Xitoyning Pekin shahrida joylashgan Yenching akademiyasi magistratura bosqichida oʻqishni xohlovchilardan 2025-yilda boshlanadigan oʻqish uchun arizalar qabul qilmoqda. Akademiyaga har yili taxminan 120 nafar talaba qabul qilinadi va ularning barchasiga grant ajratiladi.
Akademiyaga qabul qilinganlar quyidagi tadqiqot sohalaridan birini tanlashi zarur:
- Economics and Management
- History and Archaeology
- Philosophy and Religion
- Politics and International Relations
- Law and Society
- Literature and Culture
Oʻqish 2 yil davom etadi va oʻqishni bitirganlarga magistrlik darajasi beriladi.
Grant kimlar uchun?
Magistratura bosqichida oʻqishni xohlovchilar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Qabul qilingan barcha talaba oʻqishning 1-yilida quyidagi imtiyozlar bilan taʼminlanadi:
- Oʻqish pulidan toʻliq ozod qilinadi.
- Bepul turar joy bilan taʼminlanadi.
- Oylik stipendiya beriladi.
- Borish va kelish uchun aviachipta olib beriladi.
- Joylardagi tadqiqotlar xarajatlari qoplanadi.
2-yilda talabalar magistrlik dissertatsiyasini yozadi. Bunda xalqaro talabalarning Xitoyda boʻlishi talab qilinmaydi, oʻz vataniga qaytib ham dissertatsiyasini yozishi mumkin. Lekin vataniga qaytgan talabalarga yuqoridagi imtiyozlar berilmaydi (faqat oʻqish pulidan ozod qilingan holda qoldiriladi).
Agar talaba 2-yilda ham Xitoyda qolib, shu yerda dissertatsiya yozishni xohlasa va 1-yildagi oʻzlashtirish darajasi yaxshi boʻlsa, 2-yil uchun grantga ariza topshirishi mumkin (grant yuqorida sanalgan imtyozlarni qamrab oladi).
Shuningdek, 2-yili akademiya kampusida yashab, talabalarga yordam koʻrsatish xizmatida ishlasa, qoʻshimcha moliyaviy yordam bilan ham taʼminlanadi.
Talablar:
Nomzodlar quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:
- Istalgan sohada kamida bakalavrlik darajasiga ega boʻlish kerak. Hozirda universitetda tahsil olayotgan va diplomini 2025-yil 31-avgustgacha qoʻlga kirituvchi nomzodlar ham topshira oladi.
- Aʼlo baholarga ega boʻlish kerak.
- Xitoyda sohalararo taʼlim olishga kuchli qiziqish kerak.
- Oʻqishdan tashqari yutuqlar, jamoat ishlaridagi ishtirok, ijtimoiy masʼuliyat boʻyicha tajribaga va yetakchilik potensialiga ega boʻlish kerak.
- Ingliz tilini yaxshi bilish lozim. IELTS 7.0, TOEFL iBT 100 yoki shunga teng xalqaro til sertifikati talab qilinadi.
Dasturga qabul jarayoni:
Akademiyaga arizalar 2024-yil 1-dekabrga qadar BU YERDA onlayn shaklda topshiriladi. Ariza topshirish uchun nomzodlar dastlab hisob (account) yaratishi kerak.
Onlayn ariza topshirish jarayonida nomzodlardan quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
- Toʻldirilgan onlayn ariza shakli.
- Shaxsiy bayon (Personal Statement) – 750 soʻzdan oshmasligi kerak.
- Tadqiqot qiziqishi bayoni – maksimal 1500 ta soʻz boʻladi.
- CV.
- Universitetdagi taʼlim bosqichlarida (bakalavriat, agar boʻlsa, magistratura ham) olingan baholar.
- Universitetdan berilgan diplom(lar) yoki universitetda tahsil olayotganlik haqida maʼlumotnoma.
- 2 ta akademik tavsiyanoma.
- Ingliz tili sertifikati: Kamida IELTS 7.0 yoki TOEL iBT 100 yoxud shunga teng darajadagi xalqaro til sertifikati. IELTS va TOEFL sertifikatlari 2022-yil 1-sentabrdan keyin olingan boʻlishi lozim.
Barcha hujjatlar ingliz tilida boʻlishi kerak. Til sertifikatlari bevosita til imtihonini oluvchi tashkilotlar tomonidan yuborilishi kerak.
MUHIM: Hujjat topshirishga kirishishdan oldin dastur haqidagi rasmiy eʼlon va koʻp beriladigan savollarga javoblar bilan batafsil tanishib chiqing.
Savollar yuzasidan yca-admissions@pku.edu.cn elektron manziliga murojaat qilishingiz mumkin.