O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 27.07.2017 yildagi PF-5121 son farmoni bilan Chet elda malaka oshirish, stajirovka o‘tash va ta’lim olish uchun nomzodlarni saralash tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unda «Iste’dod» jamg‘armasi tomonidan ajratiladigan stipendiyalar va ularni qo‘lga kiritish shartlari keltirilgan.
Stipendiya turlari va muddatlari Jamg‘arma stipendiyalari muayyan muddatga har yili tasdiqlanadigan maqsadli dasturlar bo‘yicha ajratiladi. Ushbu stipendiyalar quyidagi yo‘nalishlar va muddatlarga beriladi:
- xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda malaka oshirishga – 3 oygacha bo‘lgan muddatga;
- xorijiy ta’lim va Ilmiy muassasalarda stajirovka o‘tashga – 3 oydan 1 yilgacha;
- xorijiy ta’lim va Ilmiy muassasalarda ta’lim olishga – chet el hamkor ta’lim muassasalariga muvofiq: magistratura dasturlari bo‘yicha – 1-2 yil; PhD dasturlari bo‘yicha 1-3 yil.
Iqtisodiy ta’minoti: Stipendiyalar tanlovdan o‘tgan shaxslarga quyidagi xarajatlarni qoplash uchun ajratiladi:
- stipendiatning chet el ta’lim va ilmiy muassasasida ta’lim olishi (malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi) uchun to‘lanadigan mablag‘;
- stipendiatlarning viza olishlari;
- stipendiatning ta’lim olish (malaka oshirish, stajirovka o‘tash) joyiga yetib borishi va qaytib kelishi uchun barcha turdagi transport xarajatlari (bir yilda bir martadan ko‘p bo‘lmagan holda);
- stipendiatlarning ta’lim olishi (malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi) davrida turar joy va ovqatlanish xarajatlari;
- Jamg‘arma Vasiylik kengashi qarori bo‘yicha stipendiatlarning ta’lim olishi (malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi) bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlar.
Qanday stipendiat bo‘lish mumkin? Saralash tanlovi haqida uni o‘tkazishdan bir oy oldin e’lon qilinadi. E’lon OAV, shuningdek, internet-nashrlar va Jamg‘armaning saytiga joylashtiriladi. Tanlovda ishtirok etish uchun Jamg‘arma qabul komissiyasiga tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha hujjatlar paketini topshirish zarur. Saralash bosqichlari: Chet elda magistratura va PhD dasturlari bo‘yicha ta’lim olishga nomzodlarni saralash 2 bosqichda o‘tkaziladi: 1 bosqich – darajalarni aniqlash uchun Jamg‘arma bazasida suhbat o‘tkazish:
- chet tillarini bilish darajasi (oliy ta’lim va boshqa muassasalar mutaxassislarini jalb qilgan holda);
- nomzodning 2017 — 2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish Harakatlar strategiyasining maqsadi, vazifalari, mazmun va mohiyatini hamda O‘zbekiston tarixini bilishi (Jamg‘armaning Vasiylik kengashi vakillari va mutaxassislar ishtirokida);
- AKTlarini bilishi va ulardan foydalana olishi.Tanlov natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror u o‘tkazilgandan keyin bir oy muddat ichida e’lon qilinadi. Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga stipendiat sertifikati taqdim qilinadi.
2 bosqich – 1 bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar orasida chet tilidagi (IELTS, TOEFL, TestDaf, GMAT, GRE va boshqa) bilim darajalarini, tahlil imkoniyatlarini baholash bo‘yicha test. Xalqaro sertifikatsiyalangan attestatsiya markazlari ishtirokida o‘tkaziladi.
O‘z mutaxassislarini chet elda malaka oshirish va stajirovka o‘tashga yuboradigan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar nomzodlarning dastlabki tanlovini o‘tkazadi. Uning natijalari bo‘yicha Jamg‘arma qabul komissiyasiga tavsiya etiladigan nomzodlarning hujjatlari taqdim etiladi. Saralash Jamg‘armada nomzodlarning malaka oshirish va stajirovka o‘tash dasturlari bo‘yicha suhbat o‘tkazish tarzida o‘tkaziladi. Zarur bo‘lgan hollarda imtihon yoki test sinovlari o‘tkaziladi. Saralash tanlovi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror bir oy muddat ichida e’lon qilinadi. Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga stipendiat guvohnomasi taqdim etiladi.
Stipendiatga qo‘yiladigan talablar:
Magistratura yoki PhD dasturi bo‘yicha chet elda ta’lim olgan stipendiat, uni chet elda o‘qishga tavsiya etgan oliy ta’lim yoki ilmiy muassasada yoxud vazirlik, idora yoki boshqa davlat tashkilotida egallagan mutaxassisligi bo‘yicha 5 yildan kam bo‘lmagan muddatda uzluksiz ishlab berishi shart.
Chet elda malaka oshirib yoki stajirovka o‘tab kelgan mutaxassis uni tavsiya etgan muassasada 3 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida ishlab berishi shart.
Manba: Norma.uz