×

UWC: Oʻzbekistonlik yuqori sinf maktablari hamda kollej/litsey oʻquvchilari uchun oʻqishni xorijda grant asosida davom ettirish imkoniyati


Blog

BO'LIM

Kurslar

O'QILGAN

43425 marta

CHOP ETILGAN

29.08.2024

United World Colleges kollejlari haqida

UWC (United World Colleges) – ta’limni insonlar, millatlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi kuchga aylantirish maqsadida tashkil etilgan kollejlar tizimi. UWC tarkibida shu nom ostida birlashgan, dunyo bo’ylab 4 qit’ada joylashgan 18 ta kollejlari mavjud. Har bir kollejo’zi joylashgan hududga mos ravishda o’z madaniyati va o’ziga xosliklariga ega. UWC kollejlari quyidagilar:

  1. UWC Mahindra College
  2. UWC Red Cross Nordic
  3. UWC Dilijan
  4. UWC Changshu China
  5. UWC Mostar
  6. UWC Atlantic College
  7. UWC Thailand
  8. UWC-USA
  9. UWC Adriatic
  10. UWC Robert Bosch College
  11. UWC Costa Rica
  12. Li Po Chun UWC of Hong Kong
  13. UWC Isak Japan
  14. Pearson College UWC
  15. UWC East Africa
  16. UWC South East Asia
  17. Waterford Kamhlaba UWC of Southern Africa
  18. UWC Maastricht  

UWC kollejlari turli millat, madaniyat va kelib chiqishga ega oʻquvchilarni jamlash, ular o’rtasida o’zaro bag’rikenglikni shakllantirish maqsadida dunyoning turli yerlaridan bo’lgan oʻquvchilarni saralab oladi. UWC kollejlariga saralash jarayonlari turli hududlarda, mahalliy saralash komissiyalari orqali o’tkaziladi. Hozirda dunyoning 150 dan ziyod davlatlarida saralash komissiyalari tashkil etilgan. Shunday komissiya O’zbekiston fuqarolari uchun ham tashkil etilgan. O’zbekiston saralash komissiyasi orqali o’qishga hujjat topshirgan 16-17 yoshli o’quvchilar komissiya tavsiyasiga ko’ra UWC tizimidagi 18 ta kollejlardan biriga joylashib, dunyoning turli qismlarida o’qish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Barcha hujjat topshirish va saralash jarayonlari O’zbekistonda bo’lib o’tadi. O’qishga qabul qilingan yoshlar uchun moliyaviy holatdan kelib chiqib belgilanadigan grantlar ham mavjud. Mazkur grantlar haqida maqola oxirrogʻida maʼlumot berilgan.

Eslatib oʻtamiz, 2025-yilda oʻqishni boshlash uchun arizalar 2024-yil 27-oktabrgacha qabul qilinadi.

Rasmiy manba

UWC kollejlarida qanday kurslar o’qitiladi?

UWC’ning barcha kollejlarida 2 yillik “International Baccalaureate (IB) Diploma” deb nomlanuvchi oliy ta’lim muassasalariga tayyorlov kurslari o’qitiladi. IB Diploma kurslarida o’qiyotgan oʻquvchilar quyidagi umumiy yo’nalishlarning har biridan bittasini tanlaydi:

  • Tilshunoslik va adabiyot
  • Til o’rganish
  • Shaxs va jamiyat
  • Fan
  • Matematika
  • San’at (san’at kursini o’qishni xohlamagan oʻquvchilar bu kursni boshqa yo’nalishdan bitta kursga almashtirishlari ham mumkin).

Undan tashqari, oʻquvchilarga bakalavr kurslarida muvaffaqiyatli o’qishga tayyorlov sifatida Insho yozish, Bilim Nazariyasi hamda Ijodkorlik, Harakat va Xizmat deb nomlanuvchi uchta asosiy kurslar ham o’tiladi. IB Diploma dasturida o’tiladigan fanlar (kurslar) haqida bu yerda tanishishingiz mumkin.

Eslatma: UWC kollejlarida bakalavr kurslari emas, bakalavrga tayyorlov kurslari o’qitiladi va oʻqishni bitirganda olingan diplom litsey/kollej diplomiga teng.

UWC kollejlariga kim hujjat topshira oladi?

  • Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
  • Ariza berish sanasida oʻrta umumiy taʼlim maktablarining 9, 10 yoki 11-sinflarida yoki oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida (kollej, litsey) o’qiyotgan, lekin hali oliy taʼlim muassasasiga o’qishga kirmagan o’quvchilar;
  • 2025-yil 1-sentyabr holatiga koʻra, 16 yoki 17 yosh boʻladiganlar (yaʼni 2007-yil 1-sentabr 2009-yil 31-avgust oraligʻida tugʻilganlar);
  • Yuqori zehnli va oʻqish davrida yaxshi natijalarga erishgan o’quvchilar;
  • Ingliz tilini yaxshi bilgan yoki uni tez orada oʻzlashtira oladigan o’quvchilar dasturga hujjat topshirishlari mumkin.

IB Diploma dasturiga 2007-yil 1-sentyabrdan 2009-yil 31-avgust oralig’ida tug’ilgan o’quvchilar hujjat topshirishlari mumkin.

Nomzodlardan quyidagi mezonlarga mos boʻlish kutiladi:

  • Intellektual qiziquvchanlik va motivatsiya. Atrof olamni oʻrganishga intilish, tafsilotlarni ilgʻay olish va muammolarning qamrovini anglash qobiliyati, keng dunyoqarash va tahliliy aql-idrokka ega boʻlish.
  • Oʻz qadriyatlari va UWC qadriyatlariga sodiqlik. UWC qadriyatlari bilan umumiy qadriyatlarga ega boʻlish va UWC axloq kodeksiga rioya qilish. Sizda kamtarlik va boshqalarning fikrlarini tinglash va qadrlash qobiliyati bor boʻlishi kerak. Boshqalarning qarashlari boshqacha boʻlsa-da, ular ham toʻgʻri boʻlishi mumkinligini qadrlash muhimdir.
  • Ijtimoiy layoqat. Boshqa odamlar bilan munosabatga kirishish qobiliyatiga ega boʻlish va tayyor turish, ular bilan oʻzaro hurmat-izzat yuzasidan munosabat oʻrnatish, jamoa boʻlib ishlash va birgalikda natijalarga erishish, har qanday holatda oʻzining shaxsiy fikrini mos ifoda eta bilish.
  • Chidamlilik, oʻzidan xabardorlik va mustaqillik. Qiyin vaziyatlarda, masalan, maktab-internat sharoitida oʻziga oʻzi jismoniy va hissiy jihatdan gʻamxoʻrlik qilish. Turli qiyinchiliklarni yengish uchun yaxshi strategiyalarni ishlab chiqish va siz osonlikcha tushkunlikka tushmaslik. Oʻzi va boshqalar uchun qachon yordam soʻrashni bilish.
  • Shaxsiy masʼuliyat va halollik. Oʻz qadriyatlarini ifoda etish va tekshira olish kerak. Oilangiz va hamjamiyatingizdagi xatti-harakatlaringiz qadriyatlaringizni aks ettiridadi. Oʻz ehtiyojlaringizni haqida ayta olish va boshqalarning ehtiyojlariga eʼtiborli boʻlish, kommunal masʼuliyatga ega boʻlish kerak.
  • Akademik jihatdan bardoshlilik. International Baccalaureate Diploma dasturining qatʼiy talablariga javob berish salohiyatiga ega boʻlish.

Nomzodga qoʻyilgan talablar bilan batafsil SHU YERDA tanishing.

Hujjatlar qanday topshiriladi?

Dasturga qabul quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

  1. Onlayn ariza to’ldiriladi. Dasturga arizalar 2024-yil 27-oktabrgacha qabul qilinadi. Ariza to’ldirish tartibi bilan bu yerda tanishing. Ariza toʻldirish uchun dastlab BU SAHIFAGA kirib, roʻyxatdan oʻtish kerak (tepa oʻng burchakdagi “Register“ tugmasini bosasiz).
  2. Onlayn tarzda tahlil va muammolarni yechish qobiliyatlari testi topshiriladi. Testga oldindan tayyorgarlik ko’rish shart emas.
  3. Video suhbat o’tkaziladi. Video suhbatga hujjat topshirish jarayoni va testdan muvaffaqiyatli o’tgan nomzodlar taklif etiladilar.
  4. Toshkent shahrida so’nggi saralash bosqichi o’tkaziladi. Bunda nomzodlarga o’zbek, rus va ingliz tillarida topshiriqlar beriladi (nomzodning ona tilisi qaysiligiga qarab, ingliz va rus tilida yoki ingliz va oʻzbek tilida). So’nggi saralash jarayonda ishtirok etish bundan avvalgi bosqichlardan muvaffaqiyatli o’tgan barcha nomzodlar uchun majburiy.
  5. Moliyaviy holat to’g’risida ma’lumotlar taqdim etiladi. UWC grantlarining barchasi moliyaviy jihatdan ko’makka muhtoj deb topilgan oʻquvchilarga belgilanadi, shuning uchun grant yutib olish istagidagi nomzodlar o’z moliyaviy holatlarini ko’rsatuvchi ma’lumotlarni taqdim etishlari kerak bo’ladi.

Hujjat topshirish jarayoni, muddatlari va kerakli hujjatlar bilan BU YERDA batafsil tanishing.

Barcha bosqichlardan keyin nima bo’ladi?

Barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o’tgan nomzodlar saralash komissiyasi tomonidan UWC tarkibidagi ma’lum kollejlarda o’qish uchun tavsiya etiladilar. UWC kollejlarida oʻquvchilar odatda saralash komissiyasi tavsiyalariga asosan qabul qilinadilar. Saralash komissiyasi oʻquvchini UWC’ning aynan qaysi kollejiga tavsiya qilish,i qaysi kollejda oʻqishi oʻquvchi ariza topshirgan vaqtida o’zi uchun afzal deb ko’rsatib o’tgan ma’lumotlar asosida belgilanadi. O’zbekiston ichida o’tkazilgan saralash asosida o’qishga kirgan oʻquvchi UWC’ning qaysi kollejida o’qishi belgilangach, o’qish joyini o’zgartira olmaydi. Agar UWC tarkibidan biror kollejni tanlab, aynan shu yerda o’qishni xohlasangiz, buning uchun boshqa tartibda ariza beriladi. Bu haqida batafsil bu yerda tanishing.

Grantlar masalasi

UWC kollejlarida o’qish to’lovlari 16 000 AQSh dollaridan 54 000 AQSh dollarigacha bo’ladi. O’qish uchun grantlar ham mavjud, ular moliyaviy holat tahlili asosida belgilanadi. Grantni qo’lga kiritish uchun nomzod arizani UWC National Committee (UWC Milliy qo’mita) tizimi orqali topshirishi kerak. UWC Global Selection Programme orqali topshirganlar o’qish haqini o’zlari to’lashi kerak.

Hujjat topshirish jarayonida ko’rsatib o’tilgan  bosqichlarning so’ngisi, ya’ni moliyaviy holatni ko’rsatuvchi ma’lumotlarni taqdim etish oʻquvchi qaysi kollejda o’qishi belgilanganidan keyin o’tkaziladi. Bunda oʻquvchilar belgilangan kollejda oʻqish istagini tasdiqlagandan soʻng, ularga moliyaviy ma’lumotnoma shakli yuboriladi va shu shakl to’ldirilganda kiritilgan ma’lumotlar asosida grantlar belgilanadi. UWC kollejlari faqatgina chindan moliyaviy yordamsiz oʻqish xarajatlarini qoplay olmaydigan oʻquvchilarga qisman yoki toʻliq grant ajratadi. Toʻliq grant ajratilganda oʻquvchi bepul o’qish imkoniyatiga ega bo’ladi, bepul yotoqxona va oziq-ovqat bilan ta’minlanadi, darslik kitoblari ham olib beriladi. Qisman grantda oʻquvchining moliyaviy holatidan kelib chiqib, grant summasining miqdori belgilanadi.

UWC ajratadigan grant haqida BU YERDA batafsil oʻqishingiz mumkin.

Savollaringiz bormi?

Eng koʻp beriladigan savollar va ularga javoblarni BU YERDA oʻqishingiz mumkin.

UWC va hujjat topshirish xususida biror masalaga aniqlik kiritmoqchi bo’lsangiz, savollaringiz yoki boshqa murojaatlaringiz bo’lsa, uzbekistan@uwcnc.org elektron manziliga xabar yuboring.

MUHIM: Arizatopshirishga kirishishdan oldin UWC rasmiy veb-saytidagi maʼlumotlar bilan batafsil tanishib chiqing.

UWC kollejlaridan biriga qisman grant asosida qabul qilingan hamyurtimiz hikoyasini SHU YERDA oʻqing.

Maqola @OxianaFellows kanali bilan hamkorlikda tayyorlandi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!