Yaponiya universitetlari talabalarga karantin davrida onlayn taʼlim bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun talabalarga moddiy yordam berishni rejalashtirmoqda.
Meiji Gakuin universiteti qoniqarli internet tarmogʻiga ulanish, shaxsiy kompyuter yoki planshet xarajatlari uchun 12 000 talabaning har biriga 50 ming iyenadan (460 AQSH dollari) miqdorida mablagʻ taqdim etadi.
Kanagava universiteti ham 11-maydan boshlab darslar onlayn oʻtilishi munosabati bilan mazkur oliygohda tahsil oluvchi 18 000 talabaning har biriga 50 000 iyenadan (466 AQSH dollari) berishini aytgan.
Tokiodagi Shibaura texnologiya instituti va Kanagava prefekturasidagi Tokai universiteti ham oʻz talabalarini moddiy mablagʻ bilan taʼminlashini qayd etgan.
Tokai universiteti 30 ming talabaning har biriga shaxsiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda Internet aloqasi va noutbuk yoki planshet sotib olishga sarflanadigan xarajatlarni qoplashda yordam koʻrsatish uchun 10 000 iyenagacha mablagʻ berishi taʼkidlagan.
Shibaura texnologiya instituti esa mazkur oʻquv yilining ikkinchi yarmida barcha talabalar uchun oʻqish toʻlovi (kontrakt summasi) 60 000 iyenaga (559 AQSH dollari) kamaytirilishini eʼlon qilgan. Bu aprel oyidan boshlangan birinchi yarim yillik uchun universitetning onlayn taʼlimi yuzasidan talabalarga beradigan moddiy yordami hisoblanadi.
Shuningdek, Tokai va Meiji Gakuin oliygohlari epidemiya tufayli yuzaga kelgan moddiy qiyinchiliklarni hisobga olgan holda oʻqish toʻlovi va boshqa toʻlovlarni toʻlash muddatini may oyining oxirigacha uzaytirdi.
Boshqa oliygohlar, jumladan, Tohoku universiteti Hiroshima universiteti va Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiya universiteti virusning iqtisodiy taʼsiri tufayli ijara haqi va kundalik ehtiyojlarini qoplay olmaydigan talabalarga favqulodda yordam koʻrsatishlarini eʼlon qilgan.
Tohoku universiteti talabalarga favqulodda yordam sifatida jami 400 million iyena (3 727 600 AQSH dollari) ajratdi. Bu mablagʻlar masofaviy taʼlim uchun moddiy yordam, 2500 ga yaqin talaba uchun yarim kunlik ish joylarini yaratish va muhtoj boʻlganlarga stipendiyalarni taqdim etishga sarflanadi.
Hiroshima universiteti favqulodda muhtoj talabalarni oyiga 30 ming iyena (279 AQSH dollari) miqdorida stipendiya bilan taʼminlaydi.