×

Yosh olimlardan kimlar davlat hisobidan chet elga stajirovkaga yuboriladi?​


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

5504 marta

CHOP ETILGAN

22.11.2017

Fan va texnologiyalar bo‘yicha davlat komissiyasining qarori (ro‘yxat raqami 2948, 2017-yil 15-noyabr) bilan Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy markazlar va universitetlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuborishni tashkil etish bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, xorijiy ilmiy stajirovka o‘tashga quyidagi talablarga javob beradigan ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy va texnik-muhandis xodimlari yuboriladi:

  • xorijiy tillarni yetarli darajada biladigan (TOEFL – 500 dan kam bo‘lmagan yoki IELTS – 4,5 dan kam bo‘lmagan), zarur amaliy tajribaga ega bo‘lgan;
  • tibbiy sog‘lom va dispanser ro‘yxatida turmagan;
  • yoshi 25 dan 45 gacha bo‘lgan.

Stajirovkaning davomiyligi 3-6 oyni tashkil etadi.

Fan va texnologiyalar agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha tanlov o‘tkazish haqidagi e’lonni tanlov o‘tkazishdan 2 oy oldin OAV, shuningdek internet-nashrlar va o‘zining saytiga joylashtiradi.

Ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari bevosita bo‘ysunuvchi vazirlik yoki idoralar (keyingi o‘rinlarda – Buyurtmachi)Agentlikka stajirovka o‘tashga nomzodlarning quyidagi hujjatlarini taqdim etadi:

  • Buyurtmachining yo‘llanma xati va stajirovkaga yuborish rejasi;
  • ilmiy-tadqiqot muassasasi (oliy ta’lim muassasasi) tomonidan tasdiqlangan va qabul qiluvchi tomon bilan oldindan kelishilgan, ilmiy stajirovka taklifnomasi va dasturi loyihasi;
  • nomzodlarning ma’lumotnoma-obyektivkasi (anketa);
  • nomzodlarning oliy ma’lumoti to‘g‘risidagi diplomining nusxasi;
  • nomzodlarning ilmiy darajasini, ilmiy unvonini tasdiqlovchi diplomlarning nusxasi (agar mavjud bo‘lsa);
  • nomzodlarning mehnat daftarchasining nusxasi;
  • nomzodlarning pasportining nusxasi;
  • nomzodlarning 3×4 sm o‘lchamdagi oq fondagi 4 ta rangli fotosurati;
  • nomzodlarning chet tilidan bilim darajasini belgilovchi amaldagi milliy yoki xalqaro sertifikat (Milliy kvalifikatsiya sertifikati, IELTS, TOEFL va shu kabilar) (agar mavjud bo‘lsa).

Ko‘rsatilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish, mutaxassislik fanidan chet tilida suhbat o‘tkazish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilim darajasi va ko‘nikmalarini aniqlash bevosita Buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.

Buyurtmachilarning stajirovkalar bo‘yicha takliflari 10 kun ichida Agentlik tomonidan umumlashtiriladi va maxsus ekspert guruhiga xulosa olish uchun kiritiladi. Ekspert guruhi bir oy ichida takliflarni ko‘rib chiqadi va yakuniy xulosani Agentlikka taqdim etadi. Agentlik tanlov natijalarini umumlashtiradi va ularni tasdiqlash uchun Fan va texnologiyalar bo‘yicha davlat komissiyasiga taqdim etadi.

Hujjat 2017-yil 16-noyabrda kuchga kirdi.

Manba: norma.uz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!