×

Xorijda olingan diplomlar Oʻzbekistonda tan olinadimi?


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

4531 marta

CHOP ETILGAN

21.09.2019

Xorijda oʻqiyotgan yoki oʻqib kelgan yurtdoshlarimizdan “bizning diplomimiz Oʻzbekistonda oʻtadimi?” degan juda koʻp savollar kelib tushadi.

Shunga koʻra, bu boʻyicha qisqa tushuntirish berib oʻtmoqchimiz.

Huquqiy asosi

Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 620-son qarori bilan belgilangan.

Diplomlar qanday tan olinadi?

Bir narsani bilishingiz kerakki, xorijda olingan har qanday diplom Oʻzbekistonda tan olinishi uchun Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasidan maxsus guvohnoma olish kerak. Xorijiy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat guvohnoma bilan birgalikda taqdim etilgandagina Oʻzbekiston hududida qonuniy kuchga ega boʻladi.

Xorijiy diplomlarni tan olishning 2 xil yoʻli bor: biri maxsus sinovlar asosida, ikkinchisi toʻgʻridan-toʻgʻri (maxsus sinovlarsiz).

Qaysi hujjatlar maxsus sinovlarsiz tan olinadi?

Quyidagilarda taʼlim olganlarning hujjatlari toʻgʻridan-toʻgʻri (sinovlarsiz) tan olinadi:

  1. Xorijiy davlatlarda umumiy oʻrta, oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va malaka oshirish taʼlimini olgan.
  2. Oʻzbekiston hududida alohida boʻlinmalari (filiallari) va qoʻshma taʼlim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy taʼlim muassasalarida.
  3. QS, THE, ARWU xalqaro reytingida TOP-1000 talik kirgan OTMlarda.
  4. Vazirlik va idoralarning yoʻllanmalari asosida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan.
  5. 1992-yil 1-yanvargacha xorijiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirganlar.
  6. Oliy taʼlimda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Nigher Education) toʻlaqonli aʼzolari — vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida (barchasi emas, ayrim istisnolar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi).
  7. AQSH, Avstraliya, Isroil, Kanada, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlarining akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida (barchasi emas, ayrim istisnolar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi).
  8. Xorijiy OTMlarda mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun vazirliklar va idoralari tomonidan ajratilgan mablagʻlar hisobiga taʼlim olgan.
  9. Oʻzbekistonning xalqaro shartnomalari, Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar.

Agar Siz yuqoridagi roʻyxatga tushmasangiz, demak, diplomingiz maxsus sinovdan keyingina Oʻzbekistonda tan olinadi.

Arizalar qayerga topshiriladi?

Hujjatlarni tan olish toʻgʻrisidagi arizalar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali qabul qilinadi.

Agar yagona portaldagi statistikani koʻrsak, soʻnggi 1 yilda 7981 ta ariza kelib tushgan, shundan 1376 tasi (17%) qanoatlantirilgan, 3212 tasi (40%) rad etilgan, 3361 tasi (42%) koʻrib chiqilmoqda (surat pastda ilova qilinmoqda).

Qancha haq toʻlanadi?

Hujjatlarni tan olish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari (hozirda 669 ming soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi. Agar my.gov.uz portali orqali ariza yuborilsa, shu summaning 90% toʻlanadi.

Qanday talablar qoʻyiladi?

Xorijiy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish haqida ijobiy xulosa berish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:

  • berilgan hujjatning oʻsha davlat tomonidan tan olingan boʻlishi;
  • taʼlim standartlarining yoki taʼlim dasturlarining Oʻzbekistonda amalda boʻlgan standart va dasturlarga muvofiqligi;
  • Oʻzbekiston va xorijiy davlatning taʼlim tizimiga qoʻyilgan umumiy talablarning mosligi.

ESLATMA: Bir narsani yaxshilab anglashingiz kerakki, xorijda olingan barcha diplomlar ham avtomatik tan olinmaydi. Buning oʻziga yarasha tartibi va/yoki imtihoni bor.

Qachon rad etiladi?

Quyidagi hollarda tan olish boʻyicha salbiy xulosa (rad etish) qabul qilinadi:

a) xorijiy davlatlarda kasbiy maʼlumot toʻgʻrisida hujjat beradigan taʼlimning umumiy meʼyoriy davri Oʻzbekiston taʼlim standartlarida nazarda tutilgan davrdan ikki yildan kam boʻlsa;

b) xorijiy davlatda uning egasiga Oʻzbekistondagiga qaraganda taʼlim olish va (yoki) kasbiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun kam huquqlar berilgan boʻlsa (hujjat egasi taʼlimning keyingi bosqichida oʻqishni davom ettirish, kasbiy faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻlmasa);

v) maʼlumot Oʻzbekiston qonunchiligida nazarda tutilmagan taʼlim shaklida olingan boʻlsa (masalan, masofaviy taʼlim);

g) oliy taʼlim bosqichlarida:

  • bakalavriat boʻyicha oʻqish muddati uch yildan kam boʻlsa yoki Yevropa taʼlim tizimi asosida oʻqish davomida 240 dan kam kredit toʻplagan boʻlsa;
  • magistratura boʻyicha oʻqish muddati bir yildan kam boʻlsa;
  • bakalavriat va magistratura qoʻshib oʻqitiladigan taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim olganda umumiy oʻqish davri uch yildan kam boʻlsa.

Xorijiy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.

Ekspertlar va test

Oliy taʼlim va kadrlarni qayta tayyorlash taʼlimi olganlik toʻgʻrisida xorijiy diplomni tan olish 2 bosqichda amalga oshadi:

  1. Avval maxsus ekspert komissiyasi koʻrib chiqadi va oʻz xulosasini beradi.
  2. Ekspertlar ijobiy xulosa bergach, Davlat inspeksiyasi tomonidan test sinovlari olinadi.

Ekspertiza quyidagilarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi:

  • oʻqitilgan taʼlim dasturlari yoki oʻquv rejalari hajmi va mazmuni;
  • oʻzlashtirilgan mutaxassislik (ixtisoslik) fanlari hajmi (fanlarning nomi va soatlar miqdori);
  • amaliyotning mavjudligi va uning davomiyligi.

Olingan bilimlar va malaka yakuniy tayyorgarlik nuqtayi nazaridan taʼlim dasturlari, oʻquv rejalari va oʻzlashtirilgan bilimlar majmuidagi farqlarni hisobga olgan holda baholanadi.

Test sinovlari 50 ta savoldan iborat boʻlib, har bir test savoli uchun 2 daqiqadan, jami 100 daqiqa vaqt beriladi. Har bir toʻgʻri bajarilgan test savoli 2 ball bilan baholanadi.

Test sinovlari natijalariga koʻra 54 va undan kam ball toʻplagan talabgorlarning taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlari tan olinmaydi.

Ekspert komissiyalari ijobiy xulosa bergan hamda testdan muvaffaqiyatli oʻtganlarga, shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri (sinovlarsiz) tan olingan talabgorlarga hujjati tan olinishi haqida maxsus guvohnoma beriladi.

Manba: @xushnudbek

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!