Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida joylashgan Hazar universiteti (Khazar University) bakalavriat, magistratura va PhD bosqichida oʻqishni xohlovchi xorijlik talabalarga Khazar University Merit Scholarships grant dasturini taklif etmoqda. Grantlar universitetdagi istalgan bakalavriat, magistrlik yoki PhD bosqichi kurslariga qabul qilingan talablarga taqdim qilish uchun moʻljallangan.
Hozirda 2023-yilning kuzida boshlanadigan oʻquv yili uchun arizalar qabul qilinmoqda. Hazar universitetida oʻqish ingliz tilida boʻladi.
Grant kimlar uchun?
Bakalavriat, magistratura yoki PhD bosqichida oʻqishni xohlovchilar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Khazar University Merit Scholarships grantini qoʻlga kiritgan bakalavriat, masgitratura va PhD bosqichi talabalari kontrakt toʻlovining muayyan qismini toʻlashdan ozod qilinadi (qancha qismidan ozod etilishi nomzodlarni koʻrib chiqish asosida belgilanadi)
Grantlar dastlab 1 yil uchun beriladi. Talabaning oʻzlashtirish koʻrsatkichlariga qarab, keyingi yil(lar)ga ham uzaytiriladi.
Grant yoʻlkira, yashash va boshqa xarajatlarni qoplamaydi.
Maʼlumot uchun: hozirda Hazar universitetida barcha bosqichlar uchun yillik kontrkat toʻlovi 5000 AQSH dollariga teng.
Talablar:
Khazar University Merit Scholarships grantini qoʻlga kiritish uchun nomzodlar quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:
- Ozarbayjon fuqarosi boʻlmaslik kerak.
- Hazar universitetidagi bakalavriat, magistrlik yoki PhD kurslaridan biriga hujjat topshirgan boʻlishi / topshirishi kerak.
- Grant oldingi taʼlim bosqichlarida yuqori koʻrsatkich va yutuqlarga erishganlik asosida beriladi.
- Tanlangan sohaga nisbatan akademik qobiliyat va kuchli motivatsiyaga ega boʻlish lozim.
Bosqichlarga ariza topshirish uchun umumiy talablar quyidagicha:
Bakalavriat: Nomzod Hazar universitetida oʻqishni boshlashdan oldin oʻrta taʼlim bosqichini (11/12 yillik maktab, litsey yoki kollejni) tugatgan boʻlishi / tugatishi lozim. Til sertifikati (IELTS, TOEFL va hk) topshirish majburiy emas, lekin nomzod ingliz tilini oʻquv mashgʻulotlarini qiyinchiliksiz oʻrganadigan darajada bilishi kerak. Til sertifikati bor boʻlsa, u ham boshqa hujjatlar bilan birga topshiriladi (amal qilish muddati tugagan til sertifikatlari qabul qilinmaydi).
Magistratura: Nomzod Hazar universitetida oʻqishni boshlashdan oldin bakalavriat bosqichini tugatgan boʻlishi / tugatishi lozim. Til sertifikati (IELTS, TOEFL va hk) topshirish majburiy emas, lekin nomzod ingliz tilini oʻquv mashgʻulotlarini qiyinchiliksiz oʻrganadigan darajada bilishi kerak. Til sertifikati bor boʻlsa, u ham boshqa hujjatlar bilan birga topshiriladi (amal qilish muddati tugagan til sertifikatlari qabul qilinmaydi).
PhD bosqichi: Nomzod Hazar universitetida oʻqishni boshlashdan oldin magistratura bosqichini tugatgan boʻlishi / tugatishi lozim. PhD dasturlariga ariza topshirayotgan nomzodlardan ingliz tilini kamida B2 darajda bilishini isbotlovchi hujjat talab etiladi. Dastlab, ariza topshirishdan xalqaro til sertifikatlari (IELTS, TOEFL va hk) topshirish majburiy emas, lekin universitet arizalar qabul qilingandan keyin nomzodlardan shunday til sertifikatlarini topshirishni soʻrash huquqiga ega. TOEFL, IELTS va shu kabi testlardan C1/C2 darajaga ega nomzodlarga qabuldagi raqobatda ustunlik beriladi.
Dasturga qabul jarayoni:
Grant uchun alohida ariza topshirilmaydi. Bakalavriat, magistratura yoki PhD dasturiga ariza topshirgan nomzodlar ushbu grantga avtomatik tarzda talabgor sifatida koʻrib chiqiladi. Agar nomzodga grant berilsa, qabul xatida bu haqida xabar qilinadi.
Arizalarni qabul qilish uchun 2 ta dedlayn mavjud:
- 2023-yil 15-maygacha (bu muddatgacha ariza topshirganlar 25 AQSH dollari miqdorida ariza haqi toʻlaydi).
- 2023-yil 15-iyungacha (bu muddatgacha ariza topshirganlar 40 AQSH dollari miqdorida ariza haqi toʻlaydi)
Nomzodlar tegishli dasturga hujjat topshirish uchun ariza shaklini toʻldirib, uni talab qilingan boshqa hujjatlar bilan birga 2023-yilning 15-mayi yoki 15-iyuniga qadar PDF shaklda admissions@khazar.org elektron pochta manziliga yuborishi lozim. Elektron xabar mavzusiga (Subject) quyidagicha yozilish kerak: Ism Familiya_Khazar International Admission 2023-2024.
Arizada nomzoddan maksimal 500 soʻzli shaxsiy bayon (personal statement) yozish soʻraladi. Shaxsiy bayon nomzodning akademik qiziqishlari va maqsadlari, kasbiy tajribasi (agar boʻlsa) va kelajakdagi maqsadlariga qaratilgan boʻlishi kerak.
Quyidagi havolalar orqali har bir bosqich uchun kerakli hujjatlar roʻyxati bilan tanishishingiz va ariza shaklini yuklab olishingiz mumkin:
Savollar yuzasidan murojaat qilish uchun kontaktlarni BU YERDAN topasiz.