Germaniyaning Bonn universiteti tomonidan tashkil qilingan Bonn SDG Fellowships dasturiga arizalar qabul qilinmoqda. Dastur dunyoning turli hududlaridan bo’lgan, Ph.D. darajasiga ega bo’lib, hozirda postdoktorlik tadqiqoti olib borayotgan mutaxassislar uchun mo’ljallangan. Bonn SDG Fellowships dasturiga turli sohalar tadqiqotchilari qabul qilinadi, ammo ularning tadqiqot mavzusi BMT’ning Barqaror taraqqiyot maqsadlariga yo’naltirilgan bo’lishi kerak.
Dasturga qabul qilingan tadqiqotchi Bonn universitetidagi professor o’qituvchilar bilan birga dars berish, tadqiqot va boshqa mashg’ulotlarda qatnashadi. Dastur davomiyligi 3 oydan 12 oygacha bo’ladi. Grantlar 2022-yil yanvar va 2022-yil iyul oralig’ida boshlanadigan tashrif uchun beriladi.
Dasturdan maqsad Bonn universiteti va dunyo tadqiqotchilari bilan aloqalar o’rnatish, ularni qo’llab-quvvatlash hamda Barqaror Taraqqiyot Maqsadlari bo’yicha yuqori sifatli tadqiqot olib borish.
Ushbu dasturga Bonn universiteti professor-o’qituvchilari tomonidan taklif qilingan tadqiqotchilar qabul qilinadi. Ariza berishdan oldin Bonn universitetida ishlaydigan professor-o’qituvchi bilan bog’lanib, kelishuvga erishishingiz kerak. Dasturga ariza shu professor bilan birga to’ldiriladi.
Bonn universiteti tadqiqot sahifasi bu yerda keltirilgan. Sahifada universitet olib boradigan tadqiqot yo’nalishlari bilan tanishishingiz mumkin. Undan tashqari, universitetda mavjud fakultetlar bilan ham tanishib chiqish tavsiya qilinadi.
Grant kimlar uchun?
Ph.D. darajasiga ega tadqiqotchilar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Tadqiqotchiga oyiga 3000 yevro stipendiya beriladi. Agar tadqiqotchi o’zi bilan oilasini ham olib kelsa, uning turmush o’rtog’i uchun har oy qo’shimcha 300 yevro, har bir farzandi uchun 250 yevro ajratiladi.
Talablar:
- Tadqiqotchi doktoranturani tamomlab, diplom olgan bo’lishi kerak.
- Nomzod ingliz yoki nemis tilini yaxshi bilishi kerak. O’zi olib boradigan tadqiqot va Bonn universitetidagi mezbon professorning ta’lim berish tilidan kelib chiqib ikkala tildan biri yoki ikkalasi ham talab qilinishi mumkin. Bu borada Bonn universitetida zoeller@uni-bonn.de manziliga murojaat qilib so’rashingiz yoki sizni tadqiqotga taklif qilishga rozi bo’lgan professor bilan maslahatlashishingiz mumkin.
- BMT Barqaror Taraqqiyot Maqsadlariga qaratilgan postdoktor tadqiqoti olib borishi kerak.
- Dasturga ariza berishdan oldin Bonn universiteti professor o’qituvchilaridan biri bilan kelishib, taklifnoma olishi kerak.
- Tadqiqotchi Bonn universitetida vaqti olib borish uchun sifatli, amaliy ahamiyatga ega bo’lgan tadqiqot rejasiga ega bo’lishi kerak.
- Nomzod Bonn universiteti akademik faoliyatiga hissa qo’shish uchun ma’ruza, seminar va boshqa mashg’ulotlarda qatnashishi kerak.
- Nomzod dasturdan keyin ham Bonn universiteti bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida bo’lishi lozim.
- Nomzod hozirda ilmiy, ta’lim yoki tadqiqot muassasasida ishlayotgan bo’lishi kerak.
Dasturga qabul jarayoni:
Dasturga 31-maygacha hujjat topshirish mumkin. Ariza bu yerda to’ldiriladi.
Kerakli hujjatlar:
- Ariza
- Loyiha haqida ma’lumot. Hujjat 8 betdan oshmasligi, unda Bonn universitetida olib boriladigan tadqiqot haqida ma’lumot va boshqalar ko’rsatilishi zarur.
- CV
- Xarajatlar tahlili.
Murojaat: m.zoeller@uni-bonn.de.