×

Talabalar va bitiruvchilar uchun Samarqandda 1 haftalik seminar: xarajatlar qoplanadi


Grant

MUHLAT

15.02.2026

QOLGAN VAQT

2 kun

HUDUD

O'zbekiston

O'QILGAN

697 marta

2026-yil 23-30-mart kunlari Samarqand shahrida “Turar joy mikrorayonlarida uchinchi makonni xaritalash” mavzusida seminar oʻtkaziladi. Ushbu seminarda arxitektura, urbanistika, shahar rejalashtirish, sanʼat va vizual tadqiqotlar, ijtimoiy fanlar hamda ularga yaqin sohalarda taʼlim olayotgan oxirgi bosqich talabalari va yaqinda universitetni bitirgan mutaxassislar ishtirok etishi mumkin.

Seminar mavzusi va mazuni haqida qisqacha: Mustaqillikdan soʻng iqtisodiy islohotlar va markazsizlashtirilgan shahar rejalashtirish siyosati taʼsirida sovet davrida qurilgan mikrorayonlar asta-sekin oʻzgarib bormoqda. Bu jarayonlar ayniqsa turar joylar orasidagi umumiy makonlarda yaqqol koʻzga tashlanadi — bu yerda turli manfaatlar, amaliyotlar va makondan foydalanish shakllari toʻqnashadi.

Ushbu seminar aynan shu makonlarni xaritalash, kuzatish va birgalikda hujjatlashtirishga bag‘ishlangan. Ishtirokchilar real shahar muhiti bilan ishlaydi, dala tadqiqotlari, tahlil va vizualizatsiya vositalarini oʻrganadi hamda bunday makonlarni qanday tushunish, qayta talqin qilish va namoyish etish mumkinligini muhokama qiladi.

Bu seminar yetti kun davom etadi. Ishtirokchilardan kuniga taxminan 6 soatni dala tadqiqotlariga — xaritalash va hujjatlashtirishga, shuningdek universitetda oʻtkaziladigan muhokama va tahlil ishlariga ajratish kutiladi.

Seminar yakunida ishtirokchilar Samarqanddagi turar joy mikrorayonlarida joylashgan umumiy makonlarni hujjatlashtirish va asosiy xaritalash boʻyicha amaliy tajribaga ega boʻladilar. Ishtirokchilar toʻplangan materiallarni tartibli va aniq taqdim etish koʻnikmalarini oʻzlashtiradilar. Seminar yakunida 30-mart kuni kichik jamoat koʻrgazmasi ochiladi.

Seminar mashgʻulotlari ingliz tilida olib boriladi.

Bu seminar British Council koʻmagida va Silk Road University, Samarqand bazasida oʻtkaziladi.

Grant kimlar uchun?

Arxitektura, urbanistika, shahar rejalashtirish, sanʼat va vizual tadqiqotlar, ijtimoiy fanlar hamda ularga yaqin sohalarda taʼlim olayotgan oxirgi bosqich talabalari va yaqinda universitetni bitirganlar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Qabul qilingan ishtirokchilar uchun quyidagi moddiy va boshqa turdagi imtiyozlar taqdim eʼtiladi:

  • Tanlangan barcha ishtirokchilar (Samarqand va boshqa hududlardan) uchun seminar ishtiroki tashkilotchilar tomonidan toʻliq qoplanadi. Dasturga har kuni tushlik ham kiritilgan.
  • Bundan tashqari, Oʻzbekistonning boshqa hududlaridan boʻlgan 2 nafar ishtirokchi uchun toʻliq moddiy yordam ajratiladi, jumladan:
    – Samarqandga borish va qaytish yoʻl xarajatlari qoplanadi
    – yashash joyi taʼminlanadi
    – seminarda ishtirok etish
    – tushliklar bepul taʼminlanadi
  • Seminar yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikat beriladi.

Boshqa ovqatlanish xarajatlari ishtirokchilar tomonidan mustaqil qoplanadi.

*Agar siz Samarqandda yashamaysiz va moliyalashtirishni olmoqchi boʻlsangiz, bu haqda motivatsion xatingizda yozing.

Talablar:

Ushbu seminarda arxitektura, urbanistika, shahar rejalashtirish, sanʼat va vizual tadqiqotlar, ijtimoiy fanlar hamda ularga yaqin sohalarda taʼlim olayotgan oxirgi bosqich talabalari va yaqinda bitirgan mutaxassislar qatnashishlari mumkin.

Shuningdek, vizual amaliyotlarga – fotografiya, video va fazoviy hikoyalashga (spatial storytelling) qiziqishi kuchli boʻlgan nomzodlar ham ariza topshirishlari mumkin.

Maxsus professional tajriba talab etilmaydi – ishtirokchilarni saralash jarayonida motivatsiya, qiziquvchanlik va dala sharoitida jamoa bilan ishlashga tayyorlik ustuvor
ahamiyatga ega boʻladi.

Dasturga qabul jarayoni:

Arizalar 2026-yill 15-fevralgacha qabul qilinadi. Nomzodlar thirdspace@artstation.uz emailiga quyidagi hujjatlarni PDF shaklida yuborishi kerak (har bir hujjat alohida PDF fayl boʻlishi lozim):

  • Motivatsion xat (1 sahifadan oshmasin);
  • Qisqa biografiya va avvalgi loyihalar tavsifi (1–2 sahifa).

MUHIM: Ariza topshirishdan oldin ushbu seminar qoʻllanmasi bilan batafsil tanishib chiqing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!