×

Italiyaning mashhur Milan universitetida magistraturani oʻqish uchun 155 ta toʻliq va qisman grant!


Grant

MUHLAT

01.05.2024

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Italiya

O'QILGAN

8802 marta

Italiyada joylashgan Milan universiteti magistraturada oʻqishni xohlovchi xorijlik nomzodlarga “Excellence Scholarships” grantlarini taklif etadi. Ushbu grantlarni Milan universitetining istalgan magistrlik dasturiga oʻqishga qabul qilingan talaba qoʻlga kiritishi mumkin. Bu yilgi qabulda (2024-2025-oʻquv yili uchun) jami 155 nafar talabaga mazkur grant berilishi rejalashtirilgan.

Universitetdagi magistrlikda dasturlarining bir qismi ingliz tilida, bir qismi esa italyan tilida oʻqitiladi. Nomzodlar oʻzi biladigan tilda oʻqitiladigan magistrlik dasturiga ariza topshirishi mumkin. Universitetda mavjud barcha magistrlik dasturlarini BU YERDAN topasiz (deyarli barcha soha mavjud).

Maʼlumot uchun: Milan universiteti dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biridir. Jumladan, 2024-yil aprel oyi holatiga koʻra, ushbu universitet dunyodagi eng yaxshi universitetlar roʻyxatida 276-oʻrinni egallab turibdi (QS reytingiga koʻra).

Grant kimlar uchun?

Magistratura bosqichida oʻqishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Bu yilgi qabul uchun 155 ta grant ajratilgan. Shulardan:

  • 100 tasi toʻliq grant boʻlib, magistraturada oʻqish bilan bogʻliq barcha toʻlovlardan toʻliq ozod qiladi.
  • 55 tasi qisman grant boʻlib, har birining miqdori 8000 yevroga teng. Bu grant oʻqish bilan bogʻliq barcha badallarga (kontrakt summasi, roʻyxatdan oʻtish puli, kitoblar va hk) chegirma tarzida taqdim etiladi.

Eslatma: Milan universitetida magistraturada oʻqish uchun 1 yillik oʻrtacha kontrakt summasi oʻrtacha 2500-3000 yevro.

Talablar:

Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:

  • Italiyadan boshqa barcha davlat fuqarolari ushbu grantni qoʻlga kiritishi mumkin.
  • Nomzod bakalavrlik diplomiga ega boʻlishi yoki hozirda bakalavriatning oxirgi bosqichida tahsil olayotgan boʻlishi kerak.
  • Nomzod 2024-2025-oʻquv yilida boshlanadigan magistrlik kurslaridan biriga ariza topshirishi va qabul qilinishi kerak.
  • Nomzod oʻzi tanlagan magistrlik kursining qabul talablariga, jumladan, til bilish talablariga javob berishi kerak. Magistrlik kursiga qarab, nomzoddan italyan yoki ingliz tilini B2 yoki C1 darajada bilish (shu darajadagi xalqaro til sertifikatini topshirish) talab etiladi.
  • Magistrlik dasturiga 2024-yil 30-aprelgacha ariza topshirish lozim.

Dasturga qabul jarayoni:

Ushbu grantga alohida ariza topshirilmaydi. Magistrlik kurslaridan biriga ariza topshirgan nomzodlarning barchasi mazkur grantga talabgor sifatida koʻrib chiqiladi. Grantni qoʻlga kiritish uchun odatda 2024-yil 31-maygacha Milan universitetidagi magistrlik kurslaridan biriga toʻliq arizani topshirish lozim.

Biroq hozirda Italiyadan tashqarida yashaydigan va Italiyada oʻqish uchun viza olishi talab etiladigan nomzodlar (jumladan, Oʻzbekistonda yashovchi nomzodlar) magistrlik kurslaridan biriga 2024-yil 30-aprelgacha ariza topshirishi lozim. Arizalar onlayn tarzda topshiriladi.

Milan universitetining magistratura kurslariga ariza topshirish jarayoni quyidagicha boʻladi:

  1. Magistrlik dasturlaridan oʻzingizga keraklisini tanlab, uning sahifasiga kirib, qabul talablari bilan batafsil tanishib chiqing. Qabul talablari yoʻnalishlarga qarab farq qiladi.
  2. Milan universitetining onlayn portalida roʻyxatdan oʻting.
  3. Onlayn portalda oʻzingiz tanlagan magistrlik kursiga 2024-yil 30-aprelgacha ariza topshiring. Ariza topshirish jarayonida 30 yevro qabul badali toʻlash kerak.

Ariza topshirish jarayoni haqida BU YERDA batafsil tanishishingiz mumkin.

Grant haqidagi eʼlon bilan BU YERDA tanishing (Excellence scholarships).

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!