×

Yaponiyada oʻqish uchun “MEXT Talaba” toʻliq grantini yutib olgan hamyurtimiz bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

7200 marta

CHOP ETILGAN

10.06.2020

Grantlar.uz jamoasi Yaponiyada bakalavriat bosqichida tahsil olish uchun “MEXT Talaba (MEXT Undergraduate Students)” toʻliq grantini yutib olgan hamyurtimiz Azimov Sarvar bilan suhbat qildi. Ushbu suhbatni eʼtiboringizga havol etamiz.

Assalomu alaykum, Sarvar. Dastlab oʻzingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz.

Assalomu alaykum. Ismim Azimov Sarvar Adxamjon oʻgʻli. 1997-yil, 1-iyulda Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida tugʻilganman va oʻrta taʼlimni ushbu shaharda oʻtaganman.

Yoshligimdan kelajakda rivojlangan mamlakatga oʻqishni istaganman (toʻgʻrirogʻi, otam xohlaganlar) va maktab davrida ingliz tilini oʻrganishdan boshladim. Kollejga kirganimdan keyin universitetni Yaponiyada oʻqishga qaror qildim va yapon tilini oʻrgana boshladim. Yaponiyani tanlaganimning sababi Yaponiyaning har sohada rivojlanganligi, yapon xalqi tabiatining boshqalardan tubdan farq qilishi kabilar edi.

Kollejni bitirganimdan keyin Yaponiya hukumatining MEXT – Undergraduate Students (MEXT – Talaba) dasturini yutib oldim va 2017-yil, aprel oyidan Yaponiyaning Utsunomiya Universitetida tahsil olishni boshladim. Hozirda ushbu universitetning “International Studies” fakulteti talabasiman.

1. Mazkur stipendiya dasturi gʻoliblarga qanday iqtisodiy imtiyozlar taqdim etadi? Batafsil sanab bersangiz.

MEXT Undergraduate Students dasturi gʻoliblariga quyidagi iqtisodiy imtiyozlar taqdim etiladi:

  • Yaponiyaga borish va dastur tugagach, Yaponiyadan vatanga qaytish uchun aviachipta olib beriladi;
  • Universitetga kirish imtihonlari toʻlovi (agar boʻlsa), kontrakt summasi va qabul toʻlovlari toʻliq qoplab beriladi;
  • Har oy 117 000 yen (taxminan 1085 AQSH dollari) stipendiya bilan taʼminlanadi.

2. Ushbu dastur uchun minimum til talabi qanday va siz ushbu dasturga topshirganingizda qaysi tillarni qay darajada bilardingiz?

MEXT Talaba dasturi uchun zarur boʻlgan asosiy til ingliz tili hisoblanadi. Ingliz tilidan imtihon topshiriladi (Shu bilan birga, fan imtihonlari ham ingliz tilida topshiriladi). Shuningdek, nomzoddan yapon tilini kamida boshlangʻich darajada bilish (hiragana va katakana alifbolarini bilish) talab etiladi. Hiragana va katakanani bilmaganlar hamda yapon tili imtihonidan 0 ball olganlar dastur saralashida keyingi bosqichga oʻta olmaydi. Shuningdek nomzodda Yaponiyaga borib, oʻqish davomida yapon tilini oʻrganish va oʻzlashtirishga qiziqish boʻlishi va shunga tayyor boʻlishi lozim.

Ingliz tilini qay darajada bilish kerakligiga keladigan boʻlsak, u narsa koʻrsatilmagan. Lekin, men 2 marta ushbu imtihon topshirgan odam sifatida aytishim mumkinki (birinchisida testdan yiqilganman), ingliz tili darajasi taxminan IELTS 6 dan yuqori boʻlmasa, oʻtish ehtimoli kam boʻladi.

Oʻsha paytdagi til darajamga keladigan boʻlsak, menda IELTS 6.5 va JLPT N1 sertifikatlarim boʻlgan. Taʼkidlash joizki, ushbu dastur uchun til boʻyicha sertifikatlarni topshirish talab qilinmaydi. Ammo 1 yillik tayyorlov kursisiz, toʻgʻridan-toʻgʻri universitetga kirmoqchi boʻlganlardan til sertifikatlari soʻralishi mumkin.

3. Mazkur stipendiya dasturiga hujjat topshirganingizda diplom baholaringiz oʻrtachasi necha ball boʻlgan?

Barcha baholarim “5 (aʼlo)” boʻlgan. Baholar grant yutishdagi hal qiluvchi omil boʻlmasa-da, baholaringiz oʻrtachasi imkon qadar yuqori boʻlishi kerak.

4. Dasturni qoʻlga kiritish uchun alohida tayyorgarlik qilganmisiz? Qilgan boʻlsangiz qanday?

Dasturdagi matematika fanidan imtihon bir oz qiyin boʻlganligi sababli universitetgacha boʻlgan matematika kursiga qoʻshimcha ravishda oliy matematika kursining bir qismini ham oʻqib tayyorlanganman.

Ingliz tiliga keladigan boʻlsak, dasturdagi ingliz tili imtihoni asosan matnni oʻqib tushunish (Reading) va soʻzlar maʼnosini topish (Vocabulary)ga oid boʻladi. Shu uchun koʻproq matnlar bilan ishlashga va soʻz yodlashga harakat qilganman.

5. Dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat va ular qaysilar?

Dasturga hujjat topshirish 4 bosqichdan iborat:

1-bosqich. Oʻzbekistondagi Yaponiya elchixonasi saytidan yuklab olingan arizalar toʻldiriladi hamda boshqa kerakli hujjatlar bilan birgalikda belgilangan muddatga qadar elchixona manziliga pochta orqali yuboriladi yoki shaxsan olib borib topshiriladi.

2-bosqich. Til va fan imtihonlaridan oʻtiladi. Imtihonlar Oʻzbekistonda boʻladi.

3-bosqich. Bunda imtihondan muvaffaqiyatli oʻtganlar bilan yuzma-yuz suhbat boʻladi.

4-bosqich. MEXT tomonidan natijalarni koʻrib chiqishilishi va talabani qabul qilish yoki qilmaslik yuzasidan qaror qabul qilinishi.

6. Ushbu dasturga topshirishda eng asosiy hujjatlar qaysilari hisoblanadi?

Aslida talab qilingan hujjatlarning bari birdek muhim. Bu yerda bir narsani aytish lozim: dasturga hujjat topshirish paytida hali kollej yoki maktabni bitirmagan qatnashchilar boʻlishi mumkin. Ular oʻz-oʻzidan diplomning nusxasini topshira olishmaydi. Ulardan kollej yoki maktabni bitirishi haqidagi maʼlumotnoma (kollej/maktab maʼmuriyati tomonidan beriladi) soʻraladi.

7. Hujjatlarni tayyorlash va topshirishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Hujjatlarni tayyorlashda eng muhim jihatlardan biri bu – hujjatlarda kamchilik boʻlmasligi va xatosizligi. Agar hujjatlarda kamchilik boʻlsa, uni qayta topshirish talab qilinadi. Eng yomon hollarda esa dasturga qatnasha olmaslik ham mumkin. Mabodo, ushbu kamchiliklar qatnashchi dasturni Yaponiyada oʻtashni boshlagandan keyin aniqlansa, dasturni toʻxtatilishi boʻyicha ham MEXT ogohlantiradi.

8. Yozma imtihonlarda qaysi fanlardan imtihon boʻladi?

Ushbu dastur 2 yoʻnalishga boʻlingan: 1) Ijtimoiy va gumanitar fanlar; 2) Tabiiy fanlar.

Ijtimoiy gumanitar fanlar boʻyicha matematika, ingliz tili va yapon tilidan imtihon boʻladi (yapon tilidan kamida hiragana va katakanani bilish kerak).

Tabiiy fanlar yoʻnalishini tanlaganlar oʻzlarining tanlagan ixtisosligiga qarab, matematika, ingliz tili, yapon tili (kamida hiragan va katakana), kimyo, fizika yoki biologiya fanidan imtihon topshiradi. Tanlangan ixtisoslikka qarab yo fizika, yo bilologiya fani imtihoni boʻlmasligi mumkin. Qolgan fanlar imtihoni tabiiy fanlar yoʻnalishining har qanday ixtisosligida mavjud.

9. Suhbat jarayonida qanday savollar soʻralgan?

Eng muhimlarini aytadigan boʻlsam, nega Yaponiyaga bormoqchi ekanligingiz, bu dastur sizga qanday yordam berishi, Yaponiyada oʻrganmoqchi boʻlgan sohangiz va kelajakdagi maqsadlaringiz haqidagi savollar soʻraladi.

10. Suhbatda asosan nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Suhbatni ingliz tili yoki yapon tilida topshirishingiz mumkin.

Birinchi navbatda kiyimingizga eʼtibor berishingiz kerak. Yaponiyada suhbatga rasmiy kiyimda borish odatiy hol hisoblanadi. Shu sababli suhbatga rasmiy kiyimda borish kerak, deb oʻylayman.

Suhbatning oʻziga keladigan boʻlsak, aniq-tiniq oʻz maqsadlaringiz haqida gapira olishga, suhbat oladigan shaxsga yoqadigan gaplarni emas, ichingizdagi gaplarni gapirishga, siz tayyorlangan savol soʻralsa ham oldindan yodlab olgandek taassurot qoldirmaslikka harakat qilishingiz zarur.

11. Grantni yutib olishingizda asosiy rol oʻynagan omillar nimalar deb oʻylaysiz va boshqalarga shu grantni qoʻlga kiritish uchun nimalarga eʼtibor qaratishni tavsiya etasiz?

Bir narsani alohida taʼkidlashim lozim: dasturga qabul qilinish uchun kerak boʻlgan eng soʻngi va qiyin bosqich bu – MEXTʼning soʻngi qarori. Koʻpchilik testdan va suhbatdan oʻtgan boʻlsa ham, shu jarayonda yiqilish holatlari koʻp. Bu jarayonda, albatta, kollej/maktabdagi baholaringiz va boshqa hujjatlaringiz ham tekshiriladi, lekin asosiysi – Yaponiyada oʻqimoqchi boʻlgan sohangiz va siz ushbu dastur uchun topshirgan yozma imtihonlar natijalari solishtiriladi. Masalan, siz matematikani yaxshi yecholmagansiz, lekin til imtihonlarini yaxshi topshirgan holda testdan oʻtgansiz deylik. Lekin siz iqtisod, biznes kabi matematik bilimlarni talab qiladigan sohalarni arizangizda belgilangan boʻlsangiz, soʻngida sizga salbiy javob kelishi mumkin (Mening shaxsiy kuzatuvim).

Men shularga eʼtibor berib, oʻz bilimlarimni toʻgʻri baholagan holda Yaponiyadagi universitetda oʻqimoqchi boʻlgan sohamni tanladim.

12. Yaponiyada oʻqish jarayoni qay darajada? Bakalavriatda haftasiga necha kun dars boʻladi va darslar qiyinmi?

Yaponiyadagi universitet tizimi Oʻzbekistondagiga qaraganda ancha farq qiladi. Fanlarning qay yoʻsinda joylashtirilganligi ham asosiy farqlardan biri. Universitetni bitirgunga qadar yakunlanishi kerak boʻlgan fanlar belgilangan. Bunda “Credit” tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, har bir yakunlangan fan uchun 2, 3, 4 kabi koʻrinishda “Credit” yigʻiladi. Koʻp universitetlarda bitirish uchun 125 kredit talab qilinadi. Aks holda talaba vaqtida bitira olmaydi. Shu bilan birga, yoʻnalishning majburiy fanlaridan tashqari ixtiyoriy fanlarni talaba xohlagan oʻquv yili davomida oʻzlashtirishi mumkin.

Shanba va yakshanbadan tashqari kunlar oʻquv kunlari hisoblanadi. Har bir dars turlicha olib borilib, darsga qarab, talaba kurs davomida taqdimotlar qilishi, testlar topshirishi, boshqa talabalar bilan oʻzaro aloqada boʻlishi va soʻngida yakuniy imtihon topshirishi zarur.

13. Ushbu dastur boʻyicha Yaponiyada oʻqiyotgan talabalarga oʻqishdan boʻsh paytlari ishlashga ruxsat etilganmi? Ruxsat etilgan boʻlsa, haftasiga necha soat?

Ha, rasman ishlashga ruxsat beriladi. Bunda talaba immigratsiya byurosidan ishlash uchun maxsus ruxsatnoma olishi kerak. Ruxsat olgach, darslarni yaxshi oʻzlashtirgan holda haftasiga maksimum 28 soat ishlashga ruxsat etiladi.

14. Yaponiyada oʻqish davomida siz uchrayotgan qiyinchiliklar nimalardan iborat? Oʻqish bilan bogʻliq va kundalik hayotdagi qiyinchiliklarga alohida-alohida toʻxtalsangiz.

Oʻqish qiyinchiliklariga keladigan boʻlsak, universitetga kirgan dastlabki paytlarda yapon universitetidagi tizimga koʻnikkunimga qadar bir oz qiynalganman. Darslardan qolib ketmaslik uchun yapon kursdoshlarimdan yordam soʻragan paytlarim koʻp boʻlgan. Chunki, MEXT talabalari xulq-atvori va baholari boʻyicha doimo talabga javob berishi zarur.

Kundalik hayotdagi qiyinchiliklarga sirasiga maʼmuriy protseduralarni kiritishim mumkin. Yaponiyada koʻchish, internet uchun shartnoma tuzish kabi jarayonlar koʻplab hujjatlar talab etadi. Bunday hujjatlar bilan shugʻullanish chet elliklar uchun boshida ancha qiyin boʻladi. Undan tashqari, ovqatlanish, ovqatlarga oʻrganish boʻyicha ham muammolar boʻlishi mumkin.

15. Yaponiyaga joʻnab ketishdan oldin qanday tayyorgarlik koʻrishni tavsiyalaringiz.

Agar yapon tilini bilmasangiz, Yaponiyaga ketgunga qadar iloji boricha oʻrganishga harakat qiling. Chunki Yaponiyada yapon tilini bilmaydigan odam uchun kundalik hayot tarzi, shu bilan birga turli maʼmuriy jarayonlar mushkul.

Biz Yaponiyadagi oʻzbeklar qaysidir maʼnoda Oʻzbekistonning vakillari hisoblanamiz. Yaponlar juda ham boshqa mamlakatlar madaniyati haqida oʻrganishga qiziqadigan xalq boʻlib, sizdan oʻz madaniyatingizni namoyish etishingizni soʻrashlari mumkin. Shu sababdan Oʻzbekistondan madaniyatimizni namoyish etuvchi buyumlar, milliy kiyimlar olib kelishni tavsiya qilaman. Iloji boʻlsa, milliy raqslardan oʻrganib olish nur ustiga nur boʻladi.

Ushbu grant haqida batafsil SHU YERDA tanishishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!