×

USTC Fellowship: Xitoyda magistratura va doktorantura uchun toʻliq grant, oylik stipendiya va turar joy uchun mablagʻ!


Grant

MUHLAT

15.02.2024

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Xitoy

O'QILGAN

8133 marta

Xitoyda joylashgan Xitoy fan va texnologiya universitetining xalqaro kolleji magistratura va doktorantura bosqichida oʻqishni xohlaydigan xorijlik nomzodlarga USTC Fellowship grantini taklif etadi. Bu grant ushbu oliygohda mavjud barcha magistratura va doktorantura bosqichi dasturlari uchun taqdim etiladi.

Nomzodlar xitoy yoki ingliz tilida oʻqitiladigan magistrtatura/doktorantura dasturlariga ariza topshirishlari mumkin. Grantlar 2023-yil kuzgi smemestrdan boshlab oʻqish uchun taqdim etiladi.

Oliygohda mavjud magistratura va doktorantura dasturlari roʻyxatini BU YERDAN topishingiz mumkin.

Maʼlumot uchun: Xitoy fan va texnologiya universiteti dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biridir. Jumladan, 2023-yil noyabr oyi holatiga koʻra, ushbu universitet dunyodagi eng kuchli oliygohlar roʻyxatida 137-oʻrinni egallab turibdi (QS reytingi).

Grant kimlar uchun?

Magistratura yoki PhD bosqichida oʻqishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

USTC Fellowship granti doirasida bir necha darajagi moliyalashtirish turi mavjud boʻlib, quyida ularni batafsil keltirib oʻtamiz.

Magistratura uchun

1. Level A (A daraja). Bu grant darajasini qoʻlga kiritganlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:

  • Kontrakt pulidan toʻliq ozod qilinadi.
  • 3000 RMB (taxminan 420 AQSH dollari) oylik stipendiya beriladi.
  • Talaba kompleks tibbiy sugʻurta bilan taʼminlanadi.
  • Turar joy uchun mablagʻ ajratiladi.

2. B Level (B daraja). Bu grant darajasini qoʻlga kiritganlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:

  • Kontrakt pulidan toʻliq ozod qilinadi.
  • Dars mashgʻulotlari yoki tadqiqot jarayonida assistentlik qilish uchun ish haqi olish mumkin boʻladi.

Doktorantura uchun

1. Level A (A daraja). Bu grant darajasini qoʻlga kiritganlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:

  • Kontrakt pulidan toʻliq ozod qilinadi.
  • 7000 RMB (taxminan 978 AQSH dollari) oylik stipendiya beriladi.
  • Talaba kompleks tibbiy sugʻurta bilan taʼminlanadi.

2. Level B (B daraja). Bu grant darajasini qoʻlga kiritganlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:

  • Kontrakt pulidan toʻliq ozod qilinadi.
  • 3500 RMB (taxminan 490 AQSH dollari) oylik stipendiya beriladi.
  • Talaba kompleks tibbiy sugʻurta bilan taʼminlanadi.
  • Turar joy uchun mablagʻ ajratiladi.

3. C Level (C daraja). Bu grant darajasini qoʻlga kiritganlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:

  • Kontrakt pulidan toʻliq ozod qilinadi.
  • Dars mashgʻulotlari yoki tadqiqot jarayonida assistentlik qilish uchun ish haqi olish mumkin boʻladi.

Talablar:

Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:

  • Jismoniy va ruhiy salomat boʻlgan, yaroqli pasportga ega xorijlik nomzodlar ariza topshira oladi.
  • Nomzod kerakli ilmiy daraja (diplom)ga ega boʻlishi kerak: magistratura uchun bakalavrlik, doktorantura uchun magistrlik diplomi. Hozirda oxirgi bosqichda oʻqiyotgan talabalar ham ariza topshirishi mumkin, bunda nomzod 2024-yil iyulgacha oʻqishni bitirishi va kerakli diplomni olishi haqida maʼlumotnoma topshirishi kerak (bu maʼlumotnoma universitet tomonidan beriladi).
  • Yosh chegarasi:
    – Magistraturaga nomzodlar 2024-yil 1-sentabr holatiga koʻra, 35 yoshdan kichik boʻlish kerak.
    – Doktoranturaga nomzodlar Level A granti uchun 2024-yil 1-sentabr holatiga koʻra, 35 yoshdan kichik; Level B va C granti uchun 2024-yil 1-sentabr holatiga koʻra, 40 yoshdan kichik boʻlishi kerak.
  • Til talabi:
    – Ingliz tilida oʻqitiladigan dasturlarga ariza topshirmoqchi boʻlganlar ingliz tili darajasini isbotlovchi sertifikat (IELTS, TOEFL yoki boshqa) taqdim etishi kerak. Til sertifikatiga mininal ball talabi aniq koʻrsatilmagan, lekin kamida IELTS 6.0 yoki shunga teng boshqa til sertifikati taqdim etish tavsiya etiladi (tahririyat tavsiyasi).
    – Xitoy tilida oʻqitiladigan dasturlarga topshiruvchi nomzodlar kamida HSK 4 sertifikatiga ega boʻlishi kerak. Yuqori maktab yoki universitetda xitoy tilida oʻqiganlar yoki ona tilisi xitoy tili boʻlganlar HSK sertifikatini topshirishdan ozod qilish haqida ariza berishi mumkin.
  • Nomzod xalqaro talabalar uchun belgilangan qabul talablariga javob berishi kerak.
  • Grantni qoʻlga kiritgan nomzodlar grant davri mobaynida boshqa grant olishi mumkin emas.

Dasturga qabul jarayoni:

Arizalar 2024-yil 15-fevralgacha qabul qilinadi. Shu muddatgacha nomzod oliygohdagi magistratura/doktorantura dasturiga va grantga ariza hada hujjatlarni toʻliq topshirishi kerak. Nomzodlar grant darajalarining (Level A, B, C) bittasiga yoki barchasiga ariza topshirishi mumkin. Lekin nomzod faqat bitta darajadagi grant (eng mosi) bilan taqdirlanishi mumkin.

Ariza topshirish uchun dastlab onlayn ariza tizimida hisob (akkaunt) yaratish lozim.

Shundan soʻng onlayn arizada soʻralgan maʼlumotlar kiritiladi va kerakli hujjatlar yuklanadi.

Kerakli hujjatlar (magistratura uchun ham, doktorantura uchun ham):

  • Pasport nusxasi (amal qilish muddatiga kamida 1 yil qolgan boʻlishi kerak).
  • Oʻqish yoki tadqiqot rejasi (800 soʻzdan kam boʻlmasligi kerak).
  • CV.
  • 2 tavsiyanoma. Tavsiyanomalar professor yoki dotsent tomonidan berilishi hamda ularning telefon raqami va email manzili ham koʻrsatilishi kerak.
  • Tiibiy maʼlumotnoma. Ushbu maʼlumotnomaning tayyor shakli mavjud, shu shakl yuklab olib, tekshiruv oʻtkazgan shifokor(lar) tomonidan toʻldirilishi kerak. Maʼlumotnoma shaklini rasmiy saytdan yuklab olish kerak.
  • Til sertifikati: xitoy tilida oʻqitiladigan dasturga ariza topshiruvchilar HSK, ingliz tilidagi dasturlarga topshiruvchilar IELTS, TOEFL yoki shu kabi boshqa sertifikat topshiradi (sertifikat ballariga talablar yuqorida berilgan).
  • Doktorantura uchun: bakalavrlik va magistrlik (agar magistrlik diplomi boʻlsa) diplomi hamda olingan baholar. Magistratura uchun bakalavrlik diplomi va baholari, agar boʻlsa, magistrlik diplomi va va baholari ham topshiriladi. Bu hujjatlar ingliz tilida boʻlmasa, rasmiy tarjima qilingan va tasdiqlangan nusxalari bilan birga topshirilishi kerak. Oxirgi bosqich talabalari diplom oʻrniga oʻqishni 2022-yil iyul oyigacha bitirishi va diplomni qoʻlga kiritishi haqida maʼlumotnoma topshiradi.

Ariza topshirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtganlar onlayn intervyuga taklif etiladi. Intevryudan ham muvaffaqiyatli oʻtganlar universitetga qabul qilinadi va munosib nozodlarga tegishli grantlar taqdim etiladi.

MUHIM: Ariza topshirishdan oldin grant haqidagi rasmiy eʼlon bilan batafsil tanishib chiqing:

Magistratura va doktoranturaga qabul jarayoni haqidagi maʼlumotlarni BU YERDAN topasiz.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!