Iqtidorli mutaxassislarga oliy ta’limdan keyin ham o’z bilimlarini kengaytirish, tadqiqot olib borish va orttirilgan tajribani o’z yurtlarida qo’llashlari uchun imkon yaratish maqsadida turli tadqiqot va rezidensiya dasturlari tashkillashtirilishidan xabaringiz bor. Shunday dasturlardan yana biri Polshada o’tadigan “Scholarship Program for Young Academics” bir yillik tadqiqot dasturi hisoblanadi. Dastur bakalavr, magistratura yoki doktorantura bosqichlarini tamomlagan mutaxassislar uchun mo’ljallangan. Bu yilgi dastur 2021-yil sentyabrdan 2022-yil iyungacha Polshadagi Varshava Universitetida bo’ladi. Dastur qatnashchilari o’z sohalariga aloqador o’zlarini qiziqtirgan mavzularda bir akademik yil davomida o’zlariga biriktirilgan nazoratchilar bilan hamkorlikda tadqiqot olib borishadi.
Grant kimlar uchun?
Oliy ma’lumotli mutaxassis, olim va tadqiqotchilar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Dasturga qabul qilingan tadqiqotchiga oyiga 1 500 PLN (taxminan 378 AQSh dollari) stipendiya beriladi va u yashash xarajatlariga shu stipendiyadan mablag’ sarflaydi. Grant haqida batafsil ma’lumot bilan shu yerda tanishing.
Grant nomzodning boshqa xarajatlarini o’z ichiga olmaydi.
Talablar:
Dastur va uning grantiga quyidagi talablarga eng mos nomzodlar qabul qilinadi:
- Nomzod oliy ma’lumotga ega bo’lishi zarur. Gumanitar fanlar yo’nalishlariga eng yaqin mutaxassislikka (huquqshunoslik, tarih, xalqaro aloqalar, siyosatshunoslik, jurnalistika, sotsiologiya, etnografiya, madaniyatshunoslik, ijtimoiy psixologiya, boshqaruv va menejment kabi) ega nomzodlarning grant yutish ehtimollari yuqoriroq.
- Nomzod akademik va tatdqiqotga aloqador yutuqlarga erishgan bo’lishi zarur.
- Nomzodning yoshi 35 dan oshmagan bo’lishi kerak.
- Nomzod polyak tilini erkin tushunish va muloqot darajada bilishi shart, chunki dastur mashg’ulotlari asosan polyak tilida bo’lishi kerak. Istisno tariqasida ingliz tili asosida dasturga qabul qilinib, polyak tilini dastur vaqtida o’rganish ham mumkin.
- Polshada o’qiyotgan, yashayotgan yoki bu davlatda o’tadigan biror boshqa dasturda ishtirok etayotgan nomzodlar dasturga qabul qilinmaydi.
- Dasturga qabul qilingan nomzod 2022-yil iyungacha kamida 50 sahifa hajmli yakuniy tadqiqot ishi yozishi kerak bo’ladi.
Dasturga qabul jarayoni:
Dastyrga arizalar 2021-yil 1-martgacha qabul qilinadi. Hujjatlarni har bir davlatdagi Polsha elchixonasiga olib borish yoki stypendia.studium@uw.edu.pl elektron manziliga yuborish kerak. Ariza materiallari jamlangan papkani “Scholarship Program for Young Academics” deb nomlashni unutmang.
Kerakli hujjatlar:
- Olingan barcha diplomlar (bakalavr, magistratura va doktoranutra) nusxalari.
- To’ldirilgan anketa.
- Tanlangan tadqiqot mavzusi haqida motivatsion xat (ingliz yoki polyak tilida).
- Tadqiqot loyihasi rejasi (ingliz yoki polyak tilida).
- Ingliz yoki polyak tilida yozilgan CV (fotosurat bilan).
- Polyak va/yoki ingliz tilini bilish darajasini isbotlovchi test sertifikatlari.
- Saralash jarayoniga ta’sir qilishi mumkin bo’lgan boshqa hujjatlar (sertifikatlar, mukofotlar va hkz.).
Saralash jarayonida nomzodlar suhbatdan o’tishlari kerak bo’ladi. Yakuniy natijalar 2021-yil iyul oyi boshlarigacha Polsha elchixonalari tomonidan e’lon qilinadi.