×

Universitetga qabul jarayonidagi barcha so‘nggi o‘zgarishlar bir maqolada


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

7947 marta

CHOP ETILGAN

15.05.2019

O‘zbekiston prezidentining va Vazirlar mahkamasining qarorlari bilan oliy o‘quv muassasalariga qabul jarayoniga bir qator olamshumul o‘zgarishlar kiritildi.

Abituriyentlar uchtagacha bakalavriat yo‘nalishida tanlovda ishtirok etishi mumkin

  • 2019/2020-o‘quv yili qabulidan boshlab abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish huquqi berildi.
  • Oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.
  • Abituriyentning test sinovida to‘plagan ballari haqidagi ma’lumot test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi esa test sinovini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlanganidan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Kelgusi o‘quv yilidan abituriyentlar 5 ta fandan test sinovi topshiradilar, 3 tasi majburiy
2020/2021-o‘quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi ikki bo‘limga ajratiladi.
Birinchi bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy bo‘lgan quyidagi uchta fan kiritiladi:
  • ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili);
  • matematika;
  • O‘zbekiston tarixi.

Ikkinchi bo‘limga abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan kiritiladi.

IELTS, TOEFL, TestDAF kabi sertifikatlarga ega abituriyentlar chet tili testlaridan ozod qilinadi

IELTS, TOEFL (ingliz tili), DELF (fransuz tili), Goethe-Zertifikat (nemis tili) va bir qator boshqa xorijiy tillarning xalqaro sertifikatiga ega abituriyentlarga shu fandan belgilangan maksimal ball berilib, testdan ozod etiladi.

Masalan, agar ingliz tili birinchi fan sifatida kiritilgan bakalavriat yo‘nalishlariga hujjat topshirgan bo‘lsa:

  • International English Learning Testing System (IELTS 5,5) va undan yuqori,
  • Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72) va undan yuqori,
  • Cambridge Assessment English FCE va undan yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishlari kerak.

Ingliz tili birinchi fan bo‘lmagan boshqa bakalavriat yo‘nalishlarida:

  • International English Learning Testing System (IELTS 4,5),
  • Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 42) va undan yuqori,
  • Cambridge Assessment English PET, B1 va undan yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishlari kerak.

Magistratura yo‘nalishlarida ham shunday tartib joriy etiladi.

Bu nafaqat ingliz tiliga, balki nemis, fransuz, ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tillariga ham taalluqli.

Hujjatlar universitet qabul komissiyasiga topshirilmaydi

Abituriyentlardan hujjatlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.

Qayta test topshirayotganlar pul to‘laydi

Test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun EKIHning yarim baravari (101 ming 365 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.

Nogiron yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno.

Manba: minbar.uz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!