×

Sud ishlari, jinoyat va jazo: xalqaro jinoyat huquqini bepul o’rganish va AQShning nufuzli universiteti sertifikatiga ega bo’lishni xohlaysizmi?


Blog

BO'LIM

Kurslar

O'QILGAN

2801 marta

CHOP ETILGAN

13.07.2020

Xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda huquqning biron bir yo’nalishi xalqaro jinoyat huquqichalik muhim rol o’ynamaydi. Xalqaro jinoyat huquqi Nyuremberg sud jarayoni, Saddam Husayn ishi, Al-Qoida terrorchilariga qarshi suddan tortib Somali qaroqchilarining sud qilinishigacha jarayonlarning markazida turadi. Huquqning bu yo’nalishi bo’yicha kamida boshlang’ich bilimga ega bo’lish nafaqat jahon voqealarini yaxshiroq tushunish, balki global hayotdagi ba’zi juda muhim tushunchalar bilan tanishish imkonini beradi.

Coursera onlayn kurslar platformasiga joylashtirilgan Introduction to International Criminal Law (xalqaro jinoyat huquqiga kirish) kursi xalqaro jinoyat huquqi bo’yicha boshlang’ich bilimlarga ega bo’lish istagidagilar uchun ajoyib imkoniyat. Chunki, birinchidan, bu kurs ma’ruzalari sohaning eng yetakchi mutaxassislari tomonidan tayyorlangan, mustaqil o’qish uchun beriladigan ma’lumotlar esa eng yaxshi darslik, qo’llanma va maqolalardan olingan. Ikkinchidan, kurs materiallarini o’zingizga qulay vaqtda, o’zingiz istagan tartibda o’zlashtirishingiz mumkin. Uchinchidan esa, kursda o’qish mutlaqo bepul. Kurs Case Western Reserve University tomonidan taqdim etiladi. Ma’ruzalarni Michael Scharf olib boradi. Xalqaro jinoyat huquqiga kirish kursiga hozirda 93 400 ga yaqin o’quvchi ro’yxatdan o’tgan. Kurs materillari ingliz tilida bo’ladi.

Kursda nimalarni o’rganasiz?

Ushbu kursda o’quvchilar xalqaro jinoyat huquqi va siyosati asoslari bilan tanishadilar. Genotsid, harbiy jinoyatlar, terrorizm va qaroqchilik kabi xalqaro jinoyatlari ta’rifi, bir-biridan farqi va darajalari haqida ma’lumotlar kuchli mutaxassislar tomonidan eng yaxshi manbalar asosida tushuntirib boriladi. Kurs davomida xalqaro jinoiy javobgarlik va maxsus himoyaning noyob usullari bilan birga ayblanuvchini hibsga olish va sud zalini nazorat qilish masalalarini ham ko’rib chiqasiz. Kurs materiallaridan foydalanish mutlaqo bepul. Agar kursni tamomlaganligingiz to’g’risida rasmiy sertifikat olishni xohlasangiz, sertifikat uchun to’lov amalga oshirishingiz kerak bo’ladi. Coursera’ning COVID-19 vaziyatida talaba va o’qishni yaqinda tamomlagan mutaxassislarga yengillik yaratish maqsadidagi siyosatiga ko’ra esa, 2020-yil 31-iyulga qadar ro’yxatdan o’tganlarga sertifikat bepul taqdim etiladi. Buning uchun siz o’qiyotgan oliy ta’lim muassasasiga ochilgan elektron pochta manzili orqali ro’yxatdan o’tsangiz kifoya.

Darslar tarkibi

Xalqaro jinoyat huquqiga kirish kursi 8 qismdan iborat. Coursera’da ular “modullar” deb ataladi. Har bir qismda mustaqil o’qib chiqish uchun maqola, kitob va qonunchilik hujjatlaridan parchalar, o’qituvchi tomonidan tayyorlangan videolar, baholab boriladigan topshiriqlar va o’tilgan mavzularni hayotiy vaziyatlarda yaxshiroq tasavvur qilish uchun to’qima keys stadilar bo’ladi. Kursni tamomlash uchun umumiy 12 soat atrofida vaqt ketadi.

Kurs darslari jadvali quyidagicha:

1-qism. Xalqaro jinoyat huquqi tarixi.

2-qism. Xalqaro jinoyatlar: 1-qism. Urushga oid jinoyatlar, genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va qiynoq.

3-qism. Xalqaro jinoyatlar: 2-qism. Terrorchilik va qaroqchilik.

4-qism. Javobgarlikning maxsus shakllari: javobgarlik, sheriklik bo’yicha javobgarlik va jinoyat sodir etishga undash.

5-qism. Maxsus himoya: aqli norasolik, majburlik, bosim ostida qilingan jinoyat va davlat boshliqlarining immuniteti

6-qism. Ayblanuvchini hibsga olish: ekstraditsiya, avrash, o’g’irlash va maqsadli qotillik

7-qism. Sudgacha bo’lgan masalalar: da’vo bitimi, o’z-o’zini himoya qilish va qiynoqqa oid dalillarni istisno qilish

8-qism. Sud zalini nazorat qilish.

Ro’yxatdan o’tish

Kursga ro’yxatdan o’tish uchun bu yerga kirish zarur. Agar Coursera saytida shaxsiy akkauntingiz bo’lmasa, avval saytda ro’yxatdan o’ting. Xalqaro jinoyat huquqiga kirish kursi sahifasida “Enroll for Free” tugmasini bossangiz, ro’yxatdan o’tish oynasi ochiladi. Ro’yxatdan o’tish vaqtida sertifikat uchun pulli ro’yxatdan o’tish yoki bepul ro’yxatdan o’tishdan birini tanlashingiz kerak bo’ladi. Agar avvaliga bepul ro’yxatdan o’tsangiz-u, keyin sertifikat olishga qaror qilsangiz, istalgan vaqtda to’lovni amalga oshirishingiz mumkin. Sertifikat olish uchun kursning baholanadigan qismlarini ma’lum balldan yuqori natijalar bilan tamomlashingiz kerak bo’ladi. Baholanadigan topshiriqlardan o’ta olmasangiz, imtihonlarni istalgancha qaytadan topshirish mumkin.

Kursga oid qo’shimcha ma’lumotlar bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!