×

Toshkent davlat yuridik universiteti filialining bakalavriatiga qabul 15-iyundan boshlanadi. Kvota – 255 ta, barcha talabalar davlat granti asosida qabul qilinadi!


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

25401 marta

CHOP ETILGAN

27.05.2019

Filial qachon va qay asosda tashkil etildi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi.

Filialda qabul kvotasi qancha?

Jami qabul kvotasi 305 ta boʻlib, shularning 255 tasi bakalavriat uchun, 50 tasi esa kadrlarni qayta tayyorlash dasturiga hujjat topshiruvchilar uchun ajratilgan. Eslatib oʻtamiz, filialda faqat bakalavr bosqichi va kadrlarni qayta tayyorlash dasturi mavjud, magistratura, doktorantura va shu kabi boshqa bosqichlar mavjud emas.

Filialga oʻqishga qabul qilinganlar kontrakt asosida oʻqiydimi yoki davlat granti asosidami?

Filialga qabul qilinganlarning barchasi davlat granti asosida tahsil oladi. Shuningdek, Filialning bakalavr bosqichi talabalari oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan oylik stipendiya bilan ham taʼminlanadi. Bundan tashqari, talabalarni yotoqxona bilan taʼminlash ham rejalashtirilgan.

Oʻqish muddati necha yil?

Oʻqish muddati bakalavr boschiqida 3 yil, kadrlarni qayta tayyorlash dasturida esa 6 oy davom etadi.

Filialda qaysi soha boʻyicha oʻqiladi va qanday mutaxassislik boʻyicha diplom beriladi?

Filialda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash” soha mutaxassisligi boʻyicha tahsil olinadi. 3 yillik bakalavr bosqichini bitirgalarga “huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash” soha mutaxassisligi boʻyicha belgilangan namunadagi diplom, 6 oylik kadrlarni qayta tayyorlash dasturini bitirganlarga “huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash” mutaxassisligi boʻyicha belgilangan naʼmunadagi diplom beriladi.

Bu diplomning qanday ustunligi bor?

Filial diplomining mavjudligi ichki ishlar organlariga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida maxsus kasbiy tayyorgarlikni o‘tmasdan, “leytenant” maxsus unvoni berilgan holda xizmatga qabul qilish uchun asos bo‘ladi.

Filialga kimlar qabul qilinadi?

  • Filialning bakalvr bosqichiga ham, qayta tayyorlash dasturiga ham faqatgina Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy roʻyxatda turuvchi (doimiy propiskaga ega boʻlgan)Oʻzbekiston Respunlikasi fuqarolari qabul qilinadi.
  • Bakalavr bosqichiga hujjat topshirish uchun nomzod kamida maktabda yuqori sinfni (11-sinfni) tamomlagan yoki kollej/litsey bitiruvchisi boʻlishi kerak.
  • Nomzodlar 18 yoshdan kichik, 25 yoshdan katta boʻlmasligi kerak.
  • Kadrlarni qayta tayyorlash dasturiga O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri va Milliy gvardiya qo‘mondoni tavsiyalari asosida oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan amaldagi xodimlar va harbiy xizmatchilar belgilangan tartibda egallab turgan lavozimi va pul ta’minoti saqlab qolingan holda qabul qilinadi.
  • Filialga qizlar ham, oʻgʻil bolalar ham qabul qilinadi.

Nomzodga qoʻyilgan talablar haqida qabul komissiyasidan batafsil maʼlumot olishingiz mumkin.

Nega Filialga faqatgina Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy roʻyxatda turuvchi (doimiy propiskaga ega boʻlgan) fuqarolar qabul qilinadi?

Filial Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash samaradorligini yanada oshirish maqsadida tsahkil etilgan. Shu sababli, Filialga faqatgina Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy roʻyxatda turuvchi (doimiy propiskaga ega boʻlgan) fuqarolar qabul qilinadi.

Shu bilan birga, Qarorda Adliya vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-sentabrga qadar hududlarning yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda Toshkent davlat yuridik universitetining hududiy filiallarini tashkil etish yuzasidan takliflarni kiritish vazifasi belgilangan.

Qaysi tilda taʼlim beriladi va sirtqi taʼlim mavjudmi?

Taʼlim berish jarayoni rus va oʻzbek tilida amalga oshiriladi. Filialda sirtqi taʼlim mavjud emas, faqatgina kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olish mumkin.

Talabalarni qabul qilish qay asosda amalga oshiriladi?

3 yillik bakalavr dasturiga talabalar tanlov asosida qabul qilinadi. Bunda nomzodlar quyidagi 3 ta fandan test topshirishi lozim boʻladi:

  • ona tili – 3.1;
  • ingliz tili – 2.1;
  • tarix – 1.1.

6 oylik kadrlarni qayta tayyorlash dasturiga O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri va Milliy gvardiya qo‘mondoni tavsiyalari asosida oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan amaldagi xodimlar va harbiy xizmatchilar belgilangan tartibda egallab turgan lavozimi va pul ta’minoti saqlab qolingan holda qabul qilinadi.

Hujjatlar qachon va qayerda qabul qilinadi?

Bakalavr dasturiga hujjatlar 2019-yilning 15-iyunidan 15-iyuligacha Toshkent davlat yuridik universitetning 3-binosida qabul qilinadi. Toshkent davlat yuridik universiteti manzili: Toshkent, Yunusobod tumani, Sayilgoh koʻchasi, 35-uy. Kadrlarni qayta tayyorlash dasturiga hujjatlar noyabr oyida qabul qilinadi.

Filialni bitirganlarga qandaydir vazifa/majburiyat yuklatiladimi?

Ha. Filialda o‘qishni tamomlagan shaxslar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimida kamida 5 yil ishlab berish majburiyatini oladilar. Yaʼni Filial bitiruvchilari bitirganidan soʻng dastlabki yildan boshlab toʻgʻridan toʻgʻri prokuratura, sud tizimi va shu kabi boshqa sohalarga ishga kira olmaydi, faqatgina 5 yil davomida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimida ishlab berish majburiyatini bajarganidan soʻng prokuratura, sud tizimi organlari va boshqa shu kabi organlarga ishga oʻtishlari mumkin.

Filial qayerda joylashgan va qayerda tahsil olinadi?

Taʼlim O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Quloqtepa ko‘chasi, 9-uyda joylashgan bino va inshootlarida amalga oshiriladi.

Qoʻshimcha savollarim boʻlsa, kimga murojaat qilishim mumkin?

Qoʻshimcha savollar yuzasida Filialning qabul komissiyasiga murojaat qilishingiz mumkin. Buning uchun +99871-233-66-36 raqamiga (Toshkent davlat yuridik universiteti raqami) qoʻngʻiroq qilib, ixtisoslashtirilgan Filial qabul komissiyasiga ulab berishlarini soʻrashingiz mumkin.

Huquqshunos va bloger Maqsud Salomov.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!