John Locke Institute tomonidan Oxford va Princeton universitetlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu Global Essay Prize xalqaro insholar tanlovi 19 yoshgacha bo’lgan oʻquvchi va talabalarni mustaqil fikrlash, chuqur tahlil va mantiqiy yozma ifoda qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga undaydi. Tanlov falsafa, siyosat, iqtisodiyot, tarix, huquq, psixologiya, ilohiyot kabi yo’nalishlarni qamrab oladi.
Bundan tashqari, 14 yoshdan kichiklar uchun alohida Junior Prize yo’nalishi ham mavjud. Har bir yo’nalish uchun 3 ta savol berilgan bo‘lib, ishtirokchi shulardan birini tanlaydi.
Tanlovda qatnashish bepul bo‘lib, har bir ishtirokchi faqat bitta savolga javob bergan holda (ingliz tilida) ijodiy insho yozadi. To‘liq savollar ro‘yxati va topshirish tartibi bilan BU YERDA tanishing.
Insho hajmi 2000 so‘zdan oshmasligi kerak. Tanlov onlayn tarzda o‘tkaziladi va g‘oliblar Londondagi akademik konferensiya va taqdirlash marosimiga taklif etiladi.
Grant kimlar uchun?
19 yoshgacha bo’lgan o‘quvchi va talabalar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
- Har bir yo’nalish (kategoriya) bo‘yicha g‘olib hamda Junior Prize g‘olibi John Locke Institute’ning yozgi maktablari yoki boshqa rasmiy dasturlarida bepul qatnashish uchun 5000 AQSH dollari miqdorida stipendiya (grant) bilan taqdirlanadi. Bu stipendiya bevosita o‘sha institutning dasturida qatnashish xarajatlarini qoplash uchun mo‘ljallangan.
- Har bir fan bo‘yicha ikkinchi o‘rin sohibi – 2000 AQSH dollari, uchinchi o‘rin sohibi esa – 1000 AQSH dollari miqdorida ayni dasturlarda qatnashish uchun stipendiya oladi.
- Umumiy g‘olib (eng yaxshi insho muallifi) “John Locke Institute Honorary Junior Fellow” faxriy unvoni bilan taqdirlanadi va unga 10 000 AQSH dollari miqdorida stipendiya beriladi. Bu summa institutning yozgi maktablari va/yoki mehmon olimlar dasturlarida qatnashish uchun ajratiladi.
- Barcha g‘oliblar va sovrindorlar 2025-yil 4-oktyabr kuni London shahrida bo‘lib o‘tadigan tantanali mukofotlar marosimida ishtirok etishlari mumkin. Bu yerda ular hakamlar va institut professor-o‘qituvchilari bilan shaxsan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
- Tanlovning barcha ishtirokchilarga rasmiy sertifikat taqdim etiladi.
Talablar:
Tanlovda qatnashish uchun:
- Ishtirokchilar hozirda 2025-yil 30-iyungacha 19 yoshga kirmasligi (shu vaqtgacha maksiml 18 yosh boʻlishi) hamda ingliz tilini bilishi kerak.
- Har bir ishtirokchi berilgan kategoriya bo’yicha faqat bitta savolga javob bergan holda (ingliz tilida) ijodiy insho yozadi. Insho hajmi 2000 so‘zdan oshmasligi kerak. Inshoga qo’yilgan talab bilan batafsil BU YERDA tanishing (Submission boʻlimi).
Dasturga qabul jarayoni:
Tanlovda ishtirok etmoqchi bo’lganlar 2025-yil 31-mayga qadar BU YERDAN onlayn ro’yxatdan o’tishlari kerak.
Insho topshirish uchun alohida muddatlar belgilangan. Roʻyxatdan oʻtgandan keyin inshoni topshirish muddatlari quyidagicha:
- 2025-yil 30-iyun – asosiy muddat (bepul topshirish mumkin).
- 2025-yil 7-iyul – kechroq topshirish (25 funt sterling).
- 2025-yil 21-iyul – eng so‘nggi topshirish (75 funt sterling)
Baholash jarayoni va natijalar:
- Insholar John Locke Institute’ning maxfiy (proprietary) baholash tizimi asosida tekshiriladi.
- Plagiat, sun’iy intellektdan foydalanish, boshqadan yozdirish kabi har qanday firibgarliklar aniqlanishi uchun turli vositalar qo‘llaniladi.
- Eng yaxshi insholar bu — odamning fikrini o‘zgartira oladigan darajadagi ishlardir. Eng kuchli qarshi fikrlar va e’tirozlarni e’tiborsiz qoldirgan insholar odatda g‘olib bo‘la olmaydi.
- Nomzodlarga savolga imkon qadar aniq va bevosita javob berish tavsiya etiladi.
Natijalar va marosim:
- Saralanganlar 2025-yil 31-iyulgacha xabardor qilinadi.
- Ular 2025-yil oktabr oyida Londonda bo‘lib o‘tadigan yopiq akademik konferensiya va taqdirlash tadbiriga taklif etiladi. Diqqat: tanlov ishtiroki bepul, ammo konferensiya va mukofot marosimi xarajatlari tashkilotchilar tomonidan qoplanmaydi. Biroq Londonga bormasdan ham mukofot yutish mumkin.
- Barcha saralangan ishtirokchilar (shu jumladan g‘oliblar) o‘z yutug‘i haqida elektron sertifikat (eCertificate) yuklab olish imkoniga ega bo‘ladi.
- Agar siz 1-, 2- yoki 3-o‘rinni egallab, Londondagi marosimga borsangiz, qo‘l bilan imzolangan rasmiy sertifikat taqdim etiladi.
Ariza topshirishdan oldin rasmiy e’lon bilan tanishib chiqing.
Tanlov bilan bog‘liq savollar yuzasidan quyidagi email manziliga murojaat qilishingiz mumkin: global.essay.prize@johnlocke.com