Xitoy Xalq Respublikasida joylashgan Harbin Institute of Technology (HIT) tomonidan taqdim etiladigan, Xitoy hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan HIT Independent Recruitment Program grant dasturiga arizalar qabul qilinmoqda. Harbin Texnologiya universiteti Xitoyning eng yaxshi 9 universitetidan biri bo’lib, muhandislik bo’yicha jahondagi eng yaxshi universitetlardan biri sanaladi. Universitetda barcha yo’nalishlarda va bosqichlarda o’quv kurslari mavjud.
HIT Independent Recruitment Program dasturi HIT magistratura va doktorantura kurslari uchun ajratilgan. Barcha kurslar ro’yxati bilan bu yerda tanishing.
Grant kimlar uchun?
Magistratura va doktoranturada o’qishni xohlovchilar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Grant berilgan talaba:
- O’qish to’lovi, universitetga qilinadigan boshqa to’lovlar hamda yotoqxona to’lovidan ozod qilinadi.
- Salomatligi sug’urta qilinishi uchun yiliga 8 000 yuan mablag’ ajratiladi (taxminan 1 200 AQSh dollari).
- Oylik stipendiya beriladi – magistratura talabalariga 3 000 yuan (448 AQSh dollari), doktorantura talabalariga 3 500 yuan (523 AQSh dollari).
Grantlar magistratura uchun 2-4 yilga, doktorantura uchun 4-5 yilga beriladi.
Talablar:
- Nomzod Xitoy fuqarosi bo’lmasligi kerak.
- Magistratura kursi uchun nomzodlar 35 yoshdan, doktorantura uchun nomzodlar 40 yoshdan oshmagan bo’lishi lozim.
- Magistratura kursi uchun nomzodlar bakalavr diplomiga, doktorantura uchun nomzodlar magistratura diplomiga ega bo’lishlari kerak. Baholari yuqori nomzodlarning grant yutish ehtimoli ham baland bo’ladi.
- Nomzodlar ilmiy tadqiqot qilishni bilishlari, bunda mahorat va ko’nikmalari bo’lishi zarur.
- O’zlari tanlagan magistratura va doktorantura kurslari uchun qabul talablariga mos bo’lishlari lozim.
- Nomzod ingliz yoki xitoy tilini yaxshi bilishi kerak. Xitoy tilidan kamida HSK 4, ingliz tilidan kamida IELTS 5,5/TOEFL IBT 80 talab etiladi. Doktorantura kurslarining ko’pchiligi ingliz tilida, magistratura kurslarining ko’pchiligi xitoy tilida bo’ladi.
Dasturga qabul jarayoni:
Grantga ariza berish uchun magistratura va doktorantura kurslariga hujjat topshirish yetarli. Har Texnologiya universiteti eng yaxshi nomzodlarni grant uchun tavsiya etadi.
Kurslarga arizalar 2020-yil 25-dekabrgacha qabul qilinadi. Bu vaqtgacha pochta orqali yuborilgan hujjatlar universitetga yetib borishi kerak. Ariza topshirish uchun barcha hujjatlarni ikkitadan nusxada tayyorlab, pochta orqali ushbu manzilga yuboring:
No.11 Siling Street, Nangang District, Harbin (150001), China.
Ariza materiallari solingan fayl ustiga “CSC scholarship Application” deb yozing.
Kerakli hujjatlar:
- Ariza. Ariza blankasini bu yerdan yuklab oling (grant turi “B”, kod “10213”).
- Oxirgi diplom va baholarining notarius orqali rasmiylashtirilgan nusxasi. Bitiruvchi kurs talabalari bu haqida ma’lumotnoma yuborishlari kerak.
- O’qish yoki tadqiqot rejasi.
- Ikkita tavsiyanoma.
- Pasport nusxasi (amal qilish muddati tugashiga kamida 1 yil qolgan bo’lishi kerak).
- Tibbiy ma’lumotnoma.
- 40 AQSh dollari ariza to’lovi to’langanligi haqida chek. Bu yerda to’lov manzili ko’rsatilgan.
- Til sertifikat(lar)i.
- Sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma.
- Agar HIT kurslaridan biriga qabul qilinganingiz haqida ma’lumotnoma bo’lsa, u ham qo’shib jo’natiladi.
Murojaat uchun: studyatHIT@hit.edu.cn (Zhao Lin)