Shveytsariyada tarjimonlar, yozuvchilar va asosi yozuvchilikni tashkil qiladigan boshqa soha egalari uchun rezidensiyalar tashkil etilgan. Shvetsariyaning go’zal tabiati qo’ynida joylashgan bu rezidensiyalar “Daraxt-uylar” (Treehouses) deb nomlanadi, chunki ular yerga tegmaydigan qilib qurilgan. Bu uylarda ijodkorlar ikki hafta, bir oy, ikki oy, uch yoki olti oy yashab, bu vaqt ichida ijod qilishlari mumkin. 2019-yilgi dastur uchun 7 ta rezidensiya mavjud bo’lib, ulardan 6 tasi Jeneva ko’li va Alp tog’lariga, bittasi esa Yura tog’lariga qaratib qurilgan. Bu dasturni tashkillashtirib kelayotgan Jan Michalski fondining o’zi ham Yura tog’lari etaklarida joylashgan. Rezidensiyalar nihoyatda chiroyli va qulay qilib tashkillashtirilgan va u yerda dastur qatnashchilari birga ovqat pishirishlari, aylanishlari va ijod qilishlari mumkin. Dasturning yaxshi taraflaridan biri unda xavaskorlar ham qatnashishlari mumkin. Loyihalarni yakka holda ham, ikki kishi bo’lib ham topshrirish mumkin. Hozir Shveytsariyadagi rezidensiya dasturi uchun arizalar qabuli davom etmoqda. 2019-yilgi daraxt-uylarni ushbu 3D videoda ko’rishingiz mumkin.
Grant kimlar uchun?
Tarjimon, yozuvchi va yozuvchilikka yaqin soha vakillari uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Bu ajoyib grant qatnashchilarning barcha xarajatlarini qoplab beradi. Qatnashchilarga Fond tomonidan quyidagi imkoniyatlar yaratib beriladi:
- Dastur qatnashchisining uyidan rezidensiyaga borish va uyga yana qaytish uchun ketadigan xarajatlar qoplanadi.
- Qatnashchilarga 1200 CHF (taxminan 1205 AQSh dollari) miqdorida oylik stipendiya beriladi.
- Qatnashchilarga nonushta va tushlik tashkil qilib beriladi, rezidensiyalar joylashgan Montricher shahrida esa kichik bozorcha bor.
- Qatnashchilar foydalanishlari uchun elektrik velosipedlar ham mavjud.
- Agar ikki kishilik loyihalar yutib chiqsa, har bir qatnashchi alohida uyga joylashtiriladi.
- Undan tashqari, qatnashchilar Fond tomonidan tashkillashtiriladigan madaniy tadbirlarda tekinga qatnashishlari va kutubxonadan bepul foydalanishlari mumkin bo’ladi. Zarur bo’lsa, rezidensiyalardan ikki kilometr uzoqlikda poyezd stansiyasi mavjud.
Talablar:
Nomzodning kasbi tarjimonlik, yozuvchilik yoki shunga yaqin bo’lishi kerak. Nomzodlarning millati va yoshi ahamiyatga ega emas. Dastur barcha uchun ochiq.
Dasturga qabul jarayoni:
Dastur uchun topshirilgan arizalar uch me’zonga ko’ra saralanadi:
- Nomzod taklif qilayotgan loyihaning sifati.
- Nomzodning kasbiy tarixi va yutuqlari.
- Nomzod rezidensiyada yashamoqchi bo’lgan muddat bilan loyihani tamomlashga ketadigan muddatlarning bir-biriga mosligi.
Hali ish tajribasiga ega emas ijodkorlarning arizalari loyihaning sifati va motivatsion xatlarga qarab saralanadi. Saralashdan muvaffaqqiyatli o’tgan nomzodlar bilan Fond aloqaga chiqadi. Saralashdan o’tmagan nomzodlarga xabar berilmaydi. Natijalar 2018-yil noyabrda e’lon qilinadi va dastur 2019-yil fevraldan boshlanadi. Bu yilgi shartlarga ko’ra aynan tabiatga bag’ishlangan loyihalar uchun maxsus kvota belgilangan.
Hujjat topshirish jarayoni
Dasturga hujjat topshirish onlayn ariza berish orqali amalga oshiriladi. Arizani ingliz yoki fransuz tilida to’ldirish mumkin. Ariza to’ldirish jarayonida nomzod CV, loyihasi haqida ma’lumot, nashrlari ro’yxati (agar bor bo’lsa) va oldingi ishlaridan parcha (yoki motivatsion xat) ham taqdim etishi kerak. 7 ta daraxt-uydan bittasi jismoniy imkoniyatlari chegaralangan qatnashchilarga mo’ljallangan. Agar shunday uy zarur bo’lsa, arizada buni ham bildirib qo’yish kerak.