×

Young Founders Programme: Yosh tadbirkorlar uchun 6 oylik malaka oshirish va Berlinda 5 kunlik moliyalashtiriladigan konferensiya!


Grant

MUHLAT

14.08.2023

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Germaniya

O'QILGAN

5155 marta

Westerwelle Jamgʻarmasining Young Founders Programme (YFP) dasturi yangi rivojlangan yoki barqaror kelajak sari rivojlanayotgan davlatlardan boʻlgan 25 nafar yetakchilar uchun 6 oylik onlayn malaka oshirish va qoʻllab-quvvatlash kursini taklif etadi. Malaka oshirish kursi 2023-yil sentabr-fevral oylarida boʻlib oʻtadi hamda kurs davomida ishtirokchilarga shaxsiy mentor biriktiriladi, har oyda boshqa ishtirokchilar bilan mentorlik uchrashuvlari, ekspertlar tomonidan seminarlar va korporatsiyalar hamda investorlar bilan netvorking (tanishish) tadbirlari oʻtkaziladi.

Eng yaxshi 10 nafar ishtirokchi 2024-yil may oyida Berlinda boʻlib oʻtadigan 5 kunlik konferensiyaga taklif etiladi. Bu konferensiyada qatnashish xarajatlari tashkilotchilar tomonidan toʻliq qoplanadi. Konferensiyada ishtirokchilar investorlar oldida oʻlarining pitch (taqdimot)larini oʻtkazish, seminarlarda qatnashish, netvorking tadbirlariga qoʻshilish va Germaniyadagi startap muhiti haqida tasavvur hosil qilish imkoniga ega boʻladi.

Dastur ingliz tilida olib boriladi.

Grant kimlar uchun?

Rivojlanayotgan va yangi rivojlangan davlatlardan boʻlgan yosh tadbirkorlar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Dasturning manfaatli jihatlari:

  • Dasturda qatnashish bepul.
  • Mentorlik yordami – sparing sherik boʻlib ishtirok etadigan muvaffaqiyatli tadbirkor yoki investor tomonidan mentorlik.
  • Tengdoshlardan oʻrganish – boshqa muvaffaqiyatli yosh asoschilar bilan fikr va bilim almashish.
  • Ekspertlar tomonidan seminarlar – yuqori darajali ekspertlar tomonidan oʻtiladigan mavzuga oid chuqurlashtirilgan seminarlar.
  • Bitiruvchilar bilan aloqa – dasturning bundan oldingi bitiruvchilari bilan aloqa oʻrnatish va yangi biznes imkoniyatlari bilan tanishish.
  • Berlindagi konferensiya – 10 nafar eng yaxshi ishtirokchi berlindagi 5 kunlik konferensiyaga taklif etiladi. Konferensiyaga qatnashish bilan bogʻliq barcha xarajatlar qoplanadi.

Talablar:

Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:

  • Rivojlanayotgan yoki yangi rivojlangan davlat fuqarosi yoki rezidenti boʻlish lozim (Oʻzbekiston bunday davlatlar sirasiga kiradi).
  • Oxirgi 5 yil ichida boshlangan (tashkil qilingan) rivojlanayotgan yoki yangi rivojlangan bozor (davlat)ga asosiy eʼtibori qaratilgan tijorat kompaniyasi egasi boʻlish lozim.
  • Nomzodning kompaniyasi oʻz biznes modeliga ega boʻlishi hamda foyda olayotgan boʻlishi yoki dastlabki tashqi sarmoyani jalb qilgan boʻlishi kerak.
  • Nomzod yoki nomzodning kompaniyasi oʻz sohasidagi sifat, taʼsir yoki qamrovni oshirish sifatlariga ega boʻlishi kerak.
  • Nomzod ingliz tilini yaxshi bilishi kerak.
  • Onlayn oʻtkaziladigan 2 kunlik ochilish marosimi (2023-yil 4-5-sentabr) va 6 oylik onlayn malaka oshirish dasturida qatnasha olish lozim.

Dasturga qabul jarayoni:

Dasturga arizalar Oʻzbekiston vaqti bilan 2023-yil 14-avgust soat tongi 2:59 gacha qabul qilinadi. Arizani BU YERDA onlayn shaklda toʻldirish mumkin.

Onlayn arizaga quyidagilar ham ilova qilinishi (yuklanishi) kerak:

  • Startapingiz haqida pitch (taqdimot). Pitch nimaligi haqida BU YERDA toʻliqroq maʼlumot olishingiz mumkin.
  • Asosiy moliyaviy maʼlumotlar (yaʼni daromad, kiritilgan sarmoya haqida).
  • LinkedIn profilingiz va/yoki CV.

Ariza topshirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtganlar 2023-yil 16-29-avgust kunlari boʻib oʻtadigan (onlayn) suhbatga taklif etiladi. Suhbatdan ham muvaffaqiyatli oʻtganlar dasturga qabul qilinadi.

Dasturga qatnashish huquqini qoʻlga kiritganlarga 2023-yil 31-avgustda xabar qilinadi.

Dastur yuzasidan savollaringiz boʻlsa, 2023-yil 25-iyul kuni dastur tashkilotchilari tomonidan oʻtkaziladigan Zoom uchrashuvda soʻrab olishingiz mumkin. Zoom uchrashuv uchun BU YERDA oldindan roʻyxatdan oʻtish lozim.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin dastur rasmiy saytidagi maʼlumotlar va nomzodlarga qoʻyilgan talablar bilan batafsil tanishib chiqing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!