×

Turkiya: Mukofot jamg’armasi 16 ming AQSh dollari bo’lgan fototanlov


Grant

MUHLAT

16.11.2018

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Turkiya

O'QILGAN

4329 marta

Qo’l mehnati millatlar, qadriyatlar va xalqlar o’rtasidagi madaniy ko’prik vazifasini bajaradi va iqtisodiyotga ham o’z ta’sirini o’tkazadi. Xalqaro Fotografiya San’ati Federatsiyasi (FIAP), Turkiya Fotograsiya San’ati Federatsiyasi (TSFS) va Turkiya Markaziy Banki hamkorligida tashkil etilgan “Economy&Crafts” deb nomlangan fototanlov aynan qo’l mehnatiga bag’ishlangan. Ushbu fototanlov suratkashlarga o’z rasmlarida hunarmandchilikning go’zalligini ifoda etish imkonini beradi. Tanlovga raqamli formatdagi suratlar qabul qilinadi, hozir qabul jarayoni ochiq.

Grant kimlar uchun?

Professional va havaskor fotograflar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

G’oliblar quyidagicha mukofotlanadilar:

  1. Birinchi o’ringa – FIAP Oltin medali va 20000 TRY (4117 AQSh dollari) pul mukofoti beriladi.
  2. Ikkinchi o’ringa – FIAP Kumush medali va 15000 TRY (75 AQSh dollari) pul mukofoti beriladi.
  3. Uchinchi o’ringa – FIAP Bronza medali va 10000 TRY (65 AQSh dollari) pul mukofoti beriladi.
  4. O’rin olmagan, lekin yaxshi deb topilgan (FIAP special mentions) 10 nafar qatnashchilarning har biriga 2500 TRY (41 AQSh dollari) pul mablag’I beriladi.
  5. Turkiyaning o’zida olingan eng yaxshi surat uchun alohida mukofot- 2500 TRY pul mablag’i beriladi.
  6. Eng ko’p g’olib deb topilgan va ko’rgazma uchun suratlari qo’yilgan qatnashchiga yana 5000 TRY (88 AQSh dollari) beriladi.
  7. G’olib deb topilmagan, lekin ko’rgazmadan joy olishga arziydigan suratlarni tashkilotchilar muallif roziligi bilan sotib olishlari mumkin. Turkiya lirasi va AQSh dollari konvertatsiya ma’lumotlari 30.07.2018 ma’lumoti bo’yicha hisoblandi.

Undan tashqari, tanlovda yutib chiqqan fotosuratlar TSFS’ning raqamli nashri hisoblangan Almanac’da chop etiladi. Eng sara fotosuratlardan bitta albomga joylanadi va tashkilotchilarning rasmiy vebsaytlariga joylanadi. Bosma albomlar ham chop etilib, turli ko’rgazmalardan joy oladi, g’olblarga o’z ishlarining chop etilgan variantlari ham jo’natiladi. Fototanlovning boshqa tavsilotlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Talablar:

Tanlovda o’z fotosuratlari bilan ishtirok etayotganlar quyidagi talablarga mos bo’lishlari kerak:

  1. Tanlov barcha davlatlar fuqarolari uchun ochiq, faqat hujjat topshirishning so’nggi muhlatida nomzod kamida 18 yoshda bo’lishi kerak.
  2. Har bir qatnashchi tanlovda 4 dona rangli yoki oq-qora fotosurat bilan ishtirok etishi mumkin.
  3. Taqdim etilayotgan fotosuratlarni turli usullar bilan (turli dasturlar yordamida) yaxshilash mumkin va bunday ishlar tanlovga qabul qilinadi, lekin faqat kompyuter bilan ishlangan rasmlar (ya’ni kameradan foydalanilmagan suratlar) yoki foto umuman yo’q suratlar tanlovga qabul qilinmaydi.
  4. tfsfonayliyarismalar.org sayti orqali to’g’ridan-to’g’ri joylangan yoki www.tcmb.gov.tr saytida ko’rsatilgan yo’l-yo’riqlar asosida topshirilgan raqamli formatdagi fotosuratlar tanlovga qabul qilinadi. Chop etilgan yoki (elektron) pochta orqali yuborilgan rasmlar tanlovga qabul qilinmaydi.
  5. Nomzod o’zi taqdim etayotgan suratni o’zi olgan bo’lishi va unga egalik qilish huquqiga ega bo’lishi shart. Agar nomzodning biror noqonuniy harakati aniqlansa, u tanlovdan chetlashtiriladi. Agar u g’olib bo’lgan bo’lsa sovrin bekor qilinadi, agar mukofotni olib bo’lgan bo’lsa, qaytarib beradi. G’olib fotosuratlarning original nusxasini tashkilotchilar turli ko’rgazmalar uchun so’rashi mumkin.
  6. Tanlovga berilayotgan rasmda ifodalangan obyektlar va odamlarning roziligini olish qatnashchining vazifasidir.
  7. Topshirilayotgan fotosuratlarda muallifning shaxsini ko’rsatuvchi hech qanday belgi, imzo yoki yozuv bo’lmasligi kerak.
  8. Fotosuratlarga texnik talablar: rasmlarning o’lchamlari – 150-300 dpi, formati JPG/JPEG, zichlashtirilganlik darajasi (Compression level) 7 va 12 oralig’ida bo’lishi kerak. Rasmning qirraladi: qisqa (short edge) -1900 pikseldan oshmasligi, uzun (long edge) 3200 pikseldan oshmasligi zarur. Rasmning hajmi 2 MB dan kam va 4 MB dan ortiq bo’lmasligi kerak.

Dasturga qabul jarayoni:

Tanlovda qatnashish onlayn tarzda bo’ladi. Fotosuratlarni maxsus vebsaytga joylash uchun qatnashchi avval maxsus kelishuvga rozi bo’lganligini tasdiqlaydi. Keyin ro’yxatdan o’tish jarayonida kiritilgan elektron pochta manziliga yuborilgan himoya kodini kiritish orqali ro’yxatdan o’tish tamomlangach, fotosuratlarni saytga joylash mumkin bo’ladi (saytning turk tilidagi varianti bu yerda).

Barcha rasmlar birdaniga joylanishi zarur, shuning uchun suratlarning hajmi va nomlari oldindan to’g’irlab qo’yilishi kerak. Rasmlarga nom berilayotganda davlat kodlari va bo’limlarni bildiradigan qismlardan boshqa so’zlar faqat ingliz alifbosining kichik harflarida yozilishi mumkin, nomning uzunligi esa 31 belgidan oshmasligi kerak.

Rasmga nom qo’yish quyidagicha amalga oshiriladi:

  1. Birinchi ikki belgi davlatni bildirishi kerak – O’zbekiston uchun bu UZ deb qabul qilingan. Boshqa davlatlar kodlari bu yerda berilgan.
  2. Keyingi qism qatnashchining shaxsini bildirshi kerak, uzunligi 5 ta belgidan oshmasligi zarur. Agar qatnashchining ismi Rahimov Doston bo’lsa, nom “rdost”, “drah” va hkz kabi qisqartilishi mumkin. Misollar tahminiy olindi, nomz tanlashda kichik harflar olinsa va 5 belgidan oshmasa, nomzodning ism va familiyasidan ham harflar qo’shilsa bo’ldi.
  3. Keyin rasmning bo’limi nomining ilk harflari qo’yiladi. Bo’limlar: Color yoki Black&White/digital.
  4. Davomidan nechanchi rasm ekanligiga qarab son qo’yiladi va “_”belgisi yoziladi.
  5. Oxirida rasm nomi qo’shiladi. Umumiy nomning uzunligi 31 belgidan oshmasligi kerak. Agar qatnashching rasmi nomi “kulol” bo’lsa, rasmning butun nomi tahminan mana bunday bo’lishi mumkin: “UZdrahD1_kulol”.

Natijalar www.tcmb.gov.tr, www.tfsf.org.tr va www.tfsfonayliyarismalar.org saytlarida 28-noyabr, 2018-yilda e’lon qilinadi.

Undan tashqari, g’oliblarga elektron pochta orqali ham xabar yetkaziladi.

Ma’lumot uchun:
Representative name: Suna ARMOŞ
Contact information: suna.armos@tcmb.gov.tr
+90 532 727 47 72

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!