esa Allohdan hayo qiladi…”

Farosatsiz odamlar koʻp ekan-da, deb oʻyladim…

Nodira Rustamova, PhD

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!