×

Tibbiyot bo’yicha innovatsion va amaliy loyihalar tanlovi: mukofot jamg’armasi – 52 milliard so’m!


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

2620 marta

CHOP ETILGAN

10.09.2020

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovining 32-turi eʼlon qilinadi

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida kasalliklarni davolashning yangi samarador usullari va texnologiyalarini yaratishga, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligini oshirishga, tibbiy xizmat sifati va aholi salomatligi koʻrsatkichlarini oshirishga toʻsqinlik qilayotgan muayyan muammolar yechimini taʼminlashga qaratilgan ilmiy loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Shu maqsadda, ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida innovatsion hamda amaliy loyihalar tanlovining “Tibbiyot fanlari” yoʻnalishi boʻyicha 32-turi eʼlon qilinadi.

Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladi.

Tanlov mavzulari

Tanlov shartlari.

Koronavirus pandemiyasi sababli respublikamizda eʼlon qilingan karantin sharoitida loyihalar www.fan-portal.uz veb-sahifasi orqali 2020-yilning 31-oktyabriga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

Bunda quyidagi hujjatlarning asl nusxalari skanerdan oʻtkazilib, pdf shaklida www.fan-portal.uz veb-sahifasiga yuklanishi lozim:

  • ijrochi tashkilotning yuqori turuvchi vazirlik/idorasi rahbari (oʻrinbosari) tomonidan imzolangan yoʻllanma hat;
  • ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan koʻchirma;
  • amaliy yoki innovatsion loyiha matni (imzo va muhr qoʻyilgan holda).

Loyiha matni A4 formatdagi standart qogʻoz varagʻining ikki tomonida joylashishi va qoida tariqasida 1,15 qator oraligʻida yozilishi lozim. Har bir bet yuqoridan va pastdan 2 sm; chapdan 3 sm; oʻngdan 1,5 sm hoshiyaga ega; xatboshi 1,27 sm ga teng va bir xilda boʻlishi lozim.

Matnni tayyorlashda “Times New Roman” 12 oʻlchamli shriftda “Misrosoft Word” matn redaktoridan foydalanish tavsiya qilinadi.

Betlar titul varagʻidan boshlab oxirgi varaqqacha izchil ketma-ketlikda raqamlanadi. Betning tartib raqami varaqning pastki oʻng burchagida 2 raqamidan boshlab yoziladi. Titul varagʻiga 1 raqami qoʻyilmaydi.

Loyihaning har bir talab qilingan hujjati va boshqa tarkibiy qismlari yangi betdan rasmiylashtiriladi.

Loyiha rahbari va ishtirokchilarining mezonlarda talab qilingan ilmiy ishlar roʻyxati (oxirgi 3 yil davomidagi nashrlar quyidagi xronologik tartibda keltirilib, izchil ketma-ketlikda raqamlanadi: monografiya; patent; ilmiy maqola; ilmiy toʻplamlar va boshqa nashr ishlari) 3.4-shaklga qatʼiy rioya qilingan holda rasmiylashtiriladi va muallif, ilmiy kotib tomonidan imzolanib, tashkilot muhri bilan tasdiqlanadi.

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qatʼiy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, koʻchirmachilikka (plagiat) yoʻl qoʻyilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi.

Dastlabki texnik ekspertizadan oʻtmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PQ-3855-son qaroriga muvofiq, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilgan amaliy va innovatsion tadqiqotlar natijalari ular yakunlanganidan soʻng toʻliq tijoratlashtirilishi shart.

Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov gʻoliblari tomonidan ilmiy-texnik loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning masʼul xodimlari javobgar hisoblanadilar.

Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumot www.mininnovation.uz veb-saytida “Tanlovlar” ruknining “Tanlov natijalari” interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi. www.fan-portal.uz veb-portali orqali elektron roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq texnik masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish vazirligining qoʻllab-quvvatlash xizmati: (71) 203-32-23 (620, 621), (90) 993-99-32 – Axborot texnologiyalarini joriy etish boʻlimi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!