×

Italiya: Milan Politexnika universitetining magistratura kurslarida oʻqish uchun toʻliq grant va yillik 10 ming yevrogacha stipendiya; joy – 65 ta!


Grant

MUHLAT

15.07.2024

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Italiya

O'QILGAN

16317 marta

Italiyada joylashgan Politecnico di Milano (Milan Politexnika universiteti) 2025-yil fevraldan boshlanadigan Laurea Magistrale (Master of Science) darajasini beruvchi magistrlik kurslariga o’qishga qabul qilinadigan talabalarga 6 turdagi grantlarni taklif qilmoqda. Bu grantlar jami 65 nafar talabaga berilishi rejalashtirilgan.

Talabalar bu grantlarni ingliz tilida oʻtiladigan Master of Science darajasini beruvchi magistrlik kurslari uchun olishlari mumkin. Ushbu grantlar nomzodlarning iqtidoriga qarab (merit-based) ajratiladi.

Master of Science darajasini beruvchi magistrlik kurslari roʻyxatini BU YERDAN topasiz.

Maʼlumot uchun: Milan Politexnika universiteti dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biri hisoblanadi. Jumladan, 2024-yil mart oyi holatiga koʻra, bu universitet dunyodagi eng kuchli oliygohlar roʻyxatida 123-oʻrinni egallab turibdi (QS reytingi boʻyicha).

Grant kimlar uchun?

Magistratura bosqichida o’qishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Taklif etilayotgan grantlar va ular taqdim etuvchi imkoniyatlar quyidagicha:

  1. Platinum granti – bu grant universitetning Milanda joylashgan kampuslarida ingliz tilida oʻqitiladigan magistrlik kurslariga qabul qilingan talabalardan 10 nafariga beriladi. Grant kontrakt summasidan toʻliq ozod qiladi va yiliga 10 ming yevro stipendiya bilan taʼminlaydi.
  2. Gold granti – bu grant universitetning Milanda joylashgan kampuslarida oʻqitiladigan tegishli magistrlik kurslariga qabul qilingan talabalardan 18 nafariga beriladi. Grant kontrakt summasidan toʻliq ozod qiladi va yiliga 5 ming yevro stipendiya bilan taʼminlaydi.
  3. Silver granti – bu grant universitetning Polo di Cremona, Polo di Lecco, Polo di Mantova yoki Polo di Piacenza kampusida ingliz tilida oʻqitiladigan magistrlik kurslariga qabul qilingan talabalardan 10 nafariga beriladi. Grant kontrakt summasidan toʻliq ozod qiladi.
  4. Gold Polo di Cremona granti – bu grant 1 nafar talabaga beriladi. Bu grant Cremona kampusida oʻqitiladigan Music and Acoustics Engineering magistrlik kursi (ingliz tilida) yoki Cremona kampusida oʻqitiladigan Agricultural Engineering masgitrlik kursida (ingliz tilida) oʻqish uchun taqdim qilinadi. Grant kontrakt summasidan toʻliq ozod qiladi va yiliga 5 ming yevro stipendiya bilan taʼminlaydi.
  5. Gold “Morigi” Polo di Piacenza granti – bu grant 16 nafar talaba beriladi. Bu grantni qoʻlga kiritgan talabalar bepul yotoqxona bilan taʼminlanadi. Yotoqxona bepul nonushta va yana 1 ta kunlik ovqatni ham oʻz ichiga oladi. Bu grant Polo di Piacenza kampusida ingliz tilida oʻqitiladigan Sustainable Architecture and Landscape Design yoki Energy Engineering – Renewables and Environmental Sustainability magistrlik kurslari uchun taqdim etiladi.
  6. Gold Polo di Piacenza Gold granti – bu grant jami 10 nafar talabaga beriladi. Bu grantlar Polo Di Piacenza kampusida ingliz tilida oʻqitiladigan Mechanical Engineering – Mechatronics for Manufacturing magistrlik kursida oʻqish uchun taqdim etiladi. Grant kontrakt summasidan toʻliq ozod qiladi va 2500 yevro stipendiya bilan taʼminlaydi.

Eslatma: Grant yutgan barcha nomzodlar 170 yevro miqdoridagi bir martalik maʼmuriy toʻlovni amalga oshirishi kerak boʻladi.

Talablar:

Grantga nomzodlar quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:

  1. Nomzod Italiya fuqarosi bo’lmasligi kerak.
  2. Nomzod universitetdagi Master of Science darajasini beruvchi magistrlik kurslaridan birida 2025-yil fevralan boshlab oʻqish uchun hujjat topshirishi kerak.
  3. Nomzod oʻzi tanlagan kursning qabul shartlariga mos boʻlishi kerak.
  4. Oliygohga hujjat topshirgan barcha nomzodlar ingliz tilini yaxshi bilishi zarur. Qabul xatini olish uchun kamida IELTS 6 yoki unga teng boshqa xalqaro til sertifiati soʻraladi. Til sertifikati boʻlmasa ham magistrlik kurslariga ariza topshirish mumkin, lekin grantga talabgor sifatida koʻrib chiqilish uchun til sertifikatini topshirish lozim.
  5. Saralash qoʻmitasi stipendiya ajratishda nomzodlarning erishgan akademik yutuqlariga, baholariga va motivatsion xatiga katta e’tibor qaratadi. Nomzodlarning saralashdagi ballari teng boʻlib qolsa, yoshroq nomzodga ustunlik beriladi.
  6. Grantlarni boshqa bir grant bilan bir vaqtda olish mumkin emas. Biror talaba yuqoridagi grantlardan birini va yana boshqa bir grantni bir vaqtning oʻzida yutsa, ikkalasidan birini tanlashi kerak boʻladi.
  7. Universitetga ariza topshirish pullik (50 yevro toʻlanadi). Bundan tashqari, Grant yutgan talabalar 170 yevro miqdoridagi bir martalik maʼmuriy toʻlovni toʻlashi lozim.

Magistrlik dasturlariga qabul talablari bilan BU YERDA batafsil tanishing.

Dasturga qabul jarayoni:

Magstrlik kurslariga 2025-yil fevraldan oʻqishni boshlash uchun arizalar 2024-yil 15-maydam 15-iyungacha davom etadi. Grant dasturlariga ham xuddi shu sanalar oraligʻida hujjat topshirish mumkin.

Eslatma: Bu grantlar uchun qabul muddati ertaroq boʻlgan boshqa muddatlar ham mavjud, lekin ular 2024-yil sentabrdan oʻqishni boshlash uchun moʻljallangan. 2024-yil sentabrdan boshlanadigan magistrlik kurslari uchun qabullar esa allaqachon tugagan.

Magistrlik kurslariga ariza topshirish jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi:

  1. BU YERDA roʻyxatdan oʻtib, hisob ochiladi. Qanday roʻyxatdan oʻtish va ariza topshirish haqidagi qoʻllanmani BU YERDAN topasiz.
  2. Onlayn ariza toʻldiriladi va talab etiladigan hujjatlar yuklanadi.
  3. Ariza topshirish haqi (50 yevro) toʻlanadi.

Ariza topshirish jarayoni haqida BU YERDA batafsil maʼlumot oling.

Magistratura kurslariga ariza topshirishda talab etiladigan hujjatlar:

  1. Universitetda olingan baholar.
  2. GPA haqidagi bayonot (agar oʻqiydigan/oʻqigan universitetingiz shunday bayonot bersa).
  3. Bakalavr diplomi. Hali oxirgi kursni bitirmaganlar diplom oʻrniga bakalavriatning oxirgi bosqichida oʻqiyotgani va universitetni qaysi oyda tamomlashi haqida maʼlumotnomani taqdim qiladi (bu maʼlumotnoma universitetdan olinadi).
  4. Universitetda oʻtilgan fanlarning tavsifi. Bu hujjat uchun namuna berilgan.
  5. CV (rezyume). 2 betdan oshmasligi kerak.
  6. Tavsiyanoma.
  7. Til sertifikatlari. Kamida IELTS 6.0 yoki unga teng boshqa xalqaro sertifikat taqdim etishi kerak.
  8. Motivatsion xat.
  9. Portfolio. Bu faqat arxitektura, shaharlarni rejalashtirish va siyosat dizayni yoki dizayn bilan bogʻliq boshqa dasturlar uchun topshiriladi. Qolgan dasturlar uchun topshirilmaydi.
  10. GRE testi natijalari. Bu hujjat faqat arxitektura va muhandislik dasturlariga topshirayotganlardan talab etiladi, qolganlardan talab etilmaydi.

Nomzod oʻqiyotgan universitetdan beriladigan rasmiy hujjatlar ingliz, italyan, fransuz yoki ispan tilida boʻlishi yoki shu tillardan birga qilingan tarjimasi bilan birga topshirilishi kerak. Qolgan hujjatlar ingliz yoki italyan tilida yozilishi kerak.

Hujjatlar roʻyxati, ularning taʼrifi, namunalari bilan BU YERDA batafsil tanishing.

Magistraturaga ariza topshirgan nomzodlar ushbu grantlar uchun ham ariza topshirishi mumkin boʻladi. Bunda tegishli platformaning (Online Services) tegishli boʻlimiga quyidagi tartibda kirish kerak: Benefits and Agreements > Economic benefits > Scholarships for International Master of Science Students a.y. 2024-2025.

Grantga ariza topshirishda quyidagi 2 ta motivatsion savolga javob berish talab etiladi:

  • What makes you an outstanding student besides your grades? (max. 200 words);
  • Write a brief statement explaining why you are interested in pursuing a MSc in Politecnico di Milano in the chosen programme and how this scholarship will help you achieve your academic and career goals. (max. 500 words).

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin grant haqidagi rasmiy eʼlon va grant qoʻllanmasini oʻqib chiqing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!