Tasvirlar minglab so’zlarning o’rnini bosish yoki so’z ojiz qoladigan fikrlarni tomoshabinga soniyalar ichida yetkazib berish kuchiga ega muloqot usulidir. Adabiyot bilan birgalikda fotografiya yo’nalishing ham ommalashib ketganining sabablaridan biri ham tasvirlarning kuchli g’oyalarni tez, oson va ta’sirli yetkazishidir. G’oyalarni yoyish va targ’ibot ishlarida ham suratlardan keng foydalaniladi. Bu maqsadda yozuvchilar uchun insho tanlovlari e’lon qilinganidek, suratkashlar uchun ham fototanlovlar tez-tez e’lon qilinadi. Wellcome Prize Photography fototanlovi shunday tanlovlardan biridir.
Wellcome Prize Photography tanlovi turli masalalarning e’tibordan chetda qolgan jihatlarini aks ettiruvchi fotosuratlar uchun maxsus tashkillashtirilgan. Bu yilgi tanlovning mavzusi esa Tibbiyot, Salomatlik va Fan. Tanlov shu sohalardagi qiziqarli, muhim, e’tibordan chetda qoladigan yoki ta’sirli vaziyatlarni suratlarga muxrlay olgan fotosuratlar va shunday vazifaga bel bog’lagan fotosuratchilar uchun ajoyib imkoniyat, chunki tanlovda ishtirok etish orqali qatnashchilar ommaga tanilish, mukofotga ega bo’lish va eng muhimi, bir parcha qog’oz orqali butun bir voqeani ko’rsatish imkoniga ega bo’lishadi.
Fotosuratlar 4 kategoriyada ko’rib chiqiladi:
- Ijtimoiy nuqtai nazar kategoriyasi bo’yicha salomatlik va hastalikning turmushga ta’siri aks etgan fotosuratlar qabul qilinadi.
- Yashirin olam kategoriyasi bo’yicha oddiy ko’z bilan payqb bo’lmaydigan yashirin olamni aks ettirgan fotosuratlar qabul qilinadi.
- Tibbiyot markazida kategoriyasi bo’yicha sog’liqni saqlashni tibbiyot nuqtai nazaridan ko’rsatib beruvchi fotosuratlar qabul qilinadi.
- «Flash» 2019 kategoriyasi bo’yicha hastalikning zorayishi oqibatlari aks etgan fotosuratlar qabul qilinadi. Har bir kategoriya uchun taxminan qanday suratlar taqdim etish bo’yicha ba’zi namunalar bu yerda berilgan (bu suratlar qatnashchiga umumiy tushuncha berish uchun namuna sifatida ko’rsatilgan, ularga taqlid qilmaslik kerak). Shu sahifada turli kategoriyalar bo’yicha nimalarni suratga tushirish bo’yicha fikrlar ham berilgan.
Grant kimlar uchun?
Barcha uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Welcome Photography Prize tanlovining mukofot jamg’armasi 15000 funt sterling bo’lib, har bir kategoriya g’oliblari 1250 funt sterling miqdordagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Undan tashqari, g’olib fotosuratlar 2019-yil 4-13 iyul kunlari London San’at Universitetida o’tkaziladigan Lethaby Gallery ko’rgazmasidan joy oladi. G’oliblarga keyingi ko’rgazmalarda o’z ishlari bilan ishtirok etish imkoni berilishi ham mumkin.
Talablar:
Tanlovda barcha ishtirok etishi mumkin. 18 yoshdan kichik qatnashchilar uchun ota-ona yoki vasiy ruhsatnomasi zarur bo’ladi.
Welcome Photography Prize tanloviga taqim etilayotgan fotosuratlarga talablar:
- Tanlov uchun taqdim etilayotgan fotosuratlar avval hech qanday tanlovga taqdim etilmagan bo’lishi lozim.
- Nomzod istalgancha fotosurat yuklashi mumkin, faqatgina bitta fotosurat birdan ortiq kategoriyaga belgilanishi mumkin emas.
- Fotosuratlarning hajmi kamida 15 MB, rang modeli ADOBE RGB (1998), format JPEG yoki TIFF bo’lishi kerak.
- Fotosuratlarning sifati yuqori va hajmi katta bo’lishi zarur, chunki ular keyinchalik chop etilishi mumkin.
- G’olib deb topilgan fotosurat muallifidan uch yil davomida (mualliflik huquqi saqlangan holda) fotosuratdan ko’rgazmalarda, ijtimoiy tarmoqlarda foydalanish ruhsati talab qilinadi.
Tanlovning to’liq talab-shartlari bilan bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin.
Dasturga qabul jarayoni:
Welcome Photography Prize fototanloviga fotosuratlar online tarzda 2018 yil 17 dekabr 23:59(GMT) ga qadar jo’natilishi lozim. Fotosuratlarni bu yer orqali yuklashingiz mumkin. Tanlovga topshirilgan fotosuratlar malakali mutaxassislardan tashkil topgan hay’at jamoasi tomonidan baholanadi.
Fotoanlov haqida qo’shimcha ma’lumot uchun PhotoPrize@wellcome.ac.uk elektron manzili yoki +44 (0)20 7611 8215 raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.