×

KAIST: bakalavr kursini Janubiy Koreyada bepul o’qib, 250 AQSh dollari stipendiya olish imkoniyati!


Grant

MUHLAT

07.01.2025

QOLGAN VAQT

8 kun

HUDUD

Janubiy Koreya

O'QILGAN

70998 marta

Janubiy Koreyada joylashgan Korea Advanced Institute of Science and Technology (KAIST) oliygohi bakalavriat bosqichida tahsil olishni xohlovchi xalqaro talabalar uchun KAIST International Student Undergraduate Scholarships grantini taklif etadi. Ushbu grant KAIST oliygohining eng nufuzli granti boʻlib, istalgan bakalavriat yoʻnalishi uchun taqdim etiladi.

Universitetda mavjud bakalavrlik dasturlari bilan BU YERDA tanishishingiz mumkin (2-bet).

Mazkur grant KAISTning bakalavriat kurslariga qabul qilingan barcha talabaga qatdim etiladi (grant olish istagi arizada ko’rsatilgan bo’lsa).

Maʼlumot uchun: KAIST dunyoning eng kuchli oliy taʼlim muassasalaridan biridir. Jumladan, 2024-yil iyul oyi holatiga koʻra, KAIS dunyodagi eng yaxshi oliygohlar roʻyxatida 53-oʻrinni egallab turibdi (QS reytinggi boʻyicha).

Grant kimlar uchun?

Bakalavr kurslarida o’qishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Ushbu grantni qoʻlga kiritganlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:

  • Butun oʻqish davomida (8 semestr) kontrakt summasidan ozod qilinadi.
  • Oyiga 350 000 von (taxminan 251 AQSH dollari) miqdorida stipendiya beriladi.
  • Tibbiy sugʻurta xarajatlari qoplanadi.

Kirishda grant yutib olganlarning granti keyingi yillarda ham saqlanishi uchun talabaning oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi (GPA) 4,3 lik tizimda 2,7 dan tushib ketmasligi lozim.

Talablar:

Nomzod quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:

  1. Nomzod xalqaro talaba boʻlishi kerak.
  2. Nomzodning ota-onasi Janubiy Koreya fuqarosi bo’lmasligi kerak yoki kelib chiqishi koreys millatiga mansub xorijlik fuqaro boʻlsa, boshlangʻich taʼlimdan tortib, oʻrta taʼlimgacha boʻlgan taʼlimni Koreyadan tashqarida olgan boʻlishi kerak.
  3. Nomzod ingliz tilini yetarli darajada bilishi lozim. Hozirgi qabulda bunday sertifikatni topshirish majburiy emas, lekin qattiq tavsiya qilinadi. Bunda nomzodlarga quyidagi sertifikatlardan birini topshirish tavsiya qilinadi: TOEFL iBT 83, TOEFL PBT 560, TOEFL CBT 220, TEPS 599, IELTS 6.5 va TOEIC 720 yoki bu ballardan baland.
  4. KAISTga qabul yiliga uch marta amalga oshiriladi. Mazkur qabullarda hujjat topshira olishi uchun nomzoddan quyidagi shart talab qilinadi:
    2025-yil bahorgi semestrdan oʻqishni boshlamoqchi boʻlganlar erta qabul (2024-yil 20-sentyabrdan 20-oktyabrgacha) davomida hujjat topshirishi kerak va ular 2025-yil 28-fevraligacha oʻrta taʼlimni (maktabning oxirgi sinfi, kollej/litseyning oxirgi kursini) tamomlagan boʻlishi yoki tamomlashi kerak.
    – 2025-yil kuzgi semestrdan oʻqishni boshlamoqchi boʻlganlar erta qabul (2024-yil 20-sentyabrdan 20-oktyabrgacha) yoki kechki qabul (2026-yil 6-noyabrdan 2025-yil 7-yanvargacha) davomida hujjat topshirishi kerak va ular 2025-yil 31-avgustgacha oʻrta taʼlimni (maktabning oxirgi sinfi, kollej/litseyning oxirgi kursini) tamomlagan boʻlishi yoki tamomlashi kerak.

Dasturga qabul jarayoni:

Ushbu grantga alohida ariza topshirilmaydi. Bakalavrlik kursiga topshiriladigan onlayn ariza shaklidagi “Statement of Financial resources” boʻlimidagi “KAIST scholarship” grantini belgilab qoʻyishning oʻzi kifoya. Shu tarzda grant uchun istak bildirgan barcha nomzodlar KAIST International Student Scholarship grantiga talabgor sifatida koʻrib chiqiladi.

KAIST bakalavriat kurslariga yiliga 2 marta qabul boʻladi. Qabul muddatlari quyidagicha:

  1. Erta qabul – 2024-yil 20-sentyabrdan 20-oktyabrgacha davom etadi. Bunda qabul qilingan talabalar 2025-yil bahorgi yoki kuzgi semestrdan oʻqishni boshlaydi.
  2. Odatiy qabul – 2024-yil 6-noyabrdan 2025-yil 7-yanvargacha davom etadi. Bunda qabul qilingan talabalar 2025-yil kuzgi semestrdan oʻqishni boshlaydi.

Hujjat topshirayotganda arizani koʻrib chiqish badalini (80 AQSh dollar) toʻlash kerak boʻladi.

Hujjatlar onlayn shaklda topshiriladi.

Topshiriladigan hujjatlar:

  1. Onlayn ariza shakli. Ushbu shakl namunasini (qanday koʻrinishga ega kani) BU YERDA berilgan.
  2. Bitta tavsiyanoma.
  3. Maktab/litsey/kollej yoki universitet (agar boʻlsa) baholari.
  4. Ingliz tili malakasi sertifikati (kamida IELTS 6.5, TOEFL iBT 83 yoki boshqa). Bu hujjatni topshirish majburiy emas, lekin topshirish qattiq tavsiya etiladi.
  5. Pasport yoki milliy shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
  6. Moliyaviy manbalar haqida bayonot (onlayn ariza shaklida mavjud).
  7. Erishilgan yutuqlar va mukofotlarni tasdiqlovchi sertifikatlar (majburiy emas).
  8. Nomzodning oʻquv muassasasi (maktab, litsey, kollej) profili (bu hujjat majburiy emas, lekin topshirish tavsiya etiladi). Bu qanday hujjat ekani BU YERDA tushuntirilgan (12-bet).
  9. Standart testlar natijalari (SAT, ACT va h.k.). Bunday hujjatni topshirish majburiy emas va bu hujjat uchun minimal ball belgilanmagan.

MUHIM: Talablar, muddatlar, hujjatlar va ularning taʼrifi, qabul jarayoni va boshqa maʼlumotlar bilan BU YERDA batafsil tanishib chiqing.

Murojaat uchun creative.adm@kaist.ac.kr elektron manziliga xabar yuborishingiz mumkin.

Mazkur grantni qoʻlga kitirib, KAISTda tahsil olgan hamyurtimiz bilan suhbat bilan tanishing:

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!