Ushbu maqolada bepul turar joy va oziq-ovqat evaziga volontyorlik qilish imkonini beruvchi Worldpackers platformasi haqida ma’lumot beramiz. Bu platforma hali Markaziy Osiyoda Yevropa va boshqa hududlardagichalik keng tarqalmagan bo’lsa-da, O’zbekiston fuqarolariga viza talab qilinmaydigan Turkiya kabi davlatlarda ham volontyorlik imkoniyatlari topish mumkin. Chet elda o’qiyotgan talabalar uchun esa imkoniyatlar nisbatan kengroq. Eng muhimi, siz ham bu platformadan ro’yxatdan o’tib, o’z maktabingiz, tashkilotingiz yoki uyingizga istalgan davlatdan volontyorlar taklif qilishingiz ham mumkin. Agar uzoq-uzoqlarga sayohat qilish va turli xil ishlarni sinab ko’rishga qiziqsangiz, bu imkoniyat aynan siz uchun. Chunki bunda siz turli xil mezbonlarga yordamlashib, tajriba orttirishingiz, qolgan bo’sh vaqtingizda esa borgan joyingizda sayohat qilishingiz mumkin. Maqola Grantlar.uz jamoasi a’zosi va Worldpackers loyihasi doirasida ko’p marta volontyorlik qilgan talaba – Dilnoza Fayzieva tomonidan tayyorlandi. Dilnoza hozir Vengriyada tahsil oladi hamda bo’sh vaqtida Yevropa va Turkiya bo’ylab muntazam volontyorlik qilib keladi. Worldpackers uchun yillik obuna sotib olishda DILNOZA10 promo kodi orqali 10 AQSh dollari chegirmaga ega bo’lishingiz mumkin.
Ogohlantirish: Sayohat qilish yoki biror dasturda ishtirok etishdan avval, batafsil tadqiqot o‘tkazishingizni va firibgarlik holatlaridan ehtiyot bo‘lishingizni tavsiya qilamiz. Grantlar.uz sayti va jamoasi Worldpackers platformasi bilan hech qanday aloqaga ega emas va ushbu platformadan foydalanish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday muammo, xavf yoki nizolar uchun javobgar emas. Saytimizda berilgan ma’lumotlar asosida qabul qilgan har qanday qaroringiz uchun javobgarlik faqat o‘zingizga tegishli bo‘ladi. Har qanday ko‘ngilli dasturda ishtirok etishdan oldin, mezbonlarning ishonchliligini tekshirishni va ehtiyotkorlik bilan harakat qilishni tavsiya etamiz.
Worldpackers nima?
Worldpackers — bu sayohatchilar va mezbonlarni bog‘lovchi onlayn platforma bo‘lib, foydalanuvchilar o‘z mahoratlari evaziga dunyoning turli burchaklarida yashash va ovqatlanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ushbu platforma 2014-yilda Rik Lima va Erik Faria tomonidan yaratilgan bo‘lib, bugungi kunda 140 dan ortiq mamlakatda mezbonlarga ega.
Worldpackers’ning asosiy maqsadi — har kimga sayohat qilish va shu bilan birga jamiyatga foyda keltirish imkonini berishdir. Platforma orqali foydalanuvchilar ko‘ngilli sifatida turli loyihalarda, masalan, fermalar, hostellar, ekologik qishloqlar, nodavlat va notijorat tashkilotlar va boshqa joylarda ishlashlari mumkin. Evaziga ular bepul turar joy, ovqatlanish va boshqa imtiyozlarga ega bo‘ladilar. Odatda, volontyordan kuniga 3-6 soat va haftasiga 3-5 kun o’z mezboniga mayda ishlarda yordamlashish talab qilinadi. Ish hajmi va soatlari ba’zi mezbonlarda juda kam, boshqalarida (masalan, dengiz bo’yi va juda mashhur joylarda) nisbatan ko’proq bo’lishi mumkin. Worldpackers platformasi volontyorni qo’llab-quvvatlash maqsadida 24\7 uzluksiz qo’llab-quvvatlash xizmati (customer support) va ba’zi hollarda turar joy xarajatlarini qoplash uchun sug’urta bilan ta’minlaydi. Ushbu platforma, ayniqsa, sayohatni arzonroq qilishni istagan va madaniyat almashinuvi orqali yangi tajribalar orttirishni maqsad qilgan sayohatchilar uchun juda foydalidir. Batafsil
Worldpackers qanday ishlaydi?
Worldpackers platformasida ikkita asosiy guruh mavjud: sayohatchilar va mezbonlar.
Sayohatchilar o‘zlarining yo‘nalishlari, qiziqishlari va qobiliyatlariga qarab mezbonlarni izlashlari mumkin.
Mezbonlar esa o‘z ehtiyojlari va talablariga mos ravishda ko‘ngillilarni tanlaydilar.
Sayohatchi sifatida siz quyidagilarga e’tibor berishingiz kerak:
- Ko‘ngillilik asosida sayohat qilish tartibini tushunish. Worldpackers tizimida ishlash juda oson: Siz haftasiga belgilangan soat davomida mezbonga yordam berasiz va buning evaziga turar joy, ovqatlanish va boshqa imtiyozlar olasiz. Mezbonning talabidan kelib chiqib, kamida bir necha kundan bir necha oygacha volontyorlik qilish mumkin.
- Ko‘ngillilik sayohati sizga mos kelish-kelmasligini aniqlash. Sayohatchilar uchun hech qanday yosh yoki millat bo‘yicha cheklovlar yo‘q, lekin 18 yoshdan katta bo‘lish talab etiladi. Siz tanlagan davlatga borish uchun viza zarur yoki yo’qligini ham aniqlab oling. Agar viza olish kerak bo’lsa, mezbon yoki Worldpackers platformasi sizga vizaga yordam bermaydi, o’zingiz mustaqil ravishda viza olishingiz kerak bo’ladi.
- Sayohat qilishni xohlagan joy va ishni tanlash. Worldpackers 140 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Siz quyidagi mezbonlar bilan ishlash imkoniga ega bo‘lasiz:
- NNTlar
- Nodavlat maktablar
- Ekologik qishloqlar
- Hostel va mehmonxonalar
- Homestay dasturlari
- Qishloq xo‘jaligi fermalari
- Holistik markazlar.
Volontyor sifatida qilish mumkin ishlarga misol: qabulxonada navbatchi yoki administrator, ingliz tilidan dars o’tish, tozalash ishlarida yordamchi, oshxonada yordamchi, bog’ yoki hovli ishlarida yordamchi, va boshqalar. Agar sizda DJlik va musiqa, suratkashlik, ijtimoiy tarmoqlarga kontent tayyorlash kabi bilimlar bor bo’lsa, shu ishlar bilan shug’ullanuvchi volontyor izlayotgan mezbonlar ham juda ko’p. Odatda, siz tanlagan mezbonning nima ish bilan shug’ullanishiga qarab, shu ishda mezbonga qanday yordam kerak bo’lsa, shu ishda yordamlashishingiz mumkin. Bunda volontyordan talab qilinadigan barcha narsa Worldpackers platformasida mezbon joylashtirgan e’londa aniq ko’rsatilgan bo’ladi.
- Worldpackers a’zoligiga qo‘shilish. Platformada istalgan vaqt ro’yxatdan o’tib ko’ngilli ishga e’lonlar bilan tanishib chiqishingiz mumkin, lekin mezbonlarga xabar yozish va hujjat topshirish uchun a’zolik to‘lovini amalga oshirishingiz kerak. Platformada turli paketlar mavjud:
- Solo Trip: yiliga 59 AQSh dollari to’lov
- Solo Pack: yiliga 109 AQSh dollari to’lov
- Solo Pack Plus: yiliga 139 AQSh dollari to’lov
- Couples/Friends Trips: yiliga 69 AQSh dollari to’lov
- Couples/Friends Pack: yiliga 129 AQSh dollari to’lov
- Couples/Friends Pack Plus: yiliga 159 AQSh dollari to’lov.
Eslatma: platformaga juftlik sifatida qo’shilish ham mumkin. Bunda do’stingiz, turmush o’rtog’ingiz yoki istalgan boshqa odam bilan birga (2 kishidan iborat) bitta profil yaratib, birga volontyorlik qilish mumkin. A’zolik uchun paket sotib olayotganda DILNOZA10 promo kodini kiritib, 10 AQSh dollari chegirmaga ega bo’lishingiz mumkin. Bunday promo kod shu platforma orqali sayohatga chiqib, mezbonlardan kamida 3 marta yaxshi baho olgan ko’ngillilarga taqdim etiladi. Biz yuqorida keltirib o’tgan o’zbek talabasi Dilnoza ham yaxshi ishtiroki uchun ushbu promo kodga ega bo’lgan.
- Profilni to‘ldirish va Worldpackers Akademiyasida o‘qish. Profilingizni to‘ldirib, o‘z mahoratlaringiz va tajribangiz haqida ma’lumot bersangiz, mezbonlar sizni tanlash ehtimoli ortadi. Shuningdek, Worldpackers Akademiyasi orqali “Ajoyib Worldpackers sayohatchisi qanday bo‘lishi kerak?” mavzusida kurslarni o‘tish ham mumkin.
- Mezbonlarga ariza topshirish. Ko‘ngilli sifatida qaysi mezbon bilan ishlashni xohlayotganingizni aniqlang, ariza yuboring va mezbon bilan bog‘laning.
- Sayohatingizni tasdiqlash. Worldpackers platformasida safarni tasdiqlash orqali platforma tomonidan taqdim etiladigan barcha qo‘llab-quvvatlash va kafolat xizmatlaridan foydalanish mumkin bo‘ladi.
- Ko‘ngilli sifatida sayohatni boshlash. Sayohat davomida mezbon bilan yaxshi aloqada bo‘ling, ochiq fikr bilan yangi tajribalarni qabul qiling va madaniy farqlarga moslashing.
Ko’ngilli yordam uchun mezbon izlash
Worldpackers platformasining maxsus mobil ilovasi mavjud. Ilovada o’zingizga kerakli davlat yoki kalit so’zni kiritgan holda barcha imkoniyatlarni ko’rib chiqishingiz va kerakli ishga ariza berishingiz mumkin. Quyida Worldpackers mobil ilovasidan bir nechta skrinshotlar keltiramiz:
Ko’ngilli sayohatingiz nihoyasiga yetgach, o’zingiz borgan joy haqida fikr yozib qoldirishingiz mumkin. Siz mezbonga bergan baho barchaga ko’rinib turadi. Mezbon ham sizga baho berishi mumkin, agar mezbondan past baho olsangiz, keyingi ko’ngilli ishlarga qabul qilinishingiz qiyin bo’ladi.
Worldpackers orqali pul ishlash
Kamxarj safar qilishdan tashqari, Worldpackers sizga pul ishlash imkonini ham beradi:
Worldpackers Creator sifatida: Sayohatlaringiz haqida kontent yaratib, Worldpackers’ning rasmiy sahifalarida e’lon qilish orqali pul ishlashingiz mumkin.
Worldpackers Guru sifatida: Sayohatchilarni platformaga jalb qilib, har bir yangi a’zo uchun komissiya olishingiz mumkin.
Worldpackers Blogger sifatida: Worldpackers blogi uchun maqolalar yozib, har bir maqola uchun $50 – $160 pul ishlash imkoniyati mavjud.
Xulosa
Dunyodagi barcha tekin narsalar kabi, bepul sayohat uchun ham o’ziga yarasha “to’lov”lar mavjud: bunda siz mehnatkash bo’lishingiz, har xil yangi muhit va topshiriqlarga tez moslasha olishingiz, sayohat va yangi joylarga borishdan qo’rqmasligingiz kerak. Bu platforma mezbonlar va volontyorlar uchun shunchaki uchrashish nuqtasi xolos, shuning uchun o’zingiz ogoh bo’lib, ehtiyot choralarini ko’rishingiz, har bir mezbonni o’zingiz tekshirib, boshqa volontyorlar qoldirgan fikrlar bilan tanishib chiqishingiz, nimadir shubhali tuyilsa rad etishingiz va doim e’tiborli bo’lishingiz talab etiladi. Lekin agar shu talablarga javob bera olsangiz, sizda istagan davlatingizdagi sizga qiziqarli bo’lgan istalgan joy va sohada ko’ngilli xizmat qilish, o’sha yerning mahalliy madaniyatini ko’rish va deyarli bepulga dunyo kezishingiz mumkin.